Sirdaryo viloyat sudining
qarori
Birinchi instansiya sudida ishni koʻrgan sudya — B. Maxmudov
Apellatsiya instansiyasi sudida maʼruzachi sudya — A. Raximov
Apellatsiya instansiyasi sudida maʼruzachi sudya — A. Raximov
Sirdaryo viloyat sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati, A. Raximov raisligida, hayʼat aʼzolari sudyalar X. Mamarasulov va E. Soibnazarovdan iborat tarkibda, sudya katta yordamchisi J. Egamberdiyevning sud majlisi kotibligida, daʼvogar vakillari I.I (2022-yil 22-noyabrdagi 18-sonli ishonchnomaga asosan), T.T (2022-yil 15-noyabrdagi 197-sonli orderga asosan), javobgar S.S, vakili A.A (2022-yil 23-avgustdagi 29-sonli ishonchnomaga asosan), jamiyat vakili B.V (2022-yil 26-sentabrdagi raqamsiz ishonchnomaga asosan) ishtirokida, Guliston tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 26-sentabrda qabul qilingan hal qiluv qaroriga nisbatan daʼvogar Y.Y.Ya tomonidan berilgan apellatsiya shikoyatini ish hujjatlari bilan birgalikda Sirdaryo viloyat sudi binosida, ochiq sud majlisida koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
Y.Y.Ya (keyingi oʻrinlarda matnda “daʼvogar” deb yuritiladi) sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib S.S.Sni (keyingi oʻrinlarda matnda “javobgar” deb yuritiladi) “FFF” masʼuliyati cheklangan jamiyatining (keyingi oʻrinlarda matnda “MChJ” deb yuritiladi) taʼsischilari safidan chiqarishni soʻragan.
Guliston tumanlararo iqtisodiy sudining (keyingi oʻrinlarda matnda “birinchi instansiya sudi” deb yuritiladi) 2022-yil 26-sentabrdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo arizasini qanoatlantirish rad etilgan.
Shuningdek, birinchi instansiya sudi tomonidan 2022-yil 26-sentabrda xususiy ajrim qabul qilinib, Y.Y.Ya, I.I, S.Slarning xatti harakatlariga (harakatsizliklariga) tegishli huquqiy baho berish uchun Guliston shahar prokuraturasiga yuborilgan.
Daʼvogar sudga apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilib, unda birinchi instansiya sudi tomonidan ish holatlari toʻliq aniqlanmaganligini, javobgar ustav fondidagi ulushini shakllantirmaganlik holatiga huquqiy baho berilmaganligini, daʼvogar ustav fondidagi ulushini toʻldirish uchun 45 545 000 soʻm toʻlagan boʻlsada, u tomonidan faqat 3 200 000 soʻm shakllantirilgan deb notoʻgʻri xulosaga kelganligini, javobgar nomidan ustav fondiga kiritilgan 3 200 000 soʻm mablagʻ ham daʼvogar tomonidan toʻlanganlik holatiga tegishli baho berilmaganligini, daʼvogar tomonidan ustav fondini toʻldirish uchun kiritgan koʻchmas mulkni javobgar qasddan jamiyat hisobiga olinishiga qarshilik qilayotganligi holatlariga ham baho bermaganligini, shuningdek, javobgar MChJ rahbari boʻlib ishlab kelib, jamiyat faoliyatini umuman yurita olmaganligini, bir necha fermer hoʻjaliklariga nisbatan asossiz daʼvolar bilan sudlarga murojaat qilishi oqibatida fermer hoʻjaliklari MChJ bilan hamkorlikdan voz kechib ketganliklarini, MChJ faoliyatini rivojlantirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish borasida hech qanday choralarni koʻrmaganligini koʻrsatib, hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvo talabini qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilishni soʻragan.
