O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
O‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida
Ko‘rish, eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan shaxslarning savodxonligini oshirish, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularga ko‘rsatiladigan ta’lim xizmatlari sifatini yaxshilash hamda O‘zbekiston Respublikasining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini ta’minlash maqsadida:
1. O‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:
o‘zbek imo-ishora tilini yanada rivojlantirish va uning huquqiy maqomini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, undan muloqot vositasi sifatida foydalanishni rag‘batlantirib borish;
o‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosida o‘qitiladigan ta’lim dasturlariga qo‘yiladigan davlat talablarini takomillashtirish;
o‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosiga o‘qitishda zamonaviy axborot texnologiyalar, innovatsion vositalar va usullarni keng qo‘llash;
ko‘rish, eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan shaxslarga televizion dasturlar, filmlar, teatr va boshqa madaniy tadbirlarning ular uchun qulay formatlarda bo‘lishini, shu jumladan surdotarjima yoki subtitrlar bilan namoyish etilishini ta’minlash;
ko‘rish, eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy-mehnat ko‘nikmalarini hosil qilishiga va jamiyatga uyg‘unlashuviga ko‘maklashish.
2. Belgilansinki:
2023-yil 1-yanvardan boshlab, talablardan kelib chiqqan holda, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari hamda “Ishga marhamat” monomarkazlarida o‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini o‘rgatish bo‘yicha maxsus o‘quv kurslari (keyingi o‘rinlarda — maxsus o‘quv kurslari) tashkil etiladi;
maxsus o‘quv kurslarida ko‘rish, eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan shaxslar hamda ushbu toifadagi voyaga yetmagan bolalarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar — bepul, qolgan shaxslar — pullik asosda o‘qitiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
maxsus o‘quv kurslarida o‘qish istagini bildirgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining maxsus axborot platformasida onlayn ro‘yxatdan o‘tadi;
(2-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-dekabrdagi PF-216-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/216/1008-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi yo‘nalish bo‘yicha kamida 8 nafar talabgordan iborat bo‘lgan guruh shakllangandan so‘ng, tegishincha Xalq ta’limi vazirligi yoki Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga maxsus o‘quv kurslarini tashkil etish bo‘yicha buyurtma joylashtiradi;
(2-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-dekabrdagi PF-216-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/216/1008-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
maxsus o‘quv kurslari yakuni bo‘yicha ta’lim oluvchilar uchun yakuniy nazorat imtihonlari tashkil etiladi. Bunda, yakuniy nazorat imtihonlarini qabul qiluvchi komissiya tarkibiga majburiy tarzda hududiy karlar va ko‘zi ojizlar jamiyatlaridan vakillar hamda o‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosi bo‘yicha malakali mutaxassislar jalb etiladi;
maxsus o‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlab, yakuniy nazorat imtihonlarini topshirgan ta’lim oluvchilarga tegishli darajadagi davlat namunasidagi sertifikat beriladi;
maxsus o‘quv kurslarini tashkil etish Davlat budjeti mablag‘lari, talabgorlarni pullik asosda o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar, xalqaro va mahalliy grantlar hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
3. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov) Xalq ta’limi vazirligi (B. Saidov), Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi (A. Inakov), O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati hamda O‘zbekiston karlar jamiyati bilan birgalikda 2022-yil 1-dekabrga qadar:
o‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini o‘rgatish bo‘yicha o‘quv kursini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni hamda maxsus o‘quv kurslarini tugatganlik haqidagi sertifikat namunasini tasdiqlasin;
maxsus o‘quv kurslarini malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlasin va ularga metodik jihatdan amaliy yordam ko‘rsatsin;
ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqib, maxsus o‘quv kurslarining mashg‘ulotlar rejasi va dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
4. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
a) 2023-yil 1-yanvardan boshlab:
davlat telekanallarida haftalik efir vaqtining kamida besh foiz hajmidagi ko‘rsatuvlar surdotarjima, yashirin subtitrlar yoki “yuguruvchi satrlar” bilan namoyish etiladi;
davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura mutaxassisliklariga hamda oliy ta’limdan keyingi ta’lim ixtisosliklariga o‘qishga qabul qilishda ko‘rish, eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan shaxslar tomonidan xorijiy tilni bilish bo‘yicha milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatni taqdim etish talab etilmaydi;
oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida qatnashayotgan eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan abituriyentlar majburiy tartibda surdotarjimon xizmatlari bilan ta’minlanadi;
b) 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab kar va zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining o‘qituvchi lavozimiga faqat dars o‘tiladigan imo-ishora tilini biladigan pedagog kadrlar ishga qabul qilinadi.
