Toshkent shahar sudining
Qarori
Toshkent shahar sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati A. Ibragimov raisligida, hayʼat aʼzolari F. Yodgorov hamda V. Lidan iborat tarkibda, sudya katta yordamchisi D. Ismoilovning kotibligida, taraflardan: “S” MChJ vakili Sh.V(23.09.2022-yildagi 152-sonli ishonchnoma va 16.08.2022-yildagi 57-sonli advokatlik orderi), “L” MChJ K.A (rahbar), “A” AKB vakillari O.P (26.02.2022-yildagi 3257/03-01-sonli ishonchnoma), J.P (16.12.2021-yildagi 4436/03-01-sonli ishonchnoma), I.X (05.01.2022-yildagi 2749/02-15-sonli ishonchnoma), “T” XAB vakili M.M (07.01.2022-yildagi 01-04/14-sonli ishonchnoma), “P” MChJ vakili A.O (15.09.2022-yildagi ishonchnoma va 15.09.2022-yildagi 105-sonli advokatlik orderi) ishtirokida, “A” AKB, “T” XAB hamda “S” MChJ tomonidan berilgan apellatsiya shikoyatlariga asosan Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 05.10.2022-yildagi hal qiluv qarorining qonuniyligini ish hujjatlari bilan birga ochiq sud majlisida sud binosida koʻrib chiq aniqladi:
“S” MChJ (matnda daʼvogar deb yuritiladi) iqtisodiy sudga “L” MChJ (matnda javobgar deb yuritiladi), A.K.K (matnda javobgar-2 deb yuritiladi), uchinchi shaxslar: “A” AKB, “T” XAB, “C” MChJ, “P” MChJga nisbatan daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “L” MChJ yagona taʼsischisining 28.04.2016-yildagi 1-sonli, 15.07.2016-yildagi 2-sonli, 25.07.2016-yildagi 3-sonli qarorlarini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Sudning 09.09.2022-yildagi ajrimi bilan “A” AKB, “T” XAB, “C” MChJ, “P” MChJlar nizoning predmetiga mustaqil talab bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar sifatida ishga jalb qilingan.
Keyinchalik, sudning 03.10.2022-yildagi ajrimi bilan “A” AKB, “T” XAB ishga javobgarlar sifatida jalb qilingan.
Birinchi instansiya sudining 05.10.2022-yildagi hal qiluv qarori bilan javobgarlar “A” AKB, “T” XABning daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi iltimosnomalarini qanoatlantirish rad qilingan.
Daʼvogarning daʼvo talabi toʻliq qanoatlantirilib, javobgar MChJ yagona taʼsischisining 28.04.2016-yildagi 1-sonli, 15.07.2016-yildagi 2-sonli, 25.07.2016-yildagi 3-sonli qarorlari haqiqiy emas deb topilib, javobgar hisobidan daʼvogar foydasiga 4.500.000 soʻm davlat boji va 24.000 soʻm pochta xarajati undirilgan. Daʼvo talabining “A” AKB, “T” XABga nisbatan qismi rad qilingan.
Mazkur hal qiluv qaroridan norozi boʻlib, daʼvogar tomonidan berilgan apellatsiya shikoyatida birinchi instansiya sudi tomonidan “A” AKB va “T” XABlarni Iqtisodiy protsessual kodeksi (matnda IPK deb yuritiladi)ning 44-moddasiga zid ravishda javobgar sifatida jalb qilinganligi, ularga nisbatan daʼvo talabi mavjud boʻlmasada sud tomonidan ushbu boshqa javobgarlarga nisbatan daʼvo talablarini rad qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi vaj keltirib, hal qiluv qarori hamda sudning 03.10.2022-yildagi boshqa javobgarlarni ishga jalb qilish toʻgʻrisida ajrimini bekor qilib, daʼvo talabini qanoatlantirish yuzasidan yangi qaror qabul qilish soʻralgan.
