Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati toʻgʻrisidagi axboroti haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2022-yil 6 oyida huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati toʻgʻrisidagi axborotini eshitib va muhokama qilib, bu borada muayyan ishlar amalga oshirilganligini qayd etadi.
Jumladan, Senatning 2022-yil 19-martdagi tegishli Qaroriga muvofiq koʻrilgan choralar natijasida oʻz faoliyati davomida jinoyatlarni jilovlash borasida ishlarni toʻgʻri tashkil etmagan 1 559 nafar rahbar va xodimga intizomiy taʼsir choralari qoʻllanilgan.
2021-yil davomida ochilmasdan qolgan jinoyatlardan 1 079 tasi, avvalgi yillarda ochilmagan jinoyatlarning 151 tasi fosh etilishi taʼminlangan.
Shuningdek, hisobot davrida sodir etilgan umumiy jinoyatlarning 93,9 foizi fosh etilgan, qidiruvdagi 2 841 nafar shaxs ushlangan, bedarak yoʻqolgan 203 nafar shaxs topilgan.
Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida axborot texnologiyalari vositalaridan foydalanib sodir etilgan 332 ta jinoyat aniqlangan.
Bevosita mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash maqsadida salmoqli ishlar amalga oshirilgan.
Profilaktik hisobga olingan 3 067 nafar xotin-qiz ishga joylashtirilgan, 812 nafari tibbiy dispanserlarga, 215 nafari majburiy davolashga, 172 nafari zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda oʻz joniga qasd qilishning oldini olish markazlariga yuborilgan.
Tazyiq va zoʻravonlikka uchragan 25 869 nafar xotin-qizga himoya orderi berilgan, profilaktik tadbirlar natijasida 8 348 ta oila yarashgan, 25 125 ta nizoli masala bartaraf etilgan.
2022-yilning 1-yarmida 9 349 ta mahalladan 4 951 tasida yoki 53 foizida jinoyat sodir etilmagan, 1 279 tasida yoki 14 foizida jinoyatlar kamayishiga erishilgan.
Jinoyatlar koʻpaygan 3 119 ta yoki 33 foiz mahalla “qizil” toifaga kiritilib, hamkorlikda qoʻshma patrullik yoʻnalishlari tashkil etilgan.
Erishilgan natijalar bilan birga ichki ishlar organlari faoliyatida muayyan kamchiliklar, yechimini kutayotgan muammolar va toʻliq foydalanilmagan imkoniyatlar ham mavjud.
Xususan, 2022-yilning 6 oyida mamlakatda 46 529 ta jinoyat roʻyxatga olingan boʻlib, ularning 28 530 tasi yoki 61,3 foizi hisobot davrida sodir etilgan.
Jami jinoyatlar soni har 100 ming aholiga 132 tadan toʻgʻri kelgan bir vaqtda yuqori koʻrsatkich Toshkent shahrida 363 tani, Fargʻonada 190 tani, Toshkent viloyatida 184 tani, Sirdaryoda 148 tani qayd etilgan.
Roʻyxatga olingan jami jinoyatlarning 27 430 tasi yoki 59 foizi oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlar boʻlsa, 19 099 tasi yoki 41 foizi aniqlanadigan jinoyatlardir.
Oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlar profilaktikasi hamda aniqlanadigan jinoyatlarni fosh etish faoliyati toʻgʻri tashkil etilmaganligi hamda mahalla va jamoatchilik bilan hamkorlik sustligi oqibatida oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlarning salmoqli qismi Fargʻona va Qashqadaryoda 75 foiz, Buxoro va Namanganda 74 foiz, Surxondaryoda 73 foiz va Toshkent shahrida 71 foizga toʻgʻri kelgan.
Bundan tashqari, profilaktika tadbirlari natijasida real oldini olish imkoniyatlari mavjud boʻlgan va mahalla hududida sodir etiladigan jinoyatlarning oldini olish profilaktika inspektorlarining asosiy vazifalaridan biri hisoblansa-da, bu yoʻnalishdagi ishlar sustligi bois, ushbu turdagi jinoyatlar jami jinoyatlarning aksariyat qismini tashkil etmoqda.
Jumladan, mahallalar hududida 20 082 ta jinoyat sodir etilgan boʻlib, umumiy roʻyxatga olingan jinoyatlarning 43 foizini tashkil etmoqda.
