TOShKENT ShAHAR SUDINING IQTISODIY IShLAR BOʻYIChA SUDLOV HAYʼATI APELLATSIYA INSTANSIYASINING
Qarori
4-1001-2218/40617-sonli iqtisodiy ish
Toshkent shahar sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati R. Rashidovning raisligida, hayʼat aʼzolari J. Xusainov va M. Ergashevdan iborat tarkibda, sudya katta yordamchisi O. Zayniyevaning kotibligida, daʼvogarlar Sh. M va Sh. N. A ning javobgarlar “T S” MChJ va “N C” MChJga nisbatan “T S” MChJ ishtirokchilarining 2020-yil 6-iyuldagi umumiy yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi boʻyicha qabul qilingan Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 2-fevraldagi hal qiluv qarori ustidan Sh. M tomonidan berilgan apellatsiya shikoyati boʻyicha ishni “T S” MChJ vakili N. J (2021-yil 16-fevraldagi 16/2-2021-sonli ishonchnoma asosida) ishtirokida Toshkent shahar sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati binosida boʻlib oʻtgan ochiq sud majlisida koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
“T S” MChJ (matnda MChJ yoki jamiyat deb yuritiladi) 1995-yil 30-martda 3-000052-sonli reyestr raqami bilan roʻyxatga olingan boʻlib, jamiyat ustav fondi 90.029.634 soʻmni tashkil etgan. Jamiyat ustav jamgʻarmasidagi ulushlar taʼsischilar oʻrtasida quyidagicha taqsimlangan:
M. Sh — 77,6 foiz;
F.M. Sh —– 22,4 foiz.
2004-yil 13-avgustda jamiyat taʼsischisi Sh. F. M vafot etishi hamda Toshkent shahar Yakkasaroy tuman 1-sonli Davlat notarial idorasi notariusi B. T. Z tomonidan 2004-yil 21-dekabrdagi qonun boʻyicha vorislik haqidagi guvohnomaga asosan Sh. F. M hissasi (ulushi) uning vorislari otasi M. Sh, turmush oʻrtogʻi N. Sh, farzandlari F. Sh va Sh. Nga oʻtgan.
Jamiyatning 2017-yil 5-sentabrdagi yangi taʼsis shartnomasi va ustaviga asosan jamiyatda ustav jamgʻarmasidagi ulushlar taʼsischilar oʻrtasida quyidagicha taqsimlangan:
M. Sh — 72.676.345 soʻm yoki 80,72 foiz;
N. A. Sh — 17.353.289 soʻm yoki 19,28 foiz.
M. Sh va A. Sh, shuningdek, N. Sh va A. Sh oʻrtasida 2020-yil 6-iyulda MChJ ustav jamgʻarmasidagi ulushni oldi-sotdi shartnomalari tuzilib, jamiyat ishtirokchilarining 100 foiz ulushlari A. Shga sotilgan.
Shunga koʻra jamiyat ishtirokchilarining 2020-yil 6-iyuldagi umumiy yigʻilish qaroriga koʻra jamiyat taʼsischilari safidan Sh. M va Sh. N. Ani chiqarish hamda jamiyat taʼsischilari safiga Sh. A. Ani kiritish haqida qaror qabul qilingan.
Keyinchalik, jamiyat taʼsischisi A. Sh va A. Sh oʻrtasida 2020-yil 20-noyabrda tuzilgan oldi-sotdi shartnomasiga asosan A. Shning jamiyat ustav jamgʻarmasidagi 100 foizi ulushi A. Shga oʻtgan.
Daʼvogarlar Sh. M va Sh. N. A javobgarlar “T S” MChJ rahbari I. Sh va “N C” MChJga nisbatan daʼvo arizasi bilan sudga murojaat qilib, Jinoyat ishlari boʻyicha Sirgʻali tuman sudining 2021-yil 21-oktabrdagi hukmi bilan javobgarlarning gʻayriqonuniy qilmishlari uchun jazo tayinlangan boʻlsada, biroq ular bundan tegishli xulosa chiqarmasdan 2020-yil 6-iyulda MChJ ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi boʻlmagan boʻlsada, shu sana bilan kun tartibiga jamiyat taʼsischilari, manzili oʻzgarayotganligi haqida masalalar qoʻyilgan yigʻilish bayonnomasini rasmiylashtirib, mazkur bayonnomaga daʼvogarlar M. Sh va N. Shlarning imzolarini gʻayriqonuniy ravishda qoʻyishga erishib, qonun hujjatlarini buzgan holda nizoli umumiy yigʻilish qarori rasmiylashtirilganligi vajlari bilan “T S” MChJ ishtirokchilarining 2020-yil 6-iyuldagi umumiy yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Sudning 2023-yil 6-yanvardagi ajrimi bilan “T S” MChJ javobgar sifatida ishda ishtirok etish uchun jalb qilingan.