Hal qiluv qaroriga nisbatan “A” AKB tomonidan berilgan apellatsiya shikoyatida daʼvogarning mazkur daʼvo arizasini berish maqsadi “L” MChJga oldin banklarga kreditlari taʼminoti evaziga garovga quyilgan koʻchmas mulklarni qaytarishi boʻlganligi; “L” MChJ rahbari K.A sodir qilgan jinoyati, uning 28.04.2016-yildagi qarori va bank bilan tuzilgan shartnomalar oʻrtasida hech qanday aloqa mavjud emasligi, sud ushbu holatlarni aniqlanmasdan notoʻgʻri qaror qabul qilinganligi; K.A oʻz vakolatlaridan tashqariga chiqib, bankka jamiyatda ikkita taʼsischilar mavjudligi haqida yangi Ustav va taʼsis shartnomasini taqdim etmaganligi; sud “A” AKBni javobgar sifatida jalb qilib, asossiz ravishda uning ish boʻyicha daʼvo muddatni qoʻllash haqidagi arizasini rad etilganligi; daʼvogar “L” MChJda ½ qismiga taʼsischi sifatida tiklanib, hech qanday zarar koʻrmaganligi; daʼvogar, javobgar “L” MChJ va K.A oʻrtasida hech qanday nizo mavjud emasligi, javobgarlar daʼvo talablarini toʻliq tan olganligi, nizo daʼvogar va bank oʻrtasida boʻlganligi tufayli, daʼvogar oʻz daʼvosida banklarni uchinchi shaxslar sifatida jalb qilinganligi vajlar keltirib, sudning qarorini bekor qilib, ish boʻyicha daʼvo muddatini qoʻllab daʼvo talabini rad etish haqida yangi qaror qabul qilish soʻralgan.
Hal qiluv qaroriga nisbatan “T” XAB tomonidan berilgan apellatsiya shikoyatida birinchi instansiya sud “L” MChJning qarorlari qabul qilinganligiga 6 yil oʻtib ketganligi, sud mazkur ish boʻyicha daʼvo muddati oʻtib ketgan boʻlsa-da, javobgar “T” XABning daʼvo muddatni qoʻllash haqida arizani rad qilinganligi, “L” MChJning 25.07.2016-yildagi 3-sonli yagona taʼsischi qarorining asl maqsadi bankdan kredit olish uchun qabul qilinganligi va ushbu qaror bevosita bankning manfaatiga taʼsir koʻrsatuvchi qarori ekanligi va ushbu qarori bekor qilinishi albatta bankka zarar yetkazish mumkinligi, sud bu holatiga eʼtibor qaratmaganligi, sud banklarga nisbatan aniq daʼvo daʼvo talablarini koʻrsatmasdan rad qilinib, asosiy daʼvo talablarini ham rad qilinishi kerakligini, sud “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi qonunning 41-moddasiga, Oliy sudi Plenum qarorlari talablariga zid ravishda qaror qabul qilinganligi, daʼvogar oʻzining huquqi buzilganligi haqida JIB Toshkent shahar Shayxontoxur tuman sudining 25.10.2017-yildagi hukm chiqarilgan kundan boshlab bilganligi, birinchi instansiya sud mazkur ishni bir tomonlama koʻrib chiqib, moddiy va protsessual huquq normalari buzgan holda adolatsiz qaror qabul qilinganligi vajlar keltirib, qarorni bekor qilib, daʼvo muddati oʻtganligi sababli daʼvoni koʻrmasdan qoldirish soʻralgan.
Sud majlisida ishtirok etgan daʼvogar vakili oʻz apellatsiya shikoyatini quvvatlab va unda koʻrsatilgan vajlarni takrorlab, Banklar tomonidan berilgan apellatsiya shikoyatlariga eʼtiroz bildirib, “L” MChJ yagona taʼsischisi barcha hujjatlarni qalbakilashtirganligi, ushbu holatlar esa MChJning faoliyatiga taʼsir etuvchi qarorlar qabul qilinishiga sababchi boʻlganligi, yagona taʼsischining jinoiy qilmishlari jinoiy sudning hukmi va iqtisodiy sudning qarori bilan oʻz tasdigʻini topganligi, daʼvogarning asosiy maqsadi “L” MChJ yagona taʼsischining vakolati mavjud boʻlmagan davrda noqonuniy ravishda qabul qilingan 28.04.2016-yildagi 1-sonli, 15.07.2016-yildagi 2-sonli, 25.07.2016-yildagi 3-sonli qarorlarini haqiqiy emas deb topish va ushbu qarorlarni qonun talablariga muvofiqlashtirishdan iborat ekanligi, daʼvogarning banklarga nisbatan eʼtirozi mavjud emasligi, shuningdek, ushbu qarorlarning haqiqiy emaslik oqibatini qoʻllashda iborat emasligi, biroq, birinchi instansiya sudi nizoni mazmunan toʻgʻri va asosli qaror qabul qilgan boʻlsada, biroq, ish boʻyicha boshqa javobgarlarni jalb qilish toʻgʻrisida notoʻgʻri ajrim qabul qilinganligi sababli hal qiluv qarorini asoslantiruvchi qismi ham notoʻgʻri qayd etilganligi, sud boshqa javobgarni daʼvogarning roziligi bilan ishga jalb qilish mumkinligi, sud javobgar Banklarga nisbatan daʼvogarning qaysi daʼvo talabini rad etilganligi koʻrsatilmaganligi bayon qilib, hal qiluv qarori va 03.10.2022-yildagi ajrimni bekor qilib, toʻgʻri asoslarga koʻra, daʼvogarning daʼvo talabini qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilishni, Banklarning apellatsiya shikoyatini rad qilishni soʻradi.
