Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining
buyrugʻi
“Qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassislarining malakasini oshirish, ularni qayta tayyorlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruqqa oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 29-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1745-6]
Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-avgustdagi PF-6044-son “Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, 2020-yil 22-sentabrdagi PF-6065-son “Oʻzbekiston Respublikasida identifikatsiya ID-kartalarni joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonlari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-apreldagi PQ-5073-son “Kapital bozorini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-iyundagi 304-son “Qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish huquqini olish uchun jismoniy shaxslarni attestatsiyadan (qayta attestatsiyadan) oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi bosh direktorining 2007-yil 30-oktabrdagi 2007-10-son “Qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassislarining malakasini oshirish, ularni qayta tayyorlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 1745, 2007-yil 5-dekabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 48-49-son, 494-modda) ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir T. IShMETOV
Toshkent sh.,
2022-yil 5-avgust,
41-son
Kelishildi:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi U. TAShKENBAYEV
2022-yil 14-iyul
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A. TOShKULOV
2022-yil 7-iyul
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2022-yil 5-avgustdagi 41-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
“Qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassislarining malakasini oshirish, ularni qayta tayyorlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruqqa kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Buyruqning muqaddimasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuniga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 27-sentabrdagi PQ-475-son “Qimmatli qogʻozlar bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:”.
2. Nizomda:
a) muqaddimaning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur Nizom qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassislarining malakasini oshirish, ularni qayta tayyorlash tizimiga boʻlgan majburiy talablarni oʻrnatadi.”;
b) 1-bandda:
ikkinchi va toʻrtinchi xatboshilardagi “malaka guvohnomasiga” degan soʻzlar “malaka sertifikatiga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
oltinchi xatboshidagi “Kapital bozorini rivojlantirish agentligi” degan soʻzlar “Moliya vazirligi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
v) 8-bandda:
“b” va “v” kichik bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“b) kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash faoliyatini boshlaganlik yoki tugatganlik haqida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasini xabardor qilish uchun xabarnomalar yuborishi va xabarnoma qabul qilinganligi toʻgʻrisida tasdiqnomalar olgan boʻlishi (nodavlat taʼlim tashkilotlari uchun);
v) investitsiya maslahatchisi faoliyatini boshlaganlik yoki tugatganlik haqida qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organini xabardor qilish uchun xabarnomalar yuborishi va xabarnoma qabul qilinganligi toʻgʻrisida tasdiqnomalar olgan boʻlishi (nodavlat taʼlim tashkilotlari uchun)”;
“d” kichik banddagi “malaka guvohnomasiga” degan soʻzlar “malaka sertifikatiga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
g) 9-bandning “g” kichik bandidagi “pasport maʼlumotlari” degan soʻzlar “pasport maʼlumotlari yoki identifikatsiya ID-karta maʼlumotlari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2022-y., 10/22/1745-6/0777-son)