Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Maxsus iqtisodiy, kichik sanoat, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyati samaradorligini oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Maxsus iqtisodiy, kichik sanoat, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari (keyingi oʻrinlarda — sanoat zonalari) faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarish tizimini yanada soddalashtirish, investitsiyalar jalb qilish uchun sharoitlarni yaxshilash, investitsiya loyihalarini jadal amalga oshirishni taʼminlash, shu asosda yangi ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi daromadlarini oshirish maqsadida:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi davlat muassasasi shaklidagi kichik sanoat zonalarini boshqarish boʻyicha yagona direksiyalar kichik va yoshlar sanoat zonalarini boshqarish boʻyicha yagona direksiyalar (keyingi oʻrinlarda — yagona direksiyalar) sifatida qayta tashkil etilsin hamda ularga qoʻshimcha ravishda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarini rivojlantirish, ular hududidagi yer maydonlari, bino va inshootlarni elektron onlayn-auksionga chiqarish vazifalari yuklatilsin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri maxsus iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari maʼmuriy kengashlari tugatilib, ularning vazifalari tegishincha maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalariga hamda yagona direksiyalarga yuklatilsin.
3. Maxsus iqtisodiy zonalar hududida investitsiya loyihalarining biznes-rejalari yoki texnik-iqtisodiy asoslariga “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKning xulosasini olish talabi bekor qilinsin.
Bunda, maxsus iqtisodiy zonalar hududida amalga oshirish uchun taklif etilayotgan loyihalarning “Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonunida belgilangan talablarga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalari tomonidan mustaqil ravishda qabul qilinadi.
4. 2022-yil 1-iyuldan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
sanoat zonalari hududida investitsiya loyihalarini joylashtirish boʻyicha qarorlar maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalari hamda yagona direksiyalar tomonidan oʻn ish kunida qabul qilinadi;
maxsus iqtisodiy zonalar hududida auksionga chiqarilgan yer maydonlarini ijaraga berish boʻyicha auksionda bir ishtirokchi qatnashgan taqdirda ham savdolar oʻtkazilgan hisoblanadi;
maxsus iqtisodiy zonalar hududidagi yer uchastkalarini ijaraga olish huquqi maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari tomonidan kreditlar olishda garovga qoʻyilishi mumkin;
Keyingi tahrirga qarang.
sanoat zonalarida yer maydonlari va bino-inshootlarni elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berishda boshlangʻich narxi boʻyicha toʻlovlarni oʻn ikki oy muddatda boʻlib-boʻlib toʻlash tartibi tatbiq etiladi;
Keyingi tahrirga qarang.
maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilarining bojxona imtiyozlari qoʻllanilgan holda import qilinadigan xomashyo, materiallar va butlovchi qismlar roʻyxati boʻyicha murojaati (kelgusida ishlab chiqarish va eksport qilinadigan mahsulot birligida ularning sarf normalarini koʻrsatgan holda) maxsus iqtisodiy zonalar direksiyasi tomonidan murojaat kelib tushganidan boshlab yetti ish kunida tasdiqlanadi va elektron ravishda Davlat bojxona qoʻmitasiga taqdim etiladi;
Keyingi tahrirga qarang.
import qilinayotgan xomashyo, materiallar va butlovchi buyumlarning ushbu roʻyxatga muvofiqligi hamda har yarim yilda roʻyxatdagi tovarlar asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksporti ustidan nazorat bojxona organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Tashqi savdo va logistika hamda ishlab chiqarish korxonalariga maxsus iqtisodiy zonalar hududida xizmat koʻrsatish yoʻnalishida investitsiya loyihalarini amalga oshirishga va qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiq boʻlgan hollarda ishtirokchi maqomini olishga ruxsat berilsin.
6. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga zarur hollarda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan kelishilgan holda, tuman (shahar)larda kichik va yoshlar sanoat zonalarini boshqarish direksiyalarini tashkil etish huquqini berish;
maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalari va yagona direksiyalarga har bir loyiha uchun alohida loyiha menejerlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish;
maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalari va yagona direksiyalar rahbarlariga direksiyalar tuzilmalariga, zarur hollarda, oʻzgartirish kiritish vakolatini berish;
kichik sanoat zonalari hamda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari hududidagi bino-inshootlarni elektron onlayn-auksion orqali sotishdan tushadigan pul mablagʻlarini yagona direksiyalarga qarashli zonalarda belgilangan tartibda infratuzilma yaratish, ularning bosh rejalarini ishlab chiqish va xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishga yoʻnaltirish.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Belgilab qoʻyilsinki:
sanoat zonalari imkoniyatlaridan samarali foydalanish, ularning direksiyalari faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan amalga oshiriladi;
maxsus iqtisodiy zonalar hududida amalga oshiriladigan loyihalar boʻyicha investitsiya buyurtmanomalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimi tomonidan besh kun muddatda tasdiqlanadi;
yagona direksiyalar rahbarlarini tayinlash hamda belgilangan tartibda maxsus iqtisodiy zonalar bosh rejalarini tasdiqlash Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan kelishilgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan amalga oshiriladi;
kichik sanoat hamda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarining bosh rejalari tuman (shahar) hokimlari tomonidan tasdiqlanadi.
8. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda kichik sanoat, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari hududida yer va bino-inshoot munosabatlarini tartibga solish, shu jumladan ularni xususiylashtirish masalalari boʻyicha hukumat qarorini tasdiqlasin.
9. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Adliya vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda investorlarning maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalari va yagona direksiyalar hamda davlat idoralari bilan hamkorlik jarayonlarida “yagona darcha” tamoyili asosida xizmat koʻrsatish tizimini joriy qilsin.
10. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Kadastr agentligi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligining:
“Qoraqalpoq-agro” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini tugatish hamda unga ajratilgan yer maydonlarini keyinchalik ushbu yer maydonlarida bogʻdorchilik va uzumchilik loyihalarini amalga oshirish uchun tegishli hokimliklar zaxirasiga qaytarish;
farmatsevtika sohasiga ixtisoslashgan maxsus sanoat zonalari hududlarida ushbu zonalarning asosiy yoʻnalishi boʻyicha joylashtirilgan ishlab chiqarish korxonalari faoliyatiga zarar yetkazmaydigan boshqa yoʻnalishdagi korxonalarni oʻrnatilgan tartibda joylashtirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
11. Kadastr agentligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Qoraqalpoq-agro” erkin iqtisodiy zonasi tarkibiga kiruvchi yer maydonlarining shahar va tumanlar hokimliklari zaxirasiga qaytarilishini va davlat mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin.
12. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
14. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari A.B. Voitov belgilansin.
Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 13-iyun,
PF-153-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 13-iyundagi PF-153-son Farmoniga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 21-dekabrdagi “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5600-son Farmonida:
a) 1-bandda:
uchinchi xatboshidagi “maʼmuriy kengashlarining” soʻzlari “direksiyalarining” soʻzlari bilan almashtirilsin;
beshinchi xatboshidagi “maxsus iqtisodiy zonalar maʼmuriy kengashlari” soʻzlari “Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
oʻn birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari tomonidan bojxona imtiyozlari qoʻllangan holda import qilinadigan oʻxshashi boʻlmagan texnologik uskunalar va respublikada ishlab chiqarilmaydigan qurilish materiallari bojxona rasmiylashtiruvi tovarlar roʻyxatini har tomonlama ekspertizadan oʻtkazish natijalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” (keyingi oʻrinlarda — Markaz) DUKning ijobiy xulosasi mavjud boʻlgan taqdirda amalga oshiriladi”;
oʻn ikkinchi xatboshidagi “oʻn besh” soʻzlari “besh” soʻzi bilan almashtirilsin;
sakkizinchi, toʻqqizinchi, oʻninchi, oʻn uchinchi, oʻn toʻrtinchi, oʻn beshinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;
oʻn birinchi, oʻn ikkinchi va oʻn oltinchi xatboshilar tegishincha sakkizinchi — oʻninchi xatboshilari deb hisoblansin;
b) 3-bandning “v” kichik bandi, 5-bandning uchinchi xatboshisi va 2-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 25-oktabrdagi “Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari faoliyati samaradorligini oshirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3356-son qarorida 1 va 4-bandlar, 6-bandning oltinchi xatboshisi hamda 3-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-iyundagi “Kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4363-son qarori 6-bandidagi “2022” raqami “2025” raqami bilan almashtirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-yanvardagi “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-4574-son qarorining 7-bandi quyidagi mazmundagi “d” kichik bandi bilan toʻldirilsin:
“d) Klaster hududida yer uchastkalarini ajratish ularni Direksiya tomonidan elektron onlayn auksionga chiqarish orqali Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 21-dekabrdagi “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5600-son Farmonida belgilangan tartibda amalga oshiriladi”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2022-y., 06/22/153/0518-son, 13.10.2022-y., 06/22/233/0915-son; 21.11.2023-y., 06/23/198/0868-son; 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son; 10.09.2024-y., 06/24/135/0696-son; 17.10.2024-y., 06/24/159/0828-son; 01.04.2025-y., 06/25/57/0291-son; 29.09.2025-y., 06/25/176/0878-son)