Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
MUSODARA QILINGAN, EGASIZ MOL-MULKNI, VORISLIK HUQUQI BOʻYICHA DAVLAT IXTIYORIGA OʻTGAN MOL-MULKNI VA XAZINALARNI HISOBGA OLISH, BAHOLASH VA SOTISH TARTIBI HAQIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH TOʻGʻRISIDA
Musodara qilingan va egasiz mol-mulkni hisobga olish, saqlash va sotishni yoʻlga qoʻyish, musodara qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiluvchi va musodara qilingan hamda egasiz mol-mulkni sotishda ishtirok etuvchi organlarning oʻzaro munosabatlarini tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Musodara qilingan, egasiz mol-mulkni, vorislik huquqi boʻyicha davlat ixtiyoriga oʻtgan mol-mulkni va xazinalarni hisobga olish, baholash va sotish tartibi haqidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
2. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining “SSSR Ministrlar Sovetining “Musodara qilingan, egasiz mulkni, vorislik huquqi boʻyicha davlatga oʻtgan mulk va xazinalarni hisobga olish, baholash va realizatsiya qilish tartibi haqidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida” 1984-yil 29-iyundagi 683-son qarori” haqida 1984-yil 13-iyuldagi 360-son qarori (Oʻzbekiston SSR Q. T., 1984-yil, № 7, 33-modda);
Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1990-yil 13-avgustdagi 291-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qaroriga kiritiladigan oʻzgarishlarning 1-bandi (Oʻzbekiston SSR Q. T., 1990-yil, № 8, 28-modda);
Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1990-yil 8-oktabrdagi 328-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining soliq solish masalalari boʻyicha qaroriga kiritiladigan oʻzgarishlarning 3-bandi (Oʻzbekiston SSR Q. T., 1990-yil, № 10, 36-modda).
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1993-yil 22-mart,
151-son
Musodara qilingan, egasiz mol-mulkni, vorislik huquqi boʻyicha davlat ixtiyoriga oʻtgan mol-mulkni va xazinalarni hisobga olish, baholash va sotish tartibi haqida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom:
sudlarning hukmlari, ajrimlari va qarorlari yoki amaldagi qonun hujjatlariga koʻra bunga vakolati boʻlgan boshqa davlat organlarining qarorlari asosida musodara qilingan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari belgilaydigan maxsus ombor (baza)larga saqlash uchun oʻtkazilgan mol-mulkka;
belgilangan tartibda egasiz deb topilgan mol-mulkka;
vorislik huquqi boʻyicha belgilangan tartibda davlat ixtiyoriga oʻtgan mol-mulkka;
davlat hisobiga oʻtkazilgan topib olingan xazinalarga joriy etiladi.
2. Ushbu Nizomning 1-bandida qayd etilgan mol-mulkni hisobga olish, shuningdek, ularni sotishdan davlat daromadiga oʻtkaziladigan mablagʻlarning toʻliq va oʻz vaqtida tushishini nazorat qilish soliq organlari zimmasiga yuklatiladi.
Qonun hujjatlari bilan mol-mulkni musodara qilishni amalga oshirish vakolati berilgan organlar mol-mulkni saqlab qoʻyishga topshirish bilan bir vaqtda ularni hisobga olish va sotishdan davlat daromadiga oʻtkaziladigan mablagʻlarning tushishini nazorat qilish uchun tegishli hujjatlarni soliq organlariga topshiradilar.
3. Mol-mulkni qabul qilib olish va topshirish mol-mulkni roʻyxatga olish va baholash dalolatnomasi bilan rasmiylashtiriladi hamda dalolatnomaning barcha nusxalari amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq musodara qilish haqida qaror qabul qilgan organ tomonidan vakil qilingan ijrochining va mol-mulkni saqlashga qabul qilib olgan shaxsning imzolari bilan tasdiqlanadi.
4. Saqlash uchun qabul qilingan mol-mulkning but saqlanishi uchun javobgarlik amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq uni qabul qilib olgan shaxs zimmasiga yuklatiladi.
