Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik xoʻjaliklariga ular tomonidan yetishtirilgan va sotilgan mahsulotlar uchun subsidiya ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida
(Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Chorvachilikni yanada rivojlantirish va chorva ozuqa bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 8-fevraldagi PQ-121-son qarori)
(Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Chorvachilikni yanada rivojlantirish va chorva ozuqa bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 8-fevraldagi PQ-121-son qarori)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Chorvachilikni yanada rivojlantirish va chorva ozuqa bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 8-fevraldagi PQ-121-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-iyuldagi 434-son qarori bilan tasdiqlangan Chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik xoʻjaliklariga ular tomonidan yetishtirilgan va sotilgan mahsulotlar uchun subsidiya ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 4-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4. Qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi boʻlgan subsidiya oluvchilarga respublika budjetidan quyidagi miqdorda subsidiya ajratiladi:
parrandachilik xoʻjaliklariga — oʻz xoʻjaliklarida yetishtirilib, sotilgan tuxumning har bir donasi uchun 50 soʻm hamda parranda goʻshtining har bir kilogrammi uchun 2022-yil 1-yanvardan boshlab 2024-yil 1-yanvarga qadar 2 500 soʻm (bunda subsidiya qoʻshilgan qiymat soligʻidan vaqtincha ozod qilish boʻyicha imtiyoz amalda boʻlgan davr uchun ham toʻlanadi), 2024-yil 1-yanvardan 1 000 soʻm;
chorvachilik xoʻjaliklariga — oʻz xoʻjaliklarida va aholi xonadonlari bilan birgalikda kooperatsiya usulida yetishtirilib, goʻsht uchun sotilgan yirik va mayda shoxli mollar tirik vaznining har bir kilogrammi uchun 2022-yil 1-yanvardan boshlab 2023-yil 31-dekabrga qadar 4 000 soʻm hamda sutning har bir litri uchun 400 soʻm. Bunda subsidiya qoʻshilgan qiymat soligʻidan vaqtincha ozod qilish boʻyicha imtiyoz amalda boʻlgan davr uchun ham toʻlanadi;
baliqchilik xoʻjaliklariga — intensiv usulda yetishtirilgan sovuq suv baliqlarining (losos, forel va osyotr) har bir kilogrammi uchun 2021-yil 1-iyuldan boshlab 3 000 soʻm, qolgan turdagi baliqlar uchun 1 000 soʻm miqdorida”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 6-iyul,
367-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2022-y., 09/22/367/0603-son)