Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Budjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasining 2022-yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Budjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasining (bundan buyon matnda Qoʻmita deb yuritiladi) 2022-yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati yuzasidan axborotini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi taʼkidlaydiki, hisobot davrida Qoʻmita tomonidan qonun ijodkorligi faoliyati samaradorligini oshirishga, qonun loyihalarini tayyorlashda xalqaro tajribadan unumli foydalanishga, shuningdek mamlakatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy hayotning muhim masalalari yuzasidan taʼsirchan parlament nazoratini oʻrnatishga eʼtibor qaratilgan.
Oʻtgan davrda Qoʻmita qonun ijodkorligi yoʻnalishidagi faoliyatida 14 ta qonun loyihasiga masʼul boʻlib, shundan 13 ta qonun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) tomonidan qabul qilingan.
Qonun loyihalarini koʻrib chiqish hamda maromiga yetkazish maqsadida ishchi guruhning 60 ta yigʻilishi oʻtkazilgan.
Qonunlarning va qonunosti hujjatlarining ijro etilishi holatini oʻrganish, davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining axborotini eshitish, Qonunchilik palatasi va Qoʻmita qarorlarining ijrosini oʻrganish boʻyicha Qoʻmita tomonidan 6 ta nazorat-tahlil tadbiri oʻtkazilgan.
2022-yilning birinchi yarim yilligida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 266 ta murojaat Qoʻmita aʼzolari tomonidan belgilangan tartibda koʻrib chiqilgan.
Qoʻmita faoliyati haqida keng jamoatchilikni oʻz vaqtida xabardor qilish, nazorat-tahlil tadbirlari yakunlari va Qoʻmita masʼulligida koʻrib chiqilayotgan qonun loyihalarining mazmun-mohiyatini aholiga muntazam ravishda tushuntirib borish boʻyicha jami 70 ta tadbir tashkil etilgan.
Hisobot davrida Qoʻmita aʼzolari tomonidan ommaviy axborot vositalarida jami 1320 marotaba chiqishlar qilingan hamda qonun ijodkorligi va Qoʻmita faoliyatiga oid materiallarning muntazam yoritib borilishi taʼminlangan.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Budjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasining 2022-yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Budjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasiga:
Qoʻmita masʼulligida boʻlgan qonun loyihalarining jamoatchilik muhokamalarini tashkil etish hamda kelib tushgan takliflar va fikr-mulohazalarni qonun loyihalarini maromiga yetkazishda hisobga olish;
nazorat-tahlil tadbirlari doirasida qabul qilingan qarorlarning ijro etilishi holatini doimiy ravishda monitoring qilib borish va amaliyotda uchraydigan muammolarni bartaraf etish borasida mutasaddi vazirliklar, davlat qoʻmitalari hamda idoralar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar ustidan samarali parlament nazoratini olib borish;
2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining Qoʻmita faoliyatiga taalluqli boʻlgan bandlarining ijro etilishi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
3. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari A. Xaitov zimmasiga yuklatilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2022-yil 19-iyul,
2321-IV-son