5. O‘zbek imo-ishora tilini rivojlantirish, shuningdek, eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan shaxslarni yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida quyidagilar:
a) Innovatsion rivojlanish vazirligi (I. Abduraxmonov), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A. Toshkulov) hamda Xalq ta’limi vazirligi (B. Saidov) O‘zbekiston karlar jamiyati, oliy ta’lim muassasalarining maxsus pedagogika yo‘nalishi professor-o‘qituvchilari va ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar pedagoglari bilan hamkorlikda:
2024-yil 1-yanvarga qadar ilg‘or xorijiy tajribaga tayangan holda o‘zbek imo-ishora tilining ilmiy asoslarini va uning lotin yozuviga asoslangan daktil alifbosini ishlab chiqsin hamda ushbu ishlarga oid ilmiy-tadqiqot loyihalari bo‘yicha grantlar ajratish uchun tanlovlar o‘tkazilishini tashkillashtirsin;
2024-yil 1-iyunga qadar o‘zbek imo-ishora tilining lingvistik lug‘atini, o‘zbek imo-ishora tilini o‘rgatish bo‘yicha o‘quv-metodik majmualar va darsliklarni yaratsin hamda ularning elektron va qog‘oz shaklidagi nusxalarini keng jamoatchilik o‘rtasida ommalashtirsin;
2024-yil 1-sentabrga qadar o‘zbek imo-ishora tilini rivojlantirish va amaliyotga kiritish bo‘yicha dasturni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
b) Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A. Toshkulov), Xalq ta’limi vazirligi (B. Saidov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (I. Norkulov):
2023/2024 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarini shakllantirishda surdopedagogika va tiflopedagogika yo‘nalishlari bo‘yicha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlarini 25 foizga oshirsin;
2023/2024 o‘quv yilidan boshlab surdopedagogika va tiflopedagogika yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olayotgan talabalar uchun yakuniy imtihonlarda imo-ishora tili va Brayl alifbosini bilish bo‘yicha majburiy imtihonlar o‘tkazish amaliyotini joriy qilsin;
2024/2025 o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich oliy ta’lim, malaka oshirish va qayta tayyorlash muassasalarida maxsus pedagogika ta’lim yo‘nalishlarida ta’lim olayotganlarga o‘zbek imo-ishora tilini o‘rgatish bo‘yicha modullarni kiritsin;
v) Xalq ta’limi vazirligi (B. Saidov):
2024-yil 1-sentabrdan boshlab “Uzluksiz kasbiy ta’lim” maxsus elektron platformasida Xalq ta’limi vazirligiga Davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar doirasida kar va zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining pedagog kadrlariga o‘zbek imo-ishora tilini o‘rgatish bo‘yicha qisqa muddatli onlayn o‘quv kurslarini tashkil qilsin;
2024/2025 o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich lotin yozuviga asoslangan o‘zbek imo-ishora tilini kar va zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining o‘quv jarayoniga joriy etsin, umumta’lim fanlar bo‘yicha darsliklarning imo-ishora tiliga o‘girilgan video shaklini yaratsin;
2024-yil 1-yanvarga qadar malakali soha mutaxassislarini jalb qilgan holda, kar va zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida xalqaro imo-ishora tilini o‘rgatish hamda imo-ishora tilini va Brayl alifbosini bilish darajasini sertifikatlash tizimini joriy qilish masalalarini o‘rganib chiqsin hamda natijasi yuzasidan tegishli takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Oldingi tahrirga qarang.
g) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda O‘zbekiston karlar jamiyati bilan birgalikda:
(5-band “g” kichik bandining birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-dekabrdagi PF-216-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/216/1008-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
Oldingi tahrirga qarang.
