Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida Tamshush suv inshootlaridan foydalanish direksiyasini tashkil etish toʻgʻrisida
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani togʻ oldi hududlarida yangi oʻzlashtiriladigan yerlarda suv taʼminotini yaxshilash, Tamshush daryosidan tortilgan suv quvurlari, irrigatsiya inshootlari va boshqa asosiy vositalardan samarali foydalanish, shuningdek, yangi oʻzlashtiriladigan yerlarda kartoshka va sabzavot ekinlari tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining “2021-2022-yillarda Qashqadaryo viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirish, kambagʻallikni qisqartirish va infratuzilmani yanada yaxshilashga doir tezkor chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 2-avgustdagi 479-son qaroriga muvofiq:
Shahrisabz tumani togʻ oldi hududlarida jami 3,2 ming gektar lalmi va yaylov yerlarni oʻzlashtirish uchun respublika budjeti mablagʻlari hisobidan “Oʻzsuvqurilish” AJning huzuridagi “Oʻzgidrotexnik” MChJ tomonidan 16,0 km polietilin va 10,5 km metall quvurlar yotqizilganligi, suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalari uchun 3 ta suv tindirgich hovuzlar barpo qilinganligi hamda vaqtincha 9,0 km yoʻl qurilganligi;
yangi oʻzlashtiriladigan yer maydonlari hisobidan Shahrisabz tumanining togʻ oldi hududlaridagi “Gʻelon”, “Koʻl”, “Hisorak”, “Sayyod”, “Suvtushar”, “Boshqop”, “Sarchashma”, “Beshbek” va “Ammogʻon” qishloqlarida kooperatsiya asosida kartoshka va sabzavot ekinlari yetishtirish yoʻlga qoʻyilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Qashqadaryo viloyati hokimligining:
Shahrisabz tumanining togʻ oldi hududlaridagi yangi oʻzlashtirilgan yer maydonlari uchun Tamshush daryosidan tortilgan suv quvurlari, irrigatsiya inshootlari va boshqa asosiy vositalardan (keyingi oʻrinlarda — obyekt) samarali foydalanish, isteʼmolchilarga suvni yetkazib berish, suvni toʻgʻri taqsimlash ishlarini amalga oshirish maqsadida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi muassisligida “Tamshush suv inshootlaridan foydalanish direksiyasi” davlat unitar korxonasini (keyingi oʻrinlarda — Direksiya) tashkil etish;
obyektni operativ boshqaruv huquqi asosida Direksiyaga berish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
3. Quyidagilar direksiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
obyekt butligini saqlash va undan samarali foydalanishni taʼminlash;
obyektga togʻdan koʻchki, sel, tosh va boshqa togʻ jinslari tushishidan himoyalash uchun zarur himoya vositalarini oʻrnatish choralarini koʻrib borish;
suvni yetkazib berish, hududlarda sugʻorish tizimini yaxshilash va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish;
obyektni samarali foydalanish hamda zaruratga koʻra, qoʻshimcha inshootlar va texnikalar bilan taʼminlash, isteʼmolchilarga urugʻlik kartoshkalar yetkazib berish;
suv isteʼmolchilari tomonidan oʻrnatilgan asbob-uskunalardan samarali foydalanilishini nazorat qilib borish;
asosiy vositalar va asbob-uskunalar holatini doimiy monitoring qilib borish.
4. Qashqadaryo viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi “Oʻzsuvqurilish” AJ bilan birgalikda obyektni ishga tushirish dalolatnomasiga asosan belgilangan tartibda foydalanish uchun ruxsatnoma olinishini taʼminlasin.
5. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi:
Direksiyaning taʼsis hujjatlari tasdiqlanishi va belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini;
Direksiyani saqlash, faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun zarur boʻlgan jihoz va texnikalar bilan taʼminlash maqsadida Direksiyaning ustav kapitalini shakllantirish uchun Davlat aktivlari agentligi huzuridagi budjetdan tashqari Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) hisobidan 7 mlrd soʻm ajratilishini taʼminlasin.
6. Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Qashqadaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda Shahrisabz tumani togʻ oldi hududlarida yangi oʻzlashtirilgan yer maydonlarini belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin.
7. Belgilansinki:
yangi oʻzlashtirilgan yer maydonlari Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibiga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 2021-yil 24-noyabrdagi 709-son qarori talablari asosida ochiq elektron tanlov orqali ijaraga beriladi;
Keyingi tahrirga qarang.
Direksiya ustav kapitalini shakllantirish uchun berilgan mablagʻlar hisobidan qishloq xoʻjalik texnika vositalarini sotib olib, oʻzining mashina-traktor parkini shakllantiradi;
Direksiya faoliyati suv isteʼmolchilariga suv yetkazib berish va koʻrsatilgan suv xoʻjaligi xizmatlaridan tushgan mablagʻlar, Jamgʻarma mablagʻlari, shuningdek, boʻsh mablagʻlarni tijorat banklarga depozitga qoʻyishdan olinadigan daromadlar, xalqaro moliya institutlarining kreditlari va grantlari, bank kreditlari, homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
8. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Qashqadaryo viloyati hokimligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda Direksiya Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumani “Hisorak” MFYdagi Hisorak qishlogʻida joylashgan 2-sonli kasb-hunar maktabining oʻquvchilar turar joyi binosining boʻsh turgan qismiga vaqtincha ijara toʻlovining “nol” stavkasida joylashtirilishini taʼminlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 20-sentabr,
517-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.09.2022-y., 09/22/517/0838-son; 27.04.2024-y., 09/24/237/0303-son, 15.05.2024-y., 09/24/282/0347-son)