Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati R. Xaydarovning raisligida, sudyalar A. Abdullayev va B. Israylovdan iborat tarkibda, A. Baxshulloyevning kotibligida, “AAA” kompaniyasi vakili Sh.K. (2022-yil 12-maydagi ishonchnoma va 2022-yil 5-avgustdagi 140-sonli order asosida), “KG” masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qoʻshma korxonasi vakili M.K. (2022-yil 2-noyabrdagi 131-sonli order va 2022-yil 26-iyuldagi 2-sonli ishonchnoma asosida), A.R. (2022-yil 26-iyuldagi ishonchnomaga asosan) va O.U. (bosh direktor), “UNZ” aksiyadorlik jamiyati vakili A.A. (2022-yil 12-sentabrdagi 01-12/2-49-sonli ishonchnoma asosida) va T.Y. (2022-yil 12-sentabrdagi 01-12/2-50-sonli ishonchnoma asosida)ning ishtirokida, daʼvogar “AAA” kompaniyasining javobgar “KG” masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qoʻshma korxonasiga nisbatan “KG” masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qoʻshma korxonasi ishtirokchilarining bayonnoma bilan rasmiylashtirilgan umumiy yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi boʻyicha yuritilgan ish yuzasidan Qashqadaryo viloyat sudi iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati birinchi instansiyasining 2022-yil 12-sentabrdagi hal qiluv qarori ustidan daʼvogar tomonidan berilgan apellatsiya shikoyatini ish hujjatlari bilan birga Oliy sud binosida oʻtkazilgan ochiq sud majlisida koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
Daʼvogar “AAA” kompaniyasi (bundan buyon matnda daʼvogar, kompaniya deb yuritiladi) sudga daʼvo arizasi bilan murojaat etib, javobgar “KG” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qoʻshma korxona (bundan buyon matnda javobgar, MChJ QK deb yuritiladi)ning 2019-yil 11-iyuldagi 60-sonli bayonnomasi bilan rasmiylashtirilgan umumiy yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Sudning 2022-yil 24-avgustdagi ajrimi bilan ishga nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida “UNZ” aksiyadorlik jamiyati va “GPAAG” kompaniyasi jalb qilingan.
Qashqadaryo viloyat sudi iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati birinchi instansiyasining 2022-yil 12-sentabrdagi hal qiluv qarori bilan javobgarning daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi arizasi qanoatlantirilgan va daʼvo muddati qoʻllanilib, daʼvo arizasini qanoatlantirish rad etilgan.
Mazkur hal qiluv qarori ustidan daʼvogar tomonidan apellatsiya shikoyati va keyinchalik shikoyatga qoʻshimcha berilib, unda hal qiluv qarorini bekor qilish va daʼvo talabini qanoatlantirish toʻgʻrisida yangi qaror qabul qilish soʻralgan. Bunga asos qilib shikoyatda, MChJ QK ishtirokchilarining 100% mavjud boʻlsa umumiy yigʻilish vakolatli hisoblanishi, 2019-yil 11-iyuldagi umumiy yigʻilishda daʼvogar vakili A.O. qatnashgan deb yozilganligi, biroq ushbu vaqtda A.O. Oʻzbekiston hududida boʻlmaganligi, chegara qoʻshinlarining 2022-yil 10-sentabrdagi xatiga koʻra A.O. 2019-yil 1-iyuldan shu kunga qadar Oʻzbekiston hududiga kirganligi toʻgʻrisida maʼlumot mavjud emasligi haqida yozilganligi, sud esa buni inobatga olmaganligi, daʼvo arizasi 2022-yil 8-iyulda elektron taqdim etilgan boʻlib, javobgar yozma fikrida 2022-yil 13-iyulda taqdim etilgan daʼvo arizasiga nisbatan uch yillik daʼvo muddati oʻtgan deb soʻraganligi, sud daʼvo muddatini 2019-yil oktyabrdan boshlab hisoblab, 2022-yil 8-iyulda ikki yilu 8 oyda daʼvo berilganligini qayd etganligi, javobgar uch yillik daʼvo muddatini soʻragan boʻlsa, sud ikki oylik daʼvo muddatini qoʻllaganligi, daʼvogar vakilining javobgar rahbariga yozgan xatlaridan yigʻilish toʻgʻrisida bilgan deb notoʻgʻri toʻxtamga kelganligi, daʼvogar ushbu umumiy yigʻilish toʻgʻrisida 18-sonli ish boʻyicha ijro ishi qoʻzgʻatilganda bilganligi, birinchi instansiya sudida MChJ QK nomidan 2022-yil 26-iyuldagi raqamsiz ishonchnoma asosida advokat M.K. va ushbu raqamsiz ishonchnoma asosida javobgar bilan