Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qishloq xoʻjaligida foydalanilmayotgan yerlarni foydalanishga kiritishda irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida” 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-fevraldagi 109-son qarori bilan tasdiqlangan Qishloq xoʻjaligida foydalanilmayotgan yerlarni foydalanishga kiritishda irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 7-iyun,
316-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-iyundagi 316-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-fevraldagi 109-son qarori bilan tasdiqlangan Qishloq xoʻjaligida foydalanilmayotgan yerlarni foydalanishga kiritishda irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. 1-banddagi “vertikal sugʻorish quduqlarini burgʻilash va ishga tushirish” soʻzlari “vertikal sugʻorish quduqlarini burgʻilash, nasos agregatini oʻrnatish hamda ishga tushirish” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. 2-bandning uchinchi xatboshisidagi “ajratilgan yerlarga” soʻzlari “ajratilgan yerlarga, shuningdek, lalmi va adir yerlarga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. 5-bandda:
birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. Qishloq xoʻjaligida foydalanilmayotgan har bir gektar yerni foydalanishga kiritish bilan bogʻliq xarajatlarning 50 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 50 barobaridan oshmagan, yerlarni foydalanishga kiritishda vertikal sugʻorish qudugʻini burgʻilash va nasos agregatini oʻrnatish hamda ishga tushirish bilan bogʻliq xarajatlarning esa 50 foizi, biroq 120 million soʻmgacha boʻlgan qismi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti (keyingi oʻrinlarda — Davlat budjeti) mablagʻlari hisobidan (subsidiya sifatida) tuzilgan investitsiya shartnomasi yoki davlat-xususiy sheriklik bitimi doirasida bir marta qoplab beriladi”;
toʻrtinchi xatboshidagi “qoplash uchun ajratiladi” soʻzlari chiqarib tashlansin;
quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“qishloq xoʻjaligida foydalanilmayotgan yerlarni foydalanishga kiritish uchun vertikal sugʻorish qudugʻini burgʻilash va nasos agregatini oʻrnatish hamda ishga tushirish bilan bogʻliq xarajatlarning 50 foizi, biroq 120 million soʻmgacha boʻlgan qismini qoplash uchun ajratiladi”;
beshinchi xatboshi oltinchi xatboshi deb hisoblansin;
oltinchi xatboshidagi “vertikal sugʻorish quduqlarini burgʻulash va ishga tushirish” soʻzlari “vertikal sugʻorish quduqlarini burgʻilash va nasos agregatini oʻrnatish hamda ishga tushirish” soʻzlari bilan almashtirilsin.
4. 11-banddagi tahrirda bayon etilsin:
“11. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi qishloq xoʻjaligida foydalanilmayotgan yerlarni foydalanishga kiritish bilan bogʻliq boʻlgan qurish va rekonstruksiya qilish ishlari uchun Davlat budjetidan har bir gektar yerga 50 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 50 barobaridan oshmagan, yerlarni foydalanishga kiritishda vertikal sugʻorish qudugʻini burgʻilash va nasos agregatini oʻrnatish hamda ishga tushirish bilan bogʻliq xarajatlarning esa 50 foizi, biroq 120 million soʻmgacha qoplanadigan qismini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari boʻyicha tasdiqlangan manzilli dasturiga asosan mazkur maqsadlar uchun markazlashgan xarajatlar smetasida nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida aniqlaydi”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.06.2022-y., 09/22/316/0489-son)