Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining
Qarori
Birinchi instansiya sudida ishni koʻrgan sudya — N. Bayzakova
Apellatsiya instansiyasi sudida maʼruzachi sudya — V. Li
Kassatsiya instansiyasi sudida maʼruzachi sudya — V. Sattorova
Apellatsiya instansiyasi sudida maʼruzachi sudya — V. Li
Kassatsiya instansiyasi sudida maʼruzachi sudya — V. Sattorova
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati sudya Sh.Mahmudovning raisligida, hayʼat aʼzolari sudyalar A.Abdullayev va V.Sattorovadan iborat tarkibda, A.Baxshulloyevning kotibligida, “S.S.” MChJ vakili Sh.V. (2022-yil 16-avgustdagi 57-sonli order va 2022-yil 22-noyabrdagi ishonchnoma asosida), “A.A.B.” ATB vakillari J..P. (2022-yil 29-dekabrdagi 4655/03-01-sonli ishonchnoma asosida), O.P. (2022-yil 26-sentabrdagi 3257/03-01-sonli ishonchnoma asosida), “T.” XAB vakillari Sh.D., I.M. (2022-yil 10-martdagi 204-sonli ishonchnoma asosida), “P.W.” MChJ vakili A.O., (2022-yil 15-sentabrdagi 105-sonli order va 2022-yil 15-sentabrdagi ishonchnoma asosida)larning ishtirokida, daʼvogar “S.S.” masʼuliyati cheklangan jamiyatining “L.P.S.” masʼuliyati cheklangan jamiyati, A.K.K.ga nisbatan “L.P.S.” MChJ yagona taʼsischisining 2016-yil 28-apreldagi 1-sonli, 2016-yil 15-iyuldagi 2-sonli, 2016-yil 25-iyuldagi 3-sonli qarorlarini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi boʻyicha yuritilgan ish yuzasidan qabul qilingan Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 3-oktabrdagi ajrimi, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 5-oktabrdagi hal qiluv qarori va Toshkent shahar sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2022-yil 28-noyabrdagi qarori ustidan “S.S.” masʼuliyati cheklangan jamiyati va “T.” XAB tomonidan berilgan kassatsiya shikoyatlari asosida ishni Oliy sudining binosida oʻtkazilgan ochiq sud majlisida oʻrganib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
Ishdagi hujjatlaridan aniqlanishicha, 2016-yil 8-fevralda “S.S.” MChJ “L.P.S.” MChJning ishtirokchiligiga ulush qoʻshgan holda 50 foiz ulush bilan “L.P.S.” MChJga ishtirokchi sifatida kirgan. Ushbu holat Toshkent shahar Shayxontohur tuman yagona darcha markazidan roʻyxatdan oʻtkazilgan.
“L.P.S.” MChJ ishtirokchilarining 2018-yil 29-iyundagi umumiy yigʻilish bayonnomasiga koʻra, “S.S.” MChJning yozgan xatiga muvofiq, jamiyatdagi 361 712 000 soʻmlik 50 foiz ulushini A.K.Q.ga (“L.P.S.” MChJ rahbari) qoldirib, jamiyat tarkibidan chiqqan.
Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar Shayxontohur tuman sudining 2017-yil 25-oktabrdagi hukmga koʻra “L.P.S.” MChJ rahbari K.A. tomonidan 2016-yil 29-iyunda rasmiylashtirilgan “L.P.S.” MChJning taʼsischisi “S.S.” MChJning “L.P.S.” MChJ ustav jamgʻarmasidagi ulushidan K.A.ning foydasiga voz kechish haqidagi ishtirokchilarning umumiy yigʻilish bayonnomasi hamda jamiyat umumiy yigʻilishiga taqdim etilgan arizasi qalbaki deb topilib, K.A. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 167-moddasi uchinchi qismining “a” bandi, 228-moddasi ikkinchi qismining “b” bandi va 228-moddasining uchinchi qismi bilan Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar sudi apellatsiya instansiyasining 2018-yil 17-iyuldagi ajrimi bilan mazkur hukm oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Soʻng, “S.S.” MChJ Shayxontohur tuman davlat xizmatlari markaziga 2019-yil 12-yanvardagi 24-sonli ariza bilan murojaat qilib, jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tuman sudining 2017-yil 25-oktabrdagi hukmiga asosan 2016-yil 29-iyundagi umumiy yigʻilish bayonnomasi qalbakilashtirilganligi isbotlanganligi sababli, “L.P.S.” MChJga taʼsischiligini tiklab berish haqida murojaat qilgan.