5. Musodara qilingan egasiz mol-mulkni vorislik huquqi boʻyicha davlat ixtiyoriga oʻtgan mol-mulkni va xazinalarni baholash doimiy ishlovchi komissiya tomonidan amalga oshiriladi. Bunday komissiyalar tegishli hokimliklar tomonidan tuziladi hamda davlat soliq va moliya idoralari vakillaridan, ushbu mol-mulk sotish yoki ulardan foydalanish uchun topshirilgan tashkilotlarning vakillaridan va mol-mulkni musodara qilish yoki uni davlat daromadiga oʻtkazish toʻgʻrisida qaror chiqargan organlarning vakillaridan iborat boʻladi.
Mol-mulkni baholash uning aniqlangan joyida yoki savdo tashkiloti bazasiga yoxud bu mulkdan foydalanish uchun qabul qilib olgan korxonalarga keltirilgandan keyin amalga oshirilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Xazinani topgan va topshirgan shaxslarga berilishi kerak boʻlgan mukofot puli xazina qiymati belgilangan tartibda aniqlangan kundan boshlab bir oy muddat ichida moliya organlari tomonidan toʻlanadi.
II. Mol-mulkni sotish va hisob-kitoblar tartibi
7. Tez buziluvchi tovarlarni musodara qilish haqida qaror qabul qilgan organ tomonidan normadagi buzilish muddatidan kamida bir kun oldin dastlabki bahoda sotish uchun berilishi kerak.
8. Musodara qilingan, egasiz mol-mulkni, vorislik huquqi boʻyicha davlat ixtiyoriga oʻtgan mol-mulkni sotish faqat shu maqsadlar uchun mahalliy organlar tomonidan maxsus ajratilgan davlat savdosi va matlubot kooperatsiyasi doʻkonlari orqali amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Dastlabki ishlov bermasdan savdo tarmoqlari orqali sotish mumkin boʻlmagan buyumlar qayta ishlash uchun tegishli davlat, kooperativ va boshqa korxonalarga sotiladi.
10. Maishiy elektr asboblari (sovutgichlar, kir yuvish mashinalari), radiotovarlar (televizorlar, radiopriyomniklar, magnitofonlar) va tuzatishni talab qiladigan boshqa murakkab maishiy texnika buyumlari savdo tashkiloti) tomonidan tuzatilishi kerak. Ularni tuzatishning iloji boʻlmagan taqdirda bu buyumlar ehtiyot qism sifatida sotiladi yoki belgilangan tartibda yoʻq qilinadi.
11. 8, 9 va 10-bandlarda belgilangan tartibda foydalanilishi yoki sotilishi mumkin boʻlmagan buyumlar, shuningdek, qogʻoz chiqindilari va ikkilamchi xom ashyoning boshqa turlari ikkilamchi xom ashyoni yigʻish va qayta ishlash bilan shugʻullanuvchi tegishli davlat yoki kooperativ tashkilotlariga sotiladi.
12. Oʻz holatiga koʻra ikkilamchi xom ashyo sifatida ishlatish mumkin boʻlmagan buyumlar yoʻq qilinadi va bu haqda mol-mulkning roʻyxati va uni baholash dalolatnomasiga yozib qoʻyiladi, yogʻoch qismlari esa yoqilgʻi sifatida sotiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Mol-mulkni sotish uchun topshirish, qabul qilib olish va sotish shartlari, bu mol-mulk uchun budjet bilan hisob-kitoblar tartibi komissiyalar har yili savdo tashkilotlari bilan tuzadigan shartnomalarda aks ettiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Sotish uchun savdo tashkilotlariga beriladigan barcha buyumlarga komissiya va savdo tashkilotining yorliqlari qoʻyilishi, bu yorliqlarda yozuv roʻyxati dalolatnomasining tartib raqamlari va buyumning bahosi koʻrsatilishi kerak.
15. Sotish uchun qabul qilingan tovarlarni mayda-chuyda tuzatish, tozalash, dazmollash ishlari ularni sotishga qabul qilib olgan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi. Bu aʼmollar bilan bogʻliq sarf-xarajatlar savdo chegirmasi hisobiga qoplanadi.
16. Savdo tashkiloti qabul qilib olgan mol-mulk xaridorgir boʻlmasa (taqchil tovarlardan tashqari) va 30 kun davomida belgilangan narxda sotilmasa, savdo tashkiloti mol-mulkni baholash komissiyasi aʼzolari ishtirokida qayta baholaydi. Shu bilan bir vaqtda mol-mulk sotilganligi uchun savdo tashkiloti oladigan savdo chegirmasining miqdori ham qayta hisob-kitob qilinadi. Amalga oshirilgan aʼmol haqida maxsus shakldagi dalolatnoma tuziladi. Bu dalolatnomaning bir nusxasi soliq organiga beriladi.
