Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Soliq va bojxona qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2022-yil 7-iyulda qabul qilingan
Senat tomonidan 2022-yil 8-iyulda maʼqullangan
Senat tomonidan 2022-yil 8-iyulda maʼqullangan
Mamlakatimizni 2017 — 2021-yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida, xususan soliq-bojxona tizimida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi.
Aholi va tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, kambagʻallikni qisqartirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilanganligi soliq-bojxona imtiyozlarini qayta koʻrib chiqish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
Bunda mobil aloqa xizmatlari uchun aksiz soligʻi hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi stavkalari norezident jismoniy shaxslar uchun pasaytirilganligi, shuningdek ota-onalar farzandlarining taʼlim olishi uchun nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga va maktablarga oyiga toʻlaydigan 3 million soʻmgacha boʻlgan toʻlovlar uchun soliq solishdan ozod etilishi, shuningdek bojxona bojlari boʻyicha imtiyozlar faqat qonunlarga asosan berilishiga doir yagona tartib belgilanishi milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirishga koʻmaklashadi.
Shu bilan birga, xizmatlar sohasini, kapital bozorini, charm sanoati va tibbiyotni rivojlantirish, shuningdek xotin-qizlarning ishga joylashtirilishini taʼminlash maqsadida tadbirkorlik subyektlariga vaqtinchalik soliq imtiyozlari berilmoqda.
Ushbu Qonun soliq-bojxona tizimini takomillashtirish hamda biznes muhitini yaxshilash orqali aholining daromadlarini oshirishga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 30-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-599-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, 12-songa 1-ilova; 2021-yil, № 1, 6-modda) 6-moddasining uchinchi qismi quyidagi mazmundagi jumla bilan toʻldirilsin:
“Bunda ushbu soliq imtiyozlari Oʻzbekiston Respublikasining tijorat banklari orqali qayta moliyalashtiriladigan yoki qayta kreditlanadigan xalqaro moliya institutlarining va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablagʻlari (qarzlari, kreditlari) hisobidan sotib olinadigan tovarlarga (xizmatlarga) nisbatan qoʻllanilmaydi”.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 30-dekabrda qabul qilingan OʻRQ-599-sonli Qonuni bilan yangi tahrirda tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, 12-songa 1-ilova; 2020-yil, № 3, 198-modda, № 10, 593-modda, № 11, 652-modda, № 12, 690, 691-moddalar; 2021-yil, № 1, 6-modda, № 4, 294-modda, 4-songa ilova, № 8, 800-modda, № 9, 901-modda, № 10, 968, 969, 972, 973-moddalar, № 12, 1199-modda; 2022-yil, № 2, 79-modda, № 3, 215, 216-moddalar, № 5, 461, 464, 467-moddalar, № 6, 570-modda) quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 2893-modda birinchi qismining 5-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
|
“ |
||
|
5. |
Mobil aloqa xizmatlari |
10 % |
|
”; |
2) 317-moddaning 3-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3) soliq toʻlovchining ushbu Kodeks 376-moddasida nazarda tutilgan, jismoniy shaxsning moddiy naf tarzidagi daromadlari hisoblanadigan xarajatlari, bundan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadlarining 0,5 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda oʻz xodimlariga va ularning yaqin qarindoshlariga ommaviy-madaniy hamda konsert-tomosha tadbirlariga borishi uchun chiptalar xarid qilishga doir xarajatlar mustasno”;
3) 369-modda:
birinchi qismining 9-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9) qonunchilikda belgilanadigan tartibda oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyati natijasida olingan daromadlari, shu jumladan talabalarning Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tashkilotlari hududida pulli oʻquv kurslarini, sport toʻgaraklarini tashkil etishdan va boshqa taʼlim xizmatlarini koʻrsatishdan olingan daromadlari”;