Shayxontohur tuman davlat xizmatlari markazi tomonidan berilgan 2019-yil 25-yanvardagi 09/19-sonli xatida mazkur hukmda Markaz zimmasiga bunday majburiyat yuklatilmaganligi sababli, rad etilgan. Shundan soʻng “S.S.” MChJ sudga murojaat qilgan.
Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan 4-1001-1907/10335-sonli ish yuzasidan qabul qilingan 2019-yil 11-iyundagi hal qiluv qarori bilan 2016-yil 29-iyundagi “L.P.S.” MChJ ishtirokchilarining umumiy yigʻilish bayonnomasi MChJning rahbari K.A. tomonidan qalbakilashtirilganligi holati aniqlanganligi oʻz isbotini topganligidan kelib chiqqan holda haqiqiy emas deb topilgan va uning haqiqiy emasligi oqibatlari qoʻllanilib, “S.S.” MChJ — “L.P.S.” MChJga taʼsischi sifatida kiritilgan.
“S.S.” MChJ iqtisodiy sudga “L.P.S.” MChJ, A.K.K.ga nisbatan daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “L.P.S.” MChJ yagona taʼsischisining 2016-yil 28-apreldagi 1-sonli, 2016-yil 15-iyuldagi 2-sonli, 2016-yil 25-iyuldagi 3-sonli qarorlarini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Sudning 2022-yil 9-sentabrdagi ajrimi bilan “A.A.B.” ATB, “T.” XAB, “C.P.” MChJ, “P.W.” MChJlar nizoning predmetiga mustaqil talab bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar sifatida ishga jalb qilingan.
Keyinchalik, sudning 2022-yil 3-oktabrdagi ajrimi bilan “A.A.B.” ATB, “T.” XAB ishga javobgarlar sifatida jalb qilingan.
Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 5-oktabrdagi hal qiluv qarori bilan javobgarlar “A.A.B.” ATB, “T.” XABning daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi iltimosnomalarini qanoatlantirish rad qilinib, daʼvogarning daʼvo talabi toʻliq qanoatlantirilgan. Daʼvo talabining “A.A.B.” AKB, “T.” XABga nisbatan qismi rad qilingan.
Toshkent shahar sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2022-yil 28-noyabrdagi qarori bilan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Ish yuzasidan qabul qilingan sud hujjatlari ustidan “S.S.” MChJ kassatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan va unda birinchi instansiya sudi tomonidan “A.A.B.” ATB va “T.” XABlarni Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi)ning 44-moddasiga zid ravishda javobgar sifatida jalb qilinganligi, ularga nisbatan daʼvo talabi mavjud boʻlmasada sud tomonidan ushbu boshqa javobgarlarga nisbatan daʼvo talablarini rad qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligini bayon qilib, birinchi instansiya sudining 2022-yil 3-oktabrdagi ajrimi, 2022-yil 5-oktabrdagi hal qiluv qarori, apellatsiya instansiyasi sudining 2022-yil 28-noyabrdagi qarorini bekor qilib, daʼvo talablarini qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilishni soʻragan.
“T.” XAB ham sud qarorlaridan norozi boʻlib, kassatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan va unda ishda daʼvogar tomonidan javobgar sifatida koʻrsatilgan shaxslarga nisbatan talab mavjud emasligi, daʼvogar va javobgar oʻrtasida nizo mavjud emasligi, birinchi instansiya sudi “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi qonunning 41-moddasiga, Oliy sudi Plenum qarorlari talablariga zid ravishda qaror qabul qilinganligi, nizolashilayotgan taʼsischining qarorlari qabul qilganligi bois daʼvogarga zarar yetkazilganligi holati mavjud emasligi, birinchi instansiya sud “L.P.S.” MChJning qarorlari qabul qilinganligiga 6 yil oʻtib ketganligi, sud mazkur ish boʻyicha daʼvo muddati oʻtib ketgan boʻlsa-da, bu holatga eʼtibor qaratmaganligi, sud mazkur ishni bir tomonlama koʻrib chiqib, moddiy va protsessual huquq normalari buzgan holda adolatsiz qaror qabul qilganligini bayon qilib, sud qarorlarni bekor qilib, daʼvo talablarini koʻrmasdan qoldirish haqida yangi qaror qabul qilishni soʻragan.
