Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2022-yil birinchi choragidagi ijrosi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2022-yil birinchi choragidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqib taʼkidlaydiki, davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining ijrosi “2022-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan budjet parametrlari doirasida Davlat dasturlarining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va qarorlarining, Hukumat qarorlarining bajarilishini taʼminlashga yoʻnaltirilgan.
Hisobot davrida Oʻzbekiston iqtisodiyotida yuqori oʻsish surʼatlari kuzatilmoqda. Yaʼni, 2022-yilning birinchi choragi yakunlariga koʻra mamlakat yalpi ichki mahsulotining (YIM) hajmi 162,8 trln. soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 5,8 foiz oshgan. Bunda sanoat, xizmatlar koʻrsatish va qurilish sohalari iqtisodiy oʻsishning drayverlari boʻlib xizmat qildi. Xususan, iqtisodiy oʻsish sanoatda 5,7 foizni, xizmatlar koʻrsatish sohasida 6,9 foizni, qurilishda 6,3 foizni hamda qishloq, oʻrmon va baliq xoʻjaliklarida 4,2 foizni tashkil etdi.
2022-yilning birinchi choragida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti (bundan buyon matnda Davlat budjeti deb yuritiladi) daromadlari (davlat maqsadli jamgʻarmalarisiz) 41,9 trln. soʻmni tashkil etib, belgilangan rejaga nisbatan 107,2 foiz yoki 2,8 trln. soʻmga oshirib bajarilgan. Daromadlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 8 trln. soʻmga koʻp boʻlgan.
Davlat budjeti xarajatlari (davlat maqsadli jamgʻarmalarisiz) 42,9 trln. soʻmni tashkil etib, aniqlangan reja koʻrsatkichlariga nisbatan 91,1 foizni yoki YIMga nisbatan 26,4 foizni tashkil etgan. Hisobot davridagi budjet taqchilligi 1,5 trln. soʻmni yoki YIMga nisbatan 0,9 foizni tashkil etdi va prognoz darajasida boʻldi.
Ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun Davlat budjetidan 23 469,9 mlrd. soʻm yoki umumiy xarajatlarning 54,7 foizi miqdorida mablagʻ sarflandi. Bu xarajatlar YIMga nisbatan 14,4 foizni tashkil etdi. Ushbu xarajatlarning 21 308,5 mlrd. soʻmi (90,8 foizi) ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash xarajatlari, 1 980,0 mlrd. soʻmi (8,4 foizi) budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga transfertlar hamda 181,4 mlrd. soʻmi (0,8 foizi) aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturlarini moliyalashtirish uchun xarajatlar hissasiga toʻgʻri kelmoqda.
Amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga, ayrim xatolar va kamchiliklarga ham yoʻl qoʻyilgan. Xususan, aksariyat vazirliklar va idoralar tomonidan rivojlantirish dasturlari uchun xarajatlar hamda kapital qoʻyilmalar toʻliq oʻzlashtirilmagan. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi Toshkent shahridagi halqa metropoliten liniyasini qurish ishlari uchun rejalashtirilgan 61 842,5 mln. soʻmdan 4 870,7 mln. soʻm yoki 7,9 foizini, Oʻzbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasi Geologiya fanlari universitetining Mirzo Ulugʻbek tumanidagi binolari hamda inshootlarini qurish-taʼmirlash ishlari uchun ajratilgan 16 111,5 mln. soʻmdan 743,2 mln. soʻm yoki 4,6 foizini oʻzlashtirgan.
Vazirliklar va idoralarda tashkil etilgan ichki audit va moliyaviy nazorat xizmatlari tomonidan 2022-yilning birinchi choragi davomida 2 514 ta nazorat tadbirlarida jami 53 mlrd. soʻmlik moliyaviy xatolar hamda kamchiliklar aniqlangan. Shu bilan birga, profilaktika tadbirlari natijasida 181,8 mlrd. soʻm miqdoridagi qonunga xilof toʻlovlar toʻlanishining oldi olingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan 2022-yilning birinchi choragida jami oʻtkazilgan 1 687 ta moliyaviy nazorat tadbirlaridan 1 283 tasida 261,7 mlrd. soʻm miqdoridagi moliyaviy xatoliklar, shu jumladan 39,2 mlrd. soʻm miqdoridagi kamomad va oʻzlashtirishlar, budjet mablagʻlaridan 199,8 mlrd. soʻm miqdoridagi asossiz va ortiqcha toʻlovlar hamda 22,7 mlrd. soʻm miqdoridagi maqsadsiz xarajatlar, huquqbuzarliklarning boshqa turlari aniqlangan.
