Toshkent viloyat sudining
qarori
Birinchi instansiya sudida ishni koʻrgan sudya A. Paygʻamov
Apellatsiya instansiyasi sudida maʼruzachi sudya A. Ibragimova
Toshkent viloyat sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati sudya J. Suyarovning raisligida, hayʼat aʼzolari A. Aripov va A. Ibragimovadan iborat tarkibda, Sh. Nuraliyevaning kotibligida, daʼvogar vakillari D.E. (2023-yil 5-yanvardagi ishonchnoma asosida), U.A. (order va 2022-yil 10-noyabrdagi 6-sonli ishonchnoma asosida), S.M. (2023-yil 9-martdagi order asosida), javobgarlar Surxondaryo viloyat hokimligi vakili B.D. (2022-yil 15-avgustdagi 01-15/5573-sonli ishonchnoma asosida), “DCT” masʼuliyati cheklangan jamiyati vakillari D.P. (order va 2022-yil 18-avgustdagi 76-sonli ishonchnoma asosida), N.R. (2022-yil 18-avgustdagi 74-sonli ishonchnoma asosida) ishtirokida, daʼvogar “TJC” masʼuliyati cheklangan jamiyatining javobgarlar Surxondaryo viloyat hokimligi, Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari uyushmasi, “DCT” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga nisbatan “Paxta-toʻqimachilik klasterlar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 16-noyabrdagi PF-14-son Farmonda belgilangan tartibga muvofiq hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-dekabrdagi 733-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-martdagi PQ-144-son qarori 5-bandining ikkinchi qismiga zid ravishda “DCT” masʼuliyati cheklangan jamiyati bilan tuzilgan 2022-yil 25-martdagi 9/11-sonli 4 tomonlama bitimni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi boʻyicha qoʻzgʻatilgan iqtisodiy ish yuzasidan qabul qilingan Chirchiq tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 13-sentabrdagi hal qiluv qarori ustidan daʼvogar “TJC” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan berilgan apellatsiya shikoyati asosida ishni, Toshkent viloyat sudi binosida, Surxondaryo viloyat sudi AKT xodimi B. Toʻramurodov, Fuqarolik ishlari boʻyicha Qumqoʻrgʻon tumanlararo sudi AKT xodimi R. Xamdamova koʻmaklashuvida, videokonferensaloqa rejimidagi ochiq sud majlisi muhokamasida koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
“TJC” masʼuliyati cheklangan jamiyati (bundan buyon matnda daʼvogar deb yuritiladi) javobgarlar Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi (bundan buyon matnda Vazirlik deb yuritiladi), Surxondaryo viloyati hokimligi (bundan buyon matnda Viloyat hokimligi deb yuritiladi), “Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari” uyushmasi (bundan buyon matnda Uyushma deb yuritiladi) hamda “DCT” masʼuliyati cheklangan jamiyati (bundan buyon matnda javobgar MChJ deb yuritiladi)ga nisbatan Chirchiq tumanlararo iqtisodiy sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Paxta-toʻqimachilik klasterlar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 13-sentabrdagi PF-14-sonli Farmonda belgilangan tartibga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-dekabrdagi 733-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga zid ravishda tuzilganligi uchun “DCT” masʼuliyati cheklangan jamiyati bilan tuzilgan 2022-yil 25-martdagi 9/11-sonli bitim (bundan buyon matnda Bitim deb yuritiladi)ni haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Chirchiq tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 13-sentabrdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo arizasini qanoatlantirish rad etilgan.
Mazkur hal qiluv qaroridan norozi boʻlgan daʼvogar sudga apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilib, unda birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilishni, daʼvo talabini qanoatlantirish toʻgʻrisida yangi qaror qabul qilishni soʻragan va bunga asos sifatida daʼvo arizasida keltirib oʻtilgan Farmon va Nizom talablari toʻrt taraflama bitim tuzishda buzilganligini, bitimda keltirilgan Qumqoʻrgʻon tumani ham aslida daʼvogarga biriktirib berilganligini, biroq ushbu shartnoma va unga asos boʻlgan qarorlar bekor qilinmay, daʼvogarning shartnoma boʻyicha qilgan xarajatlari masalasi hal etilmay javobgar MChJga yer maydonlarini biriktirib berish boʻyicha bitim tuzilganligini bayon qilgan.
