Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-fevraldagi 86-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi yagona nizomga qoʻshimcha kiritish haqida
Bugungi kunda mamlakatimizda xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimi joriy qilinib, xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda ularni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasi mablagʻlarini oqilona shakllantirish orqali xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-fevraldagi 86-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi yagona nizom 20-ilovasining 7-pozitsiyasi quyidagi mazmundagi oltinchi — toʻqqizinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Yuqorida koʻrsatilgan yigʻimlar summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
10 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga;
11,25 foizi — Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali davlat xizmatlarini koʻrsatganlik uchun, shuningdek, 0,5 foizi Yagona billing tizimi orqali davlat xizmatlari koʻrsatganlik uchun Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasining elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha maxsus hisobvaragʻiga;
qolgan mablagʻlarning 50 foizi vakolatli organning hisobvaragʻiga hamda 50 foizi Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi”.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi — Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti boshligʻi M.A. Xayriddinov hamda Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.B. Xusanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 12-dekabr,
704-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2022-y., 09/22/704/1085)