Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati kassatsiya instansiyasining qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati S. Raxmonovning raisligida, hayʼat aʼzolari B. Ubaydullayev va T. Annayevadan iborat tarkibda, M. Mirzaliyevning kotibligida, daʼvogar X.R.Sning ishtirokida, ishga mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida “Z” masʼuliyati cheklangan jamiyatining taʼsischisi X.A.Rni jalb qilgan holda, daʼvogar X.R.Sning javobgarlar “Z” masʼuliyati cheklangan jamiyati va taʼsischi X.H.Sga nisbatan 2019-yil 12-dekabrdagi 1-sonli “Z” masʼuliyati cheklangan jamiyatining ustav fondidagi ulushning oldi-sotdi shartnomasi, 2019-yildagi taʼsis shartnomasini va 2019-yil 12-dekabrdagi jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi yuzasidan qabul qilingan Buxoro tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 12-sentabrdagi hal qiluv qarori va Buxoro viloyat sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2022-yil 15-noyabrdagi qarori ustidan X.R.Sning kassatsiya shikoyatini ish hujjatlari bilan birga ochiq sud majlisida Oliy sud binosida videokonferensaloqa rejimida Buxoro viloyat sudining xodimi A. Sanayevning koʻmaklashuvida koʻrib chiqib quyidagilarni aniqladi:
“Z” masʼuliyati cheklangan jamiyati Buxoro shahar hokimligi huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish inspeksiyasi tomonidan 2006-yil 17-yanvarda 33-reyestr raqami davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan. Ustav fondi 500 000 soʻmni tashkil qilib, mazkur ulush taʼsischilari X.R.Sga 250 000 soʻm (50%) va X.H.Sga 250 000 soʻm (50%) taqsimlangan. “Z” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischilarining 2017-yil 22-noyabrdagi umumiy yigʻilish qarori bilan jamiyatning ustav fondi miqdori koʻpaytirilib, R.Xning ulushi 44 664 000 soʻm (99,4%) va X.Xning ulushi 250 000 soʻm (0,6%) etib belgilangan.
2019-yil 12-dekabrda R.X va X.X oʻrtasida 1-sonli “Z” masʼuliyati cheklangan jamiyati ustav fondidagi ulushning oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan. Uning shartlariga koʻra sotuvchi R.X oʻziga tegishli boʻlgan jamiyatning ustav fondidagi 99,4% ulushini sotib oluvchi X.Xga mulk qilib topshirish, sotib oluvchi esa ushbu mulkni qabul qilish va haqini toʻlash majburiyatini olgan. R.Xning jamiyat ustav fondidagi 99,44% 44 664 000 soʻmlik ulushi bahosi 10 000 000 soʻmni tashkil etishi kelishilgan. Shartnomada toʻlov shakli tovar moddiy boyliklari bilan amalga oshirilishi belgilangan. 2019-yil 12-dekabr kunida taraflar oʻrtasida topshirish dalolatnomasi imzolangan.
“Z” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischilarining 2019-yil 12-dekabrdagi 1-sonli umumiy yigʻilish qarori bilan daʼvogar jamiyatning taʼsischilar safidan chiqarilgan, R.Xga tegishli ulush taʼsischi X.Xga oʻtkazilib, uning ulushi 100 foiz — 44 914 000 soʻm pul mablagʻlari, mol-mulk va tovar moddiy boyliklari koʻrinishida ekanligi belgilangan. “Z” masʼuliyati cheklangan jamiyatining yangi tahrirdagi ustavi 2019-yil 12-dekabrda Buxoro shahar davlat xizmatlari markazida 222703-son bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan.
Keyinchalik, “Z” masʼuliyati cheklangan jamiyatining 2020-yil 18-dekabrdagi taʼsischilarning umumiy yigʻilish 2-sonli qarori bilan jamiyatning ustav fondi koʻpaytirilib, X.A.R 13 612 000 soʻmlik ulush bilan taʼsischilar safiga kiritilgan, taʼsischi X.X ulushi 89,62 foiz — 117 560 0000 soʻmga oshirilgan. Mazkur yangi tahrirdagi ustav Davlat xizmatlari markazi Buxoro shahar boʻlimida roʻyxatga olingan.
