Andijon viloyat sudining
Qarori
Andijon viloyat sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati apellatsiya instansiyasining qarori
Andijon viloyat sudi iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati, sudya Sh. Mirzayevning raisligida, sudyalar U. Xolikov va A. Abduraxmanovlardan iborat tarkibda, sudya katta yordamchisi A. Dalimovning sud majlisi kotibligida, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Andijon viloyat hududiy boshqarmasining daʼvogar “Koʻchma mexanizatsiyalashgan korxona” masʼuliyati cheklangan jamiyati manfaatida javobgarlar _________________ masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischisi ___________________, “_________________________” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischisi _________________________ oʻgʻli, “______________________” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari ____________ qoʻshimcha javobgar — Andijon shahar Davlat xizmatlari markaziga nisbatan “_________________________” MChJning 2019-yil 25-fevraldagi taʼsischilarning jamiyatni qayta tashkil qilish va “_______________________” MChJni ishtirokchi sifatida qoʻshish haqidagi raqamsiz yigʻilish bayonini (qarori) va Andijon shahar Davlat xizmatlari markazi tomonidan 04.03.2019-yildagi ____-son reyestr raqami bilan qayta roʻyxatga olingan taʼsis shartnomasi hamda “______________________” MChJning 2019-yil 25-martdagi “Koʻchma mexanizatsiyalashgan korxona” MChJ tomonidan qurib bitkazilgan Andijon shahar, Y. Otabekov koʻchasi, 11-manzildagi koʻp qavatli uylarni 58 ta xonadonini sotish haqidagi raqamsiz yigʻilish bayonini (qarori) haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi boʻyicha Asaka tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan 2022-yil 13-dekabr kuni qabul qilingan hal qiluv qaroridan norozi boʻlib, “________________________________” masʼuliyati cheklangan jamiyati bergan apellatsiya shikoyatini daʼvogar vakili _________________, javobgar __________________, Adliya boshqarmasi vakili U.Zokirovlar ishtirokida, Andijon viloyat sudi binosida, videokonfrensaloqa orqali Toshkent tumanlararo sudi koʻmagida ochiq sud majlisida koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Andijon viloyat hududiy boshqarmasi (keyingi oʻrinlarda “Palata” deb ataladi) daʼvogar “___________________________” masʼuliyati cheklangan jamiyati (keyingi oʻrinlarda “Daʼvogar” deb ataladi) manfaatida iqtisodiy sudga daʼvo ariza bilan murojaat qilib, javobgarlar — “____________________” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischisi _____________________, “___________________” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischisi ________________________, “______________________” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari ___________________ qoʻshimcha javobgar — Andijon shahar Davlat xizmatlari markaziga nisbatan “_______________________” MChJning 2019-yil 25-fevraldagi taʼsischilarning jamiyatni qayta tashkil qilish va “_____________________________” MChJni ishtirokchi sifatida qoʻshish haqidagi raqamsiz yigʻilish bayonini (qarori) va Andijon shahar Davlat xizmatlari markazi tomonidan 2019-yil 4-martdagi 14760-son reyestr raqami bilan qayta roʻyxatga olingan taʼsis shartnomasini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Shuningdek, daʼvogar Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 157-moddasi tartibida qoʻshimcha ariza taqdim qilib, “__________________” MChJning 2019-yil 25-mart kungi “________________” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan qurib bitkazilgan Andijon shahar, Y. Otabekov koʻchasi 11-manzildagi koʻp qavatli uylarning 58 ta xonadonini sotish haqidagi raqamsiz yigʻilish bayoni(qarori)ni haqiqiy emas deb topishni soʻragan. (1-tom, 42 varoq)
Birinchi instansiya sudining 2022-yil 13-dekabrdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo talablarini qanoatlantirish rad etilgan.
Daʼvogar sud qaroridan norozi boʻlib, birinchi instansiya sudi moddiy va protsessual huquq normalarni buzib, ishni koʻrganligi, ish uchun ahamiyatli holatlar toʻliq aniqlanmaganligi sababli hal qiluv qarorni bekor qilib, daʼvoni toʻliq qanoatlantirishni soʻradi.