Sud majlisida ishtirok etgan daʼvogar vakillari sudga yozma fikrnoma hamda eʼtiroznoma taqdim etib, apellatsiya shikoyatida koʻrsatib oʻtilgan vajlarni toʻliq qoʻllab quvvatlashlarini, birinchi instansiya sudi tomonidan daʼvo arizasini rad etish toʻgʻrisida notoʻgʻri xulosaga kelinganligini, shartnoma tuzishda Farmon va Nizom talablari buzilganligini, dastlab shartnomalarda viloyatning Qumqoʻrgʻon tumanidagi yer maydonlari ham daʼvogarga biriktirib berilganligini, shundan kelib chiqib daʼvogar ushbu tumanda zavod binosini sotib olganligini, tumandagi 214 ta fermer xoʻjaliklari bilan 2022-yil hosili boʻyicha shartnomalar ham tuzganligini, ammo daʼvogarning erga nisbatan huquqlarini bekor qilish va qilgan xarajatlarini qoplash masalasi koʻrilmasdan, yer maydonlarini javobgar MChJga biriktirib berish boʻyicha komissiya qarori qabul qilinganligi va 9/11-sonli bitim tuzilganligini, daʼvogarga maqbullashtirilgan holda yer maydonini biriktirish boʻyicha tuzilgan keyingi shartnoma soxtalashtirilib oʻzgartirilganligini, bu holat ekspertiza xulosasi bilan oʻz tasdigʻini topganligini bildirib, apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni, hal qiluv qarorini bekor qilishni hamda daʼvo arizasini qanoatlantirish toʻgʻrisida yangi qaror qabul qilishni soʻradi.
Javobgar MChJ vakillari apellatsiya shikoyatiga nisbatan eʼtiroz bildirib, birinchi instansiya sudi tomonidan daʼvo arizasini rad etish toʻgʻrisida toʻgʻri xulosaga kelinganligini, chunki daʼvogar taraflar oʻrtasida imzolangan shartnoma boʻyicha taraf emasligini, shartnoma Farmon va Nizom talablaridan kelib chiqqan holda imzolanganligini, MChJning faoliyati boʻyicha Vazirlar Mahkamasini tegishli qarori qabul qilinganligini bildirib, apellatsiya shikoyatini rad etishni, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni soʻradi.
Viloyat hokimligi vakili apellatsiya shikoyatiga nisbatan eʼtiroz bildirib, qabul qilingan Farmonga koʻra yer ajratish masalasi komissiyaning yigʻilish bayoni shaklida qabul qiladigan qarori bilan hal qilinishi belgilanganligini, qolaversa javobgar MChJga yer maydonlarini biriktirib berish boʻyicha tuzilgan shartnomada qonun buzilish holatlari mavjud emasligini bildirib, apellatsiya shikoyatini rad etishni, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni soʻradi.
Javobgarlar vazirlik hamda uyushma sud muhokamasini oʻtkazish vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan boʻlsa-da, sud majlisida ishtirok etmadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi) 274-moddasining toʻrtinchi qismiga koʻra, apellatsiya instansiyasi sudining sud majlisiga sud muhokamasini oʻtkazish vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan apellatsiya shikoyatini (protestini) bergan shaxsning va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning kelmaganligi ishni ularning ishtirokisiz koʻrishga toʻsqinlik qilmaydi.
Shu bois, sudlov hayʼati ishni javobgarlar vazirlik hamda uyushma vakillari ishtirokisiz koʻrib chiqish mumkin degan xulosaga keldi.