X.R.S (matnda daʼvogar deb yuritiladi) X.X uning kasalligi sababli ishonchiga kirib, jamiyatning taʼsis hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida hujjatlarni amaldagi qonun talablariga zid ravishda tuzib, unga imzo qoʻydirganligidan norozi boʻlib, javobgarlar X.H.Sga (matnda javobgar deb yuritiladi) va “Z” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga (matnda Jamiyat deb yuritiladi) nisbatan sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, 2019-yil 12-dekabrdagi 1-sonli “Z” masʼuliyati cheklangan jamiyatining ustav fondidagi ulushning oldi-sotdi shartnomasi, 2019-yildagi taʼsis shartnomasini va 2019-yil 12-dekabrdagi jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Sudning 2022-yil 5-sentabrdagi ajrimi bilan ishga mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida “Z” masʼuliyati cheklangan jamiyatining taʼsischisi X.A.R jalb qilingan.
Buxoro tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 12-sentabrdagi hal qiluv qarori bilan javobgarning daʼvo muddatini qoʻllash toʻgʻrisidagi arizasi qanoatlantirilgan. Daʼvoning 2019-yil 12-dekabrdagi jamiyat taʼsischilarining umumiy yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi daʼvo talabi boʻyicha daʼvo muddati qoʻllanilib, ushbu daʼvo talabini qanoatlantirish rad qilingan. Daʼvoning 2019-yil 12-dekabrdagi oldi-sotdi shartnomasini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi talabi boʻyicha ish yuritish tugatilgan. Daʼvoning qolgan qismini qanoatlantirish rad etilgan. Daʼvogardan respublika budjetiga 7 995 000 soʻm davlat boji va Oliy sud depozit hisob raqamiga 21 600 soʻm pochta xarajati undirilgan, daʼvogar oldindan toʻlagan 1 005 000 soʻm davlat boji va 2 400 soʻm pochta xarajati uning zimmasida qoldirilgan.
Buxoro viloyat sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2022-yil 15-noyabrdagi qarori bilan daʼvogar X.R.Sning apellatsiya shikoyatini qanoatlantirish rad etilgan. Buxoro tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 12-sentabrdagi hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Daʼvogar kassatsiya shikoyati bilan murojaat qilib, unda Jinoyat ishlari boʻyicha Buxoro shahar sudining 2019-yil 6-dekabrdagi hukmi bilan ozodlikka chiqqanidan soʻng, singlisi H.S.X taʼsischisi oʻzi boʻlgan “Z” masʼuliyati cheklangan jamiyatining taʼsischiligini uning nomiga vaqtincha rasmiylashtirib qoʻyishini, aks holda Buxoro shahar va Buxoro viloyat prokuraturalari tomonidan jamiyatni xususiylashtirish bilan bogʻliq boʻlgan hujjatlarni bekor qilish, jamiyatning bino-inshoatlarni davlat egaligiga qaytarilishi haqida daʼvo ariza kiritilishi toʻgʻrisida u qamoqda boʻlgan davrida ayrim rahbarlar unga bildirishganligi, unga nisbatan taʼqiblar tugaganidan soʻng jamiyatning taʼsischiligini oʻziga qaytarib berishini unga aytib aldab, ishontirib oʻzi tomonidan oldindan rasmiylashtirib kelingan bir necha hujjatlarga yashash uyiga imzo qoʻydirib olganligi, “Z” masʼuliyati cheklangan jamiyatidagi ulushi onasi F.Xning vasiyatnomasi orqali berilganligini, ulushni X.Xga oʻtkazilishida amaldagi qonun talablari buzilganligini, jamiyatdagi ulushidan oldi-sotdi shartnomasiga koʻra voz kechishi koʻrsatilganligi qonunga zid ekanligini, sotish va voz kechish alohida harakat ekanligini, X.X uni aldab, kasalligidan foydalanib 44 664 000 soʻmlik ulushni qonun talablariga zid ravishda nominal qiymatdan past narxda 10 000 000 soʻmga oldi-sotdi shartnomasini imzolatib olganligini, Buxoro viloyat hokimligi sogʻliqni saqlash boshqarmasining 2020-yil 30-iyuldagi maʼlumotnomasida unda “Bosh miya kistasi” tashxisi qayd etilganligi, qamoqdan ozod boʻlganidan soʻng sogʻligi holatiga koʻra u davrda oʻz harakatlarini mohiyatini yaxshi (toʻgʻri) anglab bilmaganligi, 2019-yil 12-dekabr kunidagi umumiy yigʻilish oʻtkazilganligi koʻrsatilgan boʻlsa-da, amalda bunday yigʻilish umuman oʻtkazilmaganligi hamda boshqa vajlarini keltirib, Buxoro tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 12-sentabrdagi hal qiluv qarori va Buxoro viloyat sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2022-yil 15-noyabrdagi qarorini bekor qilishni va daʼvo talabini qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilishni, shuningdek H.S.Xning tegishli jinoiy javobgarlik masalasini hal qilish uchun xususiy ajrim chiqarishni soʻragan.