Mazkur jinoyatlar har 100 ming aholi soniga nisbatan oʻrtacha 57 tani tashkil qilgan bir vaqtda Toshkent shahrida 157 ta, Fargʻonada 98 ta, Toshkent viloyatida 87 ta va Sirdaryoda 58 taga yetgan.
Profilaktik ishlar lozim darajada tashkil etilmaganligi oqibatida oldini olishi mumkin boʻlgan ayrim turdagi jinoyatlar koʻpayishiga sharoit yaratilgan.
2022-yilning 6 oyida sodir etilgan 183 ta qotillikning 80 tasi yoki 44 foizi oila-turmush doirasidagi nizolar oqibatida kelib chiqqan.
Ushbu jinoyatlarning 77 tasi yoki 96 foizi er-xotin, aka-uka, ota-oʻgʻil va boshqa yaqin qarindoshlar oʻrtasida yuz bergan.
Ogʻir turmush sharoitida yashayotgan ayollarning muammolari toʻliq hal etilmasligi oqibatida 2022-yilning 6 oyida 3 999 nafar xotin-qiz tomonidan 14 ta qotillik, 41 ta ogʻir tan jarohati yetkazish, 565 ta oʻgʻrilik, 921 ta firibgarlik, 13 ta talonchilik jinoyati sodir etilgan.
Sogʻliqni saqlash muassasalari hisobida turgan shaxslarni 93 foizi, giyohvandlarning 96 foizi majburiy davolanishga yuborilmagan boʻlsa, spirtli ichimlikka ruju qoʻyganlarning atigi 4,1 foizi, dispanser hisobidagi tajovuzkor ruhiy kasallarning 52 foizi majburiy davolanishga yuborilgan, xolos.
Yoshlarning muammolarini bartaraf etishga lozim darajada eʼtibor qaratilmaganligi oqibatida oʻtgan 6 oyda qayd etilgan jami jinoyatlarning 9 418 tasi (20 foizi) aynan yoshlar tomonidan sodir etilgan.
Jinoyatga qoʻl urgan 12 940 nafar yoshlarning 1 278 nafarini xotin-qizlar, 504 nafarini oliy oʻquv yurti talabalari, 2 290 nafarini bandligi taʼminlanmagan, taʼlim bilan qamrab olinmagan yoshlar tashkil etgan.
Bunday jinoyatlarning 58 foizi Fargʻona (26 foiz), Namangan (8 foiz) va Toshkent (8 foiz) viloyatlari hamda Toshkent shahrida (10 foiz) sodir etilgan.
Maktablarda yoʻlga qoʻyilgan “davomat tadbirlari” imkoniyatlaridan samarali foydalanish, aholini ogohlikka chaqirish yoʻnalishidagi ishlar ham muntazam ravishda olib borilmagan.
Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning soni ayrim hududlarda yuqoriligicha qolmoqda.
Jumladan, ushbu jinoyatlarning 66 foizi Fargʻona (40 foiz), Toshkent (9 foiz), Namangan (6 foiz) viloyatlari va Toshkent shahri (11 foiz) hissasiga toʻgʻri keladi.
Profilaktik hisobga olish faoliyati ayrim hududlarda qoniqarsiz tashkil etilganligi oqibatida profilaktik hisobga olingan ilgari sudlanganlar tomonidan 230 ta jinoyat sodir etilgan.
Shuningdek, maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etganligi uchun profilaktik hisobga olinganlar bilan ham profilaktika ishlari oʻzining samarasini bermaganligi oqibatida 277 nafar shaxslar maʼmuriy huquqbuzarlikda nazarda tutilgan harakatni takroran sodir etganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Maʼmuriy nazorat oʻrnatilgan shaxslarning 7,2 (434-6 054) foizi qayta jinoyat sodir etgan.
Ushbu toifadagi shaxslar tomonidan 417 ta maʼmuriy nazorat qoidalarini buzish, 12 ta oʻgʻirlik, 2 ta giyohvandlik, 1 tadan qotillik, ogʻir tan jarohat yetkazish va nomusga tegish jinoyatlari sodir etilgan.
