Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2022-yil 7-iyunda qabul qilingan
Senat tomonidan 2022-yil 8-iyulda maʼqullangan
Senat tomonidan 2022-yil 8-iyulda maʼqullangan
Ushbu Qonun maxsus iqtisodiy zonalarning ishtirokchilariga foyda soligʻini toʻlashdan ozod qilish tarzidagi soliq imtiyozlarini berish shartlarini, shuningdek mazkur imtiyozlarning qoʻllanilish tartibini va muddatlarini belgilaydi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 30-dekabrda qabul qilingan OʻRQ-599-sonli Qonuni bilan yangi tahrirda tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, 12-songa 1-ilova; 2020-yil, № 3, 198-modda, № 10, 593-modda, № 11, 652-modda, № 12, 690, 691-moddalar; 2021-yil, № 1, 6-modda, № 4, 294-modda, 4-songa ilova, № 8, 800-modda, № 9, 901-modda, № 10, 968, 969, 972, 973-moddalar, № 12, 1099-modda; 2022-yil № 2, 79-modda, № 3, 215, 216-moddalar, № 5, 461, 464, 467-moddalar) quyidagi qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritilsin:
1) 473-modda:
quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Maxsus iqtisodiy zonalarning ishtirokchilari foyda soligʻini toʻlashdan oʻzi kiritgan investitsiyalar hajmiga qarab:
3 million AQSh dollaridan 5 million AQSh dollarigacha boʻlgan miqdordagi investitsiyalar uchun — 3 yil muddatga;
5 million AQSh dollaridan 15 million AQSh dollarigacha boʻlgan miqdordagi investitsiyalar uchun — 5 yil muddatga;
15 million AQSh dollari va undan yuqori miqdordagi investitsiyalar uchun — 10 yil muddatga ozod etiladi”;
ikkinchi va uchinchi qismlari tegishincha uchinchi va toʻrtinchi qismlar deb hisoblansin;
uchinchi qismidagi “Ushbu moddaning birinchi qismida” degan soʻzlar “Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
2) 474-modda:
quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Ushbu Kodeks 473-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan foyda soligʻi boʻyicha imtiyozlarning amal qilish muddati maxsus iqtisodiy zona hududida ishlab chiqarish (xizmatlar koʻrsatish) obyekti foydalanishga qabul qilingan sanadan eʼtiboran hisoblanadi”;
ikkinchi va uchinchi qismlari tegishincha uchinchi va toʻrtinchi qismlar deb hisoblansin;
3) 483-modda quyidagi mazmundagi oʻn toʻqqizinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Maxsus iqtisodiy zonalarning ishtirokchilari tomonidan foyda soligʻi boʻyicha imtiyozlarning 2020-yil 1-yanvardan keyin foydalanilmay qolgan qismi 2020-yil 1-oktabrga qadar maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilarining reyestriga kiritilgan ishtirokchilarga nisbatan ular tomonidan kiritilgan, 2020-yil 1-yanvarga qadar amalda boʻlgan qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan investitsiyalarning hajmiga qarab, mazkur ishtirokchilar reyestrga kiritilgan paytdan eʼtiboran 3 yildan 10 yilgacha boʻlgan muddatga toʻliq qoʻllaniladi. Ushbu qismning qoidalari ushbu Kodeks 473-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan foyda soligʻi boʻyicha imtiyozlarning amal qilish muddatiga nisbatan tatbiq etilmaydi”.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
4-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 12-iyul,
OʻRQ-783-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.07.2022-y., 03/22/783/0620-son)