Toshkent shahar sudining
Qarori
(apellatsiya instansiyasi sudi)
(apellatsiya instansiyasi sudi)
Toshkent shahar sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati A. Narzullayev raisligida, hayʼat aʼzolari B. Keunimjayeva va A. Mamaraimovdan iborat tarkibda, sudya katta yordamchisi Sh. Mannonovning kotibligida, daʼvogar A.D, vakili U.M (order asosida), javobgar vakillari M. I, N. I (ishonchnoma asosida) ishtirokida, daʼvogar D. A.ning javobgar P AJga nisbatan P AJ Boshqaruvining 18.07.2019-yildagi “Bankning tarkibiy tuzilmalarining yangi tahrirdagi Nizomi va lavozim majburiyatlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 40/1-sonli qarorini u qabul qilingan paytdan boshlab haqiqiy emas deb topish, P AJ Boshqaruvining 18.07.2019-yildagi 40/1-sonli qarorining haqiqiy emaslik oqibatlarini qoʻllab, qaror asosida tasdiqlangan barcha nizomlar, yoʻriqnomalar va boshqa hujjatlarni haqiqiy emas deb topish, haqiqiy emas deb topilgan qaror va hujjatlarni bekor qilish hamda bekor qilinganligi haqida daʼvogarga xabar berish majburiyatini javobgarga yuklash toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi boʻyicha qabul qilingan Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 13-sentabrdagi hal qiluv qarori ustidan D.A. tomonidan berilgan apellatsiya shikoyatini ish hujjatlari bilan birga oʻz binosida, ochiq sud majlisida koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan 29.12.2018-yilda 84-son bilan roʻyxatga olingan Toshkent shahar hokimining 13.10.2018-yildagi 1481-sonli qaroriga 3-ilova bilan tasdiqlangan P AJ (matnda javobgar, Bank deb yuritiladi) Ustavi (bundan buyon matnda Ustav deb yuritiladi)ning 1.2-bandiga asosan javobgarning tashkiliy-huquqiy shakli aksiyadorlik jamiyati hisoblanadi.
Ustavning 10.1-bandiga asosan Bank Boshqaruv organlari:
aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi;
Bank Kengashi;
Bank Boshqaruvi hisoblanadi.
D.A (matnda daʼvogar deb yuritiladi) 2018-yilning 17-oktabridan boshlab Bankning tashkil etish boʻyicha tashabbuskor guruh tarkibida faoliyat yuritib kelgan.
2019-yil 18-iyulda Bankning Boshqaruv organi tomonidan “Bankning tarkibiy tuzilmalarining yangi tahrirdagi Nizomi va lavozim majburiyatlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 40/1-sonli Qarori qabul qilingan.
Daʼvogar D.A javobgar P AJga nisbatan iqtisodiy sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, 2018-yilning 17-oktabridan boshlab P AJni tashkil etish boʻyicha tashabbuskor guruh tarkibida faoliyat boshlab, bankning yuridik xizmat rahbari sifatida 2020-yilning 14-sentabr oyiga qadar oʻz faoliyatini davom ettirganligi, ushbu davr ichida bankning boshqaruv aʼzosi hisoblanganligi, 2019-yil 18-iyulda Bankning Boshqaruv organi tomonidan “Bankning tarkibiy tuzilmalarining yangi tahrirdagi Nizomi va lavozim majburiyatlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 40/1-sonli Qarori qabul qilinganligi, ushbu Qaror Boshqaruv aʼzolari M.T, B.A, D.K va U.Yular tomonidan imzolanganligi, biroq Bankning Ustavida Boshqaruv aʼzolari 7 kishidan iborat boʻlishi belgilanganligi, Bank