“L.P.S.” masʼuliyati cheklangan jamiyati, A.K.K. va “C.P.” masʼuliyati cheklangan jamiyati sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tartibda xabardor qilingan boʻlsa-da, sud majlisida oʻz vakili ishtirokini taʼminlamadi. Bunday holatda sudlov hayʼati ishni IPK 297-moddasining toʻrtinchi qismiga asosan “L.P.S.” masʼuliyati cheklangan jamiyati, A.K.K. va “C.P.” masʼuliyati cheklangan jamiyatining vakillari ishtirokisiz, ishdagi mavjud hujjatlar asosida koʻrishni lozim topdi.
Sud majlisida ishtirok etgan “S.S.” MChJ vakili kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni quvvatlab, “T.” XAB tomonidan berilgan kassatsiya shikoyatiga eʼtiroz bildirib, “L.P.S.” MChJ yagona taʼsischisi barcha hujjatlarni qalbakilashtirganligi, ushbu holatlar esa MChJning faoliyatiga taʼsir etuvchi qarorlar qabul qilinishiga sababchi boʻlganligi, yagona taʼsischining jinoiy qilmishlari jinoyat sudining hukmi va iqtisodiy sudning qarori bilan oʻz tasdigʻini topganligi, daʼvogarning asosiy maqsadi “L.P.S.” MChJ yagona taʼsischining vakolati mavjud boʻlmagan davrda noqonuniy ravishda qabul qilingan qarorlarini haqiqiy emas deb topish va ushbu qarorlarni qonun talablariga muvofiqlashtirishdan iborat ekanligi, birinchi instansiya sudi mazmunan toʻgʻri va asosli qaror qabul qilgan boʻlsada, biroq, ish boʻyicha boshqa javobgarlarni jalb qilish toʻgʻrisida notoʻgʻri ajrim qabul qilganligi sababli hal qiluv qarorini asoslantiruvchi qismi ham notoʻgʻri qayd etilganligi, sud boshqa javobgarni daʼvogarning roziligi bilan ishga jalb qilish mumkinligini bildirib, “S. S.” MChJning kassatsiya shikoyatini qanoatlantirib, “T.” XABning kassatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etishni soʻradi.
“T.” XAB vakillari oʻzining kassatsiya shikoyatini quvvatlab va unda koʻrsatilgan vajlarni takrorlab, “S.S.” MChJning kassatsiya shikoyatiga eʼtiroz bildirib, nizolashayotgan qarorlar bank manfaatlariga taʼsir koʻrsatayotganligi, birinchi instansiya sudi “T.” XABni asosli ravishda javobgar deb topib, qonunga zid ravishda bankning ish boʻyicha daʼvo muddatini qoʻllash toʻgʻrisidagi arizasini qanoatlantirmasdan qoldirganligi, nizoli qarorlar qabul qilinganligiga 6 yildan ortiq muddat oʻtib ketganligi, daʼvogar oʻzining buzilgan huquqlari haqida 2017-yildan, yaʼni JIB Shayxontoxur tumani sudining hukmi qabul qilingandan kunidan boshlab bilganligi, biroq, hozirga qadar daʼvo ariza bilan sudga murojaat qilmaganligini bayon qilib, “T.” XABning kassatsiya shikoyatini qanoatlantirib, “S.S.” MChJning kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirishni soʻrashdi.
Sud majlisida ishtirok etgan “A.A.B.” ATB vakillari kassatsiya shikoyati yuzasidan yozma fikrini taqdim qilib, unda keltirilgan vajlarini quvvatlab, “T.” XABning kassatsiya shikoyatini qanoatlantirib, “S.S.” MChJning kassatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirishni soʻrashdi.
“P.W.” MChJ vakili “S.S.” MChJning kassatsiya shikoyati yuzasidan yozma eʼtiroznomani taqdim qilib, unda keltirilgan vajlarini quvvatlab, “T.” XABning kassatsiya shikoyatini qanoatlantirishni soʻradi.