Hisobot davrida Davlat budjeti daromadlari rejasi bajarilgan boʻlsa ham, xarajatlar kam miqdorda ijro etilgan. Jumladan, 2022-yilning birinchi choragida Respublika budjetidan ajratilgan mablagʻlarning bor yoʻgʻi 95,3 foizi (yillik rejaning 17,8 foizi), shundan joriy xarajatlar 96,2 foizga (yillik rejaning 23 foizi), rivojlantirish dasturlari 91,6 foizga (yillik rejaning 9,7 foizi), kapital qoʻyilmalar 65,4 foizga (yillik rejaning 6,6 foizi) ijro etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2022-yil birinchi choragidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot qonunchilikda belgilangan tartibda barcha siyosiy partiyalar fraksiyalarida va masʼul qoʻmitada dastlabki tarzda muhokama qilinganligini, ular tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar inobatga olinganligini hisobga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2022-yil birinchi choragidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
global iqtisodiy aloqalardagi uzilishlar, transport-logistika sohalarida yuzaga kelayotgan muammolar, dunyo bozorlarida oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar narxlarining keskin oshishi kabi holatlarni hisobga olgan holda, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining barqaror oʻsish surʼatlarini taʼminlashga qaratilgan ishlarni tizimli ravishda davom ettirish;
ijtimoiy sohalarni rivojlantirishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishda budjet va budjetdan tashqari jamgʻarmalar mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanishni taʼminlash;
2022-yilda “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili” Davlat dasturi ijrosini taʼminlashda markazlashgan investitsiya hamda mahalliy budjet mablagʻlaridan hamda boshqa manbalardan ajratilayotgan mablagʻlardan oqilona foydalanishni taʼminlash choralarini kuchaytirish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi:
Davlat budjeti daromadlarining prognoz koʻrsatkichlari soʻzsiz bajarilishini taʼminlash;
moliya, soliq organlari hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar, shuningdek ularning hududiy boʻlinmalari oʻrtasida zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish orqali qoʻshimcha daromadlar manbalarini aniqlash hamda ularning toʻliq undirilishini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish;
soliqlarning yigʻiluvchanlik darajasini oshirish, boqimanda qarzdorliklarni kamaytirish hamda ortiqcha toʻlovlarga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Davlat budjeti barqarorligini taʼminlagan holda budjet tashkilotlarining va budjetdan mablagʻ oluvchilarning Davlat budjetida nazarda tutilgan xarajatlarini oʻz vaqtida moliyalashtirishga;
Davlat budjeti xarajatlari oʻzlashtirilmagan holatlarni tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda tahlil qilgan holda, ularning maqsadli oʻzlashtirilishini taʼminlashga;
budjet tashkilotlari va budjetdan mablagʻ oluvchilar tomonidan budjet mablagʻlaridan belgilangan tartibda oqilona hamda samarali foydalanilishiga, ularni natijadorlikka yoʻnaltirishga, shuningdek birlamchi va joriy nazorat yuzasidan budjet intizomini buzish, kamomad hamda maqsadsiz xarajatlar yuzaga kelishi sabablarining oldini olishga qaratilgan taʼsirchan choralarni koʻrsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining tegishli hisobot davridagi ijrosi bilan bogʻliq masalalar koʻrib chiqilayotganda Davlat budjetidan ajratilayotgan mablagʻlar hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarning natijadorligini oʻrganish, bu borada tegishli vazirliklar va idoralarning maqsadli indikatorlari bajarilishi yuzasidan olib borayotgan ishlari ustidan parlament nazoratini kuchaytirish choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari oʻz yoʻnalishlaridan kelib chiqqan holda, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini rivojlantirish dasturlari boʻyicha tegishli vazirliklar va idoralarning maqsadli indikatorlari bajarilishini qoʻmitalar yigʻilishlarida muhokama qilish choralarini koʻrsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatlariga joylarga chiqqanida xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining davlat hokimiyati organlarining budjetga qoʻshimcha jalb etilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish, tashabbusli budjet jarayonlari toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitishga bagʻishlangan sessiyalarida ishtirok etish tavsiya etilsin.
8. Ushbu Qaror eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2022-yil 31-may,
2168-IV-son