Sud majlisida ishtirok etgan “A” AKB vakillari oʻz apellatsiya shikoyatini quvvatlab, daʼvogarning apellatsiya shikoyatiga eʼtiroz bildirib, daʼvogarning oldingi bank kreditlarni va garov shartnomalarni haqiqiy emas deb topish va haqiqiy emaslik oqibatlarini qoʻllash haqidagi daʼvo talablari rad etilganligi, daʼvogar mazkur daʼvo ariza bilan sudga murojaat qilish maqsadi yana bank kreditlarni va garov shartnomalar yuzasidan nizolashish va jamiyatning garovga quyilgan koʻchmas mulkni qaytarish ekanligi, hattoki daʼvogar va javobgar oʻrtasida hech qanday nizo mavjud emasligi, javobgar daʼvogarning daʼvosini toʻliq tan olishi ushbu holatini dalolat berishini; bankka “L” MChJda K.Abdukodirovdan tashqari, boshqa taʼsischi boʻlganligi maʼlum boʻlmaganligi, JIB Toshkent shahar Shayxontoxur tuman sudining hukmida K.A tomonidan sodir etilgan jinoyati bilan bank tomonidan ajratilgan kredit oʻrtasida hech qanday aloqasi yoʻqligi, sud ushbu holatiga eʼtibor qaratmaganligi; bundan tashqari, sud oʻzining ajrimi bilan “A” AKBni javobgar sifatida jalb qilib, bankning ish boʻyicha daʼvo muddatini qoʻllash haqida arizasini rad etilib, qonunga zid ravishda daʼvo talablarini qanoatlantirish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi bayon qilib, apellatsiya shikoyatini qanoatlantirib, daʼvogarning apellatsiya shikoyatini rad etib, sudning qarorini bekor qilib, ish boʻyicha daʼvo muddatini qoʻllangan holda daʼvoni rad etish haqida Yangi qaror qabul qilishni soʻradi.
Sud majlisida ishtirok etgan “T” XAB vakili oʻz apellatsiya shikoyatini quvvatlab, daʼvogarning apellatsiya shikoyatiga eʼtiroz bildirib, “L” MChJni yagona taʼsischining 15.07.2016-yildagi 2-sonli hamda 25.07.2016-yildagi 3-sonli qarorlari asosida bank “L” MChJga kredit pul mablagʻlarini ajratilganligi, shu sababli nizolashayotgan qarorlari bank manfaatlariga taʼsir koʻrsatayotgan qarorlar ekanligi, birinchi instansiya sud “T” XABni asosli ravishda javobgar deb topib, qonunga zid ravishda bankning ish boʻyicha daʼvo muddatini qoʻllash toʻgʻrisida arizani qanoatlantirilmasdan qoldirilganligi, nizoli qarorlar qabul qilinganligiga 6 yildan ortiq muddati oʻtib ketganligi, daʼvogar oʻzining buzilgan huquqlari haqida 2017-yildan, yaʼni JIB Toshkent shahar Shayxontoxur tumani sudining hukmi qabul qilingandan kunidan boshlab bilganligi, biroq, hozirga qadar ushbu daʼvo ariza bilan sudga murojaat qilmaganligi bayon qilib, apellatsiya shikoyatini qanoatlantirib, daʼvogarning apellatsiya shikoyatini rad etib, sudning qarorini bekor qilib, ish boʻyicha daʼvo muddatini qoʻllangan holda daʼvoni rad etish haqida yangi qaror qabul qilishni soʻradi.
Sud majlisida ishtirok etgan javobgar vakili daʼvogar tomonidan keltirilgan apellatsiya shikoyatini tan olib, banklar tomonidan keltirilgan shikoyatlarini tan olmasdan, daʼvogarning shikoyatini qanoatlantirib, banklarning shikoyatlarini rad qilishni soʻradi.
