Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QUROLLI KUCHLARINING HARBIY XIZMATCHILARINI IJTIMOIY MUHOFAZA QILISHNI TAʼMINLASH BORASIDAGI QOʻSHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining belgilangan tartibda turar joy bilan taʼminlanmagan harbiy xizmatchilarini ijtimoiy muhofaza qilishni taʼminlash maqsadida:
1. 2005-yilning 1-iyulidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining kontrakt boʻyicha xizmat qilayotgan, amaldagi sarf-xarajatlar (kommunal xizmatlar haqi bundan mustasno) doirasida turarjoy bilan taʼminlanmagan oddiy askar, serjant va ofitser tarkiblari harbiy xizmatchilariga turarjoyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun:
Toshkent shahrida — eng kam ish haqining toʻrt baravarigacha miqdorda;
Keyingi tahrirga qarang.
Nukus shahri va viloyat markazlarida — eng kam ish haqining uch baravarigacha miqdorda;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining boshqa shaharlari, tuman markazlari va aholi punktlarida — eng kam ish haqining ikki baravarigacha miqdorda har oylik pul kompensatsiyasi toʻlovlari belgilansin.
Keyingi tahrirga qarang.
Oila aʼzolari uch kishi va undan ortiq boʻlgan taqdirda harbiy xizmatchilarning ushbu pul kompensatsiyasi miqdorlari 50 foizga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Belgilansinki, Qurolli Kuchlarning harbiy xizmatchilariga har oylik pul kompensatsiyasi toʻlovlarining ushbu normalari joriy etilishi bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy xavfsizlik xizmati budjetining har yili tasdiqlanadigan parametrlari doirasida amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (Sh. Mirziyoyev):
bir hafta muddatda Moliya vazirligi (S. Rahimov), Mudofaa vazirligi (Q. Gʻulomov), Ichki ishlar vazirligi (Z. Almatov), Milliy xavfsizlik xizmati (R. Inoyatov) bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilariga turarjoyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun har oylik pul kompensatsiyasi toʻlash tartibini belgilasin;
uch oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilarini turarjoy bilan taʼminlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va koʻrib chiqish uchun kiritsin.
4. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashining Kotibi R. Mirzayev zimmalariga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 30-iyun,
PQ-112-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 25-26-son, 180-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.06.2018-y., 06/18/5456/1316-son; 14.12.2019-y., 06/19/5894/4161-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son; 25.02.2025-y., 07/25/71/0178-son; 09.06.2026-y., 07/26/214/0572-son)