yuridik xizmat koʻrsatish shartnomasi tuzgan huquqshunos A.R. qatnashganligi, shartnoma boʻyicha vakil ishonchnomadan tashqari sudga shartnoma boʻyicha vakil maqomini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishi, shuningdek advokatning vakolati order bilan tasdiqlanib, OʻzR Adliya vazirining 2009-yil 8-apreldagi 1938-son bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan “Advokat tomonidan ishni olib borishga order shaklini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻining 2-bandiga koʻra lozim darajada rasmiylashtirilmagan, dogʻ tushirilgan va yozuvlari oʻchirilgan orderlar haqiqiy emasligi qayd etilganligi, M.K.ning orderida uning tartibi raqami va sanasi koʻrsatilmaganligi, order berishga asos boʻlgan hujjat, yaʼni shartnoma, order ishonch bildiruvchi shaxsga qanday ish boʻyicha yuridik yordam koʻrsatish uchun berilganligi belgilanmaganligi, vakil A.R.ning buyrugʻi yoki ishonchnomadan tashqari sudga shartnoma boʻyicha vakil maqomini tasdiqlovchi hujjat taqdim etmaganligi, bu holatda sud shaxsning ishda ishtirok etishiga oid vakolatlarini tan olishni rad etishi lozimligi, advokat M.K.ga nisbatan yuqorida qayd etilgan kamchiliklarga yoʻl qoʻyganligi uchun chora koʻrish uchun xususiy ajrim chiqarib, Toshkent shahar advokatlar hayʼatiga yuborish, hujjatlar soxtalashtirilganligi holati boʻyicha xususiy ajrim chiqarib, Toshkent shahar prokuraturasiga yuborish soʻralgan.
Sud muhokamasida ishtirok etgan daʼvogar vakili dastlab iltimosnoma kiritib, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi tomonidan taqdim etilgan 2022-yil 2-noyabrdagi mutaxassis fikriga koʻra MChJ QKning 2019-yildagi 97-k-sonli buyrugʻida bosh direktor v.b. O.U. tomonidan qoʻyilgan imzo va sudga taqdim qilingan 2022-yil 12-sentabrdagi 261-06/m-sonli arizadagi bosh direktor O.U. nomidan qoʻyilgan imzo bitta shaxs tomonidan emas, balki turli shaxslar tomonidan bajarilganligi, MChJ QKning 2019-yil 13-sentabrdagi 97-k-sonli buyrugʻida bosh direktor v.b. O.U. tomonidan qoʻyilgan imzo va sudga taqdim qilingan 2022-yil 12-sentabrdagi yozma fikrdagi bosh direktor O.U. tomonidan qoʻyilgan imzo bitta shaxs tomonidan emas, balki turli shaxslar tomonidan bajarilganligi koʻrsatilganligi, bugungi sudda O.U. oʻz tushuntirishlarida esa buyruq, ariza va yozma fikrdagi imzolar uning oʻziga tegishli ekanligini tasdiqlaganligini inobatga olib, sudga oid xatshunoslik ekspertizasini tayinlashni soʻradi, shuningdek iltimosnoma kiritib, 2019-yil 11-iyuldagi 60-sonli umumiy yigʻilishda kompaniya tomonidan A.O., “UNZ” AJ nomidan boshqaruv raisi B.S., “GPA AG” kompaniyasi nomidan boshqaruvchi direktor B.F., “MNZ” MChJ nomidan bosh direktor B.N. qatnashgan deb koʻrsatilganligi, MChJ QK ishtirokchilarining 60-sonli umumiy yigʻilish bayonnomasida umumiy yigʻilish oʻtkazilgan vaqt va joy koʻrsatilmaganligi sababli umumiy yigʻilish haqiqatdan oʻtkazilgan-oʻtkazilmaganligi, bayonnoma haqiqatdan ham ushbu shaxslar tomonidan imzolanganligi masalasiga aniqlik kiritish maqsadida B.S., B.F., B.N.larning ishtirokini taʼminlashni soʻragan, shuningdek apellatsiya shikoyatida va unga qoʻshimchada keltirilgan vajlarni toʻliq qoʻllab-quvvatlab, Davlat xavfsizlik xizmati chegara qoʻshinlari tomonidan 2022-yil 10-sentabrda 439-sonli xat bilan A.O. 2019-yil 1-iyuldan bugungi kungacha Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirmaganligi toʻgʻrisida maʼlumot berilganligi, bu esa MChJ QK ishtirokchilarining 2019-yil 11-iyuldagi umumiy yigʻilish daʼvogarning bexabarligida va ishtirokisiz oʻtkazilganligi, daʼvogar yigʻilish oʻtkaziladigan vaqt va joy haqida tegishli tartibda xabardor qilinmaganligi, mazkur holatda daʼvo muddati sud tomonidan notoʻgʻri q�llanilganligini bildirib, apellatsiya shikoyatini qanoatlantirish, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvo talabini qanoatlantirish toʻgʻrisida yangi qaror qabul qilishni soʻradi.