Daʼvogar vakillari sud majlisida tushuntirish berib, javobgar MChJ ustav fondidagi ulushini shakllantirmaganligini, muqaddam javobgar bilan yaxshi munosabatda boʻlgan vaqtlarida uni ish bilan taʼminlash uchun MChJga taʼsischi sifatida kiritganligini, uning uchun ham 3 200 000 soʻm ulushni oʻz hisobidan toʻlab berganligini, keyinchalik MChJ ulgurji savdo faoliyati bilan shugʻullanishi uchun litsenziya olishi maqsadida MChJ taʼsis hujjatlarini yangi tahrirda qabul qilib, ustav fondi miqdorini 692 400 000 soʻmga koʻpaytirganliklarini, oʻtgan vaqt davomida daʼvogar ustav fondidagi ulushini 45 545 000 qismi pul koʻrinishida, 139 967 962 soʻm qismini koʻchmas mulk koʻrinishida kiritganligini, lekin javobgar oʻz ulushini kiritmaganligini, shuningdek, javobgar MChJ faoliyatini oʻz holiga tashlab qoʻyib, uni rivojlantirmaganligini, MChJga tegishli pul mablagʻlarini oʻz bilganicha, oʻzining manfaatlarida ishlatib kelganligini, bundan tashqari, javobgar taʼsischilar umumiy yigʻilishiga bir necha bor chaqirilsada sababsiz kelmaganligini, ushbu xatti harakatlari bilan javobgar MChJ faoliyatining rivojlanishiga toʻsqinlik qilib kelganligini, birinchi instansiya sudi ushbu holatlarga huquqiy baho bermasdan daʼvoni qanoatlantirishni rad etish haqida hal qiluv qarori qabul qilganligini bayon qilib, apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni, hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvoni qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilishni soʻradilar.
Javobgar va uning vakili sud majlisida koʻrgazma berib, apellatsiya shikoyatini asossiz deb hisoblashlarini, daʼvogarning pasport maʼlumotlariga koʻra u 2017-yilning 28-sentabr kunidan 2018-yilning 11-avgust kuniga qadar Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlmagan, shu bois 2018-yil 3-yanvarda MChJning ustav fondini oshirish boʻyicha yangi taʼsis shartnomasi va nizomiga imzo qoʻyish imkoniyati boʻlmagan, ushbu hujjatlarni soxtalashtirilgan deb hisoblashlarini, MChJ taʼsischisi daʼvogar boʻlgani holda 17 800 000 soʻm mablagʻlar u tomonidan emas balki I.I tomonidan bank kassasiga ustav fondini shakllantirish maqsadida deb topshirilganligini, shuningdek, daʼvogarning vakili MChJga norasmiy rahbarlik qilib kelgan I.I tomonidan MChJning pul mablagʻlari oʻzining shaxsiy manfaatlari yoʻlida koʻp martalab sarf xarajat qilib kelingan boʻlib bu holatlar tegishli dalillar bilan oʻz isbotini topishini, ushbu xatti harakatlari bilan daʼvogarning oʻzi MChJ faoliyatini yuritishga toʻsqinlik qilib kelayotganligini, shu sababli ham birinchi instansiya sudida daʼvogarni taʼsischilar safidan chiqarish toʻgʻrisida qarshi daʼvo ariza berganliklarini, lekin davlat boji toʻlanmaganligi bois qarshi daʼvo arizasi qaytarilganligini, birinchi instansiya sudi barcha holatlarga toʻliq aniqlik kiritib, daʼvoni qanoatlantirishni rad etish haqida toʻgʻri va asosli hal qiluv qarori qabul qilganligini bayon qilib, apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etishni, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni soʻradilar.
Shuningdek, javobgar sudga iltimosnoma taqdim etib, I.Ining xatti harakatlariga huquqiy baho berish uchun takroran xususiy ajrim chiqarishni soʻradi.
Sudlov hayʼati, ishda ishtirok etuvchi shaxslar va ular vakillarining tushuntirishlarini tinglab, ish hujjatlarini oʻrganib chiqib, shikoyat vajlarini tekshirib, quyidagi asoslarga koʻra, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni, apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etishni, shuningdek, javobgarning takroran xususiy ajrim chiqarish haqidagi iltimosnomasini qanoatlantirmaslikni lozim topadi.
Ish hujjatlariga koʻra, I.I va javobgar tomonidan MChJ tashkil etilib, 2016-yil 17-martda Guliston shahar Yagona darcha markazida 0050-reyestr raqami bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.
