Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Sh. Gʻaniyevning fermer xoʻjaliklari faoliyati kafolatlarini taʼminlash holati yuzasidan axboroti toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Sh. Gʻaniyevning fermer faoliyati kafolatlarini taʼminlash holati yuzasidan axborotini eshitib, bu borada muayyan ishlar amalga oshirilganligini qayd etadi.
Jumladan, amaldagi qonunchilik hujjatlarida fermer xoʻjaliklarining faoliyatini yanada takomillashtirish, ularning qishloq xoʻjaligi yerlaridan samarali foydalanishdagi roli va masʼuliyatini oshirish, mahsulot yetishtiruvchi va uni qayta ishlovchilarning manfaatdorligini taʼminlash, shartnomaviy munosabatlardagi erkinlik, narx belgilash, moddiy-texnik resurslar taʼminoti, klasterlar bilan fermer oʻrtasidagi munosabatlar va boshqa masalalar oʻz aksini topgan.
Respublikada 84 mingta koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklariga 3,5 mln gektardan ortiq maydon ijara huquqi asosida ajratib berilgan.
Tuman fermer, dehqon va tomorqa yer egalari kengashlari huzurida fermer xoʻjaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlari tashkil etilgan. Markazda fermerlarga bepul buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish hamda konsalting xizmatlarini koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan.
Qishloq xoʻjaligi sohasidagi 20 dan ortiq davlat organlari va tashkilotlarida fermer hamda ularning faoliyatiga doir mavjud statistik maʼlumotlarni solishtirish va birxillashtirish maqsadida “Agroonline.uz” ochiq yagona elektron tizimi yaratilgan.
Oʻzbekiston fermer, dehqon va tomorqa yer egalari kengashi (bundan buyon matnda Kengash deb yuritiladi) tomonidan 2017 — 2021-yillar davomida fermer tegishli tashkilotlar oldidagi haqdorligini bartaraf etish boʻyicha sudlarga daʼvo arizalari kiritilib, 950 mlrd 171 mln soʻm miqdorida mablagʻ fermer, dehqon foydasiga undirib berilgan.
Shuningdek, Kengash va ATB “Agrobank” bilan hamkorlikda “Fermerlar maktabi” negizida fermer rahbarlarini oʻqitish yoʻlga qoʻyilgan.
Kengash tomonidan koʻrilgan choralar natijasida fermer tomonidan 2021-yil uchun davlat resurslariga sotilgan tovarning har bir tonnasi uchun respublika budjeti mablagʻlaridan 350 ming soʻmdan subsidiyalar toʻlab berilgan.
Amalga oshirilgan ishlar bilan birga, fermer faoliyatining huquqiy kafolatlarini taʼminlashda bir qator muammo va kamchiliklar mavjud.
Fermer faoliyatiga oid statistik maʼlumotlarni shakllantirishda yagona amaliyot mavjud emas. Bugungi kunda oʻnga yaqin davlat organlari va tashkilotlari tomonidan statistik maʼlumotlar yuritilmoqda. Shu bois fermer soni, ularga ajratilgan yer maydonlari va boshqa statistik maʼlumotlar oʻrtasida tafovutlar mavjud.
Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotda respublikadagi mavjud fermer soni 103 mingta, Kadastr agentligi maʼlumotida 89 mingta, Fermerlar kengashi maʼlumotida 84 mingta, Davlat soliq qoʻmitasi maʼlumotida esa 180 mingta ekanligi koʻrsatilgan.
Bu, oʻz navbatida, fermer toʻgʻrisida aniq maʼlumotlarni shakllantirish, ularning faoliyatidagi muammolarni toʻgʻri tahlil qilish imkonini bermayapti.
Respublikada 2017-yilda 3 mingta, 2018-yilda 6,3 mingta, 2019-yilda 28 mingta holatda fermer yer uchastkalariga boʻlgan huquqlari qonun hujjatlariga zid ravishda bekor qilingan.
Namangan viloyatida 2019 — 2021-yillarda yer uchastkasini ijaraga berish shartnomasini bekor qilish holatlari soni 2447 tani yoki 34,1 foizni tashkil etgan.
Fermer soni yildan-yilga kamayib bormoqda. Bu esa mamlakatimizda ishlab chiqariladigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hajmining kamayishi, narxining oshishi va aholining xarid quvvatining pasayishi, shuningdek, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari importining ortishiga sabab boʻlishi mumkin.
Namangan viloyati soliq boshqarmasining maʼlumotlariga koʻra 2010-yilda jami 6416 ta fermer xoʻjaligi soliq toʻlagan boʻlsa, 2021-yilga kelib ushbu koʻrsatkich 197 taga kamaygan.
Fermer sugʻurtaviy himoyasini taʼminlash ularning asosiy moliyaviy tayanchi hisoblanadi. Biroq ularning sugʻurta taʼminoti talab darajasida emas. Shu bois fermer uchun sugʻurta puli sugʻurta tovoniga nisbatan kam miqdorda toʻlab berilgan.