Sudlov hayʼati ishda ishtirok etuvchi shaxslar vakillarining tushuntirishlarini tinglab va kassatsiya shikoyatlarini ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra, kassatsiya shikoyatlarini qisman qanoatlantirishni lozim topadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Iqtisodiy sudining hal qiluv qarori haqida” 2007-yil 15-iyundagi 161-son qarorining 3-bandida qaror qachonki, unda ish uchun ahamiyatli barcha holatlar bayon etilgan va taraflarning huquq va majburiyatlari haqidagi xulosalarini tasdiqlovchi dalillar keltirilgan boʻlsa, asoslantirilgan hisoblanishi, qaror ish holatlari haqidagi taxminlarga asoslangan boʻlishi mumkin emasligi va u dalillarga uning daxldorligi va yoʻl qoʻyilishliligi, ishonchliligi va yetarlilik haqidagi IPKning 69 — 75-moddalari talablarini inobatga olgan holda asoslantirilgan boʻlishi kerakligi haqida tushuntirish berilgan.
IPKning 43-moddasiga koʻra, daʼvogar (arizachi) va javobgar iqtisodiy sud ishlarini yuritishdagi taraflardir.
Oʻz huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida daʼvo taqdim etgan yoki manfaatlari koʻzlanib daʼvo taqdim etilgan yuridik shaxslar va fuqarolar daʼvogarlardir.
Daʼvo yoki bildirilgan talab taqdim etilgan yuridik shaxslar va fuqarolar javobgarlardir.
IPK 44-moddasining oltinchi qismiga asosan sud daʼvogarning iltimosnomasi boʻyicha ham boshqa javobgarni ishda ishtirok etish uchun jalb etishga haqli.
Ishdagi hujjatlaridan aniqlanishicha, birinchi instansiya sudining 2022-yil 9-sentabrdagi ajrimi bilan “A.A.B.” ATB, “T.” XAB, “C.P.” MChJ, “P.W.” MChJlar nizoning predmetiga mustaqil talab bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar sifatida ishga jalb qilingan.
“P.W.” MChJ vakili iltimosnoma kiritib, unda “T.” XAB hamda “P.W.” MChJni ishga javobgar sifatida jalb qilishni soʻragan.
Sudning 2022-yil 23-sentabrdagi ajrimi bilan ushbu iltimosnoma rad qilingan.
Keyinchalik, “A.A.B.” ATB iltimosnoma bilan murojaat qilib, “A.A.B.” ATB va “T.” XABlarni ishga javobgar sifatida jalb qilishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi, IPKning 48-moddasiga asoslanib, protsessual huquq normalarni notoʻgʻri qoʻllangan holda, “A.A.B.” ATBning mazkur iltimosnomasini muhokama qilmasdan, 2022-yil 3-oktabrdagi ajrimi bilan “A.A.B.” ATB, “T.” XABlarni ishga javobgarlar sifatida jalb qilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining yoʻl qoʻygan qonunbuzilishga tegishli huquqiy baho bermasdan, mazkur ajrim ishning kelgusidagi harakatiga toʻsqinlik qilganmaganligi sababli ajrim ustidan apellatsiya shikoyati (protesti) berilmasligi nazarda tutilgan degan xulosa bilan cheklangan.
Vaholanki, birinchi instansiya sudi tomonidan mazkur ajrim qabul qilishda protsessual huquq normalarining buzilishi, yaʼni ishda ishtirok etuvchi shaxslarning protsessual holati notoʻgʻri belgilanishi natijasida keyinchalik noqonuniy hal qiluv qarori qabul qilinishiga olib kelgan.
IPKning 199-moddasiga koʻra, sudning ajrimi ustidan ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda, shuningdek ajrim ishning kelgusidagi harakatiga toʻsqinlik qilgan taqdirda, sudning hal qiluv qaroridan alohida tarzda shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Boshqa ajrimlar ustidan apellatsiya shikoyati (protesti) berilmaydi, lekin bu ajrimlarga qarshi eʼtirozlar sudning hal qiluv qarori ustidan qilingan apellatsiya shikoyatiga (protestiga) qoʻshib qoʻyilishi mumkin.