MChJ ishtirokchilarining 2017-yil 3-yanvardagi 1-sonli umumiy yigʻilish qarori bilan I.I MChJ taʼsischilari safidan chiqib, daʼvogar 3 200 000 soʻm ulush bilan jamiyat taʼsischisi sifatida qabul qilingan.
MChJning 2017-yil 17-fevralda Guliston shahar Yagona darcha markazida qayta roʻyxatdan oʻtkazilgan yangi tahrirdagi ustavi va taʼsis shartnomasiga koʻra, jamiyat ustav fondi 6 400 000 soʻm etib belgilanib, ishtirokchilar oʻrtasida quyidagi tartibda taqsimlangan:
S.S.S 3 200 000 soʻm yoki 50 foiz;
Y.Y.Y. 3 200 000 soʻm yoki 50 foiz.
MChJ ishtirokchilarining 2018-yil 22-yanvardagi 2-sonli umumiy yigʻilish qarori bilan jamiyat ustav fondini 692 400 000 soʻmga qadar koʻpaytirishga va taʼsis hujjatlariga oʻzgartirish kiritishga qaror qilingan.
Guliston shahar Davlat xizmatlari markazi tomonidan 2018-yil 25-yanvarda jamiyatning yangi tahrirdagi taʼsis shartnomasi va ustavi 50-reyestr raqami bilan qayta roʻyxatga olingan. Mazkur yangi tahrirdagi taʼsis shartnomasi va ustavga asosan jamiyatning ustav fondi 609 240 000 soʻm belgilanib, ishtirokchilar oʻrtasida quyidagicha taqsimlangan:
S.S.S 346 200 000 soʻm yoki 50 foiz;
Y.Y.Ya 346 200 000 soʻm yoki 50 foiz.
MChJ ustavining 7.2-bandiga koʻra ustav fondining 30% jamiyat roʻyxatga olingandan boshlab bir oy ichida, qolgan qismi roʻyxatdan oʻtgan kundan boshlab bir yil ichida kiritilishi lozim boʻlgan.
Taʼsis shartnomasining 3.1-bandida ham xuddi shu mazmundagi shart oʻz aksini topgan.
Daʼvogar ustav fondidagi ulushining 45 545 000 soʻm qismini pul koʻrinishida, 139 967 962 soʻm qismini esa koʻchmas mulk koʻrinishida kiritganligini vaj keltirib oʻtgan.
Xususan, daʼvogar tomonidan birinchi instansiya sudiga berilgan maʼlumotda 2022-yilning aprel oyida “OOO” korxonasiga lizing toʻlovlari yuzasidan 17 545 000 soʻm mablagʻlarni ustav fondidagi ulushi hisobidan oʻtkazganligini bayon qilgan.
MChJning sobiq taʼsischisi I.I MChJ rahbariyati nomiga 2021-yil 21-sentabrda ariza taqdim etib, unda ustav fondini shakllantirish uchun toʻlagan 17 800 000 soʻm, 3 200 000 soʻm MChJga oʻtkazgan moliyaviy yordam puli, 7 000 000 soʻm “OOO” korxonasiga lizing toʻlovlari uchun oʻtkazgan pul mablagʻlari jami 28 000 000 soʻmni taʼsischi Y.Y.Yaning ulushi hisobiga qabul qilishni soʻragan.
Shuningdek, Y.Y.Ya ustav fondidagi ulushini shakllantirish uchun qiymati 139 967 962 soʻm boʻlgan koʻchmas mulkni kiritishga qaror qilgan, lekin mazkur koʻchmas mulk MChJ balansiga olinmagan.
Ish hujjatlari tarkibidagi AT “XXX” Sirdaryo viloyati Amaliyoti boʻlimining 2022-yil 14-sentabr 03/69-sonli maʼlumotnomasida MChJ ustav fondini shakllantirish uchun 2017-yil 10-fevralda S.S.S nomidan 3 200 000 soʻm, Y.Y.Ya nomidan 3 200 000 soʻm, 2019-yil 12-martda I.I nomidan 17 800 000 soʻm pul mablagʻlari kirim qilinganligi koʻrsatib oʻtilgan.