Sud muhokamasida ishtirok etgan javobgar vakillari daʼvogar vakilining iltimosnomalariga eʼtiroz bildirib, bosh direktor O.U. buyruqdagi, ariza va yozma fikrdagi imzolar oʻziga tegishli ekanligini tasdiqlab, mutaxassisning shaxsiy fikrini asos qilib sud xatshunoslik ekspertizasi tayinlashga zarurat mavjud emasligini bildirib, ushbu iltimosnomani rad qilishni, shuningdek mazkur nizo sudda koʻrilishida B.S., B.F. va B.N. tomonidan ishtirokchilarning umumiy yigʻilishi oʻtkazilmaganligi yoki yigʻilishda ishtirok etishmaganligi toʻgʻrisida tushuntirish bermaganligi, balki ularning vakili sudda yigʻilish oʻtkazilganligini tasdiqlab fikr bildirganligini, qolaversa sud tomonidan daʼvoning mazmuniga kirmasdan daʼvo muddatini qoʻllab daʼvo talabi rad qilinganligini inobatga olib, yuqoridagi shaxslarni sud majlisida ishtirokini taʼminlashga zarurat mavjud emas deb, iltimosnomani ham rad qilishni soʻrashdi, shuningdek apellatsiya shikoyati yuzasidan sudga taqdim etgan yozma fikridagi vajlarni toʻliq tasdiqlab, A.O.ning umumiy yigʻilish oʻtkazilgan vaqtda Oʻzbekiston hududiga kelganligi toʻgʻrisida daʼvogar tushuntirish bermaganligi, u bundan avvalgi va nizoli yigʻilishda ham xorijdan turib aloqa vositasi orqali ishtirok etganligi, mazkur holatda sud daʼvoning mazmuniga kirmasdan, daʼvo muddati oʻtganligi sababli daʼvo muddatini qoʻllab daʼvo talabini rad qilish toʻgʻrisida qonuniy qaror qabul qilganligini bildirib, apellatsiya shikoyatini rad qilishni soʻradi.
Sud muhokamasida ishtirok etgan “UNZ” AJ vakili daʼvogar vakilining iltimosnomalarini rad qilishni soʻradi, shu bilan birga birinchi instansiya sudi tomonidan daʼvo muddatini qoʻllab daʼvo asosli rad qilinganligini bildirdi.
Sud muhokamasi vaqti va joyi haqida tegishli tartibda xabardor qilingan “GPA AG” kompaniyasi vakili sud majlisida ishtirok etmadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi) 274-moddasining toʻrtinchi qismiga koʻra apellatsiya instansiyasi sudining sud majlisiga sud muhokamasini oʻtkazish vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan apellatsiya shikoyatini (protestini) bergan shaxsning va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning kelmaganligi ishni ularning ishtirokisiz koʻrishga toʻsqinlik qilmaydi.
Shuning uchun sudlov hayʼati ishni uchinchi shaxs vakilining ishtirokisiz koʻrib chiqishni lozim topadi.
Sudlov hayʼati ishda ishtirok etuvchi shaxslar vakillarining tushuntirishlarini tinglab, apellatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra daʼvogar vakilining sudga oid xatshunoslik ekspertizasi tayinlash hamda sud majlisiga aloqador shaxslarning ishtirokini taʼminlash toʻgʻrisidagi iltimosnomalarini rad qilishni, apellatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topdi.