Kuzatuv Kengashining 2019-yil 21-yanvardagi 5-sonli bayonnoma 1-ilovasi bilan tasdiqlangan P AJ Boshqaruvi toʻgʻrisidagi Nizomning 2.11-bandida Bank Boshqaruvi 7 nafar aʼzodan iborat boʻlishi va aksiyadorlar umumiy yigʻilishining mutlaq vakolatlari, Bank Kengashi vakolatlariga kiritilgan masalalardan tashqari barcha masalalarni koʻrib chiqish vakolatiga ega ekanligi belgilanganligi, ushbu Nizomning 6.2-bandiga asosan Bank Boshqaruvi uning kun tartibiga kiritilgan masalalarni, agar majlisda Boshqaruv aʼzolarining 50 foizidan ortiq qismi qatnashsa, hal qilishga haqliligi belgilanganligi, biroq 2019-yil 18-iyulda Bank Boshqaruv organi tomonidan “Bankning tarkibiy tuzilmalarining yangi tahrirdagi Nizomi va lavozim majburiyatlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 40/1-sonli Qarori kvorum boʻlmagan holda tasdiqlanganligi, yaʼni unda ishtirok etgan U.Yu Kuzatuv Kengashi majlisining 2019-yil 16-iyuldagi 19-sonli majlis bayonnomasi (qarori) bilan Boshqaruv aʼzolarining tarkibidan chiqarilib, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi, shunday boʻlsa-da, U.Yu tomonidan 2019-yil 18-iyuldagi Boshqaruv qaroriga imzo qoʻyilganligi, ushbu holatda P AJ Boshqaruvining 18.07.2019-yildagi “Bankning tarkibiy tuzilmalarining yangi tahrirdagi Nizomi va lavozim majburiyatlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 40/1-sonli Qarori kvorum boʻlmagan boʻlsa-da, soxtalashtirilgan (qalbakilashtirilgan) holda rasmiylashtirilganligi toʻgʻrisidagi vajlarni keltirib, nizoli Qarorni u qabul qilingan vaqtdan boshlab haqiqiy emas deb topishni va haqiqiy emaslik oqibatlarini qoʻllab, mazkur Qaror asosida tasdiqlangan barcha Nizomlar, Yoʻriqnomalar va boshqa hujjatlarni haqiqiy emas deb topish, haqiqiy emas deb topilgan qaror va hujjatlarni bekor qilish hamda bekor qilinganligi haqida daʼvogarga xabar berish majburiyatini javobgar zimmasiga yuklashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2022-yil 13-sentabrdagi hal qiluv qarori bilan daʼvogarning daʼvo talablarini qanoatlantirish rad etilgan.
Daʼvogar mazkur hal qiluv qaroridan norozi boʻlib, apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan. Apellatsiya shikoyatida birinchi instansiya sudi tomonidan ish hujjatlari toʻliq oʻrganilmaganligi, “Bankning tarkibiy tuzilmalarining yangi tahrirdagi Nizomi va lavozim majburiyatlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 40/1-sonli Qarori Bankning Ustavi va Nizomlariga zid ravishda qabul qilinganligi, ushbu Qaror qabul qilinganda Bank Boshqaruvi aʼzolari toʻliq boʻlmaganligi va kvorum boʻlmaganligi, shuningdek ushbu Qaror qabul qilingunga qadar U.Yu Kuzatuv Kengashi majlisining 2019-yil 16-iyuldagi 19-sonli bayonnomasi (qarori) Bilan boshqaruv aʼzolarining tarkibidan chiqarilganligi va u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi, ammo U.Yu 2019-yil 18-iyulda boshqaruv majlisida qatnashganligi va imzo qoʻyganligi, bu holatga esa sud baho bermaganligi bayon qilinib, hal qiluv qarorini bekor qilish va daʼvo talabini qanoatlantirish toʻgʻrisida yangi qaror qabul qilish soʻralgan.