Komissiya yoki savdo tashkilotlarining talabi bilan mol-mulk narxini oshirish borasidagi qayta baholash ishlari darhol amalga oshiriladi va maxsus dalolatnomaning bir nusxasi soliq organiga beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
17. Musodara qilish haqida qaror qabul qilgan organdan olingan mol-mulkni qabul qilish, tashish va sotish bilan bogʻliq sarf-xarajatlarni savdo tashkiloti mol-mulkni sotishdan tushgan tushumdan, shartnomada belgilangan savdo chegirmasidan oʻz foydasiga olib qolish (lekin u bu mablagʻlarning 15 foizidan oshmasligi kerak) hisobiga amalga oshiradi.
Filateliya tashkilotlari budjetga toʻlanadigan mablagʻni oʻtkazishda 15 foizgacha mablagʻni oʻz foydasiga olib qoladilar (muomaladagi qiymati qoplanmagan markalardan tashqari). Qiymati qoplanmagan markalarni sotganlik uchun bu markalar nominal qiymatning 8 foizini oʻz foydasiga qoldiradilar.
Kitob savdosi tashkilotlari musodara qilingan va egasiz kitoblarni sotishdan tushgan tushumning 15 foizgachasini oʻz foydasiga olib qoladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
18. Sotish uchun qabul qilingan mol-mulk uchun budjet bilan hisob-kitoblar shartnomada kelishilgan muddatda, lekin sotilgan kundan boshlab uzogʻi bilan 10 kun ichida, savdo tashkiloti tomonidan amalga oshiriladi. Bunda budjetga oʻtkazilishi kerak boʻlgan pul miqdori uning daromad qismiga, boj xizmati tomonidan musodara qilingan mol-mulk uchun esa Davlat bojxona qoʻmitasining hududiy boshqarmalari joriy hisoblariga (keyinchalik ular bu miqdorning 80 foizini budjetga oʻtkazadilar) oʻtkaziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
19. Sotilgan mol-mulk uchun budjetning daromad qismiga pul oʻtkazish kechiktirib yuborilgan taqdirda savdo tashkiloti (yoki boshqa tashkilot) muddati kechiktirilgan har bir kun uchun toʻlanadigan summaning 0,5 miqdorida penya toʻlaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
20. Musodara qilingan mol-mulkni soliq, moliya, bojxona xizmati, sud organlari, ichki ishlar organlari va adliya xodimlarining shuningdek, bu mol-mulkni sotuvchi tashkilot xodimlarining sotib olishlari taqiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
21. Qimmatbaho metallar – oltin, kumush, platina va platina guruhiga kiruvchi metallar (palladiy, iridiy, rodiy, ruteniy va osmiy) har qanday koʻrinish va holatda; tabiiy qimmatbaho toshlar ishlov berilmagan va ishlangan koʻrinishda (olmos, brilliant, firuza, laʼl, yoqut hamda tabiiy marvarid) va yarim qimmatbaho toshlar, shuningdek tarkibida qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar va tabiiy marvarid boʻlgan buyumlar (tarixiy, ilmiy, badiiy qimmatga ega boʻlgan hamda muzey, kutubxona, hujjatxona, ilmiy muassasalarga tekin beriladiganlardan tashqari) Oʻzbekiston davlat qimmatbaho buyumlar xazinasiga berilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
22. Diniy madaniyatga taalluqli buyumlar (tarixiy, badiiy, ilmiy qimmatga ega boʻlgan, shuningdek, tarkibida qimmatbaho metall va toshlar boʻlgan buyumlardan tashqari) diniy tashkilotlarga dalolatnoma boʻyicha tekin beriladi.
23. Pul mablagʻi, chet el valyutasi, cheklar, obligatsiyalar va boshqa qimmatbaho qogʻozlar, jamgʻarma omonatlari pul-buyum lotereyasi chiptalari amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga oʻtkaziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
24. Pochta markalari, shu jumladan, kolleksiya qilinadigan markalar, haqini olib, matbuotning filateliya boʻlinmalariga beriladi.
