Toshkent shahar sudining
qarori
Toshkent shahar sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati R. Rashidov raisligida, hayʼat aʼzolari J. Xusainov hamda M. Ergashevdan iborat tarkibda, sudya katta yordamchisi O. Zayniyevaning kotibligida, daʼvogar U.V.A.ning javobgarlar “KTV” MChJ hamda K.J.A., S.S.B., I.B.X., K.E.E., K.B.Aga nisbatan “KTV” MChJning 2019-yil 22-iyuldagi umumiy yigʻilish qarori va u asosida qabul qilingan taʼsis hujjatlari, shartnomalar, dalolatnoma va boshqa hujjatlarni haqiqiy emas deb topish, haqiqiy emaslik oqibatlarini qoʻllab, 2019-yil 22-iyuldan soʻng qabul qilingan umumiy yigʻilish qarorlari, taʼsis hujjatlari, shartnomalar, dalolatnoma va boshqa hujjatlarni haqiqiy emas deb topish, J.K., S.S., B.I., E.K., B.K.lardan solidar tartibda 836.830.404 soʻm maʼnaviy zararni undirish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi boʻyicha Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 15-sentabrdagi ish yuritishni tugatish toʻgʻrisidagi ajrimi ustidan daʼvogar U.V.A tomonidan berilgan apellatsiya shikoyatini ish hujjatlari bilan birga daʼvogar vakili I.Y. (2022-yil 23-fevraldagi ishonchnoma va 2022-yil 14-oktabrdagi advokatlik orderi asosida), javobgar J.K. vakili U.M. (2022-yil 15-iyundagi ishonchnoma va 2022-yil 16-noyabrdagi advokatlik orderi asosida), javobgarlar J.K., E.K., B.K., S.S.lar vakili A.D. (2022-yil 15-iyundagi ishonchnoma asosida), Toshkent shahar adliya boshqarmasi vakili Sh.M. (2022-yil 28-noyabrdagi 2/2530-sonli ishonchnoma asosida), Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining Toshkent shahar statistika boshqarmasi Statistik registrlarni yuritish boʻlimi boshligʻi v.b. J.M. (guvohnoma asosida) ishtirokida oʻz binosida ochiq sud majlisida koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
U.V.A. (matnda daʼvogar deb yuritiladi) sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgarlar “KTV” MChJ (matnda MChJ deb yuritiladi) hamda K.J.A., S.S.B., I.B.X., K.E.E., K.B.Aga nisbatan “KTV” MChJning 2019-yil 22-iyuldagi umumiy yigʻilish qarori va u asosida qabul qilingan taʼsis hujjatlari, shartnomalar, dalolatnoma va boshqa hujjatlarni haqiqiy emas deb topish, haqiqiy emaslik oqibatlarini qoʻllab, 2019-yil 22-iyuldan soʻng qabul qilingan umumiy yigʻilish qarorlari, taʼsis hujjatlari, shartnomalar, dalolatnoma va boshqa hujjatlarni haqiqiy emas deb topish, J.K., S.S., B.I., E.K., B.K.lardan solidar tartibda 836.830.404 soʻm maʼnaviy zararni undirishni soʻragan.
Sudning 2022-yil 11-avgustdagi ajrimi bilan Davlat xizmatlar agentligining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi (hozirda Toshkent shahar adliya boshqarmasi) nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talab bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida ishda ishtirok etish uchun jalb qilingan.
Birinchi instansiya sudining 2022-yil 15-sentabrdagi ajrimi bilan ish boʻyicha ish yuritish tugatilgan.
Daʼvogar mazkur ajrimdan norozi boʻlib, apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan. Shikoyatda birinchi instansiya sudi tomonidan Davlat xizmatlar agentligi Yakkasaroy tuman davlat xizmatlari markazining 2020-yil 3-martdagi 001509-04-sonli maʼlumotnomasida “KTV” MChJ tugaganligi sababli davlat reyestridan chiqarilganligi toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi inobatga olinib, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Tadbirkorlik subyektlarining yagona davlat reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 3-bandida reyestr Davlat xizmatlari markazlari tomonidan shakllantirilishi va yuritilishi belgilanganligidan kelib chiqib, MChJ tugatilganligi sababli IPK 110-moddasining 4-bandiga ish yuritish notoʻgʻri tugatilganligi, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz saytida MChJning tugatilganligi haqida yozuv mavjud emasligi, statistika organining registr.stat.uz saytida MChJ faollik holati ruknida “faoliyat koʻrsatmayotgan” maqomda turganligi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 25-sentabrdagi 274-sonli qarori (mazkur qaror 2022-yil 29-sentabrda oʻz kuchini yoʻqotgan) bilan tasdiqlangan “Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri toʻgʻrisida Nizom”ning 13-bandida korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi, uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, tumanlar va shaharlardagi hududiy organlari tomonidan yuritilishi belgilanganligi maʼlum qilinib, birinchi instansiya sudining ajrimini bekor qilish soʻralgan.