Sud majlisida daʼvogar vakili arizani quvvatlab, jamiyat sobiq direktori ________________ jamiyat taʼsischilarining yozma roziligini olmasdan harakat qilganligiga baho berilmaganligi sababli shikoyatni qanoatlantirishni soʻradi.
Sud majlisida javobgar vakili birinchi instansiya sudi ishni har taraflama koʻrib, qonuniy koʻrganligi bois birinchi instansiya sudi hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni soʻradi.
Sudlov hayʼati taraflar vakillarining tushuntirishlarini tinglab, shikoyatda keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagilarga asosan apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etib, hal qiluv qarorni oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topdi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha “__________________” MChJ taʼsischilari ______________ va _____________ning 2016-yil 8-fevral kungi 2-sonli bayoni bilan ____________________ jamiyat tomonidan chiqayotgan bank va moliyaviy hujjatlarga imzolash huquqi bilan jamiyat rahbari etib tayinlangan va 2023-yil 22-fevral kungi 02-K-sonli buyruq bilan tayinlov rasmiylashtirilgan.
2019-yil 25-fevralda ““____________________” MChJni qayta tashkil qilish toʻgʻrisida” taʼsischilarning umumiy yigʻilishi oʻtkazilib, unga koʻra “____________________” MChJ ishtirokchilari safiga daʼvogar oʻziga tegishli boʻlgan jami 352 129 288 soʻmga baholangan, Andijon shahar, Y. Otabekov koʻchasi 11-manzilda joylashgan koʻp qavatli turar joy bino-inshootlari bilan birga “_________________” MChJga ulushdor sifatida kirgan. Daʼvogar nomidan _______________ imzo qoʻygan.
2019-yil 25-fevral kuni nizom jamgʻarmasi sifatida jami 352 129 288 soʻmga baholangan, Andijon shahar, Y. Otabekov koʻchasi 11-manzilda joylashgan koʻp qavatli turar joy bino-inshootlarni qayta tashkil etilayotgan “__________________” MChJ balansiga topshirish va qabul qilish dalolatnomasi va topshirilganligi haqida guvohnoma rasmiylashtirilib, taraflar tomonidan imzolangan va tasdiqlangan. Dalolatnoma ham daʼvogar jamiyat rahbari ______________ tomonidan imzolangan.
Natijada, Andijon shahar davlat xizmatlari markazi tomonidan 2019-yil 4-martda “_____________________” MChJning taʼsis shartnomasi 14760-sonli tartib raqam bilan qayta roʻyxatdan oʻtkazilib, taʼsischilar soni 3 nafar shaxslardan: 41,5% ulushga ega boʻlgan __________________________, 43,9% ulushga ega boʻlgan ___________________ va 14,6% ulushga ega boʻlgan “______________________” masʼuliyati cheklangan jamiyatidan iborat boʻlgan.
Daʼvogar sudga 2021-yil 18-yanvar kuni daʼvo ariza kiritib, _______________ ushbu harakatlarni amalga oshirishga vakolati boʻlmaganligi, taʼsischilarning xabari yoʻqligi sababli javobgar jamiyatning 2019-yil 25-fevraldagi taʼsischilarning umumiy yigʻilish qarorini va 2019-yil 4-mart kungi taʼsis shartnomasini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi (bundan buyon matnlarda — “Qonun” deb yuritiladi) Qonunining 41-moddasi birinchi qismiga binoan, jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlari, jamiyatning ustavi talablari buzilgan holda qabul qilingan hamda jamiyat ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan qarori ovoz berishda ishtirok etmagan yoki bahsli qarorga qarshi ovoz bergan jamiyat ishtirokchisining arizasiga koʻra sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
“____________________” masʼuliyati cheklangan jamiyati ijro organi rahbari nizodagi yigʻilishlarda (qarorlarda) bevosita shaxsan oʻzi ishtirok etib, ushbu qarorlarni qabul qilishni maqullab ovoz bergan.
