Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining
buyrugʻi
Daryo transporti xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalariga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 12-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2067-1]
Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 19-oktabrdagi OʻRQ-794-son “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi PF-5647-son “Transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2009-yil 10-dekabrdagi 76/1-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2067, 2010-yil 14-yanvar) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 1-2-son, 17-modda) bilan tasdiqlangan Daryo transporti xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir N. XUSANOV
Toshkent sh.,
2022-yil 29-noyabr,
33-2022/B-son
Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining 2022-yil 29-noyabrdagi 33-2022/B-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Daryo transporti xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. Muqaddima qoʻyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur Qoidalar daryo transporti xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish tartibini belgilaydi.”.
2. 8-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“8. Oʻzbekiston Respublikasi “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 12-moddasiga muvofiq, ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshiruvchi, xodimlarining soni ellik kishi va undan ortiq boʻlgan har bir tashkilotda mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishini taʼminlash, ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida mehnatni muhofaza qilish xizmati tashkil etiladi yoki mehnatni muhofaza qilish boʻyicha tegishli tayyorgarlikka ega boʻlgan mutaxassis lavozimi joriy etiladi. Ellikta va undan ortiq transport vositasi mavjud boʻlgan tashkilotda yoʻl harakati xavfsizligi xizmati ham tashkil etiladi yoki yoʻl harakati xavfsizligi boʻyicha mutaxassis lavozimi joriy etiladi.
Xodimlarining soni ellik nafardan kam boʻlgan tashkilotda mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish yoki mehnatni muhofaza qilish boʻyicha mutaxassis lavozimini joriy etish toʻgʻrisidagi qaror ish beruvchi tomonidan mazkur tashkilot faoliyatining oʻziga xos xususiyati hisobga olingan holda qabul qilinadi.”.
3. 9-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. Mehnatni muhofaza qilish xizmati va yoʻl harakati xavfsizligi xizmati tashkilotning mustaqil tarkibiy boʻlinmalari boʻlib, ular bevosita tashkilot rahbariga boʻysunadi.”.
4. 11-band “salomatligining” degan soʻzdan keyin “mehnat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
5. 38-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
6. 39-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“39. Tashkilotlarda xodimlarning salomatligini nazorat qilish Xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 2387, 2012-yil 29-avgust) asosida amalga oshirilishi lozim.”.
7. 78-banddagi “Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi” degan soʻzlar “Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.12.2022-y., 10/22/2067-1/1078-son)