Andijon viloyat sudining
Qarori
4-1701-2202/4345-sonli ish
Andijon viloyat sudi iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati raisi, sudya Sh. Mirzayevning raisligida, sudyalar D. Ubaydullayev va T. Ataboyevdan iborat tarkibda, X. Tuxtasinovning kotibligida, taʼsischi M. M. P, vakili X.K (2022-yil 21-oktabr kungi ishonchnoma asosida), “I sh p” masʼuliyati cheklangan jamiyati vakili S. Q (2022-yil 9-noyabr kungi 6-sonli ishonchnoma asosida), “A b” masʼuliyati cheklangan jamiyati vakili Oʻ. M (2022-yil 14-noyabr kungi 15-sonli ishonchnoma asosida)larning ishtirokida, Boʻston tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 16-noyabrdagi hal qiluv qarorining qonuniyligini taʼsischi M. M. P tomonidan berilgan apellatsiya shikoyati asosida ish hujjatlari bilan birga Andijon viloyat sudi iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati binosida, ochiq sud majlisida koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
“I sh p” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischisi M. M. P (keyingi oʻrinlarda matnda — “daʼvogar-taʼsischi” deb ataladi) sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “I sh p” masʼuliyati cheklangan jamiyati (keyingi oʻrinlarda matnda “javobgar” deb ataladi) hamda “A b” masʼuliyati cheklangan jamiyati (keyingi oʻrinlarda matnda “qoʻshimcha javobgar” deb ataladi)lariga nisbatan “I sh p” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischilarining 2021-yil 3-maydagi navbatdan tashqari umumiy yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 03.10.2022-yil kungi ajrimi bilan nizo predmetiga mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida Andijon viloyat adliya boshqarmasi jalb qilingan.
Birinchi instansiya sud majlisida ishtirok etgan javobgar hamda qoʻshimcha javobgar vakillari sud majlisida bergan eʼtiroz xatida mazkur daʼvo ariza yuzasidan daʼvo qilish muddati oʻtganligini bildirib, daʼvo muddatini qoʻllashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2022-yil 16-noyabr kungi hal qiluv qarori bilan javobgar hamda qoʻshimcha javobgarlarni daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi arizasi qanoatlantirilgan, daʼvo muddati qoʻllanilgan, daʼvogarning daʼvo talabini qanoatlantirish rad etilgan, daʼvogar tomonidan oldindan toʻlangan 3.000.000 soʻm davlat boji va 24.000 soʻm pochta xarajati uning zimmasida qoldirilgan.
Mazkur hal qiluv qaroriga nisbatan daʼvogar-taʼsischi (M. M. P)ning apellatsiya shikoyatida birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilishni, daʼvoni qanoatlantirishni, “I sh p” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischilarining 2021-yil 3-maydagi navbatdan tashqari umumiy yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Apellatsiya sud majlisida ishtirok etgan daʼvogar-taʼsischi (M. M) hamda vakili bergan koʻrsatmasida apellatsiya shikoyatini quvvatlab, nizodagi noqonuniy oʻtkazilgan 03.05.2021-yildagi yigʻilish qarori aslida oʻtkazilmaganligi, oʻtkazilgan boʻlganida boshqalar xabardor boʻlishlari kerakligini, aynan daʼvogar-taʼsischi (M. M) ushbu yigʻilish boʻlganidan umuman xabari boʻlmaganligi, ushbu yigʻilish haqida 2022-yil avgust oyida pochta orqali xat kelganligidan xabardor boʻlganligi, qonunda yigʻilishdan xabardor boʻlmagan va ishtirok etmagan taʼsischi taʼsischilik safidan chiqarilishi koʻrsatilmaganligi, agarda ishtirok etmagan boʻlsa va xabardor boʻlmagan boʻlsa ishtirokchi bu haqda xabardor boʻlgan kundan boshlab ikki oy belgilanganligi, shunga koʻra daʼvo muddati oʻtmaganligini bildirib, daʼvo muddati qoʻllash talabini rad qilishni, daʼvoni qanoatlantirishni, 03.05.2021-yildagi taʼsischilar umumiy yigʻilishini haqiqiy emas deb topishni soʻradi.
