Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA ITCHILIKNI TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Itchilik sohasida davlat manfaatlarini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Kinologiya federatsiyasini itchilikda bosh tashkilot deb eʼtirof etilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Kinologiya federatsiyasiga urchitib koʻpaytiriladigan itlar zoti boʻyicha yagona nasl daftarini yuritish, yagona namunadagi nasabnoma berish, mamlakatimizning it zotlari boʻyicha standartlarini tasdiqlash, itlarni koʻpaytirish, ekspertiza qilish va oʻrgatish qoidalarini belgilash, itlar chet ellarga olib ketilayotganda kinologiya nazoratini amalga oshirish, ekspert-kinologlarni attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha alohida huquqlar berilsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Kinologiya federatsiyasi Xalqaro Kinologiya federatsiyasida Oʻzbekiston Respublikasining manfaatlarini himoya qiladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Kinologiya federatsiyasining mazkur qaror bilan berilgan huquqlar doirasidagi faoliyatini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1993-yil 18-mart,
143-son