Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent shahrida jamoat xavfsizligini taʼminlash borasidagi faoliyatni samarali tashkil etishda yangi boshqaruv tizimi joriy etilganligi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-avgustdagi 697-son qarori bilan tasdiqlangan Toshkent shahrining jamoat tartibini taʼminlash kuchlari tarkibida xizmatni oʻtayotgan xodimlar va harbiy xizmatchilar faoliyatini baholash va ularga bir martalik pul mukofoti toʻlash mezonlarini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimcha kiritish haqida
Mamlakatimizda jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha belgilanayotgan yangi mexanizmlarni samarali joriy etish, ichki ishlar organlarining masʼuliyatini yanada kuchaytirish borasida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur sohada olib borilayotgan islohotlar, oʻz navbatida, jamoat xavfsizligini taʼminlashga jalb qilingan ichki ishlar organlari boʻysunuvidagi patrul-post xizmati xodimlarining faoliyati samaradorligini oshirish bilan bir qatorda xizmat jarayonida yuqori koʻrsatkichlarga erishgan xodimlarni ragʻbatlantirishni talab etmoqda.
Toshkent shahrining jamoat tartibini taʼminlash kuchlari tarkibidagi ichki ishlar organlari patrul-post xizmati saf boʻlinmalari shaxsiy tarkibining xizmat va jangovar tayyorgarligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatlarni bevosita fosh etishda yuqori natijalarga erishgan xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish tizimini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-avgustdagi 697-son qarori bilan tasdiqlangan Toshkent shahrining jamoat tartibini taʼminlash kuchlari tarkibida xizmatni oʻtayotgan xodimlar va harbiy xizmatchilar faoliyatini baholash va ularga bir martalik pul mukofoti toʻlash mezonlarini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 2-bandiga Toshkent shahrining jamoat tartibini taʼminlash kuchlari tarkibida xizmatni oʻtayotgan xodimlar va harbiy xizmatchilar qatoriga Toshkent shahrining tuman ichki ishlar organlari boʻysunuvidagi patrul-post xizmati xodimlarini kiritishni nazarda tutuvchi qoʻshimcha kiritilsin va mazkur band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Ushbu Nizom ichki ishlar organlarining yoʻl-patrul xizmati, tuman ichki ishlar organlari boʻysunuvidagi patrul-post xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻriqlash xizmatlari va saf boʻlinmalari xodimlari hamda Milliy gvardiyaning shartnoma asosida xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilariga tatbiq etiladi”.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 22-sentabr,
521-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.09.2022-y., 09/22/521/0845-son)