Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2022-yil birinchi choragidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisoboti haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2022-yil birinchi choragidagi ijrosi “2022-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonun doirasida amalga oshirilgan.
Joriy yil yanvar — mart oylarida yalpi ichki mahsulotning nominal hajmi 162 trln 785 mlrd soʻmni tashkil etib, Oʻzbekiston iqtisodiyoti 5,8 foizga, jumladan, sanoat 5,7 foizga, qurilish 6,3 foizga hamda xizmatlar sohasi 6,9 foizga oʻsgan.
Inflatsiya darajasi 2,9 foizni tashkil qilib, oziq-ovqat mahsulotlari inflatsiya koʻrsatkichi 4,4 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari 2,1 foizga va xizmatlar 1,5 foizga oshgan.
Tashqi savdo aylanmasi 13 mlrd 156 mln AQSh dollari boʻlib oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 74,8 foizga koʻpaygan.
Davlat budjeti daromadlari 41 trln 916 mlrd soʻmni, xarajatlari esa 42 trln 943 mlrd soʻmni tashkil etib, Davlat budjeti taqchilligi 1 trln 27 mlrd soʻmni yoki YIMga nisbatan 0,1 foizni tashkil etgan.
Davlat budjeti xarajatlarining 54,7 foizi ijtimoiy xarajatlar hissasiga toʻgʻri kelib 23 trln 470 mlrd soʻm yoʻnaltirilgan.
Mahalliy budjetlar daromadlari 10 trln 260 mlrd soʻmga yoki rejaga nisbatan 113,0 foizga, xarajatlari esa rejaga nisbatan 85 foizga ijro etilib, 15 trln 532 mlrd soʻmni tashkil etgan.
Daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismi hisobidan mahalliy budjetlarga qoʻshimcha 1 trln 174 mlrd soʻm manba shakllantirilgan.
Shu bilan bir qatorda, budjetga soliq qarzdorligi qariyb 2 trln 988 mlrd soʻmga yetib, yil boshiga nisbatan 67 mlrd 58 mln soʻmga oshgan.
Xususan, soliq qarzining oʻsishi asosan Fargʻona, Toshkent, Samarqand, Buxoro viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasida kuzatilgan.
Budjetga ortiqcha toʻlovlar yil boshiga nisbatan 4 mlrd 106 mln soʻmga pasaygan boʻlsa-da, umumiy summa 101 mlrd 594 mln soʻmni tashkil etgan.
Davlat moliyaviy nazorati tadbirlari natijasida 39,2 mlrd soʻm kamomad va oʻzlashtirishlar, 199,8 mlrd soʻm budjet mablagʻlaridan asossiz va ortiqcha toʻlovlar va 22,7 mlrd soʻm maqsadsiz xarajatlar amalga oshirilgani aniqlangan.
Xalq taʼlimi, Maktabgacha taʼlim, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish, Sogʻliqni saqlash vazirliklari va “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari tizimida budjet mablagʻlaridan foydalanishda (6 mlrd soʻmdan — 36 mlrd soʻmgacha) ortiqcha va notoʻgʻri toʻlovlarga yoʻl qoʻyilgan.
Xususan, hududlarda 99,4 mlrd soʻmlik (Jizzax, Toshkent viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasida 10 mlrd soʻmdan 16 mlrd soʻmgacha) ortiqcha va notoʻgʻri toʻlovlar amalga oshirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2022-yil birinchi choragidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotini eshitib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 3210-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2022-yil birinchi choragidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
Vazirlar Mahkamasi Rayosatida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2022-yil birinchi chorakdagi ijrosi holatini, budjetga boqimanda qarzlar va ortiqcha toʻlovlarning hosil boʻlishi hamda ajratilgan mablagʻlarning noqonuniy, maqsadsiz ishlatilishiga yoʻl qoʻygan vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining masʼuliyatini oshirish masalasini koʻrib chiqsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi, Maktabgacha taʼlim, Sogʻliqni saqlash va Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirliklari bir oy muddatda budjet mablagʻlarining maqsadsiz, noqonuniy sarflanishi holatlari bilan bogʻliq soʻnggi uch yillik faoliyatini tahlil qilgan holda xato-kamchiliklarning kelib chiqish sabablarini, unga masʼul xodimlar javobgarligini aniqlab, bu kabi kamchiliklarga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan takliflar ishlab chiqsin.
