Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
qarori
Kredit byurolarini roʻyxatga olish va ularning faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 23-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3042-3]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisida”gi va “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi qonunlariga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-avgustdagi PF-6044-son “Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2018-yil 28-apreldagi 16/23-son qarori (roʻyxat raqami 3042, 2018-yil 25-iyul) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.07.2018-y., 10/18/3042/1573-son) bilan tasdiqlangan Kredit byurolarini roʻyxatga olish va ularning faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2022-yil 30-dekabr,
30/25-son
Kelishildi:
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2022-yil 20-dekabr
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. ShERMATOV
2022-yil 29-dekabr
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2022-yil 30-dekabrdagi 30/25-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Kredit byurolarini roʻyxatga olish va ularning faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Muqaddima quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur Nizom kredit byurolarini roʻyxatga olish va ularning faoliyatini litsenziyalash tartibini belgilaydi.”.
2. 8-bandning toʻrtinchi xatboshisidagi “bankrotlik” degan soʻz “toʻlovga qobiliyatsizlik” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
3. 9-band quyidagi mazmundagi oʻn ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Kredit byurosi axborot tizimlarida qoʻllaniladigan axborot xavfsizligi va muhofazasining litsenziyalangan va sertifikatlangan dasturiy-texnik vositalari tarkibiy qismi hisoblanuvchi skoring boʻyicha dasturiy taʼminotga ega boʻlishi lozim.”.
4. Quyidagi mazmundagi 91-band bilan toʻldirilsin:
“91. Kredit byurosining skoring boʻyicha dasturiy taʼminoti potensial qarz oluvchining kreditga layoqatlilik darajasini baholash va mavjud kredit axboroti almashinuvi tizimiga integratsiyalashuv imkoniyatini berishi va quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
anketa savollari;
ballash tartibi;
ishlatiladigan koeffitsiyentlar (modellarning ishonchlilik darajasini tasdiqlovchi koʻrsatkichlar, ehtimoliy defolt koʻrsatkichlari);
matematik modellar.”.
5. 19-bandda:
uchinchi xatboshidagi “muassis hujjatlari” degan soʻzlar “taʼsis hujjatlari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
oltinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
yettinchi — toʻqqizinchi xatboshilar tegishli ravishda oltinchi — sakkizinchi xatboshilar deb hisoblansin.
6. 23-bandda:
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“davlat roʻyxatidan oʻtkazish va litsenziya berish uchun zarur boʻlgan, mazkur Nizomning 19-bandida koʻrsatilgan hujjatlar taqdim etilmaganda;”;
oltinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
yettinchi xatboshi oltinchi xatboshi deb hisoblansin.
7. 29-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“29. Markaziy bank ariza beruvchini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va litsenziya berish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi haqida ushbu qaror qabul qilingan kundan boshlab bir ish kuni ichida yozma xabardor qilishi kerak.”.
8. 30-band quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Litsenziya uning haqqoniyligini onlayn tekshirish imkonini beradigan, Internet butunjahon axborot tarmogʻidagi tegishli axborot resursi manziliga havolani oʻz ichiga olgan QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan elektron hujjat koʻrinishida beriladi.”.
9. 5-bobning nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5-bob. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish, litsenziyani bekor qilish va qayta rasmiylashtirish tartibi”.
10. 33-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“33. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish, uni bekor qilish va qayta rasmiylashtirish Oʻzbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonunida nazarda tutilgan holatlarda va tartibda amalga oshiriladi.”.
11. 34 — 36-bandlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.01.2023-y., 10/23/3042-3/0050-son)