Sud muhokamasida ishtirok etgan javobgar bosh direktori O.U. MChJ QKning 2019-yildagi 97-k-sonli buyrugʻi, 2022-yil 12-sentabrdagi 261-06/m-sonli ariza va 2022-yil 12-sentabrdagi yozma fikrdagi imzolar oʻziga tegishli ekanligini tasdiqlab tushuntirish berganligi sababli sudlov hayʼati mutaxassis fikrini asos qilib, imzolarni kim tomonidan bajarilganligini aniqlashga zarurat mavjud emas deb hisoblab, daʼvogar vakilining sudga oid xatshunoslik ekspertizasi tayinlash toʻgʻrisidagi iltimosnomasini rad qilishni lozim topdi.
Shuningdek, nizo sudda koʻrilishida taʼsischilar “UNZ” AJ va “GPA AG” kompaniyasi nomidan umumiy yigʻilish qarori boʻyicha eʼtirozlar bildirilmaganligi va ular tomonidan nizolashilmaganligi, qolaversa nizo boʻyicha mazmunan qaror qabul qilinmasdan, daʼvo muddati qoʻllagan holda daʼvo rad qilinganligi sababli ushbu shaxslarni sud majlisida ishtirokini taʼminlashga zarurat mavjud emas deb hisoblab, daʼvogar vakilining “UNZ” AJ nomidan boshqaruv raisi B.S., “GPA AG” kompaniyasi nomidan boshqaruvchi direktor B.F. va “MNZ” MChJ nomidan bosh direktor B.N.ning sud majlisida ishtirokini taʼminlash toʻgʻrisidagi iltimosnomasini rad qilishni lozim topdi.
Ishdagi hujjatlarga koʻra, MChJ QK Qashqadaryo viloyat adliya boshqarmasi tomonidan 2004-yil 14-sentabrda № 002057-reyestr raqami bilan davlat roʻyxatiga olingan.
2008-yil 11-apreldagi 12-sonli ishtirokchilar umumiy yigʻilish qarori bilan MChJ QKning ustavi va taʼsis shartnomasi yangi tahrirda tasdiqlangan.
Qashqadaryo viloyat adliya boshqarmasi tomonidan 2011-yil 4-fevralda roʻyxatga olingan MChJ QK taʼsis hujjatlariga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra jamiyat ustav fondida ishtirokchilarning ulushlari quyidagi miqdorlarda taqsimlangan.
“MNZ” MChJ 50%;
“GPA AG” kompaniyasi 25%;
“UNZ” AJ 12,5%;
“AAA” kompaniyasi 12,5%.
MChJ QK ishtirokchilarining 2019-yil 11-iyulda 60-sonli jamiyat bosh direktorini tayinlash (saylash) toʻgʻrisida qabul qilingan. qaroriga asosan O.U. 2019-yil 13-iyuldagi 97-k-sonli buyruq asosida direktor lavozimiga kirishgan.
Daʼvogar daʼvo arizasi va sud muhokamasi jarayonida keltirgan vajlariga koʻra, umumiy yigʻilish qarori qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda uni xabardor qilmasdan yoki ishtirokini taʼminlamasdan huquq va manfaatlariga xilof ravishda qabul qilinganligini asos qilib, umumiy yigʻilish qarorini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Ish sudda koʻrilishida javobgar sudga ariza va yozma fikr taqdim etib, unda daʼvogarning O.U. bosh direktor lavozimiga tayinlanganligidan xabari boʻlganligi, bu daʼvogarning direktor O.U. nomiga 2019-yil 2-iyulda yoʻllagan 28.05-19-sonli talabnomasi, 2019-yil 21-oktabrdagi 44.05-19-sonli xati, daʼvogar advokati Sh.K.ning 2021-yil 31-yanvardagi 10.01-21-sonli va 2021-yil 1-fevraldagi va boshqa yozishmalar bilan tasdiqlanganligini asos qilib, bu holatda daʼvo muddati oʻtgan deb hisoblab, daʼvo talabini qanoatlantirishni rad etishni soʻragan.
“Masʼuliyati cheklangan va qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 41-moddasining birinchi qismiga koʻra jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlari, jamiyatning ustavi talablari buzilgan holda qabul qilingan hamda jamiyat ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan qarori ovoz berishda ishtirok etmagan yoki bahsli qarorga qarshi ovoz bergan jamiyat ishtirokchisining arizasiga koʻra sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Bunday ariza jamiyat ishtirokchisi qabul qilingan qaror toʻgʻrisida bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan kundan eʼtiboran ikki oy ichida berilishi mumkin.