Qonun talabiga binoan, jamiyat ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan qarori ovoz berishda ishtirok etmagan yoki bahsli qarorga qarshi ovoz bergan jamiyat ishtirokchisining arizasiga koʻra sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Qolaversa daʼvogar jamiyat taʼsischilari ushbu bitimdan 2 yil davomida bexabar boʻlishlari mumkin emas. Chunki jamiyat faoliyatini choraklik va yillik faoliyatini nazorat qilib, borish taʼsischilar zimmasidadir. Bundan tashqari Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolik kodeksi (keyingi matnlarda FK deb yuritiladi) 44-moddasi birinchi qismiga koʻra yuridik shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazish haqidagi maʼlumotlar barchani tanishib chiqishi uchun ochiq boʻlgan yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga kiritiladi.
FK 44-moddasi ikkinchi qismiga koʻra yuridik shaxsni tashkil etishning qonunda belgilab qoʻyilgan tartibini buzish yoki uning taʼsis hujjatlari qonunga mos kelmasligi yuridik shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazishning rad etilishiga sabab boʻladi. Davlat roʻyxatidan oʻtkazishning xabardor qilish tartibi belgilangan yuridik shaxslarni roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi. Yuridik shaxsni tashkil etish maqsadga muvofiq emas degan vaj bilan uni roʻyxatdan oʻtkazishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
FK 126-moddasiga koʻra agar shaxsning bitim tuzish vakolatlari shartnoma bilan yoki yuridik shaxs vakolatlari uning taʼsis hujjatlari bilan ishonchnomada, qonunda belgilab qoʻyilganiga nisbatan yoinki bitim tuzilayotgan vaziyatdan aniq koʻrinib turgan deb hisoblanishi mumkin boʻlgan vakolatlariga nisbatan cheklab qoʻyilgan boʻlsa va bitimni tuzish paytida bunday shaxs yoki organ ana shu cheklashlar doirasidan chiqib ketgan boʻlsalar, bitimdagi ikkinchi taraf mazkur cheklashlarni bilgan yoki oldindan bilishi lozim boʻlganligi isbotlangan hollardagina bitim cheklash belgilanishidan manfaatdor boʻlgan shaxsning daʼvosi boʻyicha sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Javobgar sudda bergan koʻrsatmasida daʼvogar “_______________________” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischilari _________, __________ jamiyatni javobgar “____________________” MChJ taʼsischiligiga kiritilishi jarayonida bevosita qatnashgan va hech qanday eʼtirozlarini bildirmaganliklarini bayon etgan.
Bundan tashqari “___________________” MChJni qayta roʻyxatdan oʻtkazish Andijon shahar davlat xizmatlari markazi tomonidan 2019-yil 4-mart kuni amalga oshirilib, 14760-sonli tartib raqam bilan qayd etilgan. Taqdim etilgan hujjatlar va roʻyxatdan oʻtkazish qonunga zid deb topilmagan. Binobarin 2019-yil 4-mart kungi jamiyat taʼsis shartnomasini haqiqiy emas deb topishga asoslar mavjud emas.
“__________________” MChJ taʼsischilari tomonidan 2019-yil 25-martda umumiy yigʻilish qarori bilan “___________________” MChJ tomonidan qurib bitkazilgan Andijon shahar, Y. Otabekov koʻchasi 11-manzilda joylashgan koʻp qavatli turar joy bino-inshootlarining 58 tasini (turar joy xonadonlarni) aholiga sotish masalasi boʻyicha jamiyat rahbari hamda taʼsischisi _________ jinoyat ishlari boʻyicha Andijon shahar sudining 2020-yil 7-avgustdagi hukmi bilan aybli deb topilib, unga 8 (sakkiz) yil 3 (uch) oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan, ushbu hukmga binoan _____________ daʼvogar foydasiga 7 864 794 482 soʻm zarar summasini undirish belgilangan.
