Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
“Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining umumxalq muhokamasi haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi hamda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasining “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining umumxalq muhokamasi haqida”gi axborotini eshitib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, mamlakatimizda Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan tub islohotlarga mos yangi konstitutsiyaviy-huquqiy makonni yaratish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
“Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2022-yil 24-iyundagi Qaroriga muvofiq “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi 2022-yilning 25-iyunidan 5-iyuliga qadar umumxalq muhokamasiga qoʻyildi.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi “Xalq soʻzi”, “Narodnoye slovo” gazetalarida hamda “Meningkonstitutsiyam.uz” elektron platformasida eʼlon qilindi.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan umumxalq muhokamasi mamlakatimizning barcha hududlarida qizgʻin tashkil etilmoqda.
Parlament aʼzolari hamda mahalliy Kengashlar deputatlari tomonidan hududlarda davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda 120 ming nafardan ortiq fuqaro ishtirokida oʻtkazilgan 2 mingdan ziyod uchrashuvda konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka tushuntirish ishlari olib borildi.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi jarayonlari ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borilmoqda.
Bugungi kunga qadar Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan aholi va fuqarolik jamiyati institutlaridan 57 mingdan ziyod taklif kelib tushgan.
Tahlil natijalari shuni koʻrsatmoqdaki, umumxalq muhokamasining dastlabki kunlarida Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan kelib tushgan takliflar kuniga 700 ga yaqinni tashkil etgan boʻlsa, hozirgi vaqtga kelib, ularning soni 10 mingtaga yetmoqda.
Ushbu raqamlar umumxalq muhokamasi toʻgʻri tashkil etilganligini hamda aholining mazkur tarixiy jarayonlarga nisbatan daxldorlik hissi oshib, oʻz fikr-mulohazalarini bildirishga boʻlgan qiziqishi tobora ortib borayotganligini koʻrsatmoqda.
Aholi va fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan bildirilayotgan fikr-mulohazalarda mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlar oʻz vaqtida boʻlayotganligi taʼkidlanib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvida ilgari surgan takliflari va gʻoyalari keng jamoatchilik tomonidan yakdillik bilan qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan fikr-mulohaza bildirishda fuqarolarning faolligi ortib borayotganligi, kelib tushayotgan takliflar soni tobora oshayotganligi umumxalq muhokamasining muddatini uzaytirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
Shuningdek deputatlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning 2022-yil 2-iyul kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputatlari hamda faollari bilan uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining Qoraqalpogʻiston Respublikasining huquqiy maqomiga oid boʻlgan 70, 71, 72, 74 va 75-moddalarini oʻzgarishsiz qoldirib, amaldagi normalarni saqlab qolish maqsadga muvofiqligi haqidagi fikrlarini eʼtiborga olish zarurligini alohida taʼkidladilar.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi umumxalq muhokamasining muddati 2022-yil 15-iyulgacha uzaytirilsin.
2. Umumxalq muhokamasi davomida Qoraqalpogʻiston Respublikasi aholisidan “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi boʻyicha kelib tushayotgan taklif va mulohazalar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi faollari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda bildirilgan takliflar inobatga olinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74 va 75-moddalari oʻzgarishsiz qoldirilib, amaldagi normalarni saqlab qolish maqsadga muvofiq deb topilsin.
3. Davlat organlariga, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga, korxonalarga, muassasalarga, tashkilotlarga, siyosiy partiyalarga hamda boshqa jamoat birlashmalariga va ommaviy axborot vositalariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlariga “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining umumxalq muhokamasini tashkil etish va oʻtkazishga doir tadbirlarni davom ettirish tavsiya etilsin.
4. Davlat organlari “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining umumxalq muhokamasini davom ettirish uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi hamda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi:
Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi davomida kelib tushadigan taklif va mulohazalarni koʻrib chiqishga oid ishlarni jadallashtirsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha Konstitutsiyaviy komissiya bilan hamkorlikda umumxalq muhokamasi davomida kelib tushgan taklif va mulohazalarni hisobga olish, umumlashtirish, oʻrganish hamda tahlil qilish va ular asosida Konstitutsiyaviy qonun loyihasini maromiga yetkazish boʻyicha ishlarni davom ettirsin;
Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi yakunlari toʻgʻrisida umumlashtirilgan axborot tayyorlasin hamda uni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari eʼtiboriga yetkazsin.
6. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2022-yil 4-iyul,
2270-IV-son