Shuningdek, AT “OʻOʻOʻ” Sirdaryo mintaqaviy filialining 2022-yil 6-sentabrdagi 07/17-2135-sonli maʼlumotnomasida MChJ ustav fondini shakllantirish uchun daʼvogar nomidan pul mablagʻlari kelib tushmaganligi qayd etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi qonunining 16-moddasi birinchi qismida “Jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) koʻpaytirishga u toʻliq toʻlanganidan keyingina yoʻl qoʻyiladi” deb belgilangan.
Qonuning 18-moddasi birinchi qismida “Jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining jamiyat barcha ishtirokchilari tomonidan qoʻshimcha hissalar qoʻshish hisobiga jamiyat ustav fondini (ustav kapitalini) koʻpaytirish toʻgʻrisidagi qarorida qoʻshimcha hissalarning muayyan umumiy qiymati, jamiyat har bir ishtirokchisining qoʻshimcha hissasi qiymatining miqdori, ishtirokchilar tomonidan qoʻshimcha hissalarni toʻliq qoʻshish muddati belgilanishi kerak” deb koʻrsatilgan.
Qonunning 18-moddasi beshinchi qismida “Qoʻshimcha hissalarni qoʻshishning muddati tugagan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay jamiyat ishtirokchilarining qoʻshimcha hissalarini va (yoki) uchinchi shaxslarning hissalarini qoʻshish yakunlarini tasdiqlash haqida, shuningdek jamiyat ustav fondi (ustav kapitali) miqdorini koʻpaytirish, qoʻshimcha hissalar qoʻshgan jamiyat ishtirokchilari ulushlarining nominal qiymatini koʻpaytirish va (yoki) uchinchi shaxs (uchinchi shaxslar) ulushining nominal qiymati va miqdorlarini aniqlash, zarur hollarda jamiyat ishtirokchilari ulushlarining miqdorlari oʻzgarishi bilan bogʻliq oʻzgartishlarni jamiyatning taʼsis hujjatlariga kiritish toʻgʻrisida jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi tomonidan qaror qabul qilinishi kerak” deb qayd etilgan.
Qonunning 18-moddasi oltinchi, yettinchi va sakkizinchi qismlarida “Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan hollarda, agar hissalar qoʻshishning jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi tomonidan belgilangan muddati oʻtganidan keyin, belgilangan qoʻshimcha hissa bir yoki bir necha ishtirokchi tomonidan toʻliq yoki qisman qoʻshilgan boʻlmasa, umumiy yigʻilishi:
qoʻshimcha hissalar umumiy qiymatining dastlabki belgilangan miqdorini jamiyat ishtirokchilarining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushini tegishlicha oʻzgartirib, amalda qoʻshilgan hissasi miqdoriga qadar ular amalda qoʻshgan qoʻshimcha hissalarni hisobga olgan holda kamaytirish toʻgʻrisida;
qoʻshimcha hissalar umumiy qiymatining dastlabki belgilangan miqdorini jamiyat ishtirokchilarining jamiyat ustav fondini (ustav kapitalini) koʻpaytirish toʻgʻrisidagi oldingi yigʻilishi qarori bilan belgilangan ulushlarini saqlab qolish imkoniyatini beradigan miqdorgacha kamaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqlidir. Bu holda jamiyat oʻn kunlik muddat ichida oldingi yigʻilish qarori bilan belgilangan ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) jamiyat ishtirokchilarining ulushlari oshib ketishiga olib kelgan oʻsha qoʻshgan pul hissalarini jamiyat ishtirokchilariga qaytarishi shart.
Ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan jamiyat taʼsis hujjatlaridagi oʻzgartishlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun hujjatlar, shuningdek jamiyat ishtirokchilari tomonidan qoʻshimcha hissalar va uchinchi shaxslar tomonidan hissalar toʻliq miqdorda qoʻshilganligini tasdiqlovchi hujjatlar yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organga taʼsis hujjatlariga oʻzgartishlar jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishida tasdiqlangan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay taqdim etilmogʻi lozim. Taʼsis hujjatlaridagi mazkur oʻzgartishlar jamiyat ishtirokchilari va uchinchi shaxslar uchun oʻzgartishlar yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organ tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ushbu moddaning beshinchi va yettinchi qismlarida nazarda tutilgan muddatlarga rioya etilmagan taqdirda yoxud ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan qoʻshimcha hissalar barcha Ishtirokchilar tomonidan toʻliq qoʻshilmagan yoxud ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan qoʻshimcha hissalar umumiy qiymatining dastlabki belgilangan miqdorini kamaytirish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinmagan taqdirda, jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) koʻpaytirilishi amalga oshmagan deb eʼtirof etiladi. Bu holda jamiyat oʻn kunlik muddat ichida jamiyat ishtirokchilariga ular tomonidan kiritilgan qoʻshimcha pul hissalarini qaytarishi shart” deb belgilab qoʻyilgan.