Sud majlisida ishtirok etgan daʼvogar A.D apellatsiya shikoyatini qoʻllab-quvvatlab, birinchi instansiya sudi tomonidan ish hujjatlari toʻliq oʻrganilmaganligi, 2019-yil 18-iyulda Bank Boshqaruv organi tomonidan “Bankning tarkibiy tuzilmalarining yangi tahrirdagi Nizomi va lavozim majburiyatlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 40/1-sonli Qarori qabul qilinganligi, ushbu Qaror Boshqaruv aʼzolari M.T, B.A, D.K va U.Yu tomonidan imzolanganligi, biroq Bankning Ustavida bank boshqaruvi aʼzolari 7 kishidan iborat boʻlishi belgilanganligi, Bank Kuzatuv Kengashining 2019-yil 21-yanvardagi 5-sonli bayonnomasi 1-ilovasi bilan tasdiqlangan P AJning Boshqaruvi toʻgʻrisidagi Nizomning 2.11-bandida Bank Boshqaruvi 7 nafar aʼzodan iborat boʻlishi va aksiyadorlar umumiy yigʻilishining mutlaq vakolatlari, Bank Kengashi vakolatlariga kiritilgan masalalardan tashqari barcha masalalarni koʻrib chiqish vakolatiga ega ekanligi belgilanganligi, ushbu Nizomning 6.2-bandiga asosan Bank Boshqaruvi uning kun tartibiga kiritilgan masalalarni, agar majlisda boshqaruv aʼzolarining 50 foizidan ortiq qismi qatnashsa, hal qilishga haqliligi belgilanganligi, biroq 2019-yil 18-iyulda Bank Boshqaruv organi tomonidan “Bankning tarkibiy tuzilmalarining yangi tahrirdagi Nizomi va lavozim majburiyatlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 40/1-sonli Qarori kvorum boʻlmagan holda tasdiqlanganligi, yaʼni unda ishtirok etgan U.Yu Kuzatuv Kengashi majlisining 2019-yil 16-iyuldagi 19-sonli majlis bayonnomasi qarori bilan Boshqaruv aʼzolarining tarkibidan chiqarilib, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan boʻlsa-da, U.Yu tomonidan 2019-yil 18-iyuldagi Boshqaruv qaroriga imzo qoʻyilganligi, javobgarning eʼtiroznomasida Kuzatuv Kengashining aʼzosi hisoblangan T.M va R.A oʻsha vaqtda ushbu Kengash aʼzosi boʻlmaganligi, bu haqida Kuzatuv Kengashiga bildirgi kiritilganligi haqida asos keltirilganligi, biroq Kuzatuv Kengashi tomonidan ularni boshqaruv aʼzoligidan chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilinmaganligi, shu bois javobgar tomonidan bildirgi koʻrinishida taqdim qilingan (2019-yil 10-iyundagi) hujjatni aslini talab qilib olishni va ushbu hujjatga oid kimyoviy, texnikaviy, xatshunoslik tolashunoslik va genetik ekspertiza tayinlashni va ekspertlar oldiga mazkur hujjatning yaratilgan v�qti qachon ekanligi, hujjatning yaratilgan vaqti unda aks ettirilgan sana bilan mos kelishi yoki kelmasligi, mazkur hujjatning tayyorlanish usuliga baho berilib, texnik xususiyatlari oʻrganilib, printer siyohi va qogʻoz trassologiyasining eskirish va kimyoviy reaksiyaga kirishish koʻrsatkichlariga koʻra hujjatning tayyorlangan vaqti va usulini aniqlash, kimyoviy koʻrsatkichlar boʻyicha hujjatning tayyorlangan vaqtini aniqlash, hujjatda qoldirilgan izlar boʻyicha genetik va tolalarga oid ekspertiza orqali hujjatga taʼsir oʻtkazgan shaxslarga oid maʼlumotlarni aniqlash, hujjatda inson qoʻli bilan yozilgan yozuv elementlar boʻlsa, uning kim tomonidan yozilganligini aniqlash haqida savol qoʻyishni hamda sud muhokamasiga Kuzatuv Kengashi raisi boʻlgan L.N.I chaqirtirishni, shuningdek javobgar tomonidan sudga taqdim etilgan tergov organi qarorini va audit xulosasini dalillar yigʻindisidan chiqarishni hamda hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvo talabini toʻliq qanoatlantirish toʻgʻrisida yangi qaror qabul qilishni soʻradi.
Sud majlisida ishtirok etgan daʼvogar vakili advokat U.M apellatsiya shikoyati va daʼvogarning vajlarini qoʻllab-quvvatlab, daʼvogarning iltimosnomalarini va apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni soʻradi.
