Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
Qarori
Tuman (shahar) budjetlari mablagʻlarini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yoʻnaltirish tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida
“Ochiq budjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishni yanada kengaytirish, shuningdek, mahalliy budjet mablagʻlarini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltirilishi tartibini yanada takomillashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2021-yil 22-apreldagi KQ-213-IV-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Tuman (shahar) budjetlari mablagʻlarini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yoʻnaltirish tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Tuman va shahar hokimliklari bir hafta muddatda tegishli tuman (shahar) budjetlari mablagʻlarini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yoʻnaltirish boʻyicha tasdiqlangan tartibga mazkur qarordan kelib chiqib, oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan qaror loyihasini xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga tasdiqlash uchun kiritsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman va shaharlar hokimlari “Tashabbusli budjet” jarayonining 2022-yil 2-mavsumini sifatli oʻtkazish hamda aholini ushbu jarayonlarga keng jalb qilish choralarini koʻrsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda “Tashabbusli budjet” jarayoniga fuqarolarni keng jalb qilish maqsadida jarayonning boshlanishi oldidan fuqarolarga ommaviy tarzda xabardor etuvchi maxsus SMS xabarnoma yuborilishini taʼminlasin.
5. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi raisi E. Gadoyev zimmasiga yuklansin.
6. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2022-yil 30-iyun,
KQ-377-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2022-yil 30-iyundagi KQ-377-IV-sonli Qaroriga
ILOVA
ILOVA
Tuman (shahar) budjetlari mablagʻlarini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yoʻnaltirish tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2021-yil 22-apreldagi KQ-213-IV-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Tuman (shahar) budjetlari mablagʻlarini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yoʻnaltirish tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1. 10-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Jamgʻarma mablagʻlari faqatgina jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni hamda ushbu tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq hujjatlarni rasmiylashtirish (loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, ekspertiza xulosalarini olish va boshqalar) bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi. Mazkur mablagʻlarni boshqa maqsadlarga yoʻnaltirish taqiqlanadi.”;
2. 15-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Takliflar fuqarolar tomonidan respublikaning istalgan hududi boʻyicha har bir jarayonda faqat bir marotaba berilishi mumkin. Bunda taklif mazmunan yagona ijtimoiy muammoni oʻzida aks ettirishi lozim.”;
3. 18-band quyidagi beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“budjet tashkilotini saqlab turish bilan bogʻliq xarajatlarni oʻzida aks ettirmasligi (kommunal, aloqa va Internet tizimi uchun toʻlovlar, shuningdek, kanstovar va boshqa tez eskiruvchi moddiy qiymatliklar);”
4. 20-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Tanlab olingan tadbirlarni amalga oshirish uchun talab etiladigan mablagʻning dastlabki miqdori tegishliligiga koʻra tarmoq korxonalari xulosasi asosida loyiha-smeta hujjatlari boʻyicha aniqlashtiriladi. Tadbir gʻolib deb topilgandan soʻng loyihani amalga oshirish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqiladi hamda tadbirning yakuniy qiymatiga aniqlik kiritiladi.
Agar tadbirning dastlabki qiymatiga nisbatan loyiha-smeta hujjatlariga koʻra yakuniy qiymati koʻproqni tashkil etsa, mazkur holatlarda loyihani amalga oshirish uchun talab etiladigan qoʻshimcha mablagʻ tegishli tuman (shahar) “Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmasi”dagi mavjud yoki kelgusida kelib tushadigan mablagʻlar hisobidan qoplab beriladi. Gʻolib deb topilgan loyihaning dastlabki qiymatidan kelib chiqib, tadbir doirasida amalga oshiriladigan ishlar (tovar va xizmatlar) hajmini kamaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.”;
5. 24-band quyidagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Bunda takliflar gʻolib deb topilishi uchun 10 tadan kam boʻlmagan ovoz soniga ega boʻlishi lozim.”.
