Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati B. Sayfullayevning raisligida, hayʼat aʼzolari V. Sattorova, S. Raxmonov, Sh. Mirzaxakimov va I. Tadjiyevdan iborat tarkibda, B. Joʻrayevning kotibligida, videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazishga koʻmaklashayotgan Xorazm viloyat maʼmuriy sudining xodimi M. Nurlayev, daʼvogar M.I., javobgar vakillari — A.A. (rahbar), advokat R.M. (2022-yil 4-martdagi 000014-sonli order asosida)ning ishtirokida, daʼvogar M.I.ning javobgar “GP” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga nisbatan jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilish bayonlari, jamiyatning taʼsis shartnomasi va Ustavini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi yuzasidan yuritilgan ish boʻyicha qabul qilingan sud hujjatlari ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining oʻrinbosari tomonidan kiritilgan ishni kassatsiya tartibida takroran koʻrish haqidagi protesti asosida ishni Oliy sudning binosida boʻlib oʻtgan videokonferensaloqa rejimidagi ochiq sud majlisida koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 24-yanvardagi PF-3202-sonli Farmoniga asosan “GP” aksiyadorlik jamiyati aksiyadorlarining 2003-yil 21-apreldagi navbatdan tashqari umumiy yigʻilishi qarori bilan jamiyat “GP” masʼuliyati cheklangan jamiyati (bundan buyon matnda jamiyat yoki MChJ deb yuritiladi)ga aylantirilgan.
MChJning taʼsis hujjatlari 2004-yil 7-aprelda 111-sonli raqam bilan Gurlan tuman hokimligi huzuridagi tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish inspeksiyasida qayta roʻyxatga olingan.
MChJning 2018-yil 2-iyulda 111-sonli raqam bilan Gurlan tuman Davlat xizmatlari markazida roʻyxatga olingan taʼsis hujjatlariga koʻra, jamiyatning ustav fondi 6 480 000 soʻmni tashkil qilgan boʻlib, ishtirokchilar oʻrtasida quyidagicha taqsimlangan:
1. A.A.A. — 2 412 000 soʻm (37,22 foiz);
2. AAA — 210 000 soʻm (3,24 foiz);
3. I.D. — 1 620 000 soʻm (25,0 foiz);
4. B.D. — 1 549 000 soʻm (23,9 foiz);
5. I.B. — 116 000 soʻm (1,79 foiz);
6. R.T. — 33 000 soʻm (0,51 foiz);
7. Q.Gʻ. — 24 000 soʻm (0,37 foiz);
8. A.K. — 27 000 soʻm (0,42 foiz);
9. R.Y. — 52 000 soʻm (0,8 foiz);
10. M.S. — 22 000 soʻm (0,34 foiz);
11. T.O. — 64 000 soʻm (0,99 foiz);
12. X.D. — 47 000 soʻm (0,73 foiz);
13. I.S. — 25 000 soʻm (0,39 foiz);
14. B.S. — 37 000 soʻm (0,57 foiz);
15. Y.Y. — 2 000 soʻm (0,03 foiz);
16. N.Oʻ. — 80 000 soʻm (1,23 foiz);
17. I.M. — 80 000 soʻm (1,23 foiz);
18. N.G. — 80 000 soʻm (1,23 foiz).
MChJ ishtirokchilarining 2018-yil 12-fevraldagi 1-sonli yigʻilish bayonnomasi bilan direktor A.A.ning jamiyatni boshqa faoliyat turiga aylantirish va ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish yoki ortiqcha, jamiyatga foydasiz, soliq majburiyati hisoblanib turgan binolarni sotish takliflarini maʼqullash, direktor A.A.ga jamiyatni faoliyat turini oʻzgartirib, ortiqcha ishlamasdan turgan binolarni sotish orqali investitsiya jalb qilib, ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish hamda hisoblangan soliq va majburiy toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlash majburiyatini yuklash haqida qaror qabul qilingan.