Apellatsiya instansiya sud majlisida ishtirok etgan javobgar vakili bergan koʻrsatmasida, birinchi instansiya sudining qarorini quvvatlab, daʼvogar-taʼsischi (M. M) belgilangan tartibda xabardor qilinganligi, shunga koʻra birinchi instansiya daʼvo muddatini qoʻllab asosli daʼvoni rad etganligini bildirib, apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etishni, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni soʻradi.
Apellatsiya instansiya sud majlisida ishtirok etgan qoʻshimcha javobgar vakili bergan koʻrsatmasida apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etishni, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni soʻradi.
Apellatsiya instansiya sudida ishtirok etgan daʼvogar, javobgar va qoʻshimcha javobgar vakillarining koʻrgazmalari, ishga taqdim qilingan hujjatlarni, ishdagi mavjud hujjatlarni apellatsiya sudlov hayʼati oʻrganib, apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilishni, yangi qaror qabul qilishni, daʼvo arizani qanoatlantirishni, taʼsischilarning 03.05.2021-yildagi yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topishni, javobgar hisobidan birinchi instansiya sudi uchun 3.000.000 soʻm va apellatsiya instansiya sudi uchun 1.500.000 soʻm, jami 4.500.000 soʻm davlat boji hamda 24.000 soʻm pochta xarajatini daʼvogar-taʼsischi (M. M) hisobiga undirishni lozim topadi.
Ish hujjatlariga koʻra, javobgar-jamiyati yuridik shaxs sifatida Andijon shahar davlat xizmatlari markazi tomonidan 2020-yil 27-mayda 851683-sonli reyestr tartib raqami bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.
Jamiyatning ustav fondidagi ulushlari ikki taʼsischilar ulushidan iborat boʻlib, qoʻshimcha javobgar — (“A b” masʼuliyati cheklangan jamiyati) ulushi 68.493.017 soʻm, yaʼni 97,84 foiz hamda daʼvogar-taʼsischi — (fuqaro M. M. P) ulushi 1.506.983 soʻm, yaʼni 2,52 foizni tashkil qiladi. Ushbu jamiyat taʼsischilarning 2020-yil 25-may kungi yigʻilish qarorining 4-kichik bandida jamiyatning ijro organi-direktori etib M. M (daʼvogar-taʼsischi) tasdiqlangan.
Keyinchalik taʼsischilarning 03.05.2021-yildagi umumiy yigʻilish qarori (jami 6 ta masala boʻyicha) qabul qilingan. Mazkur taʼsischilarning umumiy yigʻilishida daʼvogar-taʼsischi (M. M) ishtirok etmagan boʻlsa-da, ushbu yigʻilish qarori bilan uni taʼsischilar safidan chiqarilgan.
Mazkur taʼsischilarning 03.05.2021-yildagi umumiy yigʻilish qarori oʻtkazilganligi haqida xabardor boʻlgan daʼvogar-taʼsischi (M. M) belgilangan tartibda xabardor boʻlgan ikki oylik muddat ichida ushbu 2021-yil 3-may kundagi taʼsischilarning umumiy yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisida daʼvo ariza bilan sudga murojaat qilgan.
Zero, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 30-moddasida, korporativ nizolar boʻyicha ishlar belgilangan boʻlib, mazkur moddaning birinchi qism 3-kichik bandida, yuridik shaxs ishtirokchilarining (muassislarining, aʼzolarining) yuridik shaxs tomonidan tuzilgan bitimlarni haqiqiy emas deb topish va (yoki) bunday bitimlarning haqiqiy emasligi oqibatlarini qoʻllash haqidagi daʼvolari boʻyicha nizolar iqtisodiy sudlarda koʻrilishi belgilangan.
Ushbu qonun talablaridan kelib chiqib, mazkur talab bilan daʼvogarni daʼvo ariza bilan iqtisodiy sudga murojaati asosli hisoblanadi.
Birinchi instansiya sud majlisida mazkur daʼvo talabi asosida ishni mazmunan koʻrish davomida javobgar va qoʻshimcha javobgar vakillari tomonidan sudga eʼtirozlarini taqdim qilib, mazkur daʼvo talabi boʻyicha daʼvo muddati oʻtganligini bildirib, daʼvo muddatini qoʻllashni soʻragan.