Sud organlari tomonidan oʻta xavfli retsidivistlar deb topilgan shaxslarning maʼmuriy nazoratga olinmaganligi oqibatida, ular tomonidan 2 tadan ogʻir tan jarohati yetkazish va giyohvandlik bilan bogʻliq, 6 ta oʻgʻirlik jinoyatlari sodir etilgan.
Jinoyatlarni oʻz vaqtida fosh etish borasidagi tadbirlar yetarli darajada tashkil etilmaganligi oqibatida 2022-yil 6 oyida sodir etilgan jinoyatlarning 2 801 tasi yoki 6 foizi fosh etilmasdan qolgan.
Xususan, oʻgʻrilik jinoyatining 1 336 tasi, firibgarlik jinoyatining 781 tasi, qotillik jinoyatining 2 tasi, nomusga tegish bilan bogʻliq jinoyatlarning 4 tasi fosh etilmagan.
Jinoyatchilikni jilovlash va jamoat xavfsizligini taʼminlash borasidagi ishlarni lozim darajada tashkil etmaganliklari uchun 191 nafar huquqni muhofaza qiluvchi organlarining oʻrta boʻgʻin rahbarlari va masʼul xodimlari intizomiy jazoga tortilgan.
Shuningdek, ichki ishlar organlari xodimlarining 545 nafari xizmat intizomini buzgan.
Bundan tashqari, respublika hududida sodir etilgan yoʻl-transport hodisalarining oldini olish ishlari ham bugungi kun talabi darajasida tashkil etilmagan.
Avtomobil yoʻllarida yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlash yuzasidan taʼsirchan nazorat toʻliq va samarali oʻrnatilmaganligi sababli 2022-yilning 6 oyi davomida jami 4 millionga yaqin yoʻl harakati qoidabuzarligi, jumladan 2 milliondan ortiq qoʻpol qoidabuzarlik, 22 mingdan ortiq transport vositasini mast holda boshqarish, 219 mingga yaqin piyodalar qoidabuzarligi qayd etilgan.
Oqibatda, 3 559 ta yoʻl-transport hodisasi sodir etilib, ularning 2 775 tasi tan jarohati va 784 tasi oʻlim bilan bogʻliq holatlarni tashkil etadi.
Bundan tashqari, 2022-yilning oʻtgan 6 oyida bolalar bilan bogʻliq 595 ta yoʻl-transport hodisasi sodir etilib, ularda 529 nafar bola jarohatlangan va 97 nafar voyaga yetmagan bola halok boʻlgan.
Qayd etilgan xato va kamchiliklarga huquqni muhofaza qiluvchi organlarning boshqa “xonadonbay” va “fuqarobay” tizim asosida hamkor idora, tashkilotlar bilan manzilli va istiqbolli dasturi ishlab chiqilmaganligi, vazirlik tomonidan yagona amaliyotni shakllantirish va muvofiqlashtirish choralari koʻrilmayotganligi, xususan, jinoyatlarning barvaqt oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻyicha yagona va samarali metodika ishlab chiqilmaganligi, hududlarda oʻquv muassasalariga bevosita biriktirilgan inspektor-psixolog, xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektor faoliyati muvofiqlashtirib borilmayotganligi, muqaddam sudlanganlar bandligini taʼminlash, davolash, uy-joy muammolarini hal qilish ishlari qoniqarli tashkil etilmayotganligi va boshqa bir qator omillar sabab boʻlmoqda.