12-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“12) oʻquvchilar va talabalarning taʼlim olishi uchun Oʻzbekiston Respublikasining professional va oliy taʼlim tashkilotlari bilan toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar boʻyicha pulli-kontrakt asosida oʻtkaziladigan mablagʻlar”;
quyidagi mazmundagi 121-band bilan toʻldirilsin:
“121) nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining va maktablarning, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tashkil etilgan nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining va maktablarning qonunchilikda belgilangan normalar doirasida ijtimoiy koʻmakka muhtoj oilalarning isteʼdodli va iqtidorli farzandlarini, shuningdek maxsus kontingentdagi tarbiyalanuvchilarning muayyan sonini bepul oʻqitish bilan bogʻliq xarajatlari”;
4) 378-moddaning 16-bandi:
quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“farzandlariga nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari va (yoki) maktablar koʻrsatadigan taʼlimga oid xizmatlar uchun ota-ona (farzandlikka oluvchilar) tomonidan har bir farzand uchun toʻlanadigan oyiga 3 million soʻmgacha boʻlgan toʻlovlar”;
uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi xatboshilari tegishincha toʻrtinchi, beshinchi va oltinchi xatboshilar deb hisoblansin;
5) 382-moddaning 3-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
|
“ |
||
|
3. |
Mehnat shartnomalari (kontraktlari) va fuqarolik-huquqiy xususiyatdagi shartnomalar boʻyicha olingan daromadlar, 1 va 2-bandlarda koʻrsatilmagan boshqa daromadlar |
12 |
|
”; |
6) 389-moddaning ikkinchi qismidagi “bundan yirik soliq toʻlovchilar mustasno” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
7) 412-modda birinchi qismining 1-bandi:
sakkizinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Agar obyektning 1 kv. metri qiymati ushbu bandda belgilangan eng kam qiymatdan past boʻlsa, soliq toʻlovchi koʻchmas mulk obyektlari qiymatini mustaqil baholashni amalga oshirishga haqli. Bunda mustaqil baholash natijalari, shu jumladan soliq toʻlovchi tomonidan oʻtgan ikki yilda oʻtkazilgan mustaqil baholash natijalari soliq bazasi sifatida eʼtirof etiladi”;
quyidagi mazmundagi toʻqqizinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Ushbu bandda belgilangan eng kam qiymat tatbiq etilmaydigan koʻchmas mulk obyektlari qonunchilikda belgilanadi”;
8) 414-moddaning uchinchi qismi quyidagi mazmundagi 3-band bilan toʻldirilsin:
“3) qishloq joylarda joylashgan (bundan shaharlar va tumanlarning markazlari mustasno) antenna-machta metall konstruksiyalari, shu jumladan ularga oʻrnatilgan hamda ularning ajralmas qismi boʻlgan konstruksiyalar”;
9) 428-moddaning ikkinchi qismi quyidagi mazmundagi oʻn uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“qishloq joylarda joylashgan (bundan shaharlar va tumanlarning markazlari mustasno) antenna-machta metall konstruksiyalari, shuningdek ularga oʻrnatilgan hamda ularning ajralmas qismi boʻlgan konstruksiyalar egallagan yer uchastkalari”;
10) 463-modda ikkinchi qismining oltinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
11) 464-moddaning ikkinchi qismi quyidagi mazmundagi 4-band bilan toʻldirilsin:
“4) tadbirkorlik subyektlari uchun — tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadlarining 0,5 foizidan oshmagan miqdorda oʻz xodimlariga va ularning yaqin qarindoshlariga ommaviy-madaniy hamda konsert-tomosha tadbirlariga borishi uchun chiptalar xarid qilishga doir xarajatlar summasiga”;
12) 483-modda quyidagi mazmundagi yigirmanchi — oʻttiz oltinchi qismlar bilan toʻldirilsin:
“Chakana savdo va umumiy ovqatlanish, mehmonxona (joylashtirish), avtotransport vositasida yoʻlovchi va yuk tashish, avtotransport vositalarini taʼmirlash hamda ularga texnik xizmat koʻrsatish, kompyuter xizmatlarini, maishiy texnikani taʼmirlash, agro va veterinariya xizmatlari koʻrsatuvchi, shuningdek koʻngilochar markazlarda xizmatlar koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlari — 2022-yil 1-apreldan 2025-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdordagi soliq stavkasi boʻyicha toʻlaydi.