25. Kitoblar (tarixiy, ilmiy, badiiy va boshqa madaniy qimmatga ega boʻlganlaridan tashqari), haqini olib, kitob savdosi tashkilotlariga oʻtkaziladi. Agar kitoblar qayd etib oʻtilgan tartibda sotilishi mumkin boʻlmasa, ular haqi olinib, xom ashyoni qayta ishlash tashkilotlariga beriladi.
26. Qishloq xoʻjaligi mashinalari, asbob-anjomlar mahsuldor va ish hayvonlari, asalari oilalari va yem-xashaklar, haqi olinib, davlat qishloq xoʻjaligi korxonalariga beriladi.
27. Teri va moʻynali xom ashyo, jun, goʻshtbop hayvonlar, parranda, quyonlar, don-dun, kanop va zigʻir tolasi hamda boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, haqi olinib, davlat yoki kooperativ tayyorlov tashkilotlariga beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
28. Koʻp yillik koʻchatlar (bogʻdorchilik-tomorqa koʻchatlari) hokimliklarga tekinga, boshqa korxona va tashkilotlarga esa haqi olinib beriladi.
29. Ishlatib boʻlmaydigan qora va rangli metallardan yasalgan buyumlar hamda bu metallarning parchalari va chiqindilari, haqi olinib, korxonalar va tashkilotlarga beriladi.
30. Dastgohlar, asbob-uskunalar va boshqa ishlab chiqarish asbob-uskunalari hamda kichik zavodlar, tovarlar va mahsulotlar ishlab chiqaradigan liniyalar va hokazolar haqi olinib korxona va tashkilotlarga beriladi.
31. 21—30-bandlarda sanab oʻtilgan tovarlarni sotishdan tushgan pul mablagʻlari ham budjetga oʻtkaziladi.
III. Mol-mulkni qaytarish
32. Mol-mulk yoki ularning qiymati quyidagi hollarda qaytariladi:
tegishli organlarning mol-mulkni musodara qilish haqidagi hukmi, ajrimi yoki qarori bekor qilinganda;
sud organlari mol-mulkning bir qismini hibsdan ozod etish (yozma roʻyxatdan chiqarish) haqida qaror (ajrim) chiqarganda;
mol-mulk egasiz deb topilganligi haqidagi sud qarori bekor qilinganda;
sud organlari tomonidan davlatning vorislik huquqi haqidagi guvohnomalar haqiqiy emas deb topilganda yoki mol-mulkning vorislik huquqi boʻyicha davlat ixtiyoriga oʻtishi haqidagi sud qarori bekor qilinganda.
33. Mol-mulkni qaytarish yoki uning qiymatini toʻlash mol-mulkni qaytarish haqidagi ariza berilgan kundan boshlab oʻn kun muddatda tegishli budjet mablagʻi hisobidan moliya idoralari tomonidan amalga oshiriladi. Arizaga ushbu mol-mulkning davlat ixtiyoriga oʻtganligi haqidagi qarorning bekor qilinganligini tasdiqlovchi hujjatning tasdiqlangan nusxasi ilova qilinadi.
Mol-mulkni qaytarish yoki uning qiymatini toʻlash mol-mulkni qaytarish toʻgʻrisidagi ariza ushbu mol-mulkning davlat ixtiyoriga oʻtganligi haqidagi qaror bekor qilingan kundan boshlab bir yildan kechikmay berilgan boʻlsa amalga oshiriladi.
Bunda bojxona xizmati tomonidan musodara qilinib sotilgan mol-mulkning qiymatidan Davlat bojxona qoʻmitasi hududiy boshqarmalarining joriy hisoblariga ajratmalar oʻtkazilgan boʻlsa, u holda qiymatning tegishli qismi bojxona xizmatining hududiy boshqarmalari hisobidan qaytariladi.
Keyingi tahrirga qarang.
34. Ushbu Nizomni qoʻllash boʻyicha yoʻriqnoma manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq bosh boshqarmasi va Moliya vazirligi tomonidan chiqariladi.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlari toʻplami, 1993-y., 3-son, 11-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2001-y., 7-son, 37-modda;2003-y., 1-2-son, 13-modda; 2012-y., 8-9-son, 83-modda)