Yuqorida bayon etilganlarni inobatga olib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 321-moddasiga hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Qonunning 10-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov):
bir oy muddatda mazkur Qarorda qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish hamda ularning oldini olishga qaratilgan choralarni vazirlik hayʼati majlisida muhokama qilib, tegishli qaror qabul qilsin;
ikki oy muddatda Toshkent shahri, Fargʻona, Toshkent, Sirdaryo viloyatlarida jinoyatchilikning oshishi sabablarini chuqur oʻrganib, ularni bartaraf etishga qaratilgan aniq choralarni belgilasin, bunda masʼullarning javobgarligini yanada kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratsin;
ikki oy muddatda huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi boʻyicha ichki ishlar idoralari bilan hamkorlik qilish borasida sustkashlikka yoʻl qoʻyayotgan mutasaddi vazirlik va idoralar hamda ularning masʼullari haqidagi tahliliy axborotlarni Senatga taqdim etsin;
oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlar salmogʻi ortib borayotgan hududlardagi haqiqiy ahvolni oʻrgangan holda vaziyatni yaxshilash boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrsin;
mahalla hududida sodir etiladigan jinoyatlarning oldini olish boʻyicha profilaktika inspektorlarining masʼuliyatini kuchaytirish choralarini koʻrsin;
profilaktik hisobga olish faoliyati qoniqarsiz tashkil etilgan hududlar masʼullarining javobgarligi masalasini koʻrib chiqsin, bunda ilgari sudlanganlar, maʼmuriy nazorat oʻrnatilganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar tahliliga alohida eʼtibor bersin;
jinoyatlarni oʻz vaqtida fosh etish borasidagi tadbirlar samaradorligini oshirsin, fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlarni ochish ishlarini kuchaytirsin;
jinoyatchilikni jilovlash va jamoat xavfsizligini taʼminlash borasidagi ishlarni lozim darajada tashkil etmagan xodimlarga nisbatan tegishli taʼsir choralarini qoʻllash boʻyicha ishlarni yanada faol davom ettirsin;
yoʻl-transport hodisalarining oldini olish ishlarini mutlaqo yangi bosqichga koʻtarish boʻyicha qatʼiy choralar koʻrsin, bu boradagi asosli taklif hamda tashabbuslarni parlament va hukumat muhokamasiga muntazam kiritib borsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov), Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi (S. Turdiyev) va Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi (Z. Maxkamova) bilan birgalikda:
oila-turmush doirasidagi nizolarning oldini olish ishlarini yanada kuchaytirsin, ayniqsa, er-xotin, aka-uka, ota-oʻgʻil va boshqa yaqin qarindoshlar oʻrtasida yuz berayotgan jinoyatlarni kamaytirish boʻyicha aniq tadbirlarni belgilasin va ijrosini taʼminlasin;
ogʻir turmush sharoitida yashayotgan ayollarning muammolarini toʻliq hal etish boʻyicha aniq amaliy choralarni koʻrsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov), Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi (B. Musayev) ikki oy muddatda sogʻliqni saqlash muassasalari hisobida turgan shaxslarni majburiy davolashga yuborish borasida yuzaga kelayotgan muammolar boʻyicha tahliliy maʼlumotlar va ularning yechimi yuzasidan asoslantirilgan takliflarni Senatga taqdim etsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov), Eshlar ishlari agentligi (A. Saʼdullayev) bilan birgalikda yoshlar hamda voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar tahlillari asosida ularning muammolarini bartaraf etish, shu tariqa jinoyatlarning oldini olishga alohida ahamiyat qaratsin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengashlariga manfaatdor tuzilmalarni jalb qilgan holda har chorakda joylarda oila-turmush doirasidagi nizolar oqibatida sodir etilgan ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarni chuqur tahlillar asosida muntazam tanqidiy muhokama qilib borish va bunday noxush holatlarning oldini olish yuzasidan tegishli chora koʻrish tavsiya etilsin.
7. Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi (K. Burxanov), Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi (M. Kadirxanova) bilan birgalikda 2023-yil 1-yanvarga qadar mutasaddi vazirlik va idoralarni jalb qilgan holda hududlarda oila-turmush doirasidagi nizolar oqibatida sodir etilgan har bir ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar sabablarini tanqidiy tahlil qilsin va bunday holatlarning oldini olish yuzasidan tegishli takliflarni tayyorlasin.
8. Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi (K. Burxanov) sogʻliqni saqlash muassasalari hisobida turgan shaxslarni majburiy davolashga yuborish borasida yuzaga kelayotgan muammolar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar va Sogʻliqni saqlash vazirliklari tomonidan Senatga taqdim etilgan maʼlumotlarni Qoʻmita majlisida Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi bilan birgalikda muhokama qilib, ularning yechimi yuzasidan asoslantirilgan takliflarni ishlab chiqsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mazkur Qarorda qayd etilgan vazirlik va idoralarga belgilangan topshiriqlar ijrosini nazoratga olib, amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga 2022-yilning 1-dekabriga qadar umumlashtirilgan maʼlumot taqdim etsin.
10. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi (K. Burxanov) zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2022-yil 5-avgust,
SQ-596-IV-son