MChJ ishtirokchilarining 2018-yil 2-martdagi 2-sonli yigʻilishi bayonnomasi bilan bostirma binosini belgilangan tartibda muzokara oʻtkazish yoʻli bilan “GMS” MChJga sotish va sotuvdan tushgan mablagʻlarni jamiyat ehtiyojlariga ishlatish haqida qaror qabul qilingan.
Shuningdek, MChJ ishtirokchilarining 2018-yil 24-dekabrdagi 3-sonli yigʻilish bayonnomasi bilan umumiy yer maydoni 3351,2 kv.m. boʻlgan bino va inshootlarni sotish hamda sotuvdan tushgan mablagʻlarni soliq va majburiy toʻlovlarga oʻtkazish, ishchi xodimlarning oylik maoshlarini berishni taʼminlash, S.J.A. bilan oldi-sotdi shartnomasi tuzish haqida qaror qabul qilingan.
Gurlan tuman Davlat xizmatlari markazi tomonidan 2019-yil 2-avgustda 111-sonli reyestr tartib raqami bilan jamiyatning Ustavi roʻyxatga olingan boʻlib, unda ishtirokchilarning ustav fondidagi ulushlari quyidagicha taqsimlangan:
1. “GP” MChJ — 10,63 foiz;
2. A.A.A. — 37,22 foiz;
3. AAA — 3,24 foiz;
4. I.D. — 25,0 foiz;
5. B.D. — 23,9 foiz.
Jamiyat ishtirokchilarining 2019-yil 1-noyabrdagi 9/1-sonli yigʻilish bayonnomasi bilan Gurlan shaharchasi, Mangʻit koʻchasi, 5-uy manzilida joylashgan umumiy yer maydoni 4200,0 kv.m. boʻlgan bino va inshootlarni sotish hamda sotuvdan tushgan mablagʻlarni soliq va majburiy toʻlovlarga oʻtkazish, ishchi xodimlarning oylik maoshlarini berishni taʼminlash, “AON” MChJ bilan oldi-sotdi shartnomasi tuzish haqida qaror qabul qilingan.
Jamiyat ishtirokchilarining 2020-yil 19-iyundagi 1-sonli yigʻilish bayonnomasi bilan umumiy yer maydoni 3588,0 kv.m. boʻlgan bino va inshootlarni sotish hamda sotuvdan tushgan mablagʻlarni soliq va majburiy toʻlovlarga oʻtkazish, ishchi xodimlarning oylik maoshlarini berishni taʼminlash, “GTA” MChJ (A.D.) bilan oldi-sotdi shartnomasi tuzish haqida qaror qabul qilingan.
Gurlan tuman Davlat xizmatlari markazi tomonidan jamiyat ishtirokchilarining 2021-yil 18-fevraldagi 5-sonli qaroriga asosan jamiyatning Ustavi roʻyxatga olingan boʻlib, unda taʼsischilarning ustav fondidagi ulushlari quyidagicha taqsimlangan:
1. A.A.A. — 41,65 foiz;
2. AAA — 3,63 foiz;
3. I.D. — 27,97 foiz;
4. B.D. — 26,75 foiz.
Jamiyat ishtirokchisi I.M.M. (bundan buyon matnda daʼvogar deb yuritiladi) MChJga nisbatan sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, jamiyat ishtirokchilarining 2018-yil 12-fevraldagi 1-sonli, 2018-yil 2-martdagi 2-sonli, 2018-yil 24-dekabrdagi 3-sonli, 2019-yil 1-noyabrdagi 9/1-sonli, 2020-yil 19-iyundagi 1-sonli umumiy yigʻilish bayonlari hamda 2018-yil 2-iyuldagi 111-sonli raqam bilan roʻyxatga olingan taʼsis shartnomasi, jamiyatning 2019-yil 29-iyuldagi 5-sonli qaroriga asosan 2019-yil 2-avgustda davlat xizmatlari markazidan (raqamsiz) roʻyxatdan oʻtkazilgan Ustavi, jamiyat ishtirokchilarining 2021-yil 18-fevraldagi 5-sonli qaroriga asosan 2021-yil 18-fevralda davlat xizmatlari markazidan (raqamsiz) roʻyxatdan oʻtkazilgan yangi tahrirdagi Ustavini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Urganch tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 18-martdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo talabining MChJning 2019-yil 2-avgustda davlat xizmatlari markazidan (raqamsiz) roʻyxatdan oʻtkazilgan Ustavi va 2021-yil 18-fevralda davlat xizmatlari markazidan (raqamsiz) roʻyxatdan oʻtkazilgan yangi tahrirdagi Ustavini haqiqiy emas deb topish qismi boʻyicha ish yuritish tugatilib, daʼvo talabining qolgan qismini qanoatlantirish rad etilgan.