Sudlov hayʼati IPKning 44-moddasida boshqa javobgarni ishda ishtirok etishga jalb etish toʻgʻrisida ajrimi ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkinligi nazarda tutilmaganligi sababli “S.S.” MChJning kassatsiya shikoyatining Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 3-oktabrdagi ajrimi ustidan berilgan qismi boʻyicha ish yuritish tugatilishi lozim deb hisoblaydi.
IPKning 66-moddasiga koʻra, ish boʻyicha dalillar IPKda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan tartibda olingan faktlar haqidagi maʼlumotlar boʻlib, ular asosida sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarning talablari va eʼtirozlarini asoslovchi holatlar, shuningdek nizoni toʻgʻri hal qilish uchun ahamiyatga ega boʻlgan boshqa holatlar mavjudligini yoki mavjud emasligini aniqlaydi. Bunday maʼlumotlar yozma va ashyoviy dalillar, ekspertlarning xulosalari, mutaxassislarning maslahatlari (tushuntirishlari), guvohlarning koʻrsatuvlari, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlari bilan aniqlanadi.
Birinchi instansiya sudi IPK 73-moddasining toʻrtinchi qismiga asoslanib, yagona taʼsischining 2016-yil 28-apreldagi 1-sonli, 2016-yil 15-iyuldagi 2-sonli, 2016-yil 25-iyuldagi 3-sonli qarorlarini haqiqiy emas deb topib, daʼvoni qanoatlantirish toʻgʻrisida xulosaga kelgan.
Shuningdek, birinchi instansiya sudi “A.A.B.” ATB, “T.” XABlariga nisbatan daʼvo talablari mavjud emasligidan kelib chiqib, daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi iltimosnoma (arizasi)larini rad qilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudi, birinchi instansiya sudining xulosalari bilan kelishib, hal qiluv qarorini bekor qilish yoki oʻzgartirish uchun asoslar mavjud emasligi haqidagi xulosaga kelib, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Birinchi instansiya sudi ishdagi dalillarga, xususan daʼvo arizasida koʻrsatilgan asoslarga baho bermasdan va daʼvogarning daʼvo talabini oʻrganmasdan, moddiy huquq normasini notoʻgʻri qoʻllab, daʼvo talabini qanoatlantirish toʻgʻrisida notoʻgʻri toʻxtamga kelgan.
Apellatsiya instansiyasi sudi esa, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirib, barvaqt xulosaga kelgan.
Sudlov hayʼati sud qarorlari bilan quyidagilarga koʻra kelishmaydi.
Ish hujjatlardan koʻrinishicha, qonuniy kuchga kirgan jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tuman sudining 2017-yil 25-oktabrdagi hukmi bilan “L.P.S.” MChJ rahbari K.A. tomonidan 2016-yil 29-iyunda rasmiylashtirilgan “L.P.S.” MChJning taʼsischisi “S.S.” MChJning “L.P.S.” MChJ ustav jamgʻarmasidagi ulushidan K.A.ning foydasiga voz kechish haqidagi ishtirokchilarning umumiy yigʻilish bayonnomasi hamda jamiyat umumiy yigʻilishiga taqdim etilgan arizasi qalbaki deb topilib, K.A. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 167-moddasi uchinchi qismining “a” bandi, 228-moddasi ikkinchi qismining “b” bandi va 228-moddasining uchinchi qismi bilan Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Shuningdek, mazkur hukm bilan K.A. “L.P.S.” MChJning direktori lavozimida ishlab kelib, “S.S.” MChJni “L.P.S.” MChJga taʼsischi sifatiga kirishi uchun “L.P.S.” MChJning ustav jamgʻarmasiga 2016-yil 8-fevral kuni “S.S.” MChJni 50 foiz ulushi sifatida 361 712 000 soʻm pul mablagʻlari bilan kirganidan soʻng, ushbu oʻziga ishonib topshirilgan pul mablagʻlarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-taroj qilish maqsadida, taʼsis hujjatlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritilib, davlat roʻyxatidan oʻtkazishga erishganidan soʻng, soxtalashtiruvchining oʻzi yoki boshqa shaxs foydalanishi maqsadida muayyan huquq beradigan rasmiy hujjat hisoblanadigan 2016-yil 29-iyun kuni sanasi bilan “S.S.” MChJning taʼsischisi M.A.ning “L.P.S.” MChJning ustav jamgʻarmasidagi ulushini K.A.ning foydasiga voz kechish haqidagi jamiyat umumiy yigʻilishiga taqdim etgan xatidagi imzolari qalbakilashtirilgan hujjatlarni “L.P.S.” MChJning Shayxontoxur tumani “Yagona darcha” markaziga taqdim qilgan xolda, “L.P.S.” MChJning yangi tahrirdagi Ustavini rasmiylashtirib, mazkur Ustavning 7 bandida: “jamiyatning ustav fondi 723 424 000 soʻm sifatida belgilangan boʻlib, jamiyat ishtirokchisining hissasi va ulushi quyidagicha taqsimlangan: A.K.K. — 723 424 000 soʻm, 100 foiz ulush” koʻrinishida rasmiylashtirib , “S.S.” MChJni “L.P.S.” Ustav jamgʻarmasidagi qonuniy ulushi boʻlgan juda koʻp miqdoridagi 361 712 000 soʻm pul mablagʻlarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-taroj qilganligi holatlari aniqlangan.