Sud muhokamasida ishtirok etgan javobgar vakili M.I sudga yozma eʼtiroznomasini hamda “o” saytidan olingan maʼlumotlarni taqdim qilib, ushbu saytdagi maʼlumotlar ochiq maʼlumot ekanligi, bu maʼlumotlarni butun dunyo boʻyicha olish mumkinligi, Ushbu maʼlumotlarga koʻra 30.04.2019-yilda Bank Boshqaruvi raisi Q.A, Boshqaruv raisi oʻrinbosari U.A, bosh hisobchi U.Yu, yuridik xizmatlar departamenti direktori A.D ekanligi, 12.06.2019-yilda Boshqaruv raisi M.T, buxgalteriya hisobi va hisoboti departamenti direktori U.Yu, yuridik xizmati departamenti direktori A.D, Boshqaruv raisi oʻrinbosari va vazifasini vaqtincha bajaruvchi Dj.K ekanligi koʻrsatilganligi, ushbu maʼlumotlar oʻzgartirilmasligi, 2019-yil 18-iyul holatiga Bank Boshqaruvi aʼzolari M.T, B.A, D.Q, U.Yu boʻlganligi, U.Yu bilan mehnat shartnomasi bekor boʻlishidan oldin Qaror loyihalari U.Yu tomonidan koʻrib chiqilganligi va maʼqullanganligi, chunki ushbu Qaror qabul qilinishidan oldin muhokama qilinganligi va undan soʻng Qaror qabul qilinganligi, U.Yu tomonidan ushbu vaqtda imzolangan shartnoma va buyruqlarni topish imkoni boʻlmaganligini maʼlum qilib, daʼvogarning iltimosnomalarini hamda apellatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan va hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni soʻradi.
Sud muhokamasida ishtirok etgan javobgar vakili N.I M.Ining fikrini qoʻllab-quvvatlab, daʼvogarning iltimosnomalarini hamda apellatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan va hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni soʻradi.
Sudlov hayʼati ishda ishtirok etuvchi shaxslarning fikrini eshitib, ish hujjatlarini oʻrganib chiqib, quyidagilarga asosan daʼvogarning iltimosnomalarini va apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etishni, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni va sud xarajatlarini daʼvogar zimmasiga yuklashni lozim topdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi (matnda IPK deb yuritiladi) 30-moddasi birinchi qismining 7-bandida yuridik shaxs boshqaruv organlarining qarorlari ustidan shikoyat qilish toʻgʻrisidagi nizolar, korporativ nizolar hisoblanishi, ushbu modda ikkinchi qismida esa, qonunga muvofiq korporativ nizolar boʻyicha ishlar jumlasiga boshqa nizolar ham kiritilishi mumkin, deb belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan 29.12.2018-yilda 84-son bilan roʻyxatga olingan, Toshkent shahar hokimining 13.10.2018-yildagi 1481-sonli qaroriga 3-ilova bilan tasdiqlangan P AJ Ustavining 1.1-bandiga asosan javobgarning tashkiliy-huquqiy shakli aksiyadorlik jamiyati hisoblanadi.
Ustavning 10.1-bandiga asosan Bank boshqaruv organlari:
aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi;
Bank Kengashi;
Bank Boshqaruvi hisoblanadi.
Ustavning 6.2-bandida “Boshqaruvning mutlaq vakolatiga kiradigan masalalar kollegial tartibda hal qilinadi. Bank Boshqaruvi uning kun tartibiga kiritilgan masalalarni, agar majlisda Boshqaruv aʼzolarining 50 foizidan ortiq qismi qatnashsa, hal qilishga haqlidir”, deb, Ustavning 10.34-bandida “Bank Boshqaruvi 7 kishidan iborat boʻlib, bir yil muddatga saylanadilar (tayinlanadilar)” deb, javobgar Kuzatuv Kengashi tomonidan 21.01.2019-yilda 5-sonli Bayonnoma 1-ilovasi bilan tasdiqlangan P aksiyadorlik jamiyati Boshqaruvi toʻgʻrisida”gi Nizomning 2.11-bandida “Bank Boshqaruvi 7 nafar aʼzodan iborat boʻlib, aksiyadorlar umumiy yigʻilishining mutlaq vakolatlari va Bank Kengashi vakolatlariga kiritilgan masalalardan tashqari barcha masalalarni hal qilish vakolatiga ega”, deb belgilangan.
Mazkur Nizomning 6.3-bandida esa “Bank Boshqaruvining majlisida qarorlar majlisda qatnashayotgan Boshqaruv aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlib qolgan taqdirda Bank Boshqaruvi raisi hal qiluvchi ovozga ega boʻladi”, deb belgilangan.
Aniqlanishicha, 2019-yil 18-iyulda P AJning boshqaruv organi tomonidan “Bankning tarkibiy tuzilmalarining yangi tahrirdagi Nizomi va lavozim majburiyatlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 40/1-sonli Qarori qabul qilingan.