Xorazm viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2022-yil 6-maydagi qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2022-yil 29-iyundagi qarori bilan apellatsiya instansiyasi sudi 2022-yil 6-maydagi qarorining “daʼvogar I.M.M.dan Respublika budjetiga ishni apellatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq 8 100 000 soʻm davlat boji undirilsin” qismi “daʼvogar I.M.M.dan Respublika budjetiga ishni apellatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq 6 750 000 soʻm davlat boji undirilsin” deb oʻzgartirilgan. Sud qarorlarining qolgan qismi oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Ish yuzasidan qabul qilingan sud hujjatlari ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining oʻrinbosari tomonidan ishni kassatsiya tartibida takroran koʻrish haqida protest kiritilgan.
Sud majlisida daʼvogar protestni qoʻllab, sud hujjatlarini bekor qilish va daʼvoni qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilishni soʻradi.
Javobgar vakili protestda keltirilgan vajlarga eʼtiroz bildirib, maʼmuriy sud tomonidan ishni koʻrib chiqishda ushbu holatlar muhokama qilinganligi va nizolashayotgan hujjatlardan daʼvogar 2020-yilda xabardor boʻlganligini bayon qilib, protestni qanoatlantirishni rad etish, sud hujjatlarini esa oʻzgarishsiz qoldirishni soʻradi.
Sudlov hayʼati ishda ishtirok etuvchi shaxslar vakillarining tushuntirishlarini tinglab va protestda keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra protestni qanoatlantirishni lozim topadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Iqtisodiy sudning hal qiluv qarori toʻgʻrisida” 2007-yil 15-iyundagi 161-sonli qarori 1-bandining ikkinchi va uchinchi xatboshilarida sud tomonidan qabul qilingan qaror moddiy va protsessual huquq normalari bilan toʻliq mos kelishi, ish hujjatlari va sud aniqlagan holatlarga muvofiq boʻlishi kerakligi, qayd etilgan talablarga rioya etmaslik IPKning 279 va 302-moddalariga muvofiq qarorning bekor qilinishi yoki oʻzgartirilishi uchun asos boʻlishi mumkinligi, sud tomonidan IPKning 177-moddasida nazarda tutilgan barcha masalalarni hal etmaydigan, yuzaki, asoslantirilmagan qarorlarning qabul qilinishi mumkin emasligi haqida tushuntirish berilgan.
Biroq, ish yuzasidan qaror qabul qilishda sudlar qayd qilingan talablarga rioya qilmagan.
Sudlar daʼvo talabining jamiyat Ustavini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi qismi boʻyicha ish yuritish asosli tugatgan boʻlsa-da, daʼvoning jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilish qarorlarini haqiqiy emas deb topish talabini qanoatlantirishni rad etishda xatolikka yoʻl qoʻygan.
