Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasining 2022-yilning sakkiz oyi davomidagi faoliyati toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasining (bundan buyon matnda Qoʻmita deb yuritiladi) 2022-yilning sakkiz oyi davomidagi faoliyati yuzasidan axborotini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi taʼkidlaydiki, oʻtgan davrda Qoʻmita tomonidan qonun ijodkorligi faoliyatining samaradorligini yanada oshirishga, shuningdek mamlakatda kechayotgan muhim ijtimoiy-siyosiy jarayonlar va davlat ahamiyatiga molik dolzarb masalalar ustidan taʼsirchan parlament nazoratini olib borishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Xususan, hisobot davrida Qoʻmita tomonidan mamlakatimizda aholi sogʻligʻini saqlash, tibbiyot tizimini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish, shuningdek sohani bugungi kun talablari darajasida taraqqiy ettirishga qaratilgan islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlash boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilgan.
Oʻtgan davrda Qoʻmita 3 ta qonunni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida qayta koʻrib chiqishga masʼul boʻlgan. Shundan 2 tasi, yaʼni “Inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasi toʻgʻrisida”gi hamda “Inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborilgan.
Davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining axborotini eshitish, qonunlarning, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qarorlarining ijro etilishi holatini oʻrganish yuzasidan 9 ta nazorat-tahlil tadbiri oʻtkazilgan.
Hisobot davrida Qoʻmita tomonidan 7 ta davra suhbati, 2 ta konferensiya va 1 ta seminar tashkil etilgan.
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini oʻz vaqtida va toʻliq oʻrganish, aholini qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etishda taʼsirchan deputatlik nazoratini oʻrnatish Qoʻmita faoliyatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Oʻtgan davr mobaynida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan Qoʻmitaga yuborilgan 337 ta murojaat “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda koʻrib chiqilgan.
Parlament faoliyati toʻgʻrisida keng jamoatchilikni xabardor etish maqsadida qabul qilinayotgan qonunlarning mazmun-mohiyati, Qoʻmitaning nazorat-tahlil tadbirlari natijalari ommaviy axborot vositalarida doimiy ravishda yoritib borilgan. Jumladan, hisobot davrida Qoʻmita aʼzolari tomonidan ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda jami 3 634 ta chiqishlar tashkil etilgan. Shundan bosma ommaviy axborot vositalarida 875 ta maqola chop etilgan, televideniyeda 225 ta, radioda 488 ta hamda ijtimoiy tarmoqlarda 1 253 ta chiqish qilingan.
Shuningdek mamlakatimizda tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish hamda aholi salomatligini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar ustidan taʼsirchan parlament nazoratini oʻrnatish maqsadida tuzilgan Aholi salomatligini mustahkamlash borasidagi islohotlarni hayotga tatbiq etish boʻyicha parlament komissiyasi ishini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish borasida ham sezilarli ishlar amalga oshirilgan.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasining 2022-yilning sakkiz oyi davomidagi faoliyati yuzasidan axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi:
qonun loyihalarini ishlab chiqishga va Qoʻmita masʼulligida boʻlgan qonun loyihalarini muhokama qilishga, shuningdek oʻtkazilayotgan nazorat-tahlil tadbirlariga Qoʻmita huzurida tuzilgan ekspert guruhini faol jalb etish va ularning imkoniyatlaridan keng foydalanish;
nazorat-tahlil tadbirlari yakunlari boʻyicha qabul qilingan qarorlarning ijrosini doimiy monitoring qilib borish;
jismoniy va yuridik shaxslarning Qoʻmitaga yuborilgan murojaatlarida koʻtarilayotgan dolzarb muammolarni har tomonlama tahlil qilish, ularning yuzaga kelish sabablarini oʻrganish, koʻtarilgan masalalarga toʻliq yechim topish borasida mutasaddi vazirliklar, davlat qoʻmitalari hamda idoralar tomonidan koʻrilayotgan choralar ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish;
Qoʻmita faoliyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish, shuningdek Qoʻmita tomonidan koʻrib chiqilayotgan qonun loyihalari va oʻtkazilayotgan nazorat-tahlil tadbirlarining mazmun-mohiyatini doimiy ravishda jamoatchilik eʼtiboriga yetkazish choralarini koʻrsin.
3. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari U. Inoyatov zimmasiga yuklatilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari A. SAIDOV
Toshkent sh.,
2022-yil 22-avgust,
2442-IV-son