2018 — 2020-yillarda fermer va sugʻurta tashkiloti oʻrtasida 15 mingga yaqin sugʻurta shartnomasi tuzilgan boʻlib, moddiy javobgarlik yuzasidan sugʻurta pulining atigi 2 — 5 foizi (44 — 65 mlrd soʻm) toʻlab berilgan.
Fermer bilan sugʻurta shartnomasini elektron tartibda rasmiylashtirish imkoni mavjud emas, shuningdek, sugʻurta hodisasi yuz berganda qoplanishi lozim boʻlgan sugʻurta pulini belgilashda oʻrtacha hosildorlik koʻrsatkichini shakllantirishning yagona amaliyoti va uslubiyoti ishlab chiqilmagan.
Natijada fermer haqiqiy oʻrtacha hosildorligi inobatga olinmayapti va sugʻurta hodisasi yuz berganda ularning moddiy manfaatlariga ziyon yetmoqda.
Sohaga oid ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalarni joriy qilish darajasi qoniqarsiz ahvolda. Ilmiy-tadqiqot, taʼlim va axborot-maslahat xizmatlarini koʻrsatishni oʻzaro bogʻlaydigan samarali tizim yoʻq.
Bilim va axborotlarni tarqatish boʻyicha qishloq xoʻjaligiga oid tizimning yoʻqligi sohani ilmiy asosda rivojlantirishda jiddiy toʻsiqlardan biri boʻlib qolmoqda.
Fermer soni ular bilan tuzilgan ijara shartnomalari soniga muvofiq kelmaydi. Jumladan, 2020-yilda 13 mingta fermer xoʻjaligi bilan ijara shartnomasi tuzilmagan.
Barcha fermer bilan ijara shartnomasi tuzilmayotganligi hamda ularning aksariyati shartnomasiz faoliyat olib borayotganligi Davlat budjetiga soliq va boshqa tushumlar toʻliq undirilmasligiga olib kelmoqda.
Fermer bilan tayyorlov va xizmat koʻrsatish tashkilotlari oʻrtasida tuzilgan shartnomalar ustidan yetarli darajada monitoring olib borilmaganligi sababli 156 mingdan ortiq qonun buzilish holatlari aniqlangan. Natijada respublikada jami 24 mingdan ortiq fermer 180 mlrd soʻmdan ortiq debit haqdorligi yuzaga kelgan.
Qonun buzilishi holatlari Qashqadaryoda 22,6 foizni, Qoraqalpogʻistonda 20 foizni, Xorazmda 9,9 foizni, Samarqandda 8,6 foizni, Buxoroda 7,6 foizni, Navoiyda 7 foizni, Sirdaryoda 4,8 foizni, Toshkentda 4,4 foizni, Andijonda 4 foizni, Surxondaryoda 3,6 foizni, Fargʻonada 3,2 foizni, Namanganda 2,8 foizni, Jizzaxda 1,4 foizni tashkil etgan.
“Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunga asosan yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi taraflarning kelishuviga binoan taraflar kelishuvga erishmagan taqdirda esa, sud tomonidan oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi belgilangan.
Biroq hududlarda uzoq muddatli yer ijara shartnomasini tuzish, oʻzgartirish va bekor qilish hamda tanlov oʻtkazish bilan bogʻliq qoidalarga toʻliq rioya etilmagan. Respublikada 3 mingdan ortiq holatda yer ijara shartnomalari qonun hujjatlariga zid ravishda bekor qilingan. Shuningdek, 1 200 ta holatda tegishli tuman hokimlari tomonidan tanlov oʻtkazish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilinmagan, 2 mingdan ortiq holatda belgilangan namunaviy shaklga rioya etilmagan.
Shu bilan birga, 4,7 mingta yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga berish shartnomasi tuman (shahar) kadastr organlarida roʻyxatdan oʻtkazilmagan hamda 3 mingga yaqin yigʻmajildlarda yer uchastkalarini koʻrsatish dalolatnomalari tuzilmagan.
Yer uchastkasini ajratish toʻgʻrisidagi tuman hokimining qarorini tasdiqlash yuzasidan huquqni notoʻgʻri qoʻllash amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, Namangan viloyatining Pop tumanida 150 dan ortiq holatda yer maydoni ajratib berish toʻgʻrisidagi tuman hokimi qarori qabul qilinganidan soʻng xalq deputatlari Pop tuman Kengashiga tasdiqlash uchun kiritilgan.
Fermer bilan oʻtkazilgan uchrashuvlar davomida qator muammolar mavjudligi maʼlum boʻldi.
Jumladan, fermer tomonidan yetishtirilgan paxta, bugʻdoy, pilla xomashyosi uchun toʻlovlar oʻz vaqtida yoki umuman amalga oshirilmaslik holatlarining mavjudligi hamda yoqilgʻi-moylash mahsulotlarining birja savdolarida qimmat narxlarda sotilayotganligi keltirib oʻtilgan.