Sud majlisida ishtirok etgan javobgar-2 daʼvogar tomonidan keltirilgan apellatsiya shikoyatini tan olib, banklar tomonidan keltirilgan shikoyatlarini tan olmasdan, daʼvogarning shikoyatini qanoatlantirib, banklarning shikoyatlarini rad qilishni soʻradi.
Sud majlisida ishtirok etgan uchinchi shaxs “P” MChJ vakili daʼvogarning apellatsiya shikoyatini tan olmasdan, banklarning apellatsiya shikoyatlarini quvvatlab, sudga ish boʻyicha yozma fikrnomani taqdim etib, daʼvogarning apellatsiya shikoyatini rad etishni, banklarning shikoyatlarini qanoatlantirishni soʻradi.
Sud majlisi vaqti va joy toʻgʻrisida tegishli tartibda xabardor qilingan uchinchi shaxs “C” MChJ vakili sud muhokamasida ishtirok etmagan. Mazkur holatda sudlov hayʼati tarkibi Oʻzbekiston respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi (matnda IPK deb yuritiladi)ning 274-moddasining toʻrtinchi qismiga asosan ishni uchinchi shaxs “C” MChJ vakili ishtirokisiz koʻrib chiqish mumkin degan xulosaga keldi.
Sudlov hayʼati tarkibi ishda ishtirok etgan taraflar vakillarining ish boʻyicha tushuntirish va fikrlarini eshitib, apellatsiya shikoyatlarida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagilarga asosan, ularni qanoatlantirishni rad etishni, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ishdagi mavjud hujjatlardan koʻrinishicha, 08.02.2016-yilda daʼvogar “L” MChJning ishtirokchiligiga ulush qoʻshgan holda 50 foiz ulush bilan javobgar korxonaga ishtirokchi sifatida kirgan. Ushbu holat Toshkent shahar Shayxontoxur tuman yagona darcha markazidan roʻyxatdan oʻtkazilgan.
Javobgar korxona ishtirokchilarining 29.06.2018-yildagi umumiy yigʻilish bayonnomasiga koʻra, “S” MChJning yozgan xatiga muvofiq, jamiyatdagi 361 712 000 soʻmlik 50 foiz ulushini A.K.Qga (javobgar korxona rahbari) qoldirib, jamiyat tarkibidan chiqqan.
Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar Shayxontoxur tuman sudining 25.10.2017-yildagi hukmi bilan “L” MChJ rahbari K.Atomonidan 2016-yil 29-iyunda rasmiylashtirilgan “L” MChJning taʼsischisi “S” MChJning “L” MChJ ustav jamgʻarmasidagi ulushidan K.Aning foydasiga voz kechish haqidagi ishtirokchilarning umumiy yigʻilish bayonnomasi hamda jamiyat umumiy yigʻilishiga taqdim etilgan arizasi qalbaki deb topilib, K.A Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 167-moddasi uchinchi qismining “a” bandi, 228-moddasi ikkinchi qismining “b” bandi va 228-moddasining uchinchi qismi bilan JKning 59-moddasi tartibida 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar sudi apellatsiya instansiyasining 17.07.2018-yildagi ajrimi bilan mazkur hukm oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Soʻng, daʼvogar Shayxontoxur tuman davlat xizmatlari markaziga 12.01.2019-yildagi 24-sonli ariza bilan murojaat qilib, jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontoxur tuman sudining 25.10.2017-yildagi hukmiga asosan 29.06.2016-yildagi umumiy yigʻilish bayonnomasi qalbakilashtirilganligi isbotlanganligi sababli, javobgar korxonaga taʼsischiligini tiklab berish haqida murojaat qilgan.
Shayxontoxur tuman davlat xizmatlari markazi tomonidan berilgan 25.01.2019-yildagi 09/19-sonli xatida mazkur hukmda Markaz zimmasiga bunday majburiyat yuklatilmaganligi sababli, rad etilgan, shundan soʻng daʼvogar sudga murojaat qilgan.
