Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash boʻyicha belgilangan loyihalar yuzasidan amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan parlament nazorati doirasida mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash boʻyicha eng dolzarb masalalarni tizimli hal etish, xususan, joylarda ichki yoʻllar, ichimlik suvi, elektr energiyasi va gaz taʼminotini, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat, sport va boshqa infratuzilma obyektlarini yaxshilash boʻyicha olib borilayotgan ishlar oʻrganildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolarining 2022-2023-yillarda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni oʻrganish hamda mazkur yoʻnalishda aholi oʻrtasida tushuntirish-targʻibot ishlarini tashkil etish jadvali tasdiqlandi.
Oʻrganish natijalari koʻrsatganidek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarida 2022-2023-yillarda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha ishlab chiqilgan Dasturlar (keyingi oʻrinlarda — Dasturlar) doirasida amalga oshiriladigan loyihalar roʻyxati muhokama qilingan va tasdiqlangan.
Mahallalar infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar koʻlami hamda bu boradagi islohotlar mazmun-mohiyati haqida 150 dan ortiq intervyu va boshqa tusdagi axborot materiallari Senatning rasmiy veb-sayti, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgan.
Dasturlar doirasida 6 007 ta loyihaning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan, ularning 6 006 tasi (99,9 foizi) ekspertizadan oʻtkazilgan.
Obyektlarda qurilish-taʼmirlash ishlarini olib boruvchi pudrat tashkilotlarini aniqlash yuzasidan 5 975 ta (99,4 foiz) loyiha boʻyicha savdolar eʼlon qilingan. Ularning natijalariga asosan 4 588 ta loyiha boʻyicha pudrat tashkilotlari aniqlangan hamda ularning 3 432 tasida qurilish-taʼmirlash ishlari boshlangan.
Obyektlarda qurilish-taʼmirlash ishlarini oʻz vaqtida moliyalashtirish maqsadida respublika budjetidan mahalliy budjetlarga 1,7 trln soʻm mablagʻ oʻtkazilgan. Jumladan, Dasturlarda koʻzda tutilgan loyihalarni amalga oshirish uchun “Obod qishloq” va “Obod mahalla” jamgʻarmalariga 1,7 trln soʻm mablagʻ ajratilgan.
Shu bilan birga, Dasturlar doirasida loyihalar boʻyicha amalga oshirilgan ishlarda ayrim kamchilik va muammolar kuzatilmoqda.
Xususan, hududiy ishchi guruhlar rahbarlari tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari bilan birgalikda mahallalar kesimida tasdiqlangan reja-jadvallarga asosan bajarilishi belgilangan vazifalar yuzasidan tushuntirish ishlari tashkil etilmagan, amalga oshirilayotgan ishlarning holatini tizimli oʻrganish masalalariga yetarli darajada eʼtibor qaratilmagan.
Ayrim mahalla masʼullari (mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi) tomonidan Dasturlar doirasida mahalla infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha amalga oshirilayotgan loyihalar haqida targʻibot ishlari olib borilmagan.
Shuningdek, Dasturlar doirasida Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanidagi 7 ta, Sayxunobod tumanidagi 6 ta, Oqoltin tumanidagi 7 ta, Surxondaryo viloyatining Denov tumanidagi 62 ta, Sariosiyo tumanidagi 40 ta hamda Toshkent shahrining Yangihayot tumanidagi 3 ta, Yunusobod tumanidagi 2 ta obyektning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmagan.
Namangan viloyati Yangi Namangan tumanida 5 ta, Toshkent shahrining Sergeli tumanida 7 ta hamda Toshkent viloyatining Oʻrtachirchiq tumanida 20 ta va Nurafshon shahrida 7 ta infratuzilma obyektini yaxshilash boʻyicha loyihalarning smeta hujjatlarini davlat ekspertizasidan oʻtkazish ishlari yakuniga yetkazilmagan.
Toshkent viloyatida 964 ta loyihadan 492 tasida (51 foiz), Navoiy viloyatida 295 ta loyihadan 55 tasida (19 foiz) pudrat tashkilotlarini aniqlash boʻyicha tender (tanlov) savdolari eʼlon qilinmagan.