Sud majlisida ishtirok etgan daʼvogar kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarini hamda qoʻshimcha vajlarini bildirib, shikoyatini qoʻllab-quvvatlab, shikoyatni qanoatlantirib, birinchi va apellatsiya instansiya sudlarning qarorlarini bekor qilib, daʼvo talabini qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilishni soʻragan.
X.H.S, X.A.R. sud muhokamasi haqida xabardor qilingan boʻlsa-da, vakillari sud majlisiga ishtirokini taʼminlamadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi (matnda IPK deb yuritiladi) 297-moddasining toʻrtinchi qismiga koʻra, kassatsiya instansiyasi sudining sud majlisiga sud muhokamasini oʻtkazish vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan, kassatsiya shikoyatini (protestini) bergan shaxsning va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning kelmaganligi ishni ularning ishtirokisiz koʻrishga toʻsqinlik qilmaydi.
Shuning uchun, sudlov hayʼati ishni X.H.S, X.A.R vakillari ishtirokisiz koʻrishga toʻsqinlik qilmaydi deb hisobladi.
Sudlov hayʼati taraflar vakillarining vaj va eʼtirozlarini tinglab, shikoyatda keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra, Buxoro tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 12-sentabrdagi hal qiluv qarori va Buxoro viloyat sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2022-yil 15-noyabrdagi qarorini oʻzgartirishsiz qoldirishni, javobgarning kassatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etishni lozim topadi.
Aniqlanishicha, 2021-yil 25-fevralda X.R.S Buxoro tumanlararo iqtisodiy sudiga X.H.Sga nisbatan daʼvo ariza bilan murojaat qilib, ular oʻrtasida tuzilgan 2019-yil 12-dekabrdagi 1-sonli Jamiyatning ustav fondidagi ulushning oldi-sotdi shartnomasini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Buxoro tumanlararo iqtisodiy sudining 2021-yil 24-martdagi 4-2001-2104/427-sonli iqtisodiy ish boʻyicha qabul qilingan hal qiluv qarori bilan daʼvogar R.S.Xning daʼvo talabini qanoatlantirish rad etilgan. Aniqlanishicha, mazkur hal qiluv qarori yuqori instansiya sudlarida bekor qilinmagan, oʻzgartirilmagan.
IPK 110-moddasi birinchi qismining 2-bandiga koʻra, sud fuqarolik ishlari boʻyicha sudning, iqtisodiy sudning yoki chet davlat vakolatli sudining ayni bir shaxslar oʻrtasidagi, ayni bir predmet toʻgʻrisidagi va ayni bir asoslar boʻyicha nizo yuzasidan qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori mavjud boʻlsa, ish yuritishni tugatadi.
Birinchi instansiya sudi mazkur daʼvo talabi ayni bir taraflar oʻrtasida, ayni bir predmet yuzasidan, ayni bir asos boʻyicha koʻrilganligini inobatga olib, daʼvogarning 2019-yil 12-dekabrdagi oldi-sotdi shartnomasini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi talabi boʻyicha ish yuritishni tugatib qonuniy toʻxtamga kelgan.
Bundan tashqari, daʼvogar 2019-yildagi taʼsis shartnomasini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2022-yil 6-sentabrdagi 1833-sonli soʻrov xatiga asosan Buxoro viloyat Adliya boshqarmasi tomonidan “Z” masʼuliyati cheklangan jamiyatining 2017-yil 22-noyabrdagi va 2020-yil 18-dekabrdagi taʼsis shartnomalari yuborilgan. Shundan kelib chiqib, davlat roʻyxatdan oʻtkazuvchi organda “Z” masʼuliyati cheklangan jamiyatining taʼsis shartnomasi mavjud emasligi aniqlandi.
“Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasining Qonunining 11-moddasi birinchi va ikkinchi qismlariga koʻra jamiyatning taʼsis shartnomasi va ustavi jamiyat taʼsis hujjatlari deb hisoblanadi. Agar jamiyat bir shaxs tomonidan taʼsis etilsa, shu shaxs tasdiqlagan ustav jamiyatning taʼsis hujjati hisoblanadi. Jamiyat ishtirokchilarining soni ikki va undan ortiq kishiga koʻpaysa, ular oʻrtasida taʼsis shartnomasi tuzilishi kerak.
Shundan kelib chiqib, “Z” masʼuliyati cheklangan jamiyatining yangi tahrirdagi ustavi 2019-yil 12-dekabrda Buxoro shahar davlat xizmatlari markazida H.Xning 100 foiz ulushi bilan roʻyxatdan oʻtkazilganligi, jamiyatning ishtirokchisi soni bir shaxs boʻlganligi sababli, taʼsis shartnomasi tuzilmagan.
Shunga koʻra, birinchi instansiya sudi 2019-yildagi taʼsis shartnomasini haqiqiy emas deb topish talabini asosli rad etgan.
Bundan tashqari, daʼvogar 2019-yil 12-dekabrdagi jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudida javobgar sudga daʼvo arzasiga nisbatan yozma eʼtiroz taqdim etib, daʼvoning 2019-yil 12-dekabrdagi jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi talabi boʻyicha daʼvo berish muddati oʻtganligi sababli daʼvo muddatini qoʻllashni soʻragan.
“Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasining Qonunining 41-moddasining birinchi qismiga koʻra, jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlari, jamiyatning ustavi talablari buzilgan holda qabul qilingan hamda jamiyat ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan qarori ovoz berishda ishtirok etmagan yoki bahsli qarorga qarshi ovoz bergan jamiyat ishtirokchisining arizasiga koʻra sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Bunday ariza jamiyat ishtirokchisi qabul qilingan qaror toʻgʻrisida bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan kundan eʼtiboran ikki oy ichida berilishi mumkin. Agar jamiyat ishtirokchisi shikoyatga sabab boʻlgan qarorni qabul qilgan jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishida ishtirok etgan boʻlsa, mazkur ariza shunday qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran ikki oy ichida berilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Iqtisodiy sudlar tomonidan korporativ nizolarni hal etishning ayrim masalalari toʻgʻrisida” 2014-yil 20-iyundagi 262-son qarori 20.2-bandiga koʻra “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 41-moddasining birinchi qismiga koʻra jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlari, jamiyatning ustavi talablari buzilgan holda qabul qilingan hamda jamiyat ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan qarori ovoz berishda ishtirok etmagan yoki bahsli qarorga qarshi ovoz bergan jamiyat ishtirokchisining arizasiga koʻra sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Bunday ariza jamiyat ishtirokchisi qabul qilingan qaror toʻgʻrisida bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan kundan eʼtiboran ikki oy ichida berilishi mumkin. Bunda ikki oylik muddat yigʻilishda ishtirok etgan ishtirokchi uchun qaror qabul qilingan kundan, yigʻilishda ishtirok etmagan ishtirokchi uchun esa u qaror toʻgʻrisida bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan kundan boshlab hisoblanadi. “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 41-moddasida belgilangan ikki oylik muddat maxsus daʼvo muddati hisoblanadi va u sud tomonidan faqat nizodagi tarafning sudning hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar bergan arizasiga muvofiq qoʻllanilishi haqida tushuntirish berilgan.
Daʼvogar 2019-yil 12-dekabrda jamiyat taʼsischilarining umumiy yigʻilishida ishtirok etgan va bayonnomani imzolagan. Maxsus daʼvo muddati yigʻilishda ishtirok etgan daʼvogar uchun qaror qabul qilingan kundan boshlab hisoblanadi va 2020-yil 13-fevralda tugadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Iqtisodiy sudlar tomonidan Fuqarolik qonun hujjatlarining daʼvo muddatiga oid normalarni qoʻllashning ayrim masalalari haqida” 2015-yil 19-iyundagi 282-sonli qarorining 10-bandiga asosan daʼvo muddatini qoʻllash toʻgʻrisidagi nizodagi taraf bayon qilgan daʼvo muddatining oʻtishi sudning daʼvoni rad etish haqida qaror chiqarishi uchun asos boʻladi. Daʼvo muddati oʻtganligi sababli daʼvo rad qilingan taqdirda, sud hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida nizodagi taraf daʼvo muddatini qoʻllash haqida ariza berganligini bayon qilishi va ushbu muddat oʻtganligini asoslashi kerak.
