Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
TADBIRKORLIK SUBYEKTLARI TOMONIDAN TAQDIM ETILADIGAN HISOBOT TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISH VA UNI NOQONUNIY TALAB ETGANLIK UCHUN JAVOBGARLIKNI KUCHAYTIRISH TOʻGʻRISIDA
Tadbirkorlik subyektlari faoliyati uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, xalqaro amaliyotga muvofiq hisobot tizimi va uni taqdim etish tartibini takomillashtirish, shuningdek qoʻshimcha hisobotni noqonuniy talab etish hollariga yoʻl qoʻymaslik maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat mulk qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi va Savdo-sanoat palatasining 2005-yil 1-iyuldan boshlab mikrofirmalar va kichik korxonalar tomonidan soliqlar, yigʻimlar, ajratmalar hamda boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha barcha hisob-kitoblarni davlat soliq xizmati organlariga har oyda taqdim etishni har chorakda taqdim etishga oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Bunda soliqlar, yigʻimlar, ajratmalar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashning amaldagi muddatlari saqlab qolinsin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Belgilansinki, har chorakdagi hisob-kitoblar mikrofirma va kichik korxonalar tomonidan davlat soliq xizmati organlariga hisobot choragidan keyingi oyning 25-kunidan kechikmay:
oyma-oy taqsimlangan holda — har oyda toʻlanadigan barcha soliqlar, yigʻimlar, ajratmalar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha (Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan tovarlarga aksiz soligʻi bundan mustasno);
har oʻn kunlikka taqsimlangan holda — Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan tovarlarga aksiz soligʻi boʻyicha har chorakda bir marta taqdim etiladi.
Mikrofirmalar va kichik korxonalar tomonidan toʻlanishi lozim boʻlgan soliqlar, yigʻimlar, ajratmalar va boshqa majburiy toʻlovlarning miqdori kamaytirilgan taqdirda ularga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlik choralari qoʻllaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Belgilab qoʻyilsinki, xorijiy valyuta tushumini majburiy sotishdan ozod qilingan tadbirkorlik subyektlari, majburiy sotilishi lozim boʻlgan valyuta tushumi miqdori hisob-kitobini hisobga olish maqsadida, davlat soliq xizmati organlariga belgilangan shaklda hisobot choragidan keyingi oyning 25-kunidan kechiktirmay taqdim etadilar.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi va Davlat soliq qoʻmitasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2006-yilgi Davlat statistika ishlari dasturini tayyorlash doirasida ikki oy muddatda:
tadbirkorlik subyektlari uchun davlat statistik hisobotini yanada soddalashtirishga qaratilgan hisobot shaklini;
yillik statistik va moliyaviy hisobotni oʻzaro muvofiqlashtirishni nazarda tutgan holda uni taqdim etish muddatlarini qayta koʻrib chiqsinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi bir oy muddatda davlat soliq xizmati organlari tadbirkorlik subyektlaridan oladigan, shu jumladan pochta va elektron aloqa vositasida oladigan moliyaviy hisobot, soliqlar va daromadlar toʻgʻrisidagi deklaratsiyalar boʻyicha hisob-kitoblar, yozma arizalar va bildirishnomalarni qabul qilib olish va roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizomni belgilangan tartibda tasdiqlasin, bunda qabul qilib olish tartib-taomilini soddalashtirish, unifikatsiyalashtirilgan ish jadvali va tadbirkorlik subyektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish nazarda tutilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat statistika qoʻmitasi tadbirkorlik subyektlari tomonidan moliyaviy va statistik hisobotlarni taqdim etishning belgilangan tartibi hamda muddatlariga qatʼiy rioya etilishini taʼminlasin, bunda mikrofirma va kichik korxonalar:
buxgalteriya balansidan iborat moliyaviy hisobot — 1-shaklni, moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobot — 2-shaklni hamda debitorlik va kreditorlik qarzlari toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma — 2-a-shaklni — har yili;
Keyingi tahrirga qarang.
statistik hisobotni — hisobot turlariga qarab har chorakda yoki har yili taqdim etadilar.
7. Tadbirkorlik subyektlaridan:
davlat soliq xizmati organlari va davlat statistika organlari belgilangan moliyaviy va statistik hisobotlarga qoʻshimcha ravishda har qanday maʼlumotlar, maʼlumotnoma va hujjatlarni talab qilishga (qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tekshiruvlarni oʻtkazish vaqtida qilingan talablar bundan mustasno);
Keyingi tahrirga qarang.
boshqa davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlangan qonunlarda nazarda tutilmagan har qanday axborotni, shu jumladan hisobot, maʼlumotlar, maʼlumotnoma va hujjatlarni talab qilishlariga yoʻl qoʻyilmaydigan tartib oʻrnatilsin.
Davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslari qarorning ushbu bandini buzganlik uchun shaxsan javobgar boʻlishlari toʻgʻrisida qattiq ogohlantirilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Bosh prokuratura bilan birgalikda moliyaviy, statistik hisobotlar va hisob-kitoblarni qabul qilishning belgilangan tartibiga rioya etilishi ustidan qattiq nazorat oʻrnatsin, tadbirkorlik subyektlaridan moliyaviy, statistik hisobotlar va hisob-kitoblarni, shuningdek boshqa maʼlumotlar va hujjatlarni noqonuniy talab qilishda aybdor boʻlgan shaxslarning jazolanishi muqarrarligini taʼminlasin.
Belgilansinki, mazkur xatti-harakatlarni sodir etganlik uchun mansabdor shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksida va Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan javobgarlikka tortiladilar, tadbirkorlik subyektlariga yetkazilgan maʼnaviy va moddiy zararning oʻrni sud qaroriga binoan aybdor mansabdor shaxslar hisobidan qoplanadi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat statistika qoʻmitasi va Moliya vazirligi, Adliya vazirligi va Savdo-sanoat palatasi xalqaro tajribani hisobga olgan holda:
hisobot va hisob-kitoblar tizimini, shuningdek hisobot va hisob-kitoblarni noqonuniy talab qilganlik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligini tushuntirish boʻyicha ommaviy axborot vositalarida muntazam maqolalar chop etib borilishini, telekoʻrsatuv turkumlari tashkil etilishini;
mintaqalarda tadbirkorlarning huquqiy savodxonligini oshirish va huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha seminarlar, shuningdek davlat soliq xizmati organlari va davlat statistika organlari xodimlari uchun moliyaviy, statistik hisobotlar va hisob-kitoblarni qabul qilish borasida oʻrnatilgan tartib buzilishiga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan haftalik seminarlar oʻtkazib turilishini taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
Vazirliklar va idoralar bir oy muddatda oʻzlarining normativ hujjatlarini mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.
11. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 15-iyun,
PQ-100-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 23-24-son, 168-modda; 2012-y., 40-son, 466-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.05.2018-y., 06/18/5428/1158-son; 31.10.2020-y., 06/20/6098/1432-son)