Sud majlisida daʼvogar vakili apellatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarini toʻliq qoʻllab-quvvatlab, my.gov.uz va stat.uz saytlaridan koʻchirma maʼlumotni taqdim qilib, “KTV” MChJ tugatilmaganligi maʼlum qilib, bugungi kunda yuridik shaxslarning yagona davlat reyestri Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan yuritilishini maʼlum qilib, apellatsiya shikoyatini toʻliq qanoatlantirishni soʻradi.
Javobgar J.K. vakili apellatsiya shikoyatiga nisbatan eʼtiroz bildirib, MChJ tugatilib, davlat reyestridan chiqarilganligi sababli birinchi instansiya sudi tomonidan asosli ravishda ish yuritish tugatilganligini maʼlum qilib, apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etishni soʻradi.
Javobgarlar J.K., E.K., B.K., S.S.lar vakili ham apellatsiya shikoyatiga nisbatan eʼtiroz bildirib, birinchi instansiya sudiga daʼvo muddatini qoʻllash yuzasidan ariza taqdim qilinganligi, MChJ tugatilib, davlat reyestridan chiqarilganligi sababli birinchi instansiya sudi tomonidan asosli ravishda ish yuritish tugatilganligini bayon qilib, apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etishni soʻradi.
Toshkent shahar adliya boshqarmasi vakili Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-avgustdagi 704-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Tadbirkorlik subyektlarini ixtiyoriy tugatish va ularning faoliyatini toʻxtatish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom” tadbirkorlik subyektlari — yuridik shaxslarni ixtiyoriy tugatish va tadbirkorlik subyektlari — jismoniy shaxslar faoliyatini toʻxtatish tartibini belgilashi, mazkur Nizom 2020-yil 1-yanvardan kuchga kirganligi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Tadbirkorlik subyektlarining yagona davlat reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisida Nizom” roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlarini yagona davlat reyestrini yuritish hamda undagi mavjud maʼlumotlarni jismoniy va yuridik shaxslarga taqdim etish tartibini belgilashi, ushbu reyestr 2017-yil 1-apreldan boshlab amalga kiritilganligi va Davlat xizmatlari markazlari tomonidan shakllantirilishi va yuritilishi, MChJ avval Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumani Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish inspeksiyasi tomonidan 2005-yil 31-oktabr kuni 001509-04-sonli reyestr bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi, MChJ 2019-yil 31-dekabrdagi ixtiyoriy tugatish toʻgʻrisidagi qarorini Yakkasaroy tumani Davlat xizmatlari markaziga topshirilganligi va mazkur jamiyat qaroriga asosan markaz tomonidan 2020-yil 3-yanvarda ixtiyoriy tugatish jarayoni boshlanganligi hamda MChJ 2020-yil 3-mart kuni 001509-04-son bilan davlat reyestridan chiqarilganligi, bu haqida idoralararo elektron hujjatlar almashinuvi boʻlmaganligi sababli Yakkasaroy tumani statistika boʻlimi, Yakkasaroy tumani DSI, “Xalq banki” Yakkasaroy filialiga maʼlumot xati yuborilganligi, registr.stat.uz saytidagi MChJning “faoliyat koʻrsatmayotgan”ligi haqidagi maʼlumot nima uchun oʻzgartirilmaganligidan xabari yoʻqligini, tadbirkorlik subyektlarini yagona davlat reyestri Davlat xizmatlari markazlari tomonidan shakllantirilishi va yuritilishi, hozirda mazkur reyestrni new.birdarcha.uz sayti orqali ishga tushirish ishlari ketayotganligini maʼlum qilib, sudga Toshkent shahar adliya boshqarmasining yozma maʼlumotnomasi va MChJni tugatish bilan bogʻliq hujjatlarning nusxalarini taqdim etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining Toshkent shahar statistika boshqarmasi Statistik registrlarni yuritish boʻlimi boshligʻi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-sentabrdagi 539-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri toʻgʻrisidagi Nizom”ga asosan yuridik shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlar tomonidan taqdim etilishi hamda Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri (KTYADR)ga kiritilishi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-sonli qaroriga asosan Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari markazlari tomonidan yuridik shaxslarni roʻyxatdan oʻtkazish, moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan tadbirkorlik subyektlarini davlat reyestridan chiqarish ishlari fo.birdarcha.uz sayti orqali amalga oshirilishi, oʻz navbatida, ushbu yuridik shaxslarning maʼlumotlari agentlik maʼlumotlar bazasi bilan avtomatik tarzda integratsiyalashgan tizim orqali Davlat statistika qoʻmitasining registr.stat.uz idoraviy saytida aks etib borilishi, moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan tijorat tashkilotlarining faoliyatini harakatsiz holatga oʻtkazish va maʼlumot almashish tizimi amaliyotga joriy etilayotganligini maʼlum qildi.