Sudlov hayʼati, apellatsiya shikoyati yuzasidan taraflar vakillarining vajlarini tinglab, ish hujjatlarini hamda apellatsiya shikoyatini oʻrganib, quyidagi asoslarga koʻra, apellatsiya shikoyatini qanoatlantirmaslikni, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlariga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishlarni yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 18-martdagi 230-sonli qaroriga asosan daʼvogarga paxta xomashyosini yetishtirish boʻyicha Surxondaryo viloyatining Jarqoʻrgʻon va Qumqoʻrgʻon tumanlaridagi jami 15 582 gektar yer maydonlari biriktirib berilgan.
Keyinchalik, sohani rivojlantirish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 13-sentabrdagi PF-14-son Farmoni (bundan buyon matnda “Farmon” deb yuritiladi) qabul qilingan boʻlib, mazkur Farmonga asosan “Paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatini muvofiqlashtirish respublika komissiyasi” (Komissiya) tashkil etilgan.
Ushbu Farmonning 4-bandida Qishloq xoʻjaligi vazirligi (Vazirlik), uyushma, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari birgalikda ikki oy muddatda respublikada faoliyat yuritayotgan barcha paxta-toʻqimachilik klasterlari bilan paxta xomashyosini chuqur qayta ishlash quvvatlarini ishga tushirish boʻyicha investitsiya kiritish, ish oʻrinlari yaratish va boshqa shartlarni oʻz ichiga olgan toʻrt tomonlama bitim tuzish choralarini koʻrishi, 2022-yildan boshlab toʻrt tomonlama bitimda har yili paxta-toʻqimachilik klasterlari bilan tuzilgan bitim, shu jumladan investitsiya majburiyatlarining bajarilishi, ular faoliyatining samaradorlik va moliyaviy auditini amalga oshirishni nazarda tutishi, bunda, yillik paxta xomashyosi hajmi 30 ming tonnadan yuqori boʻlgan paxta-toʻqimachilik klasterlarida xalqaro auditorlik tashkilotlarini jalb qilishi belgilangan.
Mazkur Farmon ijrosini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-dekabrdagi “Paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 733-sonli qarori qabul qilingan boʻlib, ushbu qaror asosida “Paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom (bundan buyon matnda “Nizom” deb yuritiladi) tasdiqlangan.
Shuningdek, Farmon ijrosini oʻz vaqtida va sifatli taʼminlash maqsadida Surxondaryo viloyatida faoliyat koʻrsatayotgan paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyati boʻyicha oʻrganish oʻtkazilgan. Oʻrganish yakunlari yuzasidan hududiy ishchi guruhlari va Idoralararo komissiyaning axborotiga asosan, paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatini samarali tashkil etish hamda paxta xomashyosini yetishtirishda qoʻshilgan qiymat zanjirini toʻliq qamrab olish maqsadida, komissiyaning 2022-yil 17-martdagi bayoni qaroriga (2022-yil 20-martda 03/1-2824-son bilan tasdiqlangan) koʻra, paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatini baholash boʻyicha hududiy ishchi guruhlari va Idoralararo komissiyaning Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 2022-yilda faoliyat yuritadigan paxta-toʻqimachilik klasterlari va kooperatsiyalar hamda ularga ajratilgan, shu jumladan, fermer xoʻjaliklari bilan fyuchers shartnomasi asosida biriktirilgan yer maydonlari tasdiqlanib, viloyatning Jarqoʻrgʻon tumanidagi 6 665 gektar (hosildorligi 39,4 sentner) yer maydonlari daʼvogarga, Qumqoʻrgʻon tumanidagi 7 952 gektar (hosildorligi 38,6 sentner) yer maydonlari javobgar MChJga biriktirib berilgan.
Shundan kelib chiqib, Vazirlik, Viloyat hokimligi, Uyushma hamda javobgar MChJ oʻrtasida toʻrt tomonlama Bitim imzolangan.