Birinchi instansiya sudi daʼvo arizada 4-18-2107/18-sonli iqtisodiy ish boʻyicha ijro ishi qoʻzgʻatilgandan keyin ijro ishi bilan tanishish mobaynida, yaʼni 2022-yil 14-iyunda MChJ QK bosh direktori O.U. ishtirokchilarning 2019-yil 11-iyuldagi 60-sonli umumiy yigʻilish qarori bilan saylanganligi toʻgʻrisida xabar topganligini qayd etilgan boʻlsa-da, biroq daʼvogar direktori A.O. tomonidan 2019-yil 21-oktabrda 44.0519-sonli MChJ QK bosh direktori O.U.ga xat yozganligi, bundan tashqari daʼvogar va uning vakili tomonidan “MChJ QK bosh direktori O.U. nomiga bir necha marotaba xatlar bilan murojaat qilinganligini inobatga olib, daʼvogarning qabul qilingan ushbu qaror toʻgʻrisida bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan kunni aynan 2019-yil 21-oktabrdan hisoblab, daʼvo muddatining oʻta boshlashini aynan shu kundan hisoblashni lozim topib, daʼvo arizasi bilan sudga 2022-yil 8-iyulda, yaʼni umumiy yigʻilish qarori toʻgʻrisida bilishi lozim boʻlgan kundan ikki yilu sakkiz oy oʻtgach murojaat qilinganligi sababli javobgarning daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi arizasini qanoatlantirib, daʼvo muddatini qoʻllab daʼvo talabini qanoatlantirishni rad qilishni lozim topgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi (bundan buyon matnda FK deb yuritiladi) 154-moddasining birinchi qismiga koʻra daʼvo muddati shaxs oʻzining huquqi buzilganligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan kundan oʻta boshlaydi.
FK 151-moddasining birinchi qismiga koʻra ayrim turdagi talablar uchun qonunchilikda umumiy daʼvo muddatiga qaraganda qisqartirilgan yoki uzaytirilgan maxsus daʼvo muddatlari belgilanishi mumkin.
FK 153-moddasining uchinchi qismiga koʻra qoʻllanish toʻgʻrisida nizodagi taraf bayon qilgan daʼvo muddatining oʻtishi sudning daʼvoni rad etish haqida qaror chiqarishi uchun asos boʻladi.
Mazkur holatda daʼvogar MChJ QKning bosh direktori O.U. tayinlanganligidan xabari boʻlgan, bu bosh direktor O.U. nomiga daʼvogar direktori A.O. tomonidan yoʻllangan 2019-yil 21-oktabrdagi 45.05-19-sonli, 2020-yil 6-yanvardagi 01.01-20-sonli 2020-yil 3-martdagi 03.01-20-sonli, 2020-yil 19-avgustdagi 21.01-20-sonli, shuningdek daʼvogar vakili Sh.K.ning 2021-yil 1-fevraldagi xati, bosh direktor O.U.ning javobgar vakili nomiga yoʻllagan 2021-yil 4-fevraldagi 51-06/m-sonli xat va yozishmalari bilan tasdiqlangan boʻlib, daʼvogar shu vaqtdan boshlab O.U.ni bosh direktor lavozimiga tayinlanganligini bilgan va shu vaqtdan boshlab daʼvogarda bosh direktorning tayinlashini nizolashish huquqi vujudga kelgan, biroq daʼvogar bu bilan bogʻliq oʻz eʼtiroz va vajlarini bildirmagan yoki sudda nizolashmagan.
Shu sababli birinchi instansiya sudi daʼvo muddati oʻtgan deb hisoblab, daʼvogarning daʼvo talabini qanoatlantirishni rad qilish toʻgʻrisida asosli toʻxtamga kelgan.
Sudlov hayʼati daʼvogarning apellatsiya shikoyatidagi MChJ QK ishtirokchilarining 2019-yil 11-iyuldagi umumiy yigʻilishida daʼvogar vakili A.O. qatnashgan deb yozilganligi, biroq ushbu vaqtda A.O. Oʻzbekiston hududida boʻlmaganligi, chegara qoʻshinlarining 2022-yil 10-sentabrdagi xatida A.O. 2019-yil 1-iyuldan shu kunga qadar Oʻzbekistonga kirganligi toʻgʻrisida maʼlumot yoʻqligi haqida yozilganligini sud inobatga olmaganligi toʻgʻrisidagi vajlari bilan kelishmaydi. Sababi birinchi instansiya sudi daʼvoning mazmuni boʻyicha qaror qabul qilmagan, ushbu vajlarni tekshirib, huquqiy baho berishga zarurat boʻlmagan.