Sudning 2023-yil 24-yanvardagi ajrimi bilan Sh. A. A nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida ishda ishtirok etish uchun jalb qilingan.
Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 2-fevraldagi hal qiluv qarori bilan daʼvo muddati qoʻllanilgan holda daʼvo talabini qanoatlantirish rad etilgan.
Mazkur hal qiluv qarori ustidan norozi boʻlib daʼvogar M. Sh tomonidan apellatsiya shikoyati berilgan va shikoyatda birinchi instansiya sudi tomonidan daʼvo arizasidagi vajlarga baho berilmaganligi, daʼvogarlar tomonidan daʼvo muddati oʻtkazib yuborilmaganligi holati yozma dalillar bilan isbotlab berilganligi, daʼvogarlar nizoli umumiy yigʻilish qarori haqida 2022-yilning iyul oyi oxirlarida advokati 4-1001-2104/23116-sonli ish bilan tanishganidan soʻng xabardor boʻlganligi, birinchi instansiya sudi tomonidan ish “N C” MChJ, “T S” MChJning hozirgi paytdagi yagona taʼsischisi Sh. A. A va Sh. A. Alar ishtirokisiz koʻrib chiqilganligi, shuningdek sud tomonidan daʼvogarlarning ishga Sh. F. F oʻgʻli va Sh. N. F qizini uchinchi shaxs sifatida ishda ishtirok etish uchun jalb qilish haqidagi iltimosnomasi asossiz rad etilganligi, 2004-yil 13-avgustda jamiyat taʼsischisi F. Shning vafot etishi va Toshkent shahar Yakkasaroy tumani 1-sonli davlat notarial idorasi notariusi B. Z tomonidan 2004-yil 21-dekabrda berilgan qonun boʻyicha vorislik haqidagi guvohnomaga asosan F. Shning hissasi uning vorislari otasi M. Sh, turmush oʻrtogʻi N. Sh, farzandlari 1997-yil 12-oktabrda tugʻilgan F. Sh va 1999-yil 8-oktabrda tugʻilgan N. Shga oʻtganligi, ular voyaga yetmaganligi sababli jamiyatdagi ulushlar boʻyicha huquq va majburiyatlari onasi N. Sh tomonidan bajarib kelinganligi, nizoli umumiy yigʻilish qarori rasmiylashtirilgan 2020-yil 6-iyulda ular voyaga yetgan boʻlganligi maʼlum qilinib, hal qiluv qarorini bekor qilish, daʼvo talabini qanoatlantirish va javobgarning daʼvo muddatini qoʻllash toʻgʻrisidagi arizasini qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida yangi qaror qabul qilish soʻralgan.
Daʼvogarlar M. Sh va N. Sh, uchinchi shaxs A. Sh bugungi sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tarzda gibrid pochta tizimi orqali xabardor etilgan boʻlishsada, sud majlisida ishtirok etishmadi. Shuningdek, javobgar “N C” MChJga yuborilgan bugungi sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisidagi sudning ajrimi boʻyicha pochta aloqasi xodimlari tomonidan gibrid pochta tizimiga “berilgan manzil boʻyicha tashkilot topilmadi” qaydi kiritilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan keyin matnda IPK deb yuritiladi) 274-moddasining toʻrtinchi qismiga asosan, apellatsiya instansiyasi sudining sud majlisiga sud muhokamasini oʻtkazish vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan apellatsiya shikoyatini (protestini) bergan shaxsning va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning kelmaganligi ishni ularning ishtirokisiz koʻrishga toʻsqinlik qilmaydi. Shu sababli sudlov hayʼati ishni daʼvogarlar M. Sh va N. Sh, uchinchi shaxs A. Sh, javobgar “N C” MChJ vakillari ishtirokisiz koʻrib chiqishni lozim topdi.
Sud majlisida ishtirok etgan “T S” MChJ vakili apellatsiya shikoyatiga nisbatan eʼtiroz bildirib, birinchi instansiya sudi tomonidan qonuniy va adolatli qaror qabul qilinganligi, daʼvogarlar tomonidan ikki oylik maxsus daʼvo muddati oʻtkazib yuborilgan holda sudga daʼvo arizasi kiritilganligi oʻz tasdigʻini topganligini maʼlum qilib, apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etishni soʻradi.
Sudlov hayʼati sud majlisida ishtirok etgan javobgar vakilining tushuntirishlarini tinglab, apellatsiya shikoyatini ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagilarga asosan apellatsiya shikoyatini qisman qanoatlantirishni, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni lozim topadi.
