Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri B. Saidovning “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik ishlarini sifatli tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti haqida
Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri B. Saidovning “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik ishlarini sifatli tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axborotini eshitib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, taʼlim sifatini yaxshilash, taʼlim muassasalarini yangi oʻquv yiliga tayyorlash, shu jumladan oʻquv binolarini taʼmirlash, darsliklar va oʻquv-uslubiy qoʻllanmalarni zamon talablari asosida takomillashtirish, oʻquv jarayonida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanishni yoʻlga qoʻyish borasida sezilarli ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi “2022 — 2026-yillarda xalq taʼlimini rivojlantirish boʻyicha milliy dasturni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-134-sonli Farmonida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida 2022/2023 yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik ishlarini sifatli tashkil etish boʻyicha bir qator chora-tadbirlar koʻrilgan.
Milliy oʻquv dasturi ilgʻor xalqaro tajriba asosida ishlab chiqilgan. Milliy oʻquv dasturi va ushbu dastur asosida yaratilgan yangi zamonaviy darsliklarni ishlab chiqishda YUNISEF tashkiloti, Cambridge University Press va Oxford University Press nashriyot uylari hamda Buyuk Britaniya, AQSh, Germaniya, Finlyandiya, Rossiya, Janubiy Koreya kabi mamlakatlardan 21 nafar xalqaro ekspert jalb qilingan.
Milliy oʻquv dasturi asosida 296 nomdagi yangi avlod darsliklari, mashq daftarlari, oʻqituvchilar uchun uslubiy kitoblar, shu jumladan 189 ta darslik, 50 ta mashq daftari, 57 ta uslubiy qoʻllanma va darslikning mobil ilovalari yaratilgan.
Oʻqituvchilarning bilimini va kasbiy mahoratini oshirishga qaratilgan ishlar natijasida toifaga ega oʻqituvchilar soni 220 ming 110 nafardan 302 ming 995 nafarga yoki 43,8 foizdan 62,5 foizga yetkazilgan.
Aholiga qoʻshimcha qulayliklar yaratish, bu boradagi ortiqcha ovoragarchiliklarni hamda korrupsiyaviy holatlarning oldini olish maqsadida Toshkent shahri va viloyat markazlarida 1-sinfga qabul jarayonlari elektron dastur orqali (my.maktab.uz) amalga oshirilmoqda. 2022/2023 oʻquv yilida umumtaʼlim maktablarining 1-sinfiga 707 ming 146 nafar oʻquvchini qabul qilish rejalashtirilgan boʻlib, 2022-yil 11-avgust holatiga 649 ming 817 nafar oʻquvchi qabul qilingan.
Joriy yilda xalq taʼlimi tizimida davlat dasturlari asosida 788 ta va “Ochiq budjet” platformasi orqali 873 ta umumtaʼlim maktabida qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga maktablarning ichki va tashqi qiyofasini tubdan yangilash, taʼlim sifatini xalqaro tajriba asosida yangi bosqichga koʻtarish, xalq taʼlimi muassasalarining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash borasida hanuzgacha qator kamchiliklar saqlanib qolmoqda.
Xususan, bugungi kunga qadar ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida 398 ta maktab obyektidan faqat 69 tasida yoki 17 foizida qurilish ishlari tugatilib, foydalanishga topshirilgan, xolos.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 261 ta umumtaʼlim maktabida qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilishi belgilangan boʻlsa-da, shundan 25 tasida taʼmirlash ishlari hanuzgacha boshlanmagan hamda 106 tasida qurilish-taʼmirlash ishlari yetarli darajada tashkil etilmagan.
Oʻquv-tarbiya jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qoʻllash, ilgʻor xorijiy tajriba asosida taʼlim sifatini oshirish, taʼlim tizimini raqamlashtirish, jamiyatda oʻqituvchilik kasbining nufuzini oshirish, taʼlim xizmatlari bozorida raqobatni rivojlantirish bugungi kunning dolzarb masalalaridandir.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri B. Saidovning “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik ishlarini sifatli tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vazirligi (B. Saidov):
umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining yangi 2022/2023 oʻquv yiliga tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish;
umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini yangi avlod darsliklari va oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar bilan taʼminlash hamda pedagoglarga ushbu darsliklardan foydalanish metodini oʻrgatish ishlarini yakuniga yetkazish;
2022 — 2026-yillarda xalq taʼlimini rivojlantirish boʻyicha milliy dasturida belgilangan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash;
bugungi kunga qadar qurilish-taʼmirlash ishlari yetarlicha tashkil etilmayotgan umumtaʼlim maktablaridagi ishlarni mahalliy hokimliklar bilan birgalikda yakuniga yetkazish choralarini koʻrsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari hamda davlat dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan umumtaʼlim maktablarining qurilish-taʼmirlash ishlarini yakuniga yetkazish choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik ishlarini sifatli tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirsin.
5. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari A. Qodirov zimmasiga yuklatilsin.
6. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2022-yil 16-avgust,
2431-IV-son