Bitimning 1.1-bandida ushbu bitim Surxondaryo viloyati Qumqoʻrgʻon tumanidagi 7 952 gektar yer maydonida paxta-toʻqimachilik klasteri, yaʼni javobgar MChJning faoliyatini samarali tashkil etish va yuritish hamda paxta-toʻqimachilik klasteri va taraflarning munosabatlarini tartibga solishi belgilangan.
Paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatini muvofiqlashtirish respublika komissiyasining 2022-yil 30-iyuldagi 41-sonli yigʻilish Bayoni yakuni boʻyicha qabul qilingan (2022-yil 30-iyulda tasdiqlangan, 2022-yil 1-avgustda 03-03/1-2824 raqam bilan roʻyxatga olingan) qarorga koʻra, Qumqoʻrgʻon tumanidan javobgar MChJga ajratilgan 7 952 gektar yer maydoni 5 952 gektarga oʻzgartirilgan.
Ammo, 2022-yil 25-martdagi 9/11-sonli bitim yuqorida keltirilgan Farmon va Nizom talablariga zid ravishda tuzilganligi, daʼvogar Qumqoʻrgʻon tumanida faoliyati toʻxtatilganligi yoki tugatilganligi toʻgʻrisida xabardor qilinmaganligi, Qumqoʻrgʻon tumani boʻyicha unga maqbullashtirilgan holda yer maydonini biriktirish boʻyicha tuzilgan keyingi shartnoma soxtalashtirilib oʻzgartirilganligi, bundan tashqari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-martdagi PQ-144-son qarori 5-bandining ikkinchi qismiga zid ravishda, tumandagi 2 000 gektar yer maydonida oʻrnatilgan tomchilatib sugʻorish xarajatlarini qoplash masalalari koʻrib chiqilmay, javobgar bilan Bitim tuzilganligi toʻgʻrisidagi vajlar bilan daʼvogar sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, 2022-yil 25-martdagi Bitimni haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Iqtisodiy sudlar tomonidan bitimlarni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlari normalarini qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida” 2014-yil 28-noyabrdagi 269-sonli Qarori (bundan buyon matnda Plenum qarori deb yuritiladi) 3-bandida bitimlarni haqiqiy emas deb topishga FKning 115 — 126 moddalarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha yoʻl qoʻyilishi belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi (bundan buyon matnda FK deb yuritiladi)ning 116-moddasiga koʻra, qonunchilikning talablariga muvofiq kelmaydigan mazmundagi bitim, shuningdek huquq-tartibot yoki axloq asoslariga atayin qarshi maqsadda tuzilgan bitim oʻz-oʻzidan haqiqiy emasdir. Bunday bitimga nisbatan ushbu Kodeks 114-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllaniladi.
Plenum qarorining 12-bandiga koʻra, FK 116-moddasida oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitim boʻlib: qonun hujjatlarining talablariga muvofiq kelmaydigan mazmunda; huquq-tartibot asoslariga qarshi maqsadda; axloq asoslariga atayin qarshi maqsadda tuzilgan bitim hisoblanadi.
Bunda sudlar nazarda tutishlari lozimki, agar bitimning bir yoki bir necha shartlari qonun hujjatlarining talabalariga zid boʻlsa, bitimning mazmuni ushbu talablarga muvofiq kelmasligi sababli, oʻz-oʻzidan haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Huquq-tartibot yoki axloq asoslariga atayin qarshi maqsadda tuzilgan bitimni haqiqiy emas deb topishda sudlar, bu bitim huquq-tartibot asoslarini taʼminlovchi, yaʼni konstitutsiyaviy tuzum asoslari, davlatning mudofaa, xavfsizlik va iqtisodiy tizimi (qurol-yarogʻning noqonuniy eksporti, soliq toʻlovlaridan boʻyin tovlash va boshqalar), fuqaro va shaxsning huquq va erkinliklarini qoʻriqlovchi va himoyalovchi huquq normalarining talablari buzilganligi yoxud ijtimoiy axloq asoslari, yaʼni jamiyatda shakllangan ezgulik va yovuzlik, yaxshilik va yomonlik, gunoh va savob haqidagi qarashlarga zid yoki zid emasligini aniqlashlari lozim.