Ushbu Qarorni qabul qilish uchun Bank Boshqaruvi aʼzolari M.T, B.A, D.K va U.Yu ovoz bergan.
Daʼvogar nizoli Qaror yuqorida keltirilgan talablarga zid ravishda qabul qilinganligi, Qaror 7 nafardan iborat Bank Boshqaruvi aʼzolaridan 4 nafari tomonidan imzolanganligi, ushbu yigʻilishda kvorum yetarli boʻlmaganligi, nizoli Qarorni boshqaruv aʼzolaridan biri javobgarning buxgalteriya hisobi va hisoboti departamenti direktori U.Yu ham imzolagan boʻlsada, ammo u javobgar Kuzatuv Kengashi majlisining 16.07.2019-yildagi 19-sonli bayonnomasi bilan ishdan boʻshatilganligi, nizoli Qaror esa 18.07.2019-yilda qabul qilinganligi, javobgar sunʼiy ravishda kvorum tashkil qilish maqsadida U.Yuning imzosini olish va soxtalashtirishga erishganligi, bu holatda uning ishtiroki noqonuniyligini bildirib, nizoli Qarorni haqiqiy emas deb topish va haqiqiy emasligi oqibatlarini qoʻllash, javobgarga nizoli Qaror asosida qabul qilingan barcha qaror va boshqa hujjatlarni bekor qilish majburiyatini yuklashni soʻragan.
Javobgar tomonidan “o” saytidan olingan maʼlumotlarga koʻra Boshqaruv aʼzolari 30.04.2019-yilda Boshqaruv raisi Q.A, Boshqaruv raisi oʻrinbosari U.A, bosh buxgalter U.Yu, yuridik xizmatlar departamenti direktori A.D ekanligi, 12.06.2019-yilda Boshqaruv raisi M.T, buxgalteriya hisobi va hisoboti departamenti direktori U.Yu, yuridik xizmati departamenti direktori A.D, Boshqaruv raisi oʻrinbosari va vazifasini vaqtincha bajaruvchi D.K ekanligi koʻrsatilgan.
P AJ Kuzatuv Kengashi raisi L.I bank boshqaruvi raisi M.T tomonidan yoʻllangan xat (2019-yil 10-iyunda Kuzatuv Kengashi raisi tomonidan qabul qilib olingan)ga koʻra, Bank ochish uchun dastlabki ruxsatnomani olish uchun Bank Kuzatuvi kengashining 2018-yil 9-noyabrdagi 2-sonli bayonnomaga asosan Bank Boshqaruviga aʼzo qilib olingan A.R va Rossiya fuqarosi M.T boshqaruv faoliyatida ishtirok etmaganligi bois ularga ustamalar toʻlanmaganligi hamda Gʻaznachilik va strategik rivojlantirish departamenti direktori-mijozlarni jalb qilish boʻlimi boshligʻi A.R bilan Bank Boshqaruvining 2019-yil 31-maydagi 80 sh/t-sonli xati buyrugʻiga binoan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi, shuningdek Rossiya fuqarosi M.T bilan Bank oʻrtasida 2019-yil 10-aprelda tuzilgan xizmat koʻrsatish toʻgʻrisidagi bitim 2019-yil 6-iyunda bekor qilinganligi maʼlum qilinib, A.R.A va Rossiya fuqarosi M.T Boshqaruv tarkibi aʼzosi sifatida faoliyat yuritmaganligini inobatga olishni soʻragan.
2019-yil 18-iyulda P AJning Boshqaruv organi tomonidan “Bankning tarkibiy tuzilmalarining yangi tahrirdagi Nizomi va lavozim majburiyatlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 40/1-sonli Qarori Boshqaruv aʼzolarining mavjud kvorumi boʻyicha koʻrib chiqilib tasdiqlangan. U.Yu esa ushbu Qarorning loyihasini tuzishda bevosita ishtirok etgan.