FQ 123-moddasi ikkinchi qismiga binoan, agar bitim yuqorida koʻrsatilgan asoslardan biriga koʻra haqiqiy emas deb topilsa, ikkinchi taraf jabrlanuvchiga uning bitim boʻyicha bajargan hamma narsasini qaytarib berishi kerak, olingan narsani asl holida qaytarishning iloji boʻlmaganida esa — uning qiymatini pul bilan toʻlashi kerak. Jabrlanuvchi bitim boʻyicha ikkinchi tarafdan olgan mol-mulk, shuningdek ikkinchi tarafga topshirilgan narsa evaziga oʻziga tegishli boʻlgan mol-mulk davlat daromadiga oʻtkaziladi. Mol-mulkni asl holida davlat daromadiga oʻtkazish mumkin boʻlmasa, uning qiymati pul bilan undirib olinadi. Bundan tashqari, jabrlanuvchiga ikkinchi taraf uning qilgan xarajatlarini, uning mol-mulki yoʻqotilishi yoki buzilishi natijasida yetkazilgan zararni toʻlaydi.
Shu bois birinchi instansiya sudi, daʼvoning “_______________________________” MChJning 2019-yil 25-fevraldagi taʼsischilarning jamiyatni qayta tashkil qilish va “__________________________” MChJni ishtirokchi sifatida qoʻshish haqidagi, hamda 2019-yil 25-martdagi “____________________________” MChJ tomonidan qurib bitkazilgan Andijon shahar, Y. Otabekov koʻchasi, 11-manzildagi koʻp qavatli uylarni 58 ta xonadonini sotish haqidagi raqamsiz yigʻilish bayonlarini (qarorlarini) hamda 2019-yil 4-mart kungi jamiyat taʼsis shartnomasini haqiqiy emas deb topish haqidagi qismini qanoatlantirishni rad etish haqida asosli toʻxtamga kelgan.
Iqtisodiy protsessual kodeksining 278-moddasiga qoʻra apellatsiya instansiyasi sudi apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishga haqli.
Yuqoridagilarga asosan sudlov hayʼati, birinchi instansiya sudi moddiy va protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllab, qonuniy va asoslantirilgan hal qiluv qaror qabul qilgan deb hisoblab, uni oʻzgarishsiz, apellatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, ishni apellatsiya instansiyasida koʻrish bilan bogʻliq toʻlangan 6 792 500 soʻm davlat boji va 30 000 soʻm pochta xarajati arizachi zimmasida qoldirishni, “_________________________” MChJdan videokonferensaloqa rejimida koʻrish bilan bogʻliq 75 000 soʻm sud xarajati Oliy sud depozit hisob raqamiga undirishni lozim topadi.
Binobarin sudlov hayʼati, Fuqarolik kodeksi 44-moddasi, “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 41-moddasi, Iqtisodiy protsessual kodeksining 278, 280-281-moddalarini qoʻllab, qaror qildi:
“Koʻchma mexanizatsiyalashgan korxona” MChJning apellatsiya shikoyatini qanoatlantirish rad etilsin.
Birinchi instansiya sudining 2023-yil 13-dekabrdagi hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilsin.
“_________________________” MChJ tomonidan toʻlab chiqilgan ishni apellatsiya instansiyasida koʻrish bilan bogʻliq 6 792 500 soʻm davlat boji va 30 000 soʻm pochta xarajati zimmasida qoldirilsin.
“_________________________” MChJdan ishni videokonferensaloqa rejimida koʻrish bilan bogʻliq 75 000 soʻm sud xarajati Oliy sud depozit hisob raqamiga undirilsin.
Mazkur qaror ustidan Oliy sudga kassatsiya shikoyati berilishi (protest keltirilishi) mumkin.
Raislik qiluvchi, sudya Sh. MIRZAYEV
Sudya U. XOLIKOV
Sudya A. ABDURAXMONOV
Andijon v.,
2023-yil 17-fevral,
4-1701-2102/294-son