Yuqoridagilarga asosan, birinchi instansiya sudi daʼvogar 2019-yil 12-dekabrdagi jamiyat taʼsischilari umumiy yigʻilishida ishtirok etganligini, bayonnomani shaxsan imzolaganligini, javobgar daʼvo muddatini qoʻllashni soʻraganligi, maxsus daʼvo muddati oʻtib ketganligi sababli, daʼvo muddatini qoʻllab, daʼvoning 2019-yil 12-dekabrdagi jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topish talabini qanoatlantirishni rad qilish toʻgʻrisida asosli xulosaga kelgan.
Bunday holatda, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini hamda apellatsiya instansiya sudining qarorini bekor qilish yoki oʻzgartirish uchun asoslar mavjud emas deb hisoblaydi.
IPK 302-moddasi birinchi qismining 4-bandiga koʻra, moddiy va (yoki) protsessual huquq normalarining buzilganligi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilganligi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻladi.
IPK 301-moddasining 1-bandiga koʻra, kassatsiya instansiyasi sudi kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha hal qiluv qarorini, qarorni oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini (protestini) esa qanoatlantirmasdan qoldirishga haqli.
IPK 118-moddasi birinchi qismiga koʻra, sud xarajatlari ishda ishtirok etuvchi shaxslarning qanoatlantirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda ularning zimmasiga yuklatiladi.
Bayon etilganlarga asosan, sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etishni, ish yuzasidan qabul qilingan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini hamda apellatsiya instansiya sudining qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni, daʼvogar tomonidan kassatsiya instansiya sudi uchun toʻlab chiqilgan 24 000 soʻm pochta xarajatlarni hamda 4 500 000 soʻm davlat bojini uning zimmasida qoldirishni, daʼvogardan videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq 75 000 soʻm sud xarajatini undirishni lozim deb hisoblaydi.
Bundan tashqari, daʼvogar kassatsiya shikoyatida H.S.Xning tegishli jinoiy javobgarlik masalasini hal qilish uchun xususiy ajrim chiqarishni soʻragan.
IPK 200-moddasi beshinchi qismiga koʻra agar sud nizoni koʻrayotganida shaxslarning xatti-harakatlarida jinoyat alomatlarini aniqlasa, u jinoyat ishini qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi masalani hal etish uchun bu haqda prokurorga tegishli materiallarni ilova qilgan holda xabar qiladi.
Birinchi va apellatsiya instansiya sudlarida daʼvo arizaning bir talabi boʻyicha daʼvo muddati qoʻllanilib rad etilganligi, ikkinchi talabi boʻyicha ish yuritish tugatilganligi, shuningdek uchinchi talabi boʻyicha nizolashilayotgan taʼsis shartnomaning mavjud emasligi sababli rad etilganligi, shuningdek birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos mavjud emasligi sababli oʻzgarishsiz qoldirilganligi, qolaversa nizoni koʻrayotganda shaxslarning xatti-harakatlarida jinoyat alomatlarini aniqlanmaganligi bois, sudlov hayʼati xususiy ajrim chiqarish boʻyicha iltimosnomasini rad etishni lozim deb topdi.
Yuqoridagilarga asosan va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 118, 301 va 303-moddalarini qoʻllab, sudlov hayʼati qaror qildi:
X.R.Sning kassatsiya shikoyatini va xususiy ajrim chiqarish haqidagi iltimosnomasini qanoatlantirish rad etilsin.
Buxoro tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 12-sentabrdagi hal qiluv qarori va Buxoro viloyat sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2022-yil 15-noyabrdagi qarori oʻzgarishsiz qoldirilsin.
X.R.S hisobidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi depozitiga sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq 75 000 soʻm sud xarajati undirilsin.
Ijro varaqa berilsin.
Mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Raislik qiluvchi S. RAXMONOV
hayʼat aʼzolari B. UBAYDULLAYEV
T. ANNAYEVA
Toshkent sh.,
2023-yil 13-fevral,
4-2001-2205/1833-son