IPK 73-moddasining toʻrtinchi qismiga koʻra, JIB Shayxontoxur tuman hukmi bilan nizo predmeti boʻlgan 29.06.2016-yildagi “L” MChJ ishtirokchilarining umumiy yigʻilish bayonnomasi MChJning rahbari K.Atomonidan qalbakilashtirilganligi holati aniqlanganligi oʻz isbotini topganligidan kelib chiqqan holda Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 11.06.2019-yildagi 4-1001-1907/10335-sonli hal qiluv qarori bilan haqiqiy emas deb topilgan va uning haqiqiy emasligi oqibatlari qoʻllanilib, “S” MChJ — “L” MChJga taʼsischi sifatida kiritilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Iqtisodiy sudlar tomonidan korporativ nizolarni hal etishning ayrim masalalari toʻgʻrisida” 20.06.2014-yildagi 262-son qarori (matnda Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 20.06.2014-yildagi 262-sonli Plenum qarori deb yuritiladi) 20.1-bandida belgilanganidek, jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishi qarori u qonun hujjatlariga zid boʻlgan va (yoki) umumiy yigʻilish qonun hujjatlari va jamiyat ustavida belgilangan tartibga rioya etilmagan holda oʻtkazilgan hollardagina, haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
IPK 73-moddasi toʻrtinchi qismiga koʻra, jinoyat ishlari boʻyicha sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi muayyan harakatlar sodir etilganligi yoki sodir etilmaganligi va ular kimlar tomonidan sodir etilganligi masalalari boʻyicha iqtisodiy sud uchun majburiydir.
Birinchi instansiya sudi yuqorida keltirilganlardan kelib chiqib, yagona taʼsischining 28.04.2016-yildagi 1-sonli, 15.07.2016-yildagi 2-sonli, 25.07.2016-yildagi 3-sonli qarorlarini haqiqiy emas deb topib asosli xulosaga kelgan.
Javobgar sifatida jalb qilingan “A” AKB va “T” XAB vakillari tomonidan Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 20.06.2014-yildagi 262-sonli Plenum qarorining 20.2-bandiga asosan “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 41-moddasida belgilangan ikki oylik muddat maxsus daʼvo muddati hisoblanadi va u sud tomonidan faqat nizodagi tarafning sudning hal qiluv qarori qabul qilungunga qadar bergan arizasiga muvofiq qoʻllanilishi mumkinligini asos qilgan holda maxsus daʼvo muddati oʻtganligi sababli, daʼvo muddatini qoʻllab daʼvoni rad qilishni soʻralgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Iqtisodiy sudlar tomonidan fuqarolik qonun hujjatlarining daʼvo muddatiga oid normalarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida” 19.06.2015-yildagi 282-sonli qarorining 8.3-bandida, agar ishda bir nechta javobgar ishtirok etayotgan boʻlib, ulardan qaysi biri daʼvo muddatini qoʻllash haqida ariza bersa, daʼvo muddati faqat oʻsha shaxsga nisbatan qoʻllanilishi belgilangan.
Mazkur holatda birinchi instansiya sud “A” AKB, “T” XAB vakillariga nisbatan daʼvo talablari mavjud emasligidan kelib chiqib, daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi iltimosnoma (arizasi)larini rad qilib asosli toʻxtamga kelgan.
Bundan tashqari, sud jarayonida bank vakillari tomonidan Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 20.06.2014-yildagi 262-sonli Plenum qarorining 20.2-bandiga asosan ish boʻyicha maxsus daʼvo muddati oʻtganligi sababli, daʼvo muddatini qoʻllab daʼvoni rad qilishni soʻralgan.
Yuqorida qayd etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 19.06.2015-yildagi 282-sonli qarorining 8.3-bandida agar ishda bir nechta javobgar ishtirok etayotgan boʻlib, ulardan qaysi biri daʼvo muddatini qoʻllash haqida ariza bersa, daʼvo muddati faqat oʻsha shaxsga nisbatan qoʻllanilishi belgilangan.
Mazkur holatda sud “A” AKB, “T” XAB vakillariga nisbatan talab mavjud emasligidan kelib chiqqan holda sud daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi iltimosnoma (arizasi)larini rad qilib, qonuniy toʻxtamga kelgan.
Sudlov hayʼati tarkibi, daʼvogarning apellatsiya shikoyatida keltirilgan vajlar quyidagilarga asoslarga koʻra kelishmaydi.
IPKning 199-moddasiga koʻra, sudning ajrimi ustidan ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda, shuningdek ajrim ishning kelgusidagi harakatiga toʻsqinlik qilgan taqdirda, sudning hal qiluv qaroridan alohida tarzda shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Boshqa ajrimlar ustidan apellatsiya shikoyati (protesti) berilmaydi, lekin bu ajrimlarga qarshi eʼtirozlar sudning hal qiluv qarori ustidan qilingan apellatsiya shikoyatiga (protestiga) qoʻshib qoʻyilishi mumkin.