Mazkur holatda, daʼvogar oʻzining daʼvo arizasi, apellatsiya shikoyati hamda yozma fikrnomalarida nizolashilayotgan Bitim yuqorida keltirilgan Farmon talablariga zid ravishda tuzilganligi toʻgʻrisida vaj keltirib, ushbu bitimni FK 116-moddasiga asosan haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Biroq, Farmon (14-sonli) qabul qilingandan soʻng, Vazirlar Mahkamasining Qaroriga asosan “Paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom tasdiqlangan.
Ushbu Farmon va Nizom talablaridan kelib chiqqan holda Respublika komissiyasining 2022-yil 17-martdagi 15-sonli yigʻilish Bayoni yakuni boʻyicha qabul qilingan (2022-yil 18-martda tasdiqlangan, 2022-yil 20-martda 03/1-2824 raqami bilan roʻyxatga olingan) qaror bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 2022-yilda faoliyat yuritadigan barcha paxta-toʻqimachilik klasterlari va kooperatsiyalar hamda ularga ajratilgan, shu jumladan, fermer xoʻjaliklari bilan fyuchers shartnomasi asosida biriktirilgan yer maydonlari (shu jumladan daʼvogarga ham) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlangan.
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatini muvofiqlashtirish respublika komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlangan va u bekor qilinmagan yoki haqiqiy emas deb topilmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonunining 18-moddasiga koʻra, turli normativ-huquqiy hujjatlarning yuridik kuchi boʻyicha oʻzaro nisbati Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilgan organlarning vakolatlariga va maqomiga, ushbu hujjatlarning turlariga, shuningdek normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan sanaga muvofiq belgilanadi.
Bayon etilganlarga koʻra, 2022-yil 25-martda tuzilgan 9/11-sonli toʻrt tomonlama bitimni FKning 116-moddasiga asosan haqiqiy emas deb topish uchun asoslar mavjud emas.
Shuningdek, daʼvogarning vajlarida 2022-yil 9-martda imzolangan toʻrt taraflama Bitimda daʼvogarga Surxondaryo viloyatining Jarqoʻrgʻon va Qumqoʻrgʻon tumanlaridagi yer maydonida paxta-toʻqimachilik klasterining faoliyatini samarali tashkil etish belgilanganligi asos qilib keltirilgan boʻlsada, ushbu holatlarni tasdiqlovchi hujjat, yaʼni vaj qilib keltirilgan holatlarni tasdiqlovchi shartnomaning asli (vajda keltirilgan shartlar asosidagi) sudga taqdim etilmagan.
Bundan tashqari, daʼvo arizasida nizolashilayotgan bitim Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-martdagi PQ-144-son Qarorini 5-bandi ikkinchi xatboshisiga zid tuzilganligi haqida vaj keltirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-martdagi PQ-144-son Qarori 5-bandining ikkinchi xatboshisida suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilingan yer maydonlari kamida 5 yil mobaynida maqbullashtirilmasligi, yer uchastkasi yoki uning bir qismi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishiga yerdan foydalanuvchi roziligi asosida sarf etilgan mablagʻlarning oʻrni toʻliq qoplanganidan soʻnggina ruxsat etilishi belgilangan. Biroq, mazkur holatda ushbu bitim bilan yer maydonlari maqbullashtirilayotganligi, yer uchastkasi yoki uning bir qismi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilayotganligi holatlari mavjud emas.
Shuningdek, daʼvo arizasida daʼvogar 214 ta fermer xoʻjaligi bilan tuzilgan fyuchers shartnomalariga asosan 32 940 044 715 soʻm xarajat qilganligi haqida vaj keltirilgan.
Ammo, ish hujjatlaridagi Paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatini muvofiqlashtirish respublika komissiyasining 2022-yil 30-iyuldagi 41-sonli qarori (bayoni) bilan mart oyidagi qaror (bayon)ga oʻzgartirish kiritilgan boʻlib, unga koʻra Qumqoʻrgʻon tumanining tegishli sarf-xarajatlar qilingan 2 000 ga maydoni “TJC” MChJda qolishi, 5 952 ga maydoni esa javobgar MChJga berilishi belgilangan.