Zero, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 150-moddasida umumiy daʼvo muddati uch yil deb belgilangan boʻlsa, “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida” (keyingi oʻrinlarda matnda “Qonun” deb ataladi)gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunning 41-moddasida, belgilangan ikki oylik muddat maxsus daʼvo muddati hisoblanishi va u sud tomonidan faqat nizodagi tarafning sudning hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar bergan arizasiga muvofiq qoʻllanishi belgilangan.
Zotan, yuqoridagi qonun talablari asosida birinchi instansiya sudi, javobgar va qoʻshimcha javobgarlarni sud majlisida bergan eʼtiroz xatlari asosida daʼvogar-taʼsischi (M. M)ni daʼvo qilish muddati oʻtganligi haqida arizasini qanoatlantirib, daʼvo muddatini qoʻllash toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qilgan boʻlsa-da, lekin apellatsiya sudlov hayʼati birinchi instansiya sudining ushbu qaroriga quyidagilarga koʻra qoʻshilmaydi va daʼvo muddatini qoʻllash haqida barvaqt toʻxtamga kelgan deb hisoblaydi.
Boisi, birinchi instansiya sudi daʼvo muddatini qoʻllashda, daʼvogar — taʼsischi (M. M) tegishli tartibda 03.05.2021-yildagi umumiy yigʻilish qaroridan xabardor boʻlganligini asosan 07.05.2022-yil (bir yil ilgari oʻtkazilgan)dagi 8-sonli qoʻshimcha javobgar tomonidan yuborilgan ogohlantirish xatiga asoslangan.
Ushbu ogohlantirish xati oʻrganilganida, garchi javobgar va qoʻshimcha javobgar eʼtirozlarida daʼvogar-taʼsischi (M. M) 03.05.2021-yildan jamiyatda hech kim emasligi, taʼsischilikdan umumiy yigʻilish qarori bilan chiqarib yuborilganligi aytib kelinsa-da lekin ogohlantirish xatini jamiyat taʼsischisi M. Mga deb yozilgan.
Bundan tashqari, daʼvogar-taʼsischi (M. M) taʼsisiligidan chiqarilganligi, u tomonidan jamiyat taʼsis nizomini shakllantirilgan jami 15.000.000 soʻm (11.000.000 soʻm 22.09.2020-yildagi 68-sonli hamda 4.000.000 soʻm 23.09.2020-yildagi 69-sonli toʻlov topshiriqnomasi bilan) daʼvogar-taʼsischiga oʻtkazib berilganligi koʻrsatilgan, biroq ushbu toʻlovlar davrida hali 2021-yil kelmaganligi va yigʻilish oʻtkazilmaganligiga eʼtibor qilinmagan.
Shuningdek, qoʻshimcha javobgar tomonidan daʼvogar-taʼsischi (M. M)ga yuborilgan 07.05.2022-yildagi 8-sonli ogohlantirish xatida daʼvogar-taʼsischi (M. M)ni 03.05.2021-yildagi taʼsischilar umumiy yigʻilish qarorida qabul qilgan qarori (boisi ishtirok etmagan va uning ishtirokisiz Qonunga zid qaror qabul qilingan) bilan tanishtirilmagan yoki ogohlantirish xatiga ilova qilinmagan.
Zero, birinchi instansiya sudi daʼvogar daʼvo talabi bilan sudga murojaat qilishi muddati oʻtmagan (boisi 03.05.2021-yildagi qarordan 2022-yi avgust oyida xabardor boʻlgan)ligiga eʼtibor qaratmaganligi, yoinki daʼvo muddati oʻtganligi haqidagi javobgar va qoʻshimcha javobgarlar tomonidan ariza berilgan boʻlsa-da, lekin mavjud hujjatlar asosida daʼvo muddati birinchi instansiya sudi tomonidan uzrli deb hisoblanishiga asoslar mavjudligi toʻliq oʻrganilmagan.
Yuqoridagi asoslardan kelib chiqib, apellatsiya instansiya sudlov hayʼati, birinchi instansiya sudi javobgar va qoʻshimcha javobgarni daʼvo muddatini qoʻllash toʻgʻrisidagi arizasini toʻliq oʻrganmagan holda arizani qanoatlantirish haqida barvaqt toʻxtamga kelgan deb hisoblaydi.