Aniqlanishicha, “T S” MChJning 2021-yildagi ustavi hamda “stat.uz” saytidan olingan maʼlumotga koʻra, jamiyatning bugungi kundagi yagona taʼsischisi 100 foiz ulush bilan Sh. A. A hisoblanadi.
Biroq, birinchi instansiya sudi tomonidan jamiyatning bugungi kundagi yagona taʼsischisi A. Sh hisoblansada, uni ishda ishtirok etishga jalb qilmasdan hal qiluv qarori qabul qilingan. Vaholanki, nizo ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan A. Shning huquq va majburiyatlariga taʼsir qiladi.
Shuningdek, 2004-yil 13-avgustda jamiyat taʼsischisi F. Shning vafot etishi va Toshkent shahar Yakkasaroy tumani 1-sonli davlat notarial idorasi notariusi B. Z tomonidan 2004-yil 21-dekabrda berilgan qonun boʻyicha vorislik haqidagi guvohnomaga asosan F. Shning hissasi uning vorislari otasi M. Sh, turmush oʻrtogʻi N. Sh, farzandlari 1997-yil 12-oktabrda tugʻilgan F. Sh va 1999-yil 8-oktabrda tugʻilgan N. Shga oʻtganligi, ular voyaga yetmaganligi sababli jamiyatdagi ulushlar boʻyicha huquq va majburiyatlari onasi N. Sh tomonidan bajarib kelinganligi, nizoli umumiy yigʻilish qarori rasmiylashtirilgan 2020-yil 6-iyulda ular voyaga yetgan boʻlganligi sababli ishni koʻrib chiqishda Sh. F. F oʻgʻli va Sh. N. F qizi ishda ishtirok etish uchun jalb qilinishi lozim boʻlgan.
IPK 279-moddasi toʻrtinchi qismining 4-bandida ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslarning huquq va majburiyatlari toʻgʻrisida sud tomonidan hal qiluv qarori qabul qilinganligi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini har qanday holda bekor qilish uchun asos boʻlishi, ushbu Kodeksning 278-moddasida esa apellatsiya instansiyasi sudi apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha ushbu Kodeks 279-moddasi toʻrtinchi qismining 4-bandida nazarda tutilgan asos mavjud boʻlgan taqdirda hal qiluv qarorini bekor qilishga va ishni yangidan koʻrish uchun yuborishga haqli ekanligi nazarda tutilgan.
IPKning 274-moddasida apellatsiya instansiyasi sudida faqat birinchi instansiya sudida ishni koʻrish uchun belgilangan qoidalar qoʻllanilmasligi nazarda tutilganligi bois, apellatsiya instansiyasi sudida ishga boshqa shaxslarni jalb etishning imkoni mavjud emas.
Yuqoridagilarga asosan, sudlov hayʼati birinchi instansiya sudi tomonidan ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslarning huquq va majburiyatlari toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qilgan deb hisoblab, apellatsiya shikoyatini qisman qanoatlantirib, hal qiluv qarorini bekor qilishni va ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni lozim topadi.
Ishni yangidan koʻrishda birinchi instansiya sudi yuqorida qayd etilgan holatlarga toʻliq huquqiy baho berib, ish boʻyicha manfaatdor shaxslarni, xususan “T S” MChJning bugungi kundagi yagona taʼsischisi Sh. A. Ani javobgar sifatida, shuningdek Sh. F. F oʻgʻli va Sh. N. F qizini ishda ishtirok etishga jalb qilib, moddiy va protsessual huquq normalariga rioya qilgan holda asoslantirilgan sud hujjati qabul qilishi, sud xarajatlari, shu jumladan ishni apellatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq xarajatlarni IPK 114-moddasi birinchi qismining 4-bandi va 118-moddasiga asosan undirishi lozim.
Binobarin, IPKning 278 — 280-moddalarini qoʻllab, sudlov hayʼati qaror qildi:
Sharipov Muratning apellatsiya shikoyati qisman qanoatlantirilsin.
Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 2-fevraldagi hal qiluv qarori bekor qilinib, ish yangidan koʻrish uchun Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga yuborilsin.
Qaror qabul qilingan paytdan boshlab qonuniy kuchga kiradi.
Mazkur qaror ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga bir yil ichida kassatsiya shikoyati berilishi (protest keltirilishi) mumkin.
Raislik qiluvchi R. RAShIDOV
hayʼat aʼzolari J. XUSAINOV
M. ERGAShEV
Toshkent sh.,
2023-yil 23-mart,
4-1001-2218/40617-son