Garchi, qayd etilgan qonun hujjatlariga koʻra MChJning ustav fondini koʻpaytirish yuzasidan ishtirokchilarning qoʻshimcha hissalari kiritilganidan soʻng jamiyat taʼsis hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi lozim boʻlgan boʻlsada, lekin amalda ushbu tartib buzilgan holda ishtirokchilar tomonidan qoʻshimcha hissalar kiritilmagan holda jamiyatning taʼsis hujjatlari qayta roʻyxatdan oʻtkazilgan, bundan tashqari, jamiyat ishtirokchilari tomonidan MChJning yangi tahrirdagi taʼsis hujjatlarida belgilangan muddatlarda ham qoʻshimcha hissalar jamiyatga kiritilmagan hamda ustav fondi shakllantirilmagan.
Daʼvogar daʼvo talabini javobgar ustav fondini shakllantirmaganligi holati bilan asoslagan boʻlsada, lekin yuqorida qayd etilgan qonunning 18-moddasi sakkizinchi qismiga muvofiq, ishtirokchilar tomonidan belgilangan muddatlarda ustav fondiga qoʻshimcha hissalar kiritilmaganligi sababli, MChJning ustav fondini koʻpaytirilishi amalga oshmagan hisoblanadi.
Shu bois, sudlov hayʼati daʼvogar aynan ushbu asos bilan javobgarni MChJ taʼsischilari safidan chiqarishni talab qilishga haqli emas deb hisoblaydi.
Bundan tashqari, daʼvogar javobgar tomonidan MChJga rahbarlik qilgan davrida MChJ faoliyatini yurita olmaganligi, korxonaning zarar koʻrishiga sababchi boʻlganligini, jamiyatga tegishli mablagʻlarni oʻz shaxsiy manfaati yoʻlida asossiz sarf xarajat qilganligi, korxona faoliyatini rivojlantirmasdan, yangi ish oʻrinlarini yaratmaganligi haqidagi vajlari ham oʻrinsizdir.
Chunki, javobgarning MChJ rahbari lavozimiga nomunosibligi, MChJ faoliyatini yurita olmasligi bilan bogʻliq holatlar u va MChJ oʻrtasidagi mehnat munosabatlari bilan tartibga solinishi lozim, ushbu holatlar javobgarning jamiyat ishtirokchisi sifatida oʻz majburiyatlarini bajarmasdan jamiyat faoliyatiga toʻsqinlik qilayotgan xatti harakat yoki harakatsizlik deb baholash uchun qonuniy asos boʻlmaydi.
Shuningdek, daʼvogar javobgar MChJ umumiy yigʻilishlariga sababsiz kelmasdan, jamiyatning faoliyat yuritishiga jiddiy toʻsqinlik qilib kelayotganligini vaj keltirgan.
Biroq, daʼvo arizasida javobgar aynan qaysi umumiy yigʻilishga kelmaganligi, ushbu umumiy yigʻilish kun tartibiga kiritilgan masalalar, javobgar sababsiz ishtirok etmaganligi bois jamiyat umumiy yigʻilishi tomonidan jamiyat faoliyati bilan bogʻliq qanday qarorlar qabul qilinmay qolinganligi hamda bu holat jamiyat faoliyatiga qay darajada taʼsir oʻtkazganligi bayon etilmagan.
Sud majlisida daʼvogar vakillari ushbu holatga tushuntirish berib, javobgar 2022-yil 25-fevralda va 10-iyundagi umumiy yigʻilishlarga chaqirilgan boʻlsada lekin kelmaganligini bayon qilib oʻtdilar.