Bundan tashqari, ishdagi mavjud hujjatlarni va apellatsiya sud majlisida ishga taqdim qilgan hujjatlarni oʻrganib, apellatsiya sudlov hayʼati, daʼvogarning 03.05.2021-yilda taʼsischilarning oʻtkazilgan umumiy yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi daʼvogar talabini asosli deb hisoblaydi va daʼvo arizani qanoatlantirishni hamda 03.05.2021-yilda oʻtkazilgan taʼsischilarning umumiy yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topishni lozim hisoblaydi.
Boisi, “I sh p” masʼuliyati cheklangan jamiyati ikki taʼsischilar ulushidan iborat boʻlib, qoʻshimcha javobgar — (“Andijon xoʻjalik madaniy mollari bazasi” masʼuliyati cheklangan jamiyati) ulushi 68.493.017 soʻm, yaʼni 97,84 foiz hamda daʼvogar-taʼsischi — (fuqaro M. M. P) ulushi 1.506.983 soʻm, yaʼni 2,52 foizni tashkil qilgan holda jamiyat tashkil etilgan. Ushbu jamiyat taʼsischilarning 2020-yil 25-may kungi yigʻilish qarorining 4-kichik bandida jamiyatning ijro organi-direktori etib M. M (daʼvogar-taʼsischi) tasdiqlangan.
Keyinchalik, 03.05.2021-yilda taʼsischilarning umumiy yigʻilish oʻtkazilgan va umumiy yigʻilish qarori asosida daʼvogar-taʼsischi (M. M) jamiyat taʼsischi safidan chiqarilganligi haqida qaror qabul qilingan.
Qonun talabiga koʻra, jamiyat taʼsischisini ishtirokchilari safidan chiqarishning ikki xil tartibi mavjud boʻlib, birinchisi jamiyat taʼsischisining oʻz ixtiyori asosida ishtirokchilar safini tark etishi (oʻz ulushining imtiyozli huquq asosida jamiyatning boshqa taʼsischilarga yoki uchinchi shaxslarga sotishi, hadya qilishi va boshqacha shaklda oʻtkazish yoʻli bilan), ikkinchisi Qonunning 8-moddasida nazarda tutilgan qoidalar asosida sud tartibida chiqarilishi kerak.
Jamiyat taʼsischilarining 03.05.2021-yildagi navbatda tashqari umumiy yigʻilishida jamiyat taʼsischisi hisoblangan M. M qonun talablariga zid ravishda taʼsischilar safidan chiqarilgan.
Shuningdek, Qonunning 32-moddasida, jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishi oʻtkazilish tartiblari belgilangan boʻlib, mazkur moddaning birinchi qismida, jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishi jamiyatning ustavida belgilangan hollarda, shuningdek, agar bunday umumiy yigʻilishni oʻtkazishni jamiyatning va uning ishtirokchilarining manfaatlari taqozo etsa, boshqa hollarda ham oʻtkazilishi, yettinchi qismida, jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishi kun tartibiga kiritish uchun taklif qilingan masalalarning biri yoki bir nechasi jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining vakolatlari jumlasiga kirmasa yoki qonunchilikning talablariga mos boʻlmasa, mazkur masalalar kun tartibiga kiritilmasligi, sakkizinchi qismida, jamiyatning ijro etuvchi organi jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishi kun tartibiga kiritish uchun taklif etilgan masalalar taʼrifiga oʻzgartishlar kiritishga, shuningdek jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishini oʻtkazishning taklif qilingan shaklini oʻzgartirishga haqli emasligi belgilangan.
Aniqlanishicha, yuqoridagi Qonun talablari asosida daʼvogar-taʼsischi jamiyat taʼsischiligi safidan chiqarish haqida kun tartibida koʻrsatilmagan, bundan tashqari kun tartibida koʻrsatilmagan holda qonun talabiga zid ravishda kun tartibida koʻrsatilmagan masalalar toʻgʻrisida umumiy yigʻilish qaror qabul qilgan.
Bundan tashqari, Qonunning 33-moddasida, jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishini chaqirish tartibi koʻrsatilgan boʻlib, mazkur moddaning toʻrtinchi qismida, jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishini chaqiruvchi organ yoki shaxslar jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining kun tartibiga kiritish uchun taklif qilingan qoʻshimcha masalalar taʼrifiga oʻzgartirish kiritishga haqli emasligi, toʻqqizinchi qismida, jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishini chaqirishning ushbu moddada belgilangan tartibi buzilgan taqdirda, agar bunday umumiy yigʻilishda jamiyatning barcha ishtirokchilari ishtirok etayotgan boʻlsa, u vakolatli deb eʼtirof etilishi belgilangan.
