Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasining “Harbiy xizmatchilar va harbiy majburiyatli shaxslarning, oddiy askarlar hamda boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxsalarning davlat majburiy shaxsiy sugʻurtasi toʻgʻrisida” 1994-yil 26-yanvardagi 38-son qaroriga eksklyuziv huquqlarni bekor qilish yuli bilan mavjud monopoliyani bartaraf etish hamda xususiy sektorni keng jalb qilishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
Mamlakatimizda Yangi Oʻzbekistonning 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish, shuningdek, inklyuziv va barqaror iqtisodiy oʻsishga erishish orqali kambagʻallikni qisqartirish, iqtisodiyotda raqobatni taʼminlash, tadbirkorlik subyektlariga teng sharoitlar yaratish, bozor munosabatlariga toʻlaqonli oʻtishni jadallashtirish, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, xususiy investitsiyalar hajmini keskin oshirish hamda biznes doiralarning ishonchini yanada mustahkamlash tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Iqtisodiyotda raqobat muhitini yanada yaxshilash va xususiy sektor oldidagi byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy oʻsish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar toʻgʻrisida” 2022-yil 8-apreldagi PF-101-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining “Harbiy xizmatchilar va harbiy majburiyatli shaxslarning, oddiy askarlar hamda boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarning davlat majburiy shaxsiy sugʻurtasi toʻgʻrisida” 1994-yil 26-yanvardagi 38-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1994-y., 1-son, 6-modda) ilovaga muvofiq quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
majburiy davlat sugʻurtasini oʻtkazish boʻyicha eksklyuziv huquqlarni bekor qilish;
sugʻurta kompaniyalarini ushbu sohaga ochiq tanlovlar asosida jalb qilish choralarini koʻrish.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 17-avgust,
454-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 17-avgustdagi 454-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Harbiy xizmatchilar va harbiy majburiyatli shaxslarning, oddiy askarlar hamda boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarning davlat majburiy shaxsiy sugʻurtasi toʻgʻrisida” 1994-yil 26-yanvardagi 38-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 1-bandda:
uchinchi xatboshidagi “sugʻurtalovchilar” soʻzi “sugʻurta qildiruvchilar” soʻzlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Vakil qilingan sugʻurtalovchi ochiq tanlovlar asosida Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda aniqlanadi.
Har bir yil boshlangunga qadar vakil qilingan sugʻurtalovchi va Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Elektron texnologiyalarni rivojlantirish markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qoʻmitasi oʻrtasida zarur sugʻurta shartnomalari tuziladi”.
2. 41- va 42-bandlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.08.2022-y., 09/22/454/0749-son)