Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
“Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimcha kiritish haqida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2022-yil 25-oktabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2023-yil 2-martda maʼqullangan
Senat tomonidan 2023-yil 2-martda maʼqullangan
Keyingi yillarda mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini taʼminlash choralarini kuchaytirish boʻyicha izchil ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga davlat xizmatlarini koʻrsatish chogʻida jismoniy shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlari sud tartibida himoya qilinishini taʼminlash uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Ushbu Qonun bilan fuqarolar tomonidan davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning davlat xizmatlarini koʻrsatish bilan bogʻliq qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga arizalar (shikoyatlar) berilgan taqdirda, davlat bojini belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida toʻlash imkoniyati nazarda tutilmoqda.
Mazkur Qonunda taklif etilayotgan norma fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari sud tartibida himoya qilinishini taʼminlashga, shuningdek odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 6-yanvarda qabul qilingan “Davlat boji toʻgʻrisida”gi OʻRQ-600-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 1, 1-modda, № 3, 201-modda, № 5, 298-modda, № 10, 593-modda, № 12, 691-modda; 2021-yil, № 1, 13-modda, 4-songa ilova, № 7, 661-modda, № 8, 800, 803-moddalar, № 10, 968-modda; 2022-yil, № 2, 76-modda, № 3, 214, 216-moddalar, № 4, 340-modda, № 5, 463, 464, 467-moddalar) ilovasi 3-bandining izohi quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Fuqarolar davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning davlat xizmatlarini koʻrsatish bilan bogʻliq qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudlarga murojaat qilganda ushbu bandning “b” kichik bandida koʻrsatilgan davlat bojini belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida toʻlaydi. Bunda davlat bojining qolgan qismi qonunda belgilangan tartibda ishni koʻrish natijalari boʻyicha undiriladi”.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
4-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 17-mart,
OʻRQ-824-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2023-y., 03/23/824/0154-son)