Zotan, garchi daʼvogar-taʼsischi 03.05.2021-yilda yigʻilishdan xabardor boʻlmagan taqdirda ham agarda shu kungi yigʻilishda ishtirok etgan taqdirda yigʻilish qonun tartibda oʻtkazilgan hisoblanishi mumkinligi, biroq daʼvogar-taʼsischi (M. M) nafaqat xabardor boʻlmagan, balki yigʻilishda ham ishtirok etmagan.
Shuningdek, ishdagi mavjud hujjatlarda Andijon viloyat prokuraturasining 27.07.2022-yildagi 4-289212/22-sonli xatida, davlat aktivlarini boshqarish agentligi Andijon viloyat hududiy boshqarmasining 18.05.2022-yildagi 913/01-16-k-sonli xatida, Andijon shahar davlat soliq inspeksiyasining 04.07.2022-yildagi 19/5-09169-sonli, hamda 05.10.2022-yildagi 19/1-16125-sonli xatlarida va ATB “Qishloqqurilishbank Andijon filialining 14.11.2022-yil 01/04-1421-sonli xatlarida jamiyat rahbari M. M ekanligi hozirda jamiyat rahbari sifatida faoliyat yuritib kelganligi maʼlum boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2014-yil 20-iyun kungi “Iqtisodiy sudlar tomonidan korporativ nizolarni hal etishning ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi 262-sonli qarori 20.1-bandida jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishi qarori u qonun hujjatlariga zid boʻlgan va (yoki) umumiy yigʻilish qonun hujjatlari va jamiyat ustavida belgilangan tartibga rioya etilmagan holda oʻtkazilgan hollardagina, haqiqiy emas deb topilishi mumkin ekanligi belgilangan.
Bunday holatda, sudlov tarkibi apellatsiya shikoyatida bildirilgan vajlar asosida birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilish uchun asoslar mavjud deb hisoblaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 278-moddasi birinchi qism 2-kichik bandida apellatsiya sudi hal qiluv qarorini toʻliq yoki qisman bekor qilishga va yangi qaror qabul qilishga haqli ekanligi belgilangan
Bayon etilganlarga asosan apellatsiya instansiya sudlov tarkibi daʼvogarning apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilishni, yangi qaror qabul qilishni, daʼvo arizani qanoatlantirishni, 03.05.2021-yildagi taʼsischilarning umumiy yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topishni, javobgar hisobidan birinchi instansiya sudi uchun 3.000.000 soʻm va apellatsiya instansiya sudi uchun 1.500.000 soʻm, jami 4.500.000 soʻm davlat boji va 24.000 soʻm pochta xarajatini daʼvogar-taʼsischi (M. M) hisobiga undirishni lozim topdi.
Binobarin, sudlov tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 118, 278 — 280-moddalarini qoʻllab, qaror qiladi:
“I sh p” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischisi M. Mning apellatsiya shikoyati qanoatlantirilsin.
B. tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qarori bekor qilinsin.
Yangi qaror qabul qilinsin.
Daʼvo ariza qanoatlantirilsin.
“I sh p” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischilarining 2021-yil 3-may kungi navbatdan tashqari umumiy yigʻilish qarori haqiqiy emas deb topilsin.
“I sh p” masʼuliyati cheklangan jamiyati hisobidan — daʼvogar M. M foydasiga birinchi instansiya sudi uchun 3.000.000 soʻm va apellatsiya instansiya sudi uchun 1.500.000 soʻm, jami 4.500.000 soʻm davlat boji va 24.000 soʻm pochta xarajatini undirilsin.
Qaror qabul qilingan paytdan boshlab qonuniy kuchga kiradi va uning ustidan kassatsiya tartibida shikoyat (protest) qilish mumkin.
Raislik qiluvchi Sh. MIRZAYEV
Sudya D. UBAYDULLAYEV
Sudya T. ATABOYEV
Andijon v.,
2023-yil 19-yanvar,
4-1701-2202/4345-son