Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
Qarori
“Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan mikrokredit tashkilotlari va lombardlar faoliyatini tekshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 13-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2209-3]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2011-yil 5-fevraldagi 4/4-son “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan mikrokredit tashkilotlari va lombardlar faoliyatini tekshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2209, 2011-yil 14-mart) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 10-11-son, 111-modda) ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2022-yil 16-sentabr,
20/2-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2022-yil 16-sentabrdagi 20/2-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
“Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan mikrokredit tashkilotlari va lombardlar faoliyatini tekshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. Qarorda:
a) nomi va 1-bandidagi “mikrokredit tashkilotlari va lombardlar” degan soʻzlar “nobank kredit tashkilotlari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
b) muqaddima quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi hamda “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qaror qiladi:”.
2. Nizomda:
a) nomidagi “mikrokredit tashkilotlari va lombardlar” degan soʻzlar “nobank kredit tashkilotlari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
b) muqaddima quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki (bundan buyon matnda Markaziy bank deb yuritiladi) tomonidan nobank kredit tashkilotlari faoliyatini tekshirish tartibini belgilaydi.”;
v) 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Markaziy bank nobank kredit tashkilotlari faoliyatini tartibga solish hamda nazorat qilish borasidagi vazifalarini amalga oshirish uchun tekshiruvlar oʻtkazadi.”;
g) 3-band quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“nobank kredit tashkilotlari — banklar tomonidan amalga oshiriladigan ayrim moliyaviy operatsiyalarning Oʻzbekiston Respublikasining “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunida ruxsat etilgan majmuini amalga oshiruvchi kredit tashkilotlari (mikromoliya tashkiloti, lombard va ipotekani qayta moliyalashtirish tashkiloti);”;
ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilar tegishli ravishda uchinchi — beshinchi xatboshilar deb hisoblansin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.10.2022-y., 10/22/2209-3/0981-son)