Qonuniy kuchga kirgan Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2019-yil 11-iyundagi hal qiluv qaroriga binoan “L.P.S.” MChJ ishtirokchilarning 2016-yil 29-iyundagi umumiy yigʻilish bayonnomasi haqiqiy emas deb topilgan va uning haqiqiy emasligi oqibatlari qoʻllanilib, “S.S.” MChJ — “L.P.S.” MChJga taʼsischi sifatida kiritilgan.
“S.S.” MChJning daʼvo arizasida daʼvo talablarning asoslari sifatida yuqoridagi holatlar va sud qarorlar koʻrsatilgan.
“L.P.S.” MChJ ishtirokchilarining 2016-yil 29-iyundagi umumiy yigʻilish bayonnomasi haqiqiy emas deb topilganligi sababli, ushbu qarordan kelib chiqqan holda K.A. tomonidan yagona taʼsischi sifatida qabul qilingan barcha hujjatlar xam oʻz-oʻzidan haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Yuqoridagi qonuniy kuchga kirgan sud qarorlarga asosan, K.A. “L.P.S.” MChJning yuqori boshqaruv organi boʻlgan umumiy yigʻilishi vakolatlarini oʻzlashtirib, “L.P.S.” MChJning yagona taʼsischi sifatida barcha imzolagan hujjatlari, shu jumladan 2016-yil 28-apreldagi 1-sonli, 2016-yil 15-iyuldagi 2-sonli, 2016-yil 25-iyuldagi 3-sonli yagona taʼsischining qarorlari ham qonunchilikning talablariga muvofiq kelmaydigan va jinoiy maqsadlarga erishish uchun tuzilgan hujjatlar boʻlib, ular tuzilgan paytidan boshlab oʻz-oʻzidan haqiqiy emasdir va hech qanday yuridik oqibatlarga olib kelmaydi.
Vaholanki, mazkur holatda “S.S.” MChJ ikkinchi taʼsischi K.A. “L.P.S.” MChJning yagona taʼsischisi sifatida soxtalashtirilgan qarorlarni haqiqiy emas deb topish emas, balki ushbu qarorlarni oʻz-oʻzidan haqiqiy emasligining huquqiy oqibatlarini qoʻllash va Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida belgilangan tartibda jinoyat tufayli yetkazilgan zararni undirish haqidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqli boʻlgan.
Sudlar tomonidan ushbu holatlarga eʼtibor qaratilmagan va daʼvoni qanoatlantirish haqida notoʻgʻri xulosaga kelingan.
Bunday holatda sud, “S.S.” MChJning K.A. “L.P.S.” MChJning yakka taʼsischi sifatida qabul qilgan qarorlarini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi daʼvo talablarini qanoatlantirishni rad etish haqida qaror qabul qilishi lozim edi.
IPK 302-moddasi birinchi qismining 4-bandiga koʻra, moddiy va (yoki) protsessual huquq normalarining buzilganligi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilganligi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻladi.
IPK 301-moddasining 2-bandida kassatsiya instansiyasi sudi kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha hal qiluv qarorini, qarorni oʻzgartirishga yoki bekor qilishga va ishni yangidan koʻrib chiqish uchun yubormasdan, yangi qaror qabul qilishga haqliligi belgilangan.