Bundan tashqari, daʼvogar tomonidan haqiqiy emas deb topish
soʻralayotgan qaror asosida tasdiqlangan Nizomlarni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi talabi Fuqarolik ishlari boʻyicha Uchtepa tumanlararo sudining 29.11.2021-yildagi hal qiluv qarori bilan qanoatlantirishi rad qilingan. Toshkent shahar sudi Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining 15.02.2022-yildagi ajrimi bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Mazkur holatda, birinchi instansiya sudi Poytaxt bank” AJning Boshqaruv organi tomonidan “Bankning tarkibiy tuzilmalarining yangi tahrirdagi Nizomi va lavozim majburiyatlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 40/1-sonli Qarori soxtalashtirilganligi holatlari mavjud emasligi, ushbu qarorni qabul qilishda Bank Boshqaruvi majlisida kvorum mavjudligini inobatga olib, daʼvogarning daʼvo talabini asossiz deb hisoblab, uni qanoatlantirishni rad qilish toʻgʻrisida asosli xulosaga kelgan.
Sudlov hayʼati daʼvogarning javobgar tomonidan sudga taqdim etilgan tergov organi qarorini va audit xulosasini dalillar yigʻindisidan chiqarish, bildirgi koʻrinishida taqdim qilingan (2019-yil 10-iyundagi) hujjatni aslini talab qilib olish va ushbu hujjatga oid kimyoviy, texnikaviy, xatshunoslik tolashunoslik va genetik ekspertizasini tayinlash hamda sud muhokamasiga guvoh sifatida kuzatuv kengashi raisi boʻlgan L.N.I chaqirtirish toʻgʻrisidagi iltimosnomalarini oʻrganib chiqib, bildirgi koʻrinishidagi hujjatda Boshqaruv aʼzolari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi maʼlum qilinganligi, Bankning ishonchli vakillari sud muhokamasida qatnashayotganligini inobatga olib, Kuzatuv kengashi raisini sud muhokamasiga chaqirtirishga va xatshunoslik ekspertizasini tayinlashga zarurat yoʻq deb hisoblab, daʼvogarning ushbu iltimosnomalarini qanoatlantirishni rad qilishni lozim topadi.
Yuqoridagilarga koʻra, sudlov hayʼati apellatsiya shikoyatida koʻrsatilgan daʼvogarning barcha vajlarini asossiz deb topib, ushbu vajlar birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilish yoki oʻzgartirish uchun asos boʻlmaydi deb hisoblaydi.
IPKning 118-moddasiga koʻra, sud xarajatlari ishda ishtirok etuvchi shaxslarning qanoatlantirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda ularning zimmasiga yuklatiladi.
IPKning 279-moddasiga muvofiq birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun quyidagilar asos boʻladi:
1) ish uchun ahamiyatli holatlarning toʻliq aniqlanmaganligi;
2) sud aniqlangan deb hisoblagan, ish uchun ahamiyatli boʻlgan holatlarning isbotlanmaganligi;
3) hal qiluv qarorida bayon qilingan xulosalarning ish holatlariga muvofiq emasligi;
4) moddiy va (yoki) protsessual huquq normalarining buzilganligi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilganligi.
Mazkur holatda hal qiluv qarori moddiy va protsessual huquq normalari bilan toʻliq mos keladi, ish hujjatlari sud aniqlagan holatlarga muvofiq keladi, shu bois hal qiluv qarorini bekor qilish yoki oʻzgartirish uchun asoslar mavjud emas.
Qayd qilinganlarga koʻra, sudlov hayʼati apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etishni, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni, daʼvogar tomonidan oldindan toʻlangan davlat boji va pochta xarajatini zimmasida qoldirishni lozim topadi.
Yuqoridagilarga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 118, 169, 278 — 280-moddalarini qoʻllab, sudlov hayʼati qaror qildi:
Daʼvogar D. Aning iltimosnomalarini hamda apellatsiya shikoyatini qanoatlantirish rad etilsin.
Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 13-sentabrdagi hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilsin.
Daʼvogar D.A tomonidan apellatsiya shikoyati boʻyicha oldindan toʻlangan sud xarajatlari inobatga olinib, zimmasida qoldirilsin.
Qaror qabul qilingan paytdan boshlab qonuniy kuchga kiradi.
Mazkur qaror ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga kassatsiya tartibida shikoyat qilinishi mumkin.
Raislik qiluvchi, sudya A. NARZULLAYEV
Hayʼat aʼzolari, sudyalar: A. MAMARAIMOV
B. KEUNIMJAYEVA
Toshkent sh.,
2022-yil 24-noyabr,
4-1001-2210/35635-son