Lekin, daʼvogar javobgarning jamiyat ishtirokchilarining ushbu umumiy yigʻilishlarida qatnashmaganlik bilan bogʻliq xatti harakatlari jamiyatning faoliyat koʻrsatishiga imkon bermaganligi yoki uni jiddiy tarzda qiyinlashtirganligini tegishli dalillar bilan tasdiqlab bera olmadilar.
Holbuki, qayd etilgan umumiy yigʻilishlarda javobgarning ishtirokisiz kun tartibidagi masalalar boʻyicha qarorlar qabul qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 68-moddasi birinchi qismiga koʻra, ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs oʻz talablari va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi kerak.
Qonunning 8-moddasi birinchi qismida “Jami ulushlari jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) kamida oʻn foizini tashkil etadigan jamiyat ishtirokchilari oʻz majburiyatlarini qoʻpol buzayotgan yoxud oʻz harakatlari (harakatsizligi) bilan jamiyatning faoliyat koʻrsatishiga imkon bermayotgan yoki uni jiddiy tarzda qiyinlashtirayotgan ishtirokchini jamiyatdan sud tartibida chiqarilishini talab qilishga haqlidirlar” deb belgilangan.
Javobgarni jamiyat ishtirokchilari safidan chiqarish haqidagi talab oʻz isbotini topmaganligi sababli birinchi instansiya sudi asosli ravishda daʼvoni qanoatlantirishni rad etish haqida xulosaga kelgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 278-moddasiga koʻra, apellatsiya instansiyasi sudi apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha: 1) hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishga; 2) hal qiluv qarorini toʻliq yoki qisman bekor qilishga va yangi qaror qabul qilishga; 3) hal qiluv qarorini oʻzgartirishga; 4) hal qiluv qarorini toʻliq yoki qisman bekor qilishga va ish yuritishni tugatishga yoxud daʼvoni toʻliq yoki qisman koʻrmasdan qoldirishga; 5) ushbu Kodeks 279-moddasi toʻrtinchi qismining 4-bandida nazarda tutilgan asos mavjud boʻlgan taqdirda hal qiluv qarorini bekor qilishga va ishni yangidan koʻrish uchun yuborishga haqli.
Binobarin, sudlov hayʼati birinchi instansiya sudi tomonidan ishni koʻrishda moddiy va protsessual qonunbuzilishlariga yoʻl qoʻyilmaganligini, uni oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos mavjud emasligini inobatga olib, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni, apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etishni lozim topadi.
Shuningdek, sudlov hayʼati IPK 118-moddasiga muvofiq, daʼvogar tomonidan apellatsiya instansiyasi uchun oldindan toʻlangan 1 500 000 soʻm davlat boji va 24000 soʻm pochta xarajatini uning zimmasida qoldirishni lozim deb hisoblaydi.
Shu bilan birgalikda sudlov hayʼati javobgarning prokuratura organlariga xususiy ajrim chiqarish haqidagi iltimosnomasini qanoatlantirmaslikni lozim topadi.
Chunki, birinchi instansiya sudi tomonidan xususiy ajrim chiqarilib, Guliston shahar prokuraturasiga yuborilgan boʻlib, takroran xususiy ajrim chiqarish uchun hech qanday asoslar mavjud emas.
Yuqoridagilarga asosan va Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi 68, 118, 169, 278, 280-moddalarini qoʻllab, sudlov hayʼati qaror qiladi:
Y.Y.Yaning apellatsiya shikoyatini qanoatlantirish rad etilsin.
Guliston tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 26-sentabrdagi hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilsin.
Apellatsiya instansiyasi uchun oldindan toʻlangan 1 500 000 soʻm davlat boji va 24 000 soʻm pochta xarajati Y.Y.Ya zimmasida qoldirilsin.
Javobgar S.S.Sning xususiy ajrim chiqarish haqidagi iltimosnomasi qanoatlantirilmasin.
Qaror qabul qilingan paytdan boshlab qonuniy kuchga kiradi.
Qarordan norozi tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga kassatsiya tartibida shikoyat berishlari mumkin.
Raislik qiluvchi A. RAXIMOV
hayʼat aʼzolari H. MAMARASULOV
E. SOIBNAZAROV
Guliston sh.,
2022-yil 23-noyabr,
4-1201-2204/1973-son