Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida 2022-yilning I choragida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash holati toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari X. Gapporovning “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida 2022-yilning I choragida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash holati toʻgʻrisida”gi axborotini eshitib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi taʼkidlaydiki, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) tomonidan murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, deputatlarning aholi bilan toʻgʻridan toʻgʻri muloqot qilish borasidagi faoliyati natijadorligini taʼminlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilgan.
Oʻtgan davrda xalq bilan ochiq va samarali muloqot olib borish, joylarda aholini qiynayotgan muammolarni oʻrganish va hal qilish, fuqarolar tomonidan koʻtarilayotgan masalalarni ijro hokimiyati organlari oldiga qoʻyish deputatlar korpusi faoliyatining bosh mezoniga aylandi.
Hisobot davrida Qonunchilik palatasiga jismoniy va yuridik shaxslardan 3 000 ga yaqin murojaat kelib tushdi. Ularning 600 dan ziyodi deputatlarning saylovchilar bilan toʻgʻridan toʻgʻri muloqoti jarayonida qabul qilingan.
Shu bilan birga, Qonunchilik palatasining fuqarolar qabulxonasida 1 200 nafarga yaqin jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari qabuli tashkil etilib, ulardan 700 ga yaqin murojaat qabul qilindi, 500 nafardan ziyod murojaatchiga huquqiy tushuntirishlar berildi.
Murojaatlarda koʻtarilgan masalalarning sohalar kesimidagi tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, joriy yilning oʻtgan davrida davlat hokimiyati organlari faoliyatiga oid 1 128 ta, qonunchilik, sud-huquq sohasiga oid 867 ta, ijtimoiy sohaga oid 551 ta, moliya-kredit masalalari boʻyicha 137 ta va boshqa sohalarga oid 254 ta murojaatni tashkil etadi.
Bugungi kunda kelib tushgan shikoyatlar va arizalar orasida qonun hujjatlarini takomillashtirishga qaratilgan asoslantirilgan takliflar ham sezilarli ravishda koʻpayib bormoqda. Xususan, oʻtgan davr mobaynida murojaatchilardan qonun hujjatlari normalarini takomillashtirishga doir 150 dan ortiq taklif kelib tushgan. Mazkur takliflar masʼul qoʻmitalar tomonidan birma-bir koʻrib chiqilib, ularning ayrimlari qonun ijodkorligi jarayonida inobatga olingan.
Deputatlar tomonidan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga yuborilgan murojaatlarning koʻrib chiqilishi yuzasidan tizimli monitoring amalga oshirilib, taʼsirchan parlament nazorati oʻrnatildi. Xususan, qoʻmitalar majlislarida murojaatlarda koʻtarilgan masalalar qay darajada hal etilayotganligi boʻyicha 4 marotaba davlat organlari rahbarlarining axboroti eshitildi.
Shuningdek murojaatlarda koʻtarilayotgan tizimli muammolar va kamchiliklarni hal etish yuzasidan tegishli mansabdor shaxslar nomiga jami 86 ta deputat soʻrovi yuborildi.
Qonunchilik palatasi deputatlarining xalq deputatlari mahalliy Kengashlar deputatlari bilan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish hamda ularda koʻtarilgan tizimli muammolarni hal etish borasidagi hamkorligi ham samarali tashkil etildi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari X. Gapporovning “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida 2022-yilning I choragida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash holati toʻgʻrisida”gi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga:
hududlarda deputatlarning sayyor qabullarini tashkil etish;
saylov okruglarida deputatlar yordamchilarining jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini qabul qilish, ularning tahlilini yuritish hamda deputatlar tomonidan murojaatlarning koʻrib chiqilishiga koʻmaklashish borasidagi faoliyatini yanada kuchaytirish tavsiya etilsin.
3. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari X. Gapporov zimmasiga yuklatilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2022-yil 18-aprel,
2041-IV-son