Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Parlamentlararo Assambleyasining 2022-yil 27-28-oktabr kunlari Samarqandda oʻtkazilgan kuzgi sessiyasi yakunlari toʻgʻrisida
Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Parlamentlararo Assambleyasining (MDH PA) 2022-yil 27-28-oktabr kunlari Samarqandda oʻtkazilgan kuzgi sessiyasi MDH hududida parlamentlararo hamkorlikning konseptual jihatdan yangi shart-sharoitlarini shakllantirish uchun zarur poydevor yaratdi.
Ozarbayjon, Armaniston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Belarus, Rossiya, Oʻzbekiston va Turkmaniston parlamentlari delegatsiyalari rahbarlari, Moldova parlamenti aʼzolari, MDH PA Kengashi Kotibiyati, MDH Ijroiya qoʻmitasi va TurkPA vakillari ishtirokida bunday keng koʻlamli xalqaro tadbirning tashkil etilishi Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi roli va nufuzi ortib borayotganini koʻrsatdi.
MDH PA sessiyasi mintaqa rivojlanishida yuzaga kelayotgan tendensiyalarni tushunish, parlamentlararo hamkorlikning asosiy istiqbollarini belgilab olish, qator namunaviy (model) qonunlarni qabul qilish, koʻplab ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazish imkonini berdi.
Shu bilan birga, qator maqsadlarga erishish parlament diplomatiyasining saʼy-harakatlarini izchil oshirish va parlamentlararo hamkorlikning yangi mexanizmlarini joriy etishni taqozo etadi.
MDH PA kuzgi sessiyasi doirasida ilgari surilgan tashabbuslarni amalda roʻyobga chiqarish va parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasi raisi B. Alixanovning Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Parlamentlararo Assambleyasining 2022-yil 27-28-oktabr kunlari Samarqandda oʻtkazilgan kuzgi sessiyasi yakunlari toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oliy Majlis Senatining MDH PA doirasidagi faoliyati ustuvor yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning tashqi siyosiy tashabbuslarini parlamentlararo hamkorlik mexanizmlari orqali faol targʻib qilish;
“yashil” texnologiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha iqtisodiyot, investitsiya, energetika va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikning huquqiy asoslarini mustahkamlash;
xalqaro majburiyatlarni monitoring qilish, shu jumladan MDH mamlakatlari oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirish boʻyicha milliy harakatlar rejalarini (“yoʻl xaritalari”ni) ishlab chiqish;
MDH PA doirasida parlamentlararo guruhlar, komissiyalar va boshqa tuzilmalar faoliyati samaradorligini oshirish;
namunaviy (model) qonunlarni ishlab chiqishda faol qatnashish;
savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni chuqurlashtirishga qaratilgan parlamentlararo darajadagi konferensiyalar, uchrashuvlar va forumlar tashkil etish hamda oʻtkazish;
parlament diplomatiyasi boʻyicha tajriba almashish va “Elektron parlament” tizimi axborot texnologiyalaridan keng foydalanish;
MDH shaharlari oʻrtasida mintaqalararo, shuningdek, birodarlik munosabatlarini oʻrnatish va rivojlantirishga koʻmaklashish;
Oʻzbekiston Respublikasining milliy manfaatlarini ifodalash maqsadida parlament delegatsiyalarining tashriflarini tashkil etish, xalqaro forumlarda ishtirok etish;
turistik marshrutlarni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻzaro tajriba almashishni ragʻbatlantirish, tarixiy, madaniy, maʼnaviy va milliy qadriyatlarni oʻrganish hamda asrab-avaylash boʻyicha hamkorlikni kengaytirish;
saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish va ekologik muammolar hamda tabiiy ofatlarni boshqarish masalalarini hal etish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqishda koʻmaklashish, atrof muhitni muhofaza qilish tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash.
3. Oliy Majlis Senatining qoʻmitalari:
MDH PA doirasida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan va boshqa parlamentlararo darajadagi tadbirlarni tashkil etish hamda oʻtkazishda faol ishtirok etsin;
MDH PA doirasidagi namunaviy (model) qonunlarning muhim jihatlarini hamda mamlakatlar iqtisodiyoti integratsiya qilinishidagi ahamiyati va muammolarini tahlil qilsin;
namunaviy (model) qonunlarning milliy manfaatlarga mos, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga xizmat qiluvchi meʼyorlarini qonunchilikka implementatsiya qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqsin.
4. Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda:
erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha 2023-yilga moʻljallangan “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqsin va MDH PA ishtirokchi mamlakatlarining milliy parlamentlari bilan kelishsin;
Oliy Majlis Senati delegatsiyasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Senati oʻrtasidagi qoʻshma Parlamentlararo komissiyaning 2023-yilda Kostonaydagi navbatdagi majlisida ishtirokini tashkil etishga kirishsin;
Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiziston Respublikasi oʻrtasidagi hamkorlik boʻyicha qoʻshma Parlamentlararo komissiyaning Qirgʻizistonga oid qismi shakllantirilgach, komissiyaning navbatdagi majlisini oʻtkazish masalasini ishlab chiqsin;
Oʻzbekiston bilan MDH mamlakatlari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritalari” ijrosi ustidan parlament nazoratini oʻrnatsin;
Oʻzbekiston Respublikasining MDH mamlakatlaridagi elchilarining ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobotlarini eshitsin.
Senatning Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasi bilan hamkorlikda MDH PA huzuridagi ekologiya va tabiatdan foydalanish masalalari boʻyicha ekspert kengashi ishini tashkil etishda faol ishtirok etsin.
Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi hamda Savdo-sanoat palatasini jalb etgan holda hamdoʻstlik mamlakatlari parlamentlari bilan hamkorlikda tadbirkor ayollar biznes forumlarini oʻtkazish choralarini koʻrsin.
Senatning Eshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi, Xalq taʼlimi vazirligi va Eshlar ishlari agentligi bilan birgalikda:
2023-yilda Oʻzbekistonda “Hamdoʻstlik bolalari” xalqaro madaniy-maʼrifiy forumiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish ishlarini boshlasin;
Oliy Majlis Senatining Yoshlar parlamenti va MDH mamlakatlari yoshlar parlamentlari oʻrtasidagi uzviy hamkorlik yoʻlga qoʻyilishini taʼminlasin.
2023-yil 1-iyungacha boʻlgan muddatda mazkur Qaror ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi axborotni Senat Kengashiga taqdim etsin.
5. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
6. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2022-yil 19-noyabr,
SQ-656-IV-son