Xususan, sudlar oʻz qarorlarida hal qiluv qarori chiqarilgunigacha javobgar sudga daʼvo muddatini qoʻllash haqida yozma fikr bilan murojaat qilib, daʼvo muddatini qoʻllagan holda daʼvo arizasini qanoatlantirishni rad qilishni soʻraganligi, “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni (bundan buyon matnda Qonun deb yuritiladi) 41-moddasining birinchi qismiga koʻra, jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlari, jamiyatning ustavi talablari buzilgan holda qabul qilingan hamda jamiyat ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan qarori ovoz berishda ishtirok etmagan yoki bahsli qarorga qarshi ovoz bergan jamiyat ishtirokchisining arizasiga koʻra sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkinligi, bunday ariza jamiyat ishtirokchisi qabul qilingan qaror toʻgʻrisida bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan kundan eʼtiboran ikki oy ichida berilishi mumkinligi, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi (bundan buyon matnda FK deb yuritiladi) 150, 151, 153-moddalarining mazmuniga binoan Qonunning 41-moddasida belgilangan ikki oylik muddat maxsus daʼvo muddati hisoblanishi va u sud tomonidan faqat nizodagi tarafning sudning hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar bergan arizasiga muvofiq qoʻllanilishi belgilanganligi, Gurlan tuman maʼmuriy sudining 2020-yil 4-dekabrdagi ajrimi bilan arizachilar M.I. va Gʻ.K.ning MChJ tomonidan 1998-yildan 2020-yilgacha qabul qilingan umumiy yigʻilish qarorlarini haqiqiy emas deb topish haqidagi arizasi boʻyicha ish yuritish tugatilganligi va ushbu ajrim bilan daʼvogar oʻzining buzilgan huquqlarini iqtisodiy sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib himoya qilishi lozimligini bilganligi va jamiyat umumiy yigʻilish qarorlaridan xabardor boʻlganligi, daʼvogar oʻzining daʼvo arizasida 4 nafar taʼsischilarning noqonuniy harakatlari bilan jamiyatdan chiqarilganligi va ulushi oʻzlashtirib olinganligini Xorazm viloyat prokuraturasiga murojaat qilingandan keyin bilganligini, shundan soʻng 2021-yil 21-iyul kuni Fuqarolik ishlari boʻyicha Urganch tumanlararo sudiga oldi-sotdi shartnomalarini haqiqiy emas deb topish haqida daʼvo arizasi bilan murojaat qilganligini koʻrsatganligi, biroq, daʼvogar qonunda belgilangan ikki oylik maxsus daʼvo muddatini oʻtkazib, mazkur daʼvo arizasidagi talablar bilan 2021-yil 10-noyabrda Shovot tumanlararo iqtisodiy sudiga murojaat qilganligi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Iqtisodiy sudlar tomonidan korporativ nizolarni hal etishning ayrim masalalari toʻgʻrisida” 2014-yil 20-iyundagi 262-sonli qarorining 20.2-bandida ikki oylik muddatning oʻtkazib yuborilganligi sabablari daʼvogarning iltimosnomasiga asosan sud tomonidan uzrli deb topilib, FKning 159-moddasiga muvofiq tiklanishi mumkinligi haqida tushuntirish berilganligi, daʼvogar oʻzining daʼvo arizasida ikki oylik muddat oʻtkazib yuborilmaganligi, sud tomonidan oʻtkazilgan daʼvo muddatini uzrli deb hisoblab, koʻrib chiqilishi lozimligi haqida fikrini bayon qilganligi va sud majlisida javobgarning daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi arizasiga daʼvo muddat oʻtmagan deb eʼtiroz bildirgan boʻlsa-da, sudga ikki oylik muddatning oʻtkazib yuborilganligi sabablarini uzrli deb topish haqidagi iltimosnoma bilan murojaat qilmaganligi, ishni koʻrish jarayonida daʼvogar tomonidan daʼvo muddati oʻtishining uzilishi va toʻxtatilishiga olib keladigan biror-bir sabablarni koʻrsata olmaganligi haqida xulosaga kelgan.