Bu haqda Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi raisining 2022-yil 4-avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosariga yoʻllagan axborot xati hamda DXX Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi Tergov boʻlimining 2022-yil 28-iyuldagi qarorida bayon etilgan.
IPKning 68-moddasi birinchi qismiga koʻra, ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs oʻz talab va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi kerak.
Ushbu Kodeksning 69-moddasi birinchi qismiga koʻra, dalillar ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan taqdim etiladi.
Ammo, daʼvogar vakillari tomonidan oʻz talab va eʼtirozlariga asos qilib keltirilgan holatlar dalillar asosida isbotlab berilmadi.
Sud jarayonida daʼvogar vakillari mazkur Bitim oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitim ekanligi, bu holat ekspertiza xulosasi bilan ham oʻz tasdigʻini topganligi toʻgʻrisida vaj keltirdi.
Biroq, sudlov hayʼati daʼvogar vakillarining ushbu vajlari bilan ham kelisha olmaydi. Chunki, IPKning 74-moddasi 4-qismiga asosan hech qanday dalil sud uchun oldindan belgilab qoʻyilgan kuchga ega emas.
Qolaversa, ekspertiza xulosasida nizoli bitimning bandlaridagi yozuvlarda oʻzgarish boʻlganligi, yozuvlar oʻzgartirilganligi, bitim soxtalashtirilganligi toʻgʻrisida xulosa berilmagan.
IPK 279-moddasining birinchi qismiga koʻra, sud tomonidan ish uchun ahamiyatli holatlarning toʻliq aniqlanmaganligi, sud aniqlangan deb hisoblagan, ish uchun ahamiyatli boʻlgan holatlarning isbotlanmaganligi, hal qiluv qarorida bayon qilingan xulosalarning ish holatlariga muvofiq emasligi, moddiy va (yoki) protsessual huquq normalarining buzilganligi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilganligi, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻladi.
Ammo, mazkur holatda birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asoslar mavjud emas.
IPK 278-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan apellatsiya instansiyasi sudi apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishga haqli.
Ushbu Kodeksning 118-moddasiga asosan sud xarajatlari ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ularning qanoatlantirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda yuklanadi.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati daʼvogarning apellatsiya shikoyatida keltirgan vajlari bilan kelisha olmaydi va birinchi instansiya sudi tomonidan hal qiluv qarorini qabul qilishda moddiy yoki protsessual huquq normalarining buzilishiga yoʻl qoʻyilmagan, hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoxud bekor qilish uchun asoslar mavjud emas deb hisoblab, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, daʼvogarning apellatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirishni, IPKning 118-moddasi talablaridan kelib chiqib, oldindan toʻlangan sud xarajatlarini daʼvogar zimmasida qoldirishni lozim topadi.
Yuqorida bayon etilganlarga hamda IPKning 68, 118, 274, 278 — 280-moddalariga asoslanib, sudlov hayʼati qaror qildi:
Chirchiq tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 13-sentabrdagi hal qiluv qarori oʻzgarishsiz, “TJC” masʼuliyati cheklangan jamiyatining apellatsiya shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirilsin.
“TJC” masʼuliyati cheklangan jamiyati hisobidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining depozit hisob raqamiga ishni videokonferensaloqa rejimida koʻrish bilan bogʻliq 75 000 soʻm xarajat undirilsin.
Ijro varaqasi berilsin.
Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Mazkur qaror ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksida belgilangan tartibda Oliy sudga kassatsiya shikoyati berilishi (protest keltirilishi) mumkin.
Raislik qiluvchi: J. SUYaROV
hayʼat aʼzolari: A. ARIPOV
A. IBRAGIMOVA
Toshkent sh.,
2023-yil 9-mart,
4-1102-2202/1995-son