Sudlov hayʼati sud majlisida ishtirok etgan shaxslarning tushuntirishlarini tinglab, daʼvogarning apellatsiya shikoyatini ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagilarga asosan apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etishni, birinchi instansiya sudining ajrimini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topdi.
Daʼvogar daʼvo arizasida MChJning 2019-yil 22-iyuldagi umumiy yigʻilish qarori va u asosida qabul qilingan taʼsis hujjatlari, shartnomalar, dalolatnoma va boshqa hujjatlarni haqiqiy emas deb topish, haqiqiy emaslik oqibatlarini qoʻllab, 2019-yil 22-iyuldan soʻng qabul qilingan umumiy yigʻilish qarorlari, taʼsis hujjatlari, shartnomalar, dalolatnoma va boshqa hujjatlarni haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Biroq, ish hujjatlarida Davlat xizmatlar agentligi Yakkasaroy tuman davlat xizmatlari markazining Yakkasaroy tumanida joylashgan yuridik shaxslarning reyestr kitobiga 2020-yil 3-martdagi 001509-04-reyestr tartib raqami bilan “KTV” MChJ qoʻshma korxonasi tugaganligi sababli davlat reyestridan chiqarilganligi toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi haqidagi maʼlumotnomasi mavjud.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi (matnda FK deb yuritiladi) 41-moddasining ikkinchi qismiga asosan, yuridik shaxsning huquq layoqati u tuzilgan paytdan boshlab vujudga keladi (ushbu Kodeks 44-moddasining toʻrtinchi qismi) va uni tugatish yakunlangan paytdan eʼtiboran tugatiladi (ushbu Kodeks 55-moddasining oʻninchi qismi).
FK 55-moddasining oʻn ikkinchi qismiga asosan, yuridik shaxsning tugatilishi haqidagi yozuv yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga kiritib qoʻyilganidan soʻng yuridik shaxsni tugatish tamomlangan, yuridik shaxsning faoliyati esa tugagan hisoblanadi.
Mazkur holatda MChJ tugatilganligi, mavjud emasligi sababli uning ishtirokchilari (taʼsischilari) oʻrtasidagi, MChJ ishtirokchilarining umumiy yigʻilish qarorlari bilan bogʻliq nizoni koʻrib chiqish mumkin emas.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Iqtisodiy sudlar tomonidan korporativ nizolarni hal etishning ayrim masalalari toʻgʻrisida” 2014-yil 20-iyundagi 262-sonli qarorining 17-bandiga koʻra, aksiyadorlik jamiyatining boshqaruv organlari (umumiy yigʻilish, kuzatuv kengashi, ijroiya organi) qarorlarini toʻliq yoki qisman haqiqiy emas deb topish haqidagi daʼvolar boʻyicha javobgar boʻlib ushbu boshqaruv organlari emas, balki jamiyatning oʻzi hisoblanadi. Daʼvo arizasida javobgar sifatida muayyan boshqaruv organi koʻrsatilganligi daʼvo arizasini qabul qilishni rad etish yoxud IPKning 45-moddasida belgilangan tartibga rioya qilgan holda javobgarni almashtirish uchun asos boʻladi.
Masʼuliyati cheklangan yoki qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatning boshqaruv organlari qarorlarini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisida berilgan daʼvo arizalarini ish yuritishga qabul qilish masalasi ham xuddi shu tartibda hal etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi (matnda IPK deb yuritiladi)ning 110-moddasining 4-bandiga asosan, ishda taraf hisoblangan yuridik shaxs tugatilgan boʻlsa sud ish yuritishni tugatadi.