2023-yildan boshlab har ikki yilda bir marta sentabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligiga Davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan “Imo-ishora tili bo‘yicha eng yaxshi tarjimon” tanlovini o‘tkazsin va tanlov g‘oliblarini 1-o‘rin uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari, 2-o‘rin uchun — 65 baravari, 3-o‘rin uchun — 50 baravari miqdoriga teng bo‘lgan pul mukofotlari bilan rag‘batlantirsin;
(5-band “g” kichik bandining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-maydagi PF-84-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.05.2025-y., 06/25/84/0432-son)
Oldingi tahrirga qarang.
uch oy muddatda imo-ishora tili tarjimonlarining ish vaqtini me’yorlashtirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqsin. Bunda, loyihalarda tarjimonlarga har 30 daqiqada tanaffus berish, 1 soatdan uzoq davom etadigan tadbirlarga kamida ikki nafar tarjimon jalb qilish va ularga to‘liq ish haqi to‘lashni nazarda tutsin;
(5-band “g” kichik bandining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-dekabrdagi PF-216-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/216/1008-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
2023-yil 1-yanvarga qadar fuqarolar uchun imo-ishora tili asoslarini mustaqil o‘rganish bo‘yicha videokurslar yaratsin va ularni Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi va Xalq ta’limi vazirligining rasmiy veb-saytlarida hamda ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirsin;
d) Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A. Xodjayev) 2024-yil 1-sentabrga qadar o‘zbek adabiyoti namoyandalarining 50 ta eng sara asarlari Brayl alifbosida chop etilishini va ularning audio shakllari yaratilishini tashkil qilsin;
e) Kinematografiya agentligi (F. Abduxalikov) 2023-yil 1-iyunga qadar kamida 50 ta milliy filmni va jahonning eng sara 50 ta asarini subtitrlashtirsin, shuningdek, milliy kinoteatrlarda subtitrlar bilan namoyish etiladigan filmlar sonini oshirsin;
j) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Shermatov) eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan shaxslarning videomurojaatlar orqali muloqot qilish imkoniyatini kengaytirish maqsadida telekommunikatsiya operator va provayderlar bilan ushbu shaxslar uchun imtiyozli tariflarni joriy qilish yuzasidan muzokaralar olib borsin.
6. Davlat boshqaruvi organlari:
a) 2023-yil 1-yanvarga qadar:
aholiga xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan bino va inshootlarni nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy-mehnat ko‘nikmalarini hosil qilishga va jamiyatga uyg‘unlashuviga ko‘maklashuvchi vositalar (Brayl alifbosidagi ma’lumotlar aks ettirilgan stendlar, video va fotosuratlar, ma’lumotlarni bir vaqtning o‘zida tekst ko‘rinishida taqdim etadigan video- va audiomateriallar hamda boshqa vositalar) bilan ta’minlasin;
tegishli bino va inshootlarda nogironligi bo‘lgan shaxslar mustaqil harakatlanishi uchun qulay sharoitlarni yaratsin;
o‘z rasmiy veb-saytlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun joylashtirilgan ma’lumotlar bilan erkin tanishish va xizmatlardan foydalanishga oid qo‘shimcha imkoniyatlar yaratsin;
b) 2023-yil 1-yanvardan boshlab:
favqulodda vaziyatlar paytida jamoatchilikka taqdim etiladigan ma’lumotlar surdotarjimasi bilan birga berilishini yo‘lga qo‘ysin;
eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlardan erkin foydalanish imkoniyatlar yaratish maqsadida, zaruratga qarab shartnoma asosida surdotarjimonlar yoki onlayn surdotarjima xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlarning jalb etilishini ta’minlasin.
7. Belgilansinki, mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchi sifatida tegishli vazirlik va idoralarga ajratiladigan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi.
Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi (A. Inakov) Xalq ta’limi vazirligi (B. Saidov), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A. Toshkulov) hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (L. Kudratov) bilan birgalikda ko‘rish, eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish uchun grant mablag‘larini jalb qilish choralarini ko‘rsin.
8. Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi direktori A.K. Inakov, xalq ta’limi vaziri B.O. Saidov, bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.B. Xusanov hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 20-oktabr,
PQ-407-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.10.2022-y., 07/22/407/0950-son; 29.12.2023-y., 06/23/216/1008-son; 12.05.2025-y., 06/25/84/0432-son)