Ushbu moddaning yigirmanchi qismida nazarda tutilgan imtiyoz, agar belgilangan faoliyat turlarini amalga oshirishdan olingan daromadlar joriy hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha jami daromadning kamida 60 foizini tashkil qilsa, tadbirkorlik subyektlariga nisbatan tatbiq etiladi. Xodimlar sonini yashirish faktlari aniqlangan taqdirda mazkur imtiyozning amal qilishi bekor qilinadi.
Mahallalararo savdo-xizmat koʻrsatish koʻchalari boʻylab joylashgan, uy-joy uchun moʻljallangan koʻchmas mulk obyektlari ushbu moddaning yigirmanchi qismida belgilangan xizmatlar turlarini koʻrsatish uchun yashash uchun moʻljallanmagan koʻchmas mulk toifasiga oʻtkazilgan taqdirda, 2024-yil 1-yanvarga qadar jismoniy shaxslar jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻini hamda jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻini uy-joyga moʻljallangan koʻchmas mulk obyektlari, shuningdek ushbu obyektlar egallagan yer uchastkalari uchun belgilangan soliq stavkalari boʻyicha toʻlaydi.
Mahallalararo savdo-xizmat koʻrsatish koʻchalarining roʻyxati Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilanadi.
Tadbirkorlik subyektlari 2022-yil 1-yanvardan 2027-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda maydoni besh ming kvadrat metrdan yuqori boʻlgan savdo komplekslari va mehmonxona (joylashtirish vositalari), shu jumladan, ular egallagan yer uchastkalari boʻyicha quyidagilarga haqli:
yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi boʻyicha soliq stavkalariga nisbatan 0,1 koeffitsiyentni qoʻllashga. Bunda 2027-yil 1-yanvarga qadar yangidan qurilgan ushbu koʻchmas mulk obyektlariga va ushbu obyektlar egallagan yer uchastkalariga nisbatan mazkur imtiyoz ular foydalanishga topshirilgan oydan eʼtiboran besh yil mobaynida qoʻllaniladi;
foyda soligʻini hisoblab chiqarish chogʻida ikki yil davomida mazkur binolarning qiymatini amortizatsiya tarzida chegirib tashlanadigan xarajatlar jumlasiga kiritishga.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorida koʻrsatilgan tumanlar va shaharlarning belgilangan turizm zonalarida roʻyxatdan oʻtkazilgan hamda mazkur hududlarda umumiy ovqatlanish, mehmonxona (joylashtirish), savdo, koʻngilochar, turoperatorlik va turagent xizmatlarini koʻrsatadigan tadbirkorlik subyektlari — 2022-yil 1-apreldan 2025-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda:
aylanmadan olinadigan soliqni 1 foiz miqdordagi soliq stavkasi boʻyicha toʻlaydi;
ushbu hududlarda joylashgan obyektlarga, shuningdek mazkur obyektlar egallagan yer uchastkalariga nisbatan yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini ushbu soliqlar boʻyicha hisoblangan summaning 1 foizi miqdorida toʻlaydi.
Tumanlar va shaharlar turizm zonalari chegaralari Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hududiy bosh boshqarmalarining xulosalariga asosan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar Kengashlari tomonidan belgilanadi.