Biroq, sudlarning Gurlan tuman maʼmuriy sudining 2020-yil 4-dekabrdagi ajrimi bilan arizachilar M.I. va Gʻ.K.ning MChJ tomonidan 1998-yildan 2020-yilgacha qabul qilingan umumiy yigʻilish qarorlarini haqiqiy emas deb topish haqidagi arizasi boʻyicha ish yuritish tugatilganligi va ushbu ajrim bilan daʼvogar oʻzining buzilgan huquqlarini iqtisodiy sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib himoya qilishi lozimligini bilganligi va jamiyat umumiy yigʻilish qarorlaridan xabardor boʻlganligi haqidagi xulosasi asossizdir. Chunki, ish hujjatlarida mavjud boʻlgan M.I. va Gʻ.K.ning Gurlan tuman maʼmuriy sudga topshirgan arizasida AJ direktori A.A. aksiyadorlarning roziligini olmasdan AJni MChJga aylantirib, qonunbuzilishi sodir etganligi, jamiyatning yer uchastkalarini hamda boshqa jihozlarini aksiyador boʻlmagan shaxslarga sotayotganligi, aksiyadorlarni har yili yillik hisobot, buxgalteriya balansi, foyda hisobvaragʻi bilan tanishtirmasdan yashirib kelayotganligi, divident bermayotganligi, aksiyadorlar va MChJ ishtirokchilari umumiy yigʻilishini oʻtkazish sanasi, vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilinmaganligi, kun tartibiga kiritgan masalalarga oid zarur axborot (material)lar bilan tanishishga imkoniyat berilmasdan, yigʻilishda ishtirok etish huquqidan mahrum qilganligi va bu bilan qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini qoʻpol ravishda buzayotganligi, ushbu masala yuzasidan tegishli davlat organlariga buzilgan huquqlarini tiklab berishni soʻrab murojaat qilganda sudga murojaat qilish tushuntirganligini koʻrsatib, AJ va MChJning umumiy yigʻilish qarorlarini haqiqiy emas deb soʻragan. Yaʼni, maʼmuriy sudga kiritilgan arizada mazkur ishning predmeti boʻlgan va nizolashayotgan hujjatlar sanab koʻrsatilmagan.
Sudlar ushbu holatga aniqlik kiritish uchun, Gurlan tuman maʼmuriy sudidan M.I. va Gʻ.K.ning arizasi asosida yuritilgan ish hujjatlarni talab qilib olib, uni oʻrganishi lozim edi.
Sudlarning daʼvogar oʻzining daʼvo arizasida 4 nafar taʼsischilarning noqonuniy harakatlari bilan jamiyatdan chiqarilganligi va ulushlari oʻzlashtirib olinganligi Xorazm viloyat prokuraturasiga murojaat qilingandan keyin bilganligi, shundan soʻng 2021-yil 21-iyul kuni Fuqarolik ishlari boʻyicha Urganch tumanlararo sudiga oldi-sotdi shartnomalarini haqiqiy emas deb topish haqidagi daʼvo arizasi bilan murojaat qilganligini koʻrsatganligi, biroq, daʼvogar qonunda belgilangan ikki oylik maxsus daʼvo muddatini oʻtkazib, mazkur daʼvo arizasidagi talablar bilan 2021-yil 10-noyabrda Shovot tumanlararo iqtisodiy sudiga murojaat qilganligi haqidagi xulosasi ham haqiqatda toʻgʻri kelmaydi.