Shuningdek, daʼvo arizasida daʼvogar javobgarlar J.K., S.S., B.I., E.K., B.K.lardan solidar tartibda 836.830.404 soʻm maʼnaviy zararni undirishni soʻragan.
Ushbu holatda MChJ tugatilganligi, maʼnaviy zararni undirish bilan bogʻliq talab fuqarolik ishlari boʻyicha sudga taalluqli boʻlishi sababli ushbu talab boʻyicha ham ish yuritish tugatilishi lozim.
IPKning 110-moddasi 1-bandiga asosan, ish sudga taalluqli boʻlmasa sud ish yuritishni tugatadi.
Shu sababli sudlov hayʼati birinchi instansiya sudining ish boʻyicha ish yuritishni tugatish toʻgʻrisidagi yakuniy xulosasi bilan kelishadi.
Daʼvogar apellatsiya shikoyatida yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz saytida MChJning tugatilganligi haqida yozuv mavjud emasligi, statistika organining registr.stat.uz saytida MChJ faollik holati ruknida “faoliyat koʻrsatmayotgan” maqomda turganligi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 25-sentabrdagi 274-sonli qarori (mazkur qaror 2022-yil 29-sentabrda oʻz kuchini yoʻqotgan) bilan tasdiqlangan “Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri toʻgʻrisida Nizom”ning 13-bandida korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi, uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, tumanlar va shaharlardagi hududiy organlari tomonidan yuritilishi belgilanganligi haqida vaj keltirgan.
Ushbu vajlarga huquqiy baho berish maqsadida sudlov hayʼati tomonidan 2022-yil 21-noyabrdagi ajrim bilan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (Davlat xizmatlari agentligi) va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasidan tadbirkorlik subyektlarining yagona davlat reyestrini yuritish masalasida malakali mutaxassis xodimlar ishda ishtirok etish uchun jalb qilingan va mutaxassislarga MChJning hozirda tugatilmaganligi yoki tugatilib, davlat reyestridan chiqarilganligi toʻgʻrisidagi aniq maʼlumotni sudga taqdim etish, Davlat xizmatlar agentligi Yakkasaroy tuman davlat xizmatlari markazining 2020-yil 3-martdagi 001509-04-sonli maʼlumotnomasida “KTV” MChJ tugaganligi sababli davlat reyestridan chiqarilganligi maʼlum qilingan boʻlsada, nima uchun Korxona va tashkilotlarning yagona davlat registrida (KTYADR) stat.uz saytida “KTV” MChJ faollik holati ruknida “faoliyat koʻrsatmayotgan” maqomida turganligiga aniqlik kiritib, yozma tushuntirishlar bilan sud majlisida ishtirok etish vazifasi yuklatilgan.
Toshkent shahar adliya boshqarmasining 2022-yil 29-noyabrdagi maʼlumotnomasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-avgustdagi 704-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Tadbirkorlik subyektlarini ixtiyoriy tugatish va ularning faoliyatini toʻxtatish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom” tadbirkorlik subyektlari — yuridik shaxslarni ixtiyoriy tugatish va tadbirkorlik subyektlari — jismoniy shaxslar faoliyatini toʻxtatish tartibini belgilashi, mazkur Nizom 2020-yil 1-yanvardan kuchga kirganligi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Tadbirkorlik subyektlarining yagona davlat reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisida Nizom” roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlarini yagona davlat reyestrini yuritish hamda undagi mavjud maʼlumotlarni jismoniy va yuridik shaxslarga taqdim etish tartibini belgilashi, ushbu reyestr 2017-yil 1-apreldan boshlab amalga kiritilganligi va Davlat xizmatlari markazlari tomonidan shakllantirilishi va yuritilishi, MChJ avval Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumani Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish inspeksiyasi tomonidan 2005-yil 31-oktabr kuni 001509-04-sonli reyestr bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi, MChJ 2019-yil 31-dekabrdagi ixtiyoriy tugatish toʻgʻrisidagi qarorini Yakkasaroy tumani Davlat xizmatlari markaziga topshirilganligi va mazkur jamiyat qaroriga asosan markaz tomonidan 2020-yil 3-yanvarda ixtiyoriy tugatish jarayoni boshlanganligi hamda MChJ 2020-yil 3-mart kuni 001509-04-son bilan davlat reyestridan chiqarilganligi maʼlum qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining Toshkent shahar statistika boshqarmasi Statistik registrlarni yuritish boʻlimi boshligʻi tomonidan sudga taqdim etilgan maʼlumotga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-sentabrdagi 539-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri toʻgʻrisidagi Nizom”ga asosan yuridik shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlar tomonidan taqdim etilishi hamda Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri (KTYADR)ga kiritilishi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-sonli qaroriga asosan Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari markazlari tomonidan yuridik shaxslarni roʻyxatdan oʻtkazish, moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan tadbirkorlik subyektlarini davlat reyestridan chiqarish ishlari fo.birdarcha.uz sayti orqali amalga oshirilishi, oʻz navbatida, ushbu yuridik shaxslarning maʼlumotlari agentlik maʼlumotlar bazasi bilan avtomatik tarzda integratsiyalashgan tizim orqali Davlat statistika qoʻmitasining registr.stat.uz idoraviy saytida aks etib borilishi, moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan tijorat tashkilotlarining faoliyatini harakatsiz holatga oʻtkazish va maʼlumot almashish tizimi amaliyotga joriy etilayotganligi maʼlum qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-sentabrdagi 539-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri toʻgʻrisidagi Nizom”ning 1-bandiga asosan, ushbu Nizom “Rasmiy statistika toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatlari koʻrsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 24-iyuldagi PF-6269-son Farmoniga muvofiq Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registrining (keyingi oʻrinlarda — KTYADR) axborot fondini tashkil etish hamda yuritish tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizom 3-bandining uchinchi xatboshisiga koʻra, roʻyxatdan oʻtkazuvchi va boshqa davlat organlaridan olingan yuridik shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash va saqlash, shuningdek, ularni davlat boshqaruvi organlariga va boshqa foydalanuvchilarga belgilangan tartibda taqdim etish KTYADRni yuritishning maqsadi hisoblanadi.
Mazkur Nizom 8-bandining “g” kichik bandiga asosan, KTYADRni yuritish yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga yuridik shaxs tugatilganligi yoki qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning faoliyati toʻxtatilganligi toʻgʻrisidagi yozuvlarni kiritishda maʼlumotlarning elektron bazasiga tegishli yozuvni kiritishni oʻz ichiga oladi.
Ushbu Nizomning 9-bandiga asosan, KTYADRni yuritish uchun:
roʻyxatdan oʻtkazgan organlardan tushadigan maʼlumotlardan;
statistika kuzatuvlarini amalga oshirishda olingan statistika maʼlumotlaridan;
soliq va boshqa davlat organlarining registrlaridan hamda maʼlumotlar axborot bazalaridan foydalaniladi.
Bundan koʻrinib turibdiki, daʼvogar apellatsiya shikoyatida statistika organining registr.stat.uz saytida MChJ faollik holati ruknida “faoliyat koʻrsatmayotgan” maqomda turganligi haqida vaj keltirgan boʻlsada, statistika organi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazgan organ boʻlgan Davlat xizmatlari markazidan olingan birlamchi maʼlumot, yaʼni MChJning tugatilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot KTYADRga kiritilmagan.
Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Tadbirkorlik subyektlarining yagona davlat reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisida Nizom”ning 1-bandiga asosan, ushbu Nizom roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlar tomonidan Tadbirkorlik subyektlari yagona davlat reyestrini (keyingi oʻrinlarda Reyestr deb ataladi) yuritish hamda undagi mavjud maʼlumotlarni jismoniy va yuridik shaxslarga taqdim etish tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizomning 2-bandiga asosan, Reyestr tadbirkorlik subyektlarini — yuridik shaxslarni tuzish, qayta tashkil etish, tugatish toʻgʻrisidagi, jismoniy shaxslar tomonidan yakka tartibdagi tadbirkor maqomi olingani, jismoniy shaxslarning yakka tartibdagi tadbirkorlar sifatidagi faoliyatlarini toʻxtatib turishlari va tugatishlari toʻgʻrisidagi asosiy maʼlumotlarni hamda boshqa maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan, hamma tanishib chiqishi uchun ochiq boʻlgan davlat elektron axborot resursidir.
Ushbu Nizomning 3-bandiga koʻra, Reyestr Davlat xizmatlari markazlari (keyingi oʻrinlarda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlar deb ataladi) tomonidan shakllantiriladi va yuritiladi.
Yuqoridagilardan koʻrinib turibdiki, my.gov.uz saytida MChJning tugatilganligi haqida yozuv mavjud boʻlmasada, statistika organining registr.stat.uz saytida MChJ faollik holati ruknida “faoliyat koʻrsatmayotgan” maqomda turgan boʻlsada, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ hisoblangan Davlat xizmatlari markazi tomonidan berilgan birlamchi maʼlumotga koʻra, MChJ tugatilganligi sababli 2020-yil 3-mart kuni 001509-04-son bilan davlat reyestridan chiqarilgan.