2022-yil 1-apreldan 2024-yil 31-dekabrga qadar boʻlgan davrda:
Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari va norezidentlari boʻlgan jismoniy shaxslarning (aksiyadorlarning) aksiyalar boʻyicha dividendlar tarzidagi daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan ozod qilinadi;
Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari boʻlgan yuridik shaxslarning (aksiyadorlarning) aksiyalari boʻyicha dividendlar tarzidagi daromadlariga foyda soligʻi boʻyicha 5 foiz miqdorida soliq stavkasi qoʻllaniladi;
Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari va norezidentlari boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslarning xoʻjalik jamiyatlari obligatsiyalari boʻyicha foizlar tarzidagi daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan hamda foyda soligʻidan ozod etiladi.
Tadbirkorlik subyektlarining milliy musiqa cholgʻu asboblarini ishlab chiqarishdan olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha jami daromadning kamida 60 foizini tashkil etsa, aylanmadan olinadigan soliq va ijtimoiy soliq 2022-yil 1-apreldan 2025-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda 1 foiz miqdordagi soliq stavkasi boʻyicha toʻlanadi.
Xoʻjaliklarda baliq yetishtirishni kooperatsiya asosida yoʻlga qoʻygan soliq toʻlovchilar 2025-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda barcha soliqlarni (bundan qoʻshilgan qiymat soligʻi va ijtimoiy soliq mustasno) toʻlashdan ozod etiladi.
Ushbu moddaning yigirma toʻqqizinchi qismida nazarda tutilgan imtiyoz joriy hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha jami daromadning umumiy hajmida baliq yetishtirish faoliyatidan olingan daromadining ulushi 90 foizdan ortiqni tashkil etgan soliq toʻlovchilarga nisbatan qoʻllaniladi.
Charm, moʻyna xomashyosini va junni tayyorlash, saqlash hamda qayta ishlash, qoramolni avtomatlashtirilgan tarzda soʻyish, jun, qorakoʻl va sunʼiy charmdan buyumlar, charm-attorlik mahsulotlari, poyabzal ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi soliq toʻlovchilar 2023-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda ushbu faoliyati boʻyicha foyda soligʻini, aylanmadan olinadigan soliqni va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni toʻlashdan ozod etiladi.
Ushbu moddaning oʻttiz birinchi qismida belgilangan soliq imtiyozlari quyidagilarga nisbatan tatbiq etiladi:
chorva mollarni soʻyishga ixtisoslashtirilgan, zamonaviy avtomatlashtirilgan komplekslar bilan jihozlangan soliq toʻlovchilarga;
hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha jami daromadining umumiy hajmida charm, moʻyna, qorakoʻl xomashyosini va junni yigʻish hamda tayyorlash, ularni qayta ishlash (foydalanish) uchun keyinchalik sotish faoliyatidan olingan daromadining ulushi 80 foizdan kam boʻlmagan soliq toʻlovchilarga;
hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha jami daromadining umumiy hajmida charm, moʻyna, qorakoʻl xomashyosini va junni qayta ishlash, shuningdek butlovchi buyumlarni, furnitura, aksessuarlar, poyabzal qoliplari, poyabzal tagliklari, ustki qismlari, jelatin, sunʼiy charm, poyabzal, charm-attorlik, moʻynachilik, qorakoʻl mahsulotini va jundan ishlangan buyumlarni ishlab chiqarishdan olingan daromadining ulushi 60 foizdan kam boʻlmagan soliq toʻlovchilarga.
Chorva mollarni soʻyish boʻyicha zamonaviy avtomatlashtirilgan komplekslarga ega boʻlgan, shuningdek terini qayta ishlovchi va charmdan tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi soliq toʻlovchilar yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini toʻlashdan 2023-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda ozod etiladi.
Hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha jami daromadining umumiy hajmi quyidagi talablarga javob bersa, soliq toʻlovchilar ijtimoiy soliqni 2022-yil 1-apreldan 2025-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda 1 foiz miqdordagi soliq stavkasi boʻyicha toʻlaydi:
bolalar, ayollar va sport poyabzallarini, sunʼiy (eko) charm, furnitura, poyabzal qoliplari hamda tagliklarini realizatsiya qilishdan olinadigan daromadlarining ulushi kamida 60 foizni tashkil etsa;
poyabzallarni, charm-attorlik mahsulotlarini va moʻynadan tayyorlangan buyumlarni eksport qilishdan olinadigan daromadlarining ulushi kamida 80 foizni tashkil etsa.
Belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha tibbiyot asbob-uskunalari va buyumlarining ehtiyot qismlarini hamda tibbiyot maqsadlari uchun sarflov materiallarini Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish 2022-yil 1-apreldan 2025-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinadi.
Mehnat resurslari zich boʻlgan qishloq joylarning reyestriga kiritilgan hududlarda xodimlarining umumiy soni 10 nafardan kam boʻlmagan hamda u erda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi xotin-qizlar mehnatiga haq toʻlash fondi umumiy mehnatga haq toʻlash fondining 50 foizidan kam boʻlmagan kichik tadbirkorlik subyektlari oʻzida mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi xotin-qizlarning mehnatiga haq toʻlash fondidan olinadigan ijtimoiy soliqni 2022-yil 1-sentabrdan 2025-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda 1 foiz miqdordagi soliq stavkasi boʻyicha toʻlaydi”.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 20-yanvarda qabul qilingan OʻRQ-400-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016-yil, 1-songa ilova; 2017-yil, № 9, 510-modda; 2018-yil, № 4, 224-modda, № 7, 433-modda, № 10, 670-modda; 2019-yil, № 1, 5-modda, № 2, 47-modda, № 5, 267-modda, № 9, 589-modda, № 10, 671-modda, № 12, 880-modda; 2020-yil, № 10, 593-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 10, 969-modda; 2022-yil, № 2, 75-modda) quyidagi oʻzgartish va qoʻshimcha kiritilsin:
1) 289-moddaning toʻrtinchi qismidagi “va soliqlarning” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
2) 297-modda ikkinchi qismining 8-bandi quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Bunda Oʻzbekiston Respublikasining tijorat banklari orqali qayta moliyalashtiriladigan yoki qayta kreditlanadigan xalqaro moliya institutlarining va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablagʻlari (qarzlari, kreditlari) hisobidan sotib olinadigan tovarlar boʻyicha imtiyozlar qoʻllanilmaydi”.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-iyulga qadar qabul qilingan hujjatlarida nazarda tutilgan bojxona boji boʻyicha imtiyozlar ularning amal qilish muddati tugaguniga qadar amal qiladi.
5-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
6-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
7-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonun 2-moddasi 12-bandining yigirmanchi — yigirma beshinchi xatboshilari 2023-yil 1-yanvardan eʼtiboran amalga kiritiladi.
Ushbu Qonun 2-moddasi 12-bandining oʻttizinchi xatboshisi 2022-yil 1-sentabrdan eʼtiboran amalga kiritiladi.
Ushbu Qonun 1-moddasining va 3-moddasi 2-bandining qoidalari tijorat banklari hamda tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida 2022-yil 1-maydan keyin yangitdan tuziladigan bitimlar (rasmiylashtirish shakli va usulidan qatʼi nazar) asosida sotib olinadigan tovarlarga (xizmatlarga) nisbatan tatbiq etiladi.
Ushbu Qonun 2-moddasi 1 va 7-bandlarining hamda 12-bandi oltinchi — sakkizinchi xatboshilarining qoidalari 2022-yil 1-yanvardan eʼtiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Ushbu Qonun 2-moddasi 4, 8, 9-bandlarining hamda 12-bandining ikkinchi, uchinchi, toʻqqizinchi — oʻn yettinchi, yigirma oltinchi — yigirma toʻqqizinchi xatboshilarining qoidalari 2022-yil 1-apreldan eʼtiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Ushbu Qonun 2-moddasi 5-bandining qoidalari 2022-yil 1-maydan eʼtiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 26-iyul,
OʻRQ-785-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.07.2022-y., 03/22/785/0679-son)