Bunday holatda, kassatsiya shikoyatlari qisman qanoatlantirilishi, ish yuzasidan qabul qilingan sud qarorlari bekor qilinishi, daʼvo talabini qanoatlantirishni rad etish haqida yangi qaror qabul qilinishi, IPKning 118-moddasi talabidan kelib chiqib, sud xarajatlari daʼvogar zimmasiga yuklatilishi, daʼvo arizasi bilan sudga murojaat qilishda daʼvogar tomonidan oldindan toʻlangan 4 500 000 soʻm davlat boji va 24 000 soʻm pochta xarajatlari uning zimmasida qoldirilishi, daʼvogardan “T.” XAB foydasiga apellatsiya shikoyati bilan sudga murojaat qilishda “T.” XAB tomonidan oldindan toʻlangan 2 250 000 soʻm davlat boji va 24 000 soʻm pochta xarajatlari hamda “A.A.B.” ATB foydasiga apellatsiya shikoyati bilan sudga murojaat qilishda “A.A.B.” ATB tomonidan oldindan toʻlangan 2 250 000 soʻm davlat boji va 24 000 soʻm pochta xarajatlari (ishni apellatsiya instansiyasi sudida koʻrish uchun)ni undirilishi, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish uchun “Sano Standart” MChJ tomonidan oldindan toʻlangan 2 250 000 soʻm davlat boji va 24 000 soʻm pochta xarajatlari “S.S.” MChJning zimmasida qoldirilishi va “T.” XAB tomonidan oldindan toʻlangan 2 250 000 soʻm davlat boji va 30 000 soʻm pochta xarajatlari “T.” XABning zimmasida qoldirilishi lozim.
IPK 343-moddasining ikkinchi qismida agar ijro etilmagan sud hujjati bekor qilinib yoki oʻzgartirilib, daʼvoni toʻliq yoki qisman rad etish toʻgʻrisida yangi sud hujjati qabul qilinsa yoxud ish yuritish tugatilsa yoki daʼvo koʻrmasdan qoldirilsa, sud bekor qilingan yoki tegishli qismi oʻzgartirilgan sud hujjati boʻyicha undirishni toʻliq yoxud qisman bekor qilish haqida sud hujjatini qabul qilishi belgilangan.
Sud hujjatlari bekor qilinishi munosabati bilan sud qarorlari asosida berilgan ijro varaqalari boʻyicha undiruv bekor qilinadi.
Yuqoridagilarga asosan va IPKning 118, 301 — 303, 343-moddalarini qoʻllab, sudlov hayʼati qaror qildi:
“S.S.” MChJning kassatsiya shikoyati qisman qanoatlantirilsin.
“S.S.” MChJning kassatsiya shikoyatining Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 3-oktabrdagi ajrimi ustidan berilgan qismi boʻyicha ish yuritish tugatilsin.
“T.” XABning kassatsiya shikoyati qisman qanoatlantirilsin.
Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 5-oktabrdagi hal qiluv qarori va Toshkent shahar sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2022-yil 28-noyabrdagi qarori bekor qilinsin.
Yangi qaror qabul qilinsin.
“S.S.” masʼuliyati cheklangan jamiyatining “L.P.S.” masʼuliyati cheklangan jamiyati, A.K.K.ga nisbatan “L.P.S.” MChJ yagona taʼsischisining 2016-yil 28-apreldagi 1-sonli, 2016-yil 15-iyuldagi 2-sonli, 2016-yil 25-iyuldagi 3-sonli qarorlarini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi daʼvo talabini qanoatlantirish rad etilsin.
“S.S.” masʼuliyati cheklangan jamiyatidan “T.” XAB foydasiga 2 274 000 soʻm sud xarajatlari undirilsin.
“S.S.” masʼuliyati cheklangan jamiyatidan “A.A.B.” ATB foydasiga 2 274 000 soʻm sud xarajatlari undirilsin.
Ijro varaqalari berilsin.
Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 5-oktabrdagi hal qiluv qarori boʻyicha undiruv bekor qilinsin.
Mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Raislik qiluvchi: Sh. MAXMUDOV
hayʼat aʼzolari: A. ABDULLAYEV
V. SATTOROVA
hayʼat aʼzolari: A. ABDULLAYEV
V. SATTOROVA
Toshkent sh.,
2023-yil 6-fevral,
4-1001-2220/43811-son