Mazkur holatda daʼvogar daʼvo arizasida 4 nafar taʼsischilarning noqonuniy harakatlari bilan jamiyat ishtirokchilari jamiyatdan chiqarilganligi va ulushlari oʻzlashtirib olinganligi haqida Xorazm viloyat prokuroriga shikoyat qilganida va viloyat prokurori oʻrinbosarining yozma topshirigʻiga asosan Gurlan tuman Kadastr agentligi inspektorlari tomonidan oʻrganilganda, MChJ rahbari A.A. bostirma binosining 1012,74 kv.m.dan iborat qismini “GMS” MChJga, bostirma binosining 1288,8 kv.m.dan iborat qismini fuqaro J.S.ga, 842,99 kv.m.dan iborat maʼmuriy binoni “AON” MChJga va 1712,29 kv.m.dan iborat maʼmuriy bino-inshootlarni “GTA” IChJga sotib yuborganligi aniqlanganligi, shundan soʻng ushbu bitimlarni haqiqiy emas deb topish uchun Fuqarolik ishlari boʻyicha Urganch tumanlararo sudiga murojaat qilganligi, sud daʼvo arizasini 3 oy davomida oʻrganib chiqqanligi va 2021-yil 29-sentabr kuni daʼvo arizasini qanoatlantirish rad etilganligi, sud bunday xulosaga kelishiga jamiyat ishtirokchilarining 2018-yil 12-fevraldagi 1-sonli, 2018-yil 2-martdagi 2-sonli, 2018-yil 24-dekabrdagi 3-sonli, 2019-yil 1-noyabrdagi 9/1-sonli, 2020-yil 19-iyundagi 1-sonli umumiy yigʻilish bayonlari hamda 2018-yil 2-iyuldagi 111-sonli raqam bilan roʻyxatga olingan taʼsis shartnomasi, jamiyatning 2019-yil 29-iyuldagi 5-sonli qaroriga asosan 2019-yil 2-avgustda davlat xizmatlari markazidan (raqamsiz) roʻyxatdan oʻtkazilgan Ustavi, jamiyat ishtirokchilarining 2021-yil 18-fevraldagi 5-sonli qaroriga asosan 2021-yil 18-fevralda davlat xizmatlari markazidan (raqamsiz) roʻyxatdan oʻtkazilgan yangi tahrirdagi Ustavi mavjudligini asos qilib olganligi, shundan soʻng ushbu hujjatlarni haqiqiy emas deb topish uchun Fuqarolik ishlari boʻyicha Urganch tumanlararo sudiga murojaat qilganligi, ammo bu ish iqtisodiy sudga taalluqlili haqidagi asos bilan sud daʼvo arizasini ajrim bilan qaytarganligi, shuning uchun iqtisodiy sudga murojaat qilganligini koʻrsatgan.
Ish hujjatlarda Gurlan tuman Kadastr agentligi inspektorlari tomonidan daʼvogar ishtirokida 2021-yil 26-mart kuni tuzilgan dalolatnoma, daʼvogarning Fuqarolik ishlar boʻyicha Urganch tumanlararo sudiga 2021-yil 21-iyunda topshirilgan bitimni haqiqiy emas deb toʻgʻrisidagi va 2021-yil 29-oktabrda topshirilgan mazkur ishning daʼvo predmeti boʻlgan hujjatlarni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi daʼvo arizalari hamda Fuqarolik ishlari boʻyicha Urganch tumanlararo sudining 2021-yil 1-noyabrdagi nizo iqtisodiy sudga taalluqliligi sababli daʼvogarning jamiyat ishtirokchilarining qarorlari va Ustavini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrimi mavjud boʻlib, ishda Fuqarolik ishlari boʻyicha Urganch tumanlararo sudining daʼvogarning bitimni haqiqiy emas deb toʻgʻrisidagi daʼvo arizasini qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori mavjud emas.
Shuning uchun, sudlar daʼvogarning Qonunning 41-moddasida belgilangan ikki oylik muddat oʻtkazib yuborilmaganligi toʻgʻrisidagi vajiga huquqiy baho berish uchun Fuqarolik ishlari boʻyicha Urganch tumanlararo sudidan daʼvogarning bitimni haqiqiy emas deb toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi asosida yuritilgan ish hujjatlarini talab qilib olib, uni oʻrganishi lozim edi.
Sudlarning daʼvogar sudga ikki oylik muddatning oʻtkazib yuborilganligi sabablarini uzrli deb topish haqida iltimosnoma bilan murojaat qilmaganligi, ishni koʻrish jarayonida daʼvogar tomonidan daʼvo muddati oʻtishining uzilishi va toʻxtatilishiga olib keladigan biror-bir sabablarni koʻrsata olmaganligi haqidagi xulosasi ham asossizdir.