Sudning ajrimi bilan “A” AKB, “T” XAB ishga javobgarlar sifatida jalb qilingan. Biroq, mazkur ajrim ishning kelgusidagi harakatiga toʻsqinlik qilganmaganligi sababli ajrim ustidan apellatsiya shikoyati (protesti) berilmasligi nazarda tutilgan.
Sudlov hayʼati tarkibi, “A” AKB va “T” XAB apellatsiya shikoyatlarida keltirilgan vajlar quyidagilarga asoslarga koʻra kelishmaydi.
Daʼvogar javobgar va javobgar-2 larga nisbatan daʼvo ariza bilan murojaat qilib “L” MChJni yagona taʼsischining 28.04.2016-yildagi 1-sonli, 15.07.2016-yildagi 2-sonli, 25.07.2016-yildagi 3-sonli qarorlarini haqiqiy emas deb topishni soʻragan. Mazkur holatda ushbu nizo korporativ nizo boʻlib, “A” AKB va “T” XABlarga nisbatan daʼvo talablar quyilmagan. K.Aning jinoyat harakatlari qonuniy kuchga kirgan JIB Toshkent shahar Shayxontoxur tumani sudining 25.10.20217 yildagi hukmi bilan oʻz tasdigʻini topgan.
Bank va 3-shaxs vaj sifatida keltirgan daʼvogar va javobgar va javobgar-2 oʻrtasida hech qanday nizo mavjudligi, daʼvogar oʻz huquqi va manfaatlarini tiklash va himoya qilish uchun sudga daʼvo ariza bilan murojaat qilish huquqini cheklamaydi.
Chunki, daʼvo talabiga nizo javobgar-2 ning noqonuniy xatti-harakatlari oqibatida kelib chiqqan. Ushbu holatlar esa jinoyat ishlar boʻyicha sudning hukmi hamda iqtisodiy sudning 11.06.2019-yildagi 4-1001-1907/10335-sonli hal qiluv qarori bilan oʻz tasdigʻini topgan.
IPKning 279-moddasida ish uchun ahamiyatli holatlarning toʻliq aniqlanmaganligi, sud aniqlangan deb hisoblagan, ish uchun ahamiyatli boʻlgan holatlarning isbotlanmaganligi, hal qiluv qarorida bayon qilingan xulosalarning ish holatlariga muvofiq emasligi, moddiy va (yoki) protsessual huquq normalarining buzilganligi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilganligi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻlishi belgilangan.
Mazkur holatda birinchi instansiya sudi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumi “Iqtisodiy sudining hal qiluv qarori haqida” 15.06.2007-yildagi 161-sonli qarorining 1-bandi talablariga rioya qilgan holda ishdagi mavjud dalillarga atroflicha baho berib, moddiy hamda protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllab, daʼvo talablari doirasida qonuniy va asoslantirilgan sud hujjati qabul qilganligi hamda hal qiluv qarorida bayon qilingan xulosalar ishning haqiqiy holatlariga toʻla mos kelishi sababli ham uni oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asoslar mavjud emas.
Yuqorida bayon etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati daʼvogar va Banklar tomonidan keltirilgan apellatsiya shikoyatlarini qanoatlantirishni rad etishni, IPKning 118-moddasi va “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonun talabidan kelib chiqib, taraflar tomonidan apellatsiya shikoyatida berishda toʻlangan sud xarajatlarini oʻzlarining zimmasida qoldirishni lozim topadi.
Binobarin, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 72, 118, 274, 278-280-moddalarini qoʻllab, sudlov hayʼati tarkibi qaror qildi:
“A” AKB, “T” XAB va “St” MChJlarning apellatsiya shikoyatlari qanoatlantirish rad etilsin.
Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 05.10.2022-yildagi hal qiluv qarori, 03.10.2022-yildagi ajrimi oʻzgarishsiz qoldirilsin.
Qaror qabul qilingan paytdan boshlab qonuniy kuchga kiradi.
Mazkur qaror ustidan IPKning 35-bobida belgilangan tartib va muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sud tarkibiga shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Raislik qiluvchi A. IBRAGIMOV
hayʼat aʼzolari F. YoDGOROV
V. LI
Toshkent sh.,
2022-yil 28-noyabr,
4-1001-2220/43811-son