Ushbu Qarorning ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar boʻyicha 2022-yilning 1-avgustiga qadar Oliy Majlis Senatiga umumlashtirilgan axborot taqdim etsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda iqtisodiy oʻsish surʼatlarini oshirish ustuvor yoʻnalishlarini belgilash orqali budjetga soliq toʻlovlari manbalarini kengaytirish, hisoblangan soliqlarning toʻliq undirilishini taʼminlash, boqimanda qarzlar va ortiqcha toʻlovlarga chek qoʻyish boʻyicha takliflar ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Davlat budjetida koʻzda tutilgan xarajatlarni oʻz muddatida moliyalashtirish va ajratilgan budjet mablagʻlaridan maqsadli, samarali foydalanish boʻyicha dastlabki hamda joriy nazorat olib borishning taʼsirchan choralarini koʻrsin;
bir oy muddatda mahalliy budjetlarning qoʻshimcha daromadlari hisobidan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da koʻzda tutilgan tadbirlar, Yoshlar agentligiga va shu kabi boshqa maqsadlar uchun ajratiladigan mablagʻlarni tegishli moliya yili uchun oldindan taqdim etiladigan xarajatlar smetasi asosida mablagʻlarni ajratish tartibi boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;
budjet jarayonining shaffofligini taʼminlash maqsadida hisobotlarni birinchi darajali budjet taqsimlovchilarning barcha xarajatlari asosida shakllantirish hamda xalqaro standartlarga muvofiq tayyorlashni taʼminlasin;
mahalliy budjet mablagʻlarini taqsimlashda tuman (shahar)lar budjetlari qoʻshimcha manbalarining kamida 30 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yoʻnaltirish va bu mablagʻlardan samarali foydalanish boʻyicha moliya organlari rahbar xodimlari masʼuliyatini oshirsin;
moliyaviy intizomni mustahkamlash maqsadida noqonuniy xarajatlarga yoʻl qoʻygan vazirlik va idoralar hisobchilari uchun alohida oʻqishlar tashkil etsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda barcha darajadagi budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiya dasturlarining obyektlari roʻyxatini, ularning loyiha qiymati hamda ijrosi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni doimiy ravishda oʻz rasmiy veb-saytlariga joylashtirib borilishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi barcha darajadagi budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar tomonidan maʼlumotlarning rasmiy veb-saytlarda joylashtirish holatini oʻrganib, natijasi yuzasidan joriy yilning 5-oktabr kuniga qadar Oliy Majlis Senatiga maʼlumot kiritsin.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar hamda tumanlar va shaharlar hokimlari:
Davlat budjeti mablagʻlaridan foydalanishda yoʻl qoʻyilgan moliyaviy xatolarga eʼtibor qaratsin hamda kelgusida bu kabi salbiy holatlarning oldini olish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilasin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgi Kengesi va xalq deputatlari Kengashlarining qarorlari asosida mahalliy budjetlar qoʻshimcha mablagʻlarining kamida 30 foizini fuqarolar tomonidan bildirilgan takliflar asosida shakllantirilgan tadbirlarga yoʻnaltirilishini taʼminlasin;
davlat soliq xizmati, moliya organlari va boshqa tegishli mahalliy organlar hamda tijorat banklari bilan birgalikda har bir tuman (shahar)ning oʻziga xos xususiyati va salohiyatidan kelib chiqqan holda qoʻshimcha manbalarni izlash va shu asosda mahalliy budjet daromadlari bazasini kengaytirish yoʻli bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti daromadlari prognozlarini soʻzsiz bajarish choralarini koʻrsin;
davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan kompensatsiya toʻlovi uchun hududiy jamgʻarmalarga mablagʻlarning toʻliq oʻtkazilishini taʼminlasin.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengʻesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar hamda tumanlar va shaharlar Kengashlariga:
moliyalashtirish manbasi aniq boʻlmagan tadbirlar uchun mablagʻ ajratish holatlariga barham berish yuzasidan choralar koʻrish;
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarida nazarda tutilgan tadbirlar uchun mahalliy budjet hamda uning qoʻshimcha manbalari hisobidan moliyalashtirilishi belgilangan mablagʻlarni oʻz muddatida ajratish;
hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarida nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida moliyalashtirilishini nazorat qilish;
mahalliy budjet daromadlarining belgilangan prognoz koʻrsatkichlari bajarilishini taʼminlash, hududning iqtisodiy oʻsish nuqtalarini inobatga olgan holda qoʻshimcha manbalarni aniqlash, soliq qarzlarini qisqartirish, ortiqcha toʻlovlarga yoʻl qoʻymaslik borasida amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha har chorak yakunida xalq deputatlari Kengashlarida moliya va soliq idoralari rahbarlarining hisobotlarini eshitish tavsiya etilsin.
9. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi (E. Gadoyev) zimmasiga yuklansin.
10. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2022-yil 8-iyul,
SQ-565-IV-son