Chunki, birinchidan, agar daʼvogar haqiqatdan ham nizolashayotgan hujjatlar haqida Fuqarolik ishlari boʻyicha Urganch tumanlararo sudining daʼvogarning bitimni haqiqiy emas deb toʻgʻrisidagi daʼvo arizasini qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori qabul qilinganidan keyin bilgan boʻlsa, ikki oylik muddatni ushbu hal qiluv qarorini daʼvogar olgan kunidan hisoblanishi lozim boʻladi. Ikkinchidan, daʼvogar daʼvo arizasida yuqoridagi holatlarni keltirib, sudga daʼvo arizasi kiritishda ikki oylik muddat oʻtkazib yuborilmagan deb hisoblashi, sud oʻtkazilgan daʼvo muddatini uzrli deb hisoblab, koʻrib chiqishi lozim deb bilishi, Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2014-yil 20-iyundagi 262-sonli qarorining 41-bandida ikki oylik muddatning oʻtkazib yuborilganligi sabablari daʼvogarning iltimosnomasiga asosan sud tomonidan uzrli deb topilib, FKning 159-moddasiga muvofiq tiklanishi mumkinligini koʻrsatib oʻtilganligi, shunga asosan daʼvo arizasi toʻliq sud tomonidan koʻrib chiqilishi, aks holda daʼvogarning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, FKning 13-bobida belgilangan haq-huquqlari paymol boʻlishiga olib kelinishini koʻrsatgan.
Bayon etilganlardan koʻrinadiki, sudlar tomonidan qaror qabul qilishda ish uchun ahamiyatli holatlar toʻliq aniqlanmagan va bu bilan protsessual huquq normalari buzilgan, bu esa asossiz qaror qabul qilinishga sabab boʻlgan.
IPK 3051-moddasining beshinchi qismiga koʻra, ishni kassatsiya tartibida takroran koʻrish umumiy asoslarga koʻra amalga oshiriladi.
IPK 302-moddasi birinchi qismining 4-bandiga koʻra, moddiy va (yoki) protsessual huquq normalarining buzilganligi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilganligi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻladi.
IPK 301-moddasining 3-bandiga koʻra, kassatsiya instansiyasi sudi kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha ushbu Kodeks 302-moddasi birinchi qismining 1-bandida va toʻrtinchi qismining 4 va 7-bandlarida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlganda, hal qiluv qarorini, qarorni bekor qilishga va ishni yangidan koʻrish uchun sud hujjati bekor qilingan sud instansiyasiga yuborishga haqli.
IPK 302-moddasi birinchi qismining 1-bandida ish uchun ahamiyatli holatlarning toʻliq aniqlanmaganligi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻlishi belgilangan.
Shuning uchun, sudlov hayʼati protestni qanoatlantirishni, ish yuzasidan qabul qilingan kassatsiya instansiyasi sudining qarorini bekor qilishni, daʼvogarning kassatsiya shikoyatini qisman qanoatlantirishni, birinchi va apellatsiya instansiya sudlarining qarorlarini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni lozim topadi.
Ishni yangidan koʻrib chiqishda yuqorida bayon qilingan kamchiliklarni bartaraf etib, taraflarning vajlarini ishdagi dalillar bilan birga muhokama qilib va ularga tegishli huquqiy baho berib, nizo yuzasidan qonuniy qaror qabul qilish lozim.
Shuningdek, IPKning 343-moddasiga asosan sud qarorlari boʻyicha undiruv bekor qilinadi.
Yuqoridagilarga asosan va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 118, 301 — 303, 3051 va 343-moddalarini qoʻllab, sudlov hayʼati qaror qildi:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi oʻrinbosarining protesti qanoatlantirilsin.
Urganch tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 18-martdagi hal qiluv qarori, Xorazm viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2022-yil 6-maydagi qarori va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2022-yil 4-avgustdagi qarori bekor qilinsin.
Ish yangidan koʻrish uchun Urganch tumanlararo iqtisodiy sudiga yuborilsin.
Urganch tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 18-martdagi hal qiluv qarori, Xorazm viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2022-yil 6-maydagi qarori va Oliy sud Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2022-yil 4-avgustdagi qarori boʻyicha undiruv bekor qilinsin.
Mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Raislik qiluvchi: B. SAYFULLAYEV
hayʼat aʼzolari: V. SATTOROVA
Sh. MIRZAXAKIMOV
S. RAXMONOV
I. TADJIYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 16-dekabr,
4-2202-2201/27-son