Reyestr my.gov.uz yoki registr.stat.uz saytlari orqali yuritilmaydi.
Mazkur holatda yuqoridagi qonunchilik hujjatlariga asosan, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ hisoblangan Davlat xizmatlari markazining (hozirda adliya organlari tarkibida) MChJning tugatilganligi haqidagi maʼlumoti maqbul dalil hisoblanadi.
Yuqoridagilarga asosan, birinchi instansiya sudi tomonidan ish boʻyicha ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida toʻgʻri xulosaga kelingan.
IPKning 281-moddasiga koʻra, birinchi instansiya sudining qarori, ajrimi ustidan ushbu Kodeksda belgilangan qoidalar boʻyicha berilgan apellatsiya shikoyati (protesti) ushbu bobda sudning hal qiluv qarori ustidan berilgan apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish uchun nazarda tutilgan tartibda apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan koʻriladi.
Apellatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining qarori, ajrimi ustidan berilgan shikoyatni (protestni) koʻrib chiqish natijalari boʻyicha quyidagilarga haqli:
1) qarorni, ajrimni oʻzgarishsiz qoldirishga;
2) qarorni, ajrimni oʻzgartirishga yoxud bekor qilishga;
3) daʼvo arizasini qabul qilishni rad etish, daʼvo arizasini qaytarish, daʼvo arizasini koʻrmasdan qoldirish, ish yuritishni tugatish, ish yuritishni toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi ajrimni bekor qilishga va daʼvo arizasini, ishni birinchi instansiya sudida koʻrib chiqish uchun yuborishga haqli.
Mazkur holatda birinchi instansiya sudining ajrimi moddiy va protsessual huquq normalari asosida qabul qilingan hamda uni bekor qilish yoki oʻzgartirish uchun asoslar mavjud emas.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 118-moddasiga asosan sud xarajatlari ishda ishtirok etuvchi shaxslarning qanoatlantirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda ularning zimmasiga yuklatiladi.
“Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 18-moddasi birinchi qismining 5-bandiga muvofiq, agar ish sudga taalluqli boʻlmasa, ishni yuritish tugatilganda, 13-bandiga asosan, agar ishda ishtirok etayotgan yuridik shaxs tugatilgan boʻlsa davlat boji qaytarilishi kerak.
Qayd etilganlardan kelib chiqib, apellatsiya instansiyasi sudi apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etishni, birinchi instansiya sudining ajrimini oʻzgarishsiz qoldirishni, birinchi instansiya sudi uchun toʻlangan davlat boji summasi qaytarilmaganligi sababli uni daʼvogarga qaytarishni belgilashni, apellatsiya instansiyasi uchun oldindan toʻlangan davlat boji summasini daʼvogarga qaytarish toʻgʻrisida maʼlumotnoma berishni, oldindan toʻlangan pochta xarajatlarini esa daʼvogarning zimmasida qoldirishni lozim topadi.
Binobarin, IPKning 118, 262, 280-281-moddalarini qoʻllab, sudlov hayʼati tarkibi qaror qildi:
U.V.A.ning apellatsiya shikoyatini qanoatlantirish rad etilsin.
Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 15-sentabrdagi ish yuritishni tugatish toʻgʻrisidagi ajrimi oʻzgarishsiz qoldirilsin.
Birinchi instansiya sudi uchun oldindan toʻlangan 8.100.000 soʻm davlat boji summasi Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan “HBKA” advokatlik byurosiga qonunda belgilangan tartibda qaytarilsin.
Apellatsiya shikoyati uchun oldindan toʻlangan 4.050.000 soʻm davlat boji summasini U.V.A.ga qaytarish toʻgʻrisida maʼlumotnoma berilsin.
Ishni apellatsiya instansiyasi sudida koʻrib chiqish bilan bogʻliq oldindan toʻlangan pochta xarajatlari U.V.A.ning zimmasida qoldirilsin.
Qaror qabul qilingan paytdan boshlab qonuniy kuchga kiradi.
Mazkur qaror ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga bir yil ichida kassatsiya shikoyati berilishi (protest keltirilishi) mumkin.
Raislik qiluvchi R. RAShIDOV
hayʼat aʼzolari J. XUSAINOV
M. ERGAShEV
Toshkent sh.,
2022-yil 30-noyabr,
4-1001-2206/8435-son