Shuningdek, sudlov hayʼati arizada uch yillik daʼvo muddatini qoʻllash soʻralganligi, biroq sud tomonidan asossiz ravishda ikki oylik daʼvo muddati notoʻgʻri qoʻllanilganligi toʻgʻrisidagi vajlar bilan ham kelishmaydi. Sababi haqiqatdan ham javobgar vakili sudga taqdim etgan arizasi va yozma fikrida ikki oylik daʼvo muddati bilan bogʻliq qonun normalarini koʻrsatib, uch yillik muddat oʻtganligini vaj qilib daʼvo muddatini qoʻllashni soʻragan. Javobgar ushbu holatda daʼvo muddatini qoʻllash bilan bogʻliq niyatini izhor qilganligining oʻzi yetarli, bunda sud tomonidan qisqartirilgan daʼvo muddati qoʻllanilishida moddiy yoki protsessual huquq normasi buzilmagan.
Sudlov hayʼati daʼvogar vakilining apellatsiya shikoyatiga qoʻshimchasidagi advokat M.K.ga nisbatan oʻz vakilligini rasmiylashtirishda yoʻl qoʻygan kamchiliklar uchun unga nisbatan xususiy ajrim chiqarib, Toshkent shahar advokatlar hayʼatiga yuborish, hujjatlar soxtalashtirilganligi holati boʻyicha xususiy ajrim chiqarib, Toshkent shahar prokuraturasiga yuborish toʻgʻrisidagi vajlari bilan ham kelishmaydi.
IPK 200-moddasining birinchi qismiga koʻra, ishni koʻrish vaqtida davlat organining yoki boshqa organning, yuridik shaxsning, mansabdor shaxsning yoki fuqaroning faoliyatida qonunchilik hujjatlari buzilganligi aniqlangan taqdirda, ularning ishda ishtirokidan qatʼi nazar, sud xususiy ajrim chiqarishga haqlidir.
Ishni sudda koʻrish davomida advokat M.K. tomonidan qonunchilikka, Advokatning kasb etikasi qoidalari, advokat qasamyodini buzish holatlari aniqlanmaganligi sababli xususiy ajrim chiqarishga asos mavjud emas. Qolaversa, advokat M.K. tomonidan ishonchnomaning tegishli tartibda rasmiylashtirilmaganligi bilan bogʻliq masalalar tegishli adliya organlari va Advokatlar palatasining vakolati doirasida tegishli baho berilishi lozim.
IPK 279-moddasining birinchi qismiga koʻra ish uchun ahamiyatli holatlarning toʻliq aniqlanmaganligi; sud aniqlangan deb hisoblagan, ish uchun ahamiyatli boʻlgan holatlarning isbotlanmaganligi; hal qiluv qarorida bayon qilingan xulosalarning ish holatlariga muvofiq emasligi; moddiy va (yoki) protsessual huquq normalarining buzilganligi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilganligi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻladi.
Mazkur holatda birinchi instansiya sudi tomonidan moddiy va protsessual huquq normalari buzilmagan, hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos mavjud emas.
IPK 278-moddasining 1-bandiga koʻra apellatsiya instansiyasi sudi apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishga haqli.
Bayon qilinganlarga asosan sudlov hayʼati daʼvogar vakilining iltimosnomalarini rad qilishni, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, apellatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topadi. IPKning 118-moddasiga asosan daʼvogar tomonidan ixtiyoriy toʻlangan davlat boji va pochta xarajatlarini uning zimmasida qoldiriladi.
Binobarin sudlov hayʼati Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi 118, 276, 278, 280-moddalarini qoʻllab, qaror qiladi:
Daʼvogar “AAA” kompaniyasi vakilining sudga oid xatshunoslik ekspertizasi tayinlash toʻgʻrisidagi hamda sudga aloqador shaxslarni ishtirokini taʼminlash toʻgʻrisidagi iltimosnomalari rad etilsin.
Qashqadaryo viloyat sudi iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati birinchi instansiyasining 2022-yil 12-sentabrdagi hal qiluv qarori oʻzgarishsiz, apellatsiya shikoyati esa qanoatlantirmasdan qoldirilsin.
Qarorning koʻchirma nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yuborilsin.
Qaror qabul qilingan paytdan boshlab qonuniy kuchga kiradi.
Raislik qiluvchi R. XAYDAROV
hayʼat aʼzolari A. ABDULLAYEV
B. ISRAYLOV
Toshkent sh.,
2022-yil 22-noyabr,
4-18-2204/11-son