Bundan tashqari, ayrim infratuzilma obyektlarining loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan oʻtkazish, tender savdolarini oʻtkazish ishlari oʻz vaqtida bajarilmaganligi sababli ajratilgan mablagʻlarning oʻzlashtirilishi kechiktirilmoqda.
Xususan, ushbu koʻrsatkich Andijon viloyatida atigi 2 foizni (1,2 mlrd soʻm), Sirdaryo viloyatida 3 foizni (1,0 mlrd soʻm), Toshkent viloyatida 4 foizni (5,6 mlrd soʻm), Navoiy viloyatida 5 foizni (5,1 mlrd soʻm) va Qashqadaryo viloyatida 6 foizni (3,1 mlrd soʻm) tashkil etadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, 2022-2023-yillarda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha loyihalar dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Qonunning 21-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi raisi E. Gadoyevning mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash boʻyicha belgilangan loyihalar yuzasidan amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “Hududgaztaʼminot” va “Oʻzsuvtaʼminot” AJlari, Andijon, Navoiy, Namangan, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha loyihalar dasturlari ijrosini taʼminlashda kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi koʻrsatib oʻtilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari oʻzlari biriktirilgan hududlarda:
xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari hamda loyihalar ijrosi uchun masʼul idora va tashkilotlar rahbarlarini jalb qilgan holda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash boʻyicha belgilangan loyihalar ijrosining borishi yuzasidan oʻrganishlarni davom ettirsin;
bu borada aniqlangan kamchiliklar, yuzaga kelayotgan muammolarni tegishli idora va tashkilotlar bilan birgalikda oʻz vaqtida va sifatli hal etish choralarini koʻrsin;
amalga oshirilgan ishlar yuzasidan 2022-yil yakuni hamda 2023-yilning har choragi yakuni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga batafsil maʼlumotlar kiritib borsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
2022-2023-yillarda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha loyihalar dasturlari doirasida kechiktirilayotgan tadbirlar ijrosini jadallashtirish maqsadida tegishli Hukumat aʼzolari, Hududiy ishchi guruhlar, vazirlik va idoralar hamda hokimliklar rahbarlarining masʼuliyatini oshirish choralarini koʻrsin;
2022-2023-yillarda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha Hududiy ishchi guruhlar xulosalari asosida mavjud muammolarni hal etish maqsadida Dasturlar yigʻma parametrlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritish masalasini zaruratga qarab koʻrib chiqsin;
mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan Dasturlar doirasida loyihalarni moliyalashtirish va ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanishini, shuningdek, tegishli idora va tashkilotlar bilan birgalikda obyektlarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va davlat ekspertizasidan oʻtkazish ishlarini yakunlash choralarini koʻrsin;
Dasturlar ijrosini joriy yil yakuni bilan Vazirlar Mahkamasi Rayosatida muhokama qilsin va natijasi yuzasidan umumlashtirilgan axborotni 2023-yilning 1-fevraliga qadar Oliy Majlis Senatiga kiritsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi joylarda Dasturlarning oʻz vaqtida, toʻliq ijro etilishi, har bir loyiha boʻyicha qurilish-taʼmirlash ishlarining sifatli bajarilishi, xarid qilish tartib-taomillari qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishi, mablagʻlarning maqsadli va samarali ishlatilishiga oid tizimli nazorat tadbirlari natijalari yuzasidan Oliy Majlis Senatiga har chorak yakuni bilan maʼlumot kiritib borsin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan oʻrganish davomida aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha amalga oshirilgan ishlarni muhokama qilish;
deputatlar tomonidan joylarga chiqqan holda mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan aholiga batafsil tushuntirish va tashviqot ishlarini davom ettirish. Bunda “hokim yordamchisi”, “yoshlar yetakchisi” va “xotin-qizlar faoli” hamda nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarini ham keng jalb qilish;
har chorakda tuman (shahar) sektorlari va boshqa hududiy tashkilotlar rahbarlarining mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha Dasturlar doirasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisidagi axborotlarini eshitib borish;
mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha loyihalar Dasturlari ijrosini taʼminlashda masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻygan mutasaddilarga nisbatan taʼsirchan choralar qoʻllash masalalarini koʻrib chiqish tavsiya etilsin.
7. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi (E. Gadoyev) zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2022-yil 28-dekabr,
SQ-681-IV-son