Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat xaridlari elektron tizimi operatorlari faoliyatini tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Davlat xaridlari elektron tizimi operatorlarining faoliyatini takomillashtirish, shuningdek, davlat buyurtmachilari va davlat xaridlari tizimida ishtirok etadigan tadbirkorlik subyektlarining mablagʻlarini moliyaviy xavf-xatarlardan himoya qilish tizimini kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga muvofiq davlat xaridlari elektron tizimi operatori davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organ tomonidan belgilanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-iyuldagi 476-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.07.2025-y., 09/25/476/0669-son)
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 22-iyuldagi 306-sonli qaroriga asosan chiqarilgan)
operatorlarning davlat xaridlari elektron tizimi davlat xaridlari sohasidagi davlat nazorati organlarining axborot tizimlariga belgilangan tartibda integratsiya qilinadi.
4. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
a) bir oy muddatda davlat xaridlari elektron tizimi operatorlar faoliyatini tartibga solishni yanada takomillashtirish munosabati bilan qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
b) davlat xaridlari elektron tizimi operatorlar faoliyatini tartibga solishni yanada takomillashtirish munosabati bilan qonun hujjatlariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgandan soʻng bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi davlat xaridlari elektron tizimi operatorlar faoliyatini tashkil etish reglamentini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
operatorlar faoliyatiga qoʻyiladigan talablar, mazkur faoliyatga ruxsat berish, uni nazorat qilish, toʻxtatish va tugatish tartibi;
davlat xaridlarining elektron tizimlariga, shu jumladan, ularning axborot xavfsizligiga, maʼlumotlarni qayta ishlash markaziga va dasturiy qurilmalarga qoʻyiladigan texnik talablar;
v) uch oy muddatda:
operatorlar tomonidan davlat xaridlarining subyektlari bilan davlat xaridlari sohasidagi barcha hisob-kitoblarni Iqtisodiyot va moliya vazirligi axborot tizimida ochiladigan shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari orqali amalga oshirilishini taʼminlash;
davlat xaridlari ishtirokchilari uchun metodik oʻquv qoʻllanma ishlab chiqish va davlat buyurtmachilari masʼul mutaxassislarini muntazam ravishda malakasini oshirib borish choralarini koʻrsin.
5. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi:
ikki oy muddatda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda korporativ buyurtmachilar roʻyxatini shakllantirib, maxsus axborot portaliga joylashtirishni;
davlat aktivlarini sotish va ijaraga berish boʻyicha elektron savdo maydonchalari operatorlariga mazkur qarorning 2 va 3-bandlarida nazarda tutilgan talab va tartiblarning amal qilishini taʼminlasin. Bunda, uch oy muddatda amalda mavjud elektron savdo maydonchalari operatorlarining faoliyatini mazkur qaror talablariga muvofiqlashtirsin.
6. Iqtisodiyot va moliya vazirligining davlat buyurtmachilari va ishtirokchilarning “Davlat xaridlarida shaffoflik” reytingini yuritish amaliyotini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi uch oy muddatda xalqaro tajribani oʻrgangan holda yuqori reytingga ega boʻlgan davlat xaridlarining ishtirokchilari tomonidan tuzilgan shartnomalar boʻyicha toʻlovlarni kafolatlashning soddalashtirilgan mexanizmlarini qoʻllash amaliyotini joriy etsin.
7. Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2023-yil 1-mayga qadar xalqaro tajribani oʻrgangan holda birja savdolaridagi hisob-kitob tizimlarini quyidagilar orqali takomillashtirish choralarini koʻrsin:
birja savdolari ishtirokchilari reytingini yuritish va yuqori reytingga ega boʻlgan ishonchli ishtirokchilarni aniqlash, ular uchun shartnoma summasining bir foizidan oshmagan miqdorda garov mablagʻlari bilan savdolarda ishtirok etish imkoniyatini yaratish;
tovar-xom ashyo birjalari hisob-kitob va kliring palatasida birja savdo ishtirokchilari mablagʻlarini xavfsiz va kafolatli saqlanishini taʼminlash maqsadida hisob-kitob va kliring palatalari ochiladigan tijorat banklariga qoʻyiladigan texnik va moliyaviy talablarni belgilash.
8. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi uch oy muddatda amalda faoliyat koʻrsatayotgan operatorlarning faoliyatini mazkur qaror talablariga muvofiqlashtirish choralarini koʻrsin.
Belgilansinki, mazkur qarorga ilovaning 2 — 5-bandlari qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 31-dekabr,
734-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 31-dekabrdagi 734-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Davlat xaridlarini amalga oshirish bilan bogʻliq tartib-taomillarni tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizomga kiritilayotgan
OʻZGARTIRISHLAR
1. 15-bandda:
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Tanlash yoki tender gʻolibining zakalati shartnoma tuzilguniga qadar band qilib qoʻyiladi. Bunda gʻolib shartnoma tuzishni rad etgan taqdirda, unga zakalat summasi qaytarib berilmaydi va mazkur mablagʻlar operator tomonidan davlat buyurtmachilarining tegishli hisobvaragʻiga (budjet buyurtmachisining budjetdan tashqari tegishli hisobvaragʻiga) oʻtkazib beriladi.”;
toʻrtinchi xatboshidagi “1 — 3 foizi, tender oʻtkazishda esa 1 — 5 foizi doirasida” soʻzlari “3 foizidan, tender oʻtkazishda esa 5 foizidan oshmagan holda” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. 17-bandning birinchi xatboshisidagi “operatorga xizmat koʻrsatuvchi bankda HKKP uchun alohida ikkilamchi bank hisobvaragʻini” soʻzlari “HKKP uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot tizimida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarini” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. 18-banddagi “budjet” soʻzlari “davlat” soʻzlari bilan almashtirilsin.
4. 24-bandning ikkinchi xatboshisidagi “foydalanmagan holda amalga oshiradi” soʻzlari “foydalangan holda amalga oshirishi mumkin” soʻzlari bilan almashtirilsin.
5. 31-bandda:
ikkinchi xatboshidagi “budjet” soʻzi “davlat” soʻzi bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi — oltinchi xatboshilar tegishincha uchinchi — beshinchi xatboshilar deb hisoblansin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.01.2023-y., 09/23/734/0002-son; 30.07.2025-y., 09/25/476/0669-son)