6. Quyidagi tahrirdagi 241-band bilan toʻldirilsin:
“241. Gʻolib deb topilgan loyihalarni amalga oshirishda yuzaga kelgan texnik muammolar sababli yoki ushbu loyihani amalga oshirish boʻyicha boshqa manbalar hisobidan mablagʻlar ajratilishi holati kuzatilganda mazkur gʻolib deb topilgan loyihalar “Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmasi” hisobidan moliyalashtirilmaydi va ushbu loyihalar uchun ajratilishi koʻzda tutilgan mablagʻlar “Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmasi”ga qayta tiklanadi. Ushbu mablagʻlar doirasida boshqa gʻolib loyihalarni aniqlashga yoʻl qoʻyilmaydi.”;
7. 25-band quyidagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Gʻoliblar aniqlangandan soʻng “Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmasi”da shakllangan qoldiq mablagʻlar gʻolib deb topilgan loyihalarning yakuniy qiymatiga aniqlik kiritilishi munosabati bilan qoʻshimcha talab etiladigan farqni qoplashga yoki kelgusida oʻtkaziladigan “Tashabbusli budjet” jarayonlariga yoʻnaltiriladi.”;
8. Quyidagi tahrirdagi 251-band bilan toʻldirilsin:
“251. Gʻolib deb topilgan loyihalar mualliflari tomonidan tadbirlarni amalga oshirishning barcha bosqichlarini kuzatish hamda bajarilgan ishlarni real-vaqt koʻrinishida baholab borish imkoniyatiga ega boʻladi. Bunda jamoatchilik nazorati doirasida fuqarolar tadbirlarni kuzatib borish orqali qonun buzilishi holatlari yoki kamchiliklar kuzatilganda shikoyat tarzida vakolatli organlarga murojaat qilishlari mumkin. Fuqarolar tomonidan loyihani amalga oshirishda boshqa koʻrinishdagi aralashuvlarga (pudratchi korxonani aniqlash yoki ishlarni ularning oʻzlari tomonidan amalga oshirilishi, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va shu kabilar) yoʻl qoʻyilmaydi.”;
9. Quyidagi tahrirdagi 323-band bilan toʻldirilsin:
“323. Moliya vazirligi har chorak yakunlariga koʻra “Ochiq budjet” axborot portalida fuqarolarning budjet jarayoniga jalb etilishi hamda tashabbusli budjetlashtirish tadbirlari amalga oshirilishi samaradorligi va natijadorligi yuzasidan davlat hokimiyati organlari faoliyatini baholab boradi.
Baholash tizimi “0” balldan “100” ballgacha baholanib, tuman va shaharlar tashabbusli budjetlashtirish jarayonlari natijalariga koʻra “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi.
Bunda quyidagilar baholash mezonlari sifatida qoʻllaniladi:
ishchi komissiya tomonidan saralash bosqichi haqqoniy va sifatli oʻtkazilishini baholash — loyihalarni dastlabki va yakuniy qiymati oʻrtasidagi farq, asossiz rad etilgan loyihalar hamda loyihalarni amalga oshirish imkoniyati toʻliq oʻrganilmaslik natijasida gʻolib boʻlgan loyihalarning keyinchalik rad etilishi darajasi (20 ballgacha);
fuqarolarning budjet jarayoniga jalb etilishi darajasi — tegishli hudud boʻyicha kelib tushgan loyihalar va ovoz sonining mavjud aholi soniga nisbati (20 ballgacha);
“Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmasi”ga mablagʻlar oʻz vaqtida va toʻliq oʻtkazilishini baholashda — Jamgʻarmaga tuman (shahar) qoʻshimcha mablagʻlarining tegishli qismi yoʻnaltirilishi holatidan kelib chiqib (20 ballgacha);
jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlarni amalga oshirishning samaradorligi va natijadorligini baholashda — “Ochiq budjet” axborot portalida “Jamoatchilik nazorati” boʻlimi orqali loyiha mualliflari tomonidan bajarilgan ishlarni sifati va holatini baholash tizimi orqali (20 ballgacha);
loyihalarni amalga oshirish boʻyicha buyurtmachilar bilan tizimli ishlar tashkil etilganligi darajasi — loyihalar moliyalashtirilishidan kelib chiqib, jami ajratilgan mablagʻga nisbatan oʻzlashtirilgan mablagʻga nisbati orqali (20 ballgacha) baholab boriladi.
Har chorak yakunlariga koʻra mezonlarga muvofiq tuman va shaharlarning toʻplagan ballaridan kelib chiqib:
71 balldan 100 ballgacha — “yashil hudud”,
55 balldan 71 ballgacha — “sariq hudud”,
55 balldan past boʻlganda — “qizil hudud” deb topiladi.
“Qizil hudud” deb topilgan tuman va shahar hokimliklarining tashabbusli budjet jarayoni ijrosi yuzasidan hisoboti chorak yakunlariga koʻra Oliy Majlis Senatida eshitib boriladi.”
10. 34-banddagi “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat moliyaviy nazorati departamenti” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi” soʻzlariga oʻzgartirilsin.;
11. 1-ilovaning 4-bosqichi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
|
4-bosqich |
Ishchi komissiya |
Mezonlarga muvofiqligi hamda tadbirlar amalga oshirilishi imkoniyatlarini oʻrgangan holda takliflarni tanlab oladi. |
“Ochiq budjet” axborot portalida takliflarni ilgari surish bosqichi yakunlangandan soʻng yigirma kun davomida | |||