Respublika boʻyicha oʻtkazilgan soʻrovnomalar va davra suhbatlarida qatnashgan 15 mingdan ortiq fermer 10 mingga yaqini ushbu holat takrorlanib turishini bildirgan. Jumladan, yilning boshida yoqilgʻi moylash mahsulotlarining 1 litri uchun 5 200 soʻmdan shartnoma tuzilgan boʻlsa-da, biroq hozirda 8 200 soʻmdan sotilayotganligi aniqlangan.
Klasterlar tomonidan yetkazib berilgan gʻalla va paxta xomashyosi urugʻining navi toʻgʻri hamda haqqoniy aniqlanmayotganligi natijasida xomashyoning sifati pasayib, chegirmalar miqdori ortgan. Shuningdek, fermer gʻalla va paxta xomashyosidan olingan daromadlaridan hisob raqamlariga tushgan pul mablagʻlari banklar tomonidan avtomatik ravishda toʻlov topshiriqnomasiz yechib olish holatlari kuzatilgan.
Fermerlarning kredit kafolati sifatida erga boʻlgan huquqidan foydalanish mexanizmlari mavjud emasligi oqibatida fermerning investitsion faolligi sustlashmoqda. Shu bois yerga egalik huquqi bilan bogʻliq munosabatlarni yanada takomillashtirish hamda yer munosabatlarini haqiqiy bozor munosabatlari darajasiga yetkazish lozim.
Qisqa davr mobaynida klaster usulida faoliyat yuritish oʻzining ijobiy jihatlarini koʻrsatdi, biroq shu bilan birga bu ayrim salbiy holatlarni ham keltirib chiqarmoqda.
Xususan, 2020-yilda 124 ta gʻalla klasteridan atigi 46 tasida ishni yoʻlga qoʻyish uchun zarur infratuzilma toʻliq mavjudligi aniqlanib, qator kamchiliklar tufayli 50 ga yaqin klaster faoliyati tugatilgan.
Shu bilan birga, paxta toʻqimachilik klasterlarining mingga yaqin fermer xoʻjaliklaridan 39 mlrd soʻmlik qarzdorligi mavjudligi aniqlangan, bu umumiy qarzdorlikning 22 foizini tashkil etgan.
Andijon viloyatidagi ayrim klaster korxonalari tomonidan 1 268 ta fermer xoʻjaligining jami 68,3 mlrd soʻm miqdoridagi mablagʻlari kontraktatsiya shartnomasida kelishilgan muddatda fermer hisob raqamlariga oʻtkazib berilmagan.
Paxta xomashyosi va urugʻlik paxta xarid qilish boʻyicha kontraktatsiya shartnomalarida taraflarning teng huquqlilik prinsiplariga amal qilinmagan hamda shartnomaviy javobgarlikni belgilashda bir taraflama yondashilgan.
Samarqand viloyatidagi Paxtachi, Pastdargʻom, Jomboy, Narpay, Oqdaryo, Qoʻshrobot, Urgut va Toyloq tumanlarida fermer ular bilan tuziladigan shartnomalar xar doim bir xil mazmunda boʻlishini hamda shartnomalar tuzilishida fermerlar hohish-irodasi hisobga olinmaganligini bildirgan.
Shuningdek, paxta-toʻqimachilik klasterlarini tashkil etish boʻyicha tegishli normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan boʻlsa-da, boshqa yoʻnalishda faoliyat olib borayotgan klasterlarning huquqiy maqomini belgilash, ularni tanlash, fermerlar bilan munosabatlarni yoʻlga qoʻyishning aniq mexanizmi va huquqiy asoslari mavjud emasligi oqibatida sohada qator tizimli muammolar mavjud.
Jumladan, sohani tartibga soluvchi yaxlit normativ-huquqiy hujjat hamda klasterlarni tashkil etish, ularni tanlab olish mezonlarining yagona va shaffof mexanizmlari mavjud emas.
Klasterlar va fermer oʻzaro munosabatga kirishishdagi huquq va majburiyatlari aniq belgilanmagan.
Yuqorida bayon etilganlarni inobatga olib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Respublikasi Qonunining 321-moddasiga hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Respublikasi Qonunining 10-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Sh. Gʻaniyevning fermer faoliyati kafolatlarini taʼminlash holati yuzasidan axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
fermer faoliyatining huquqiy kafolatlarini taʼminlashda tegishli vazirlik va idoralar tomonidan olib borilayotgan ishlar talab darajasida emasligiga eʼtibor qaratsin;
davlat organi va tashkilotlaridagi fermer va ular faoliyatiga doir mavjud statistik maʼlumotlarni hamma uchun ochiq yagona elektron tizimda shakllantirish amaliyotini joriy etsin;
fermer bilan tuzilgan ijara shartnomalarini vakolatli organlar tomonidan noqonuniy bekor qilganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilash masalasini koʻrib chiqsin;
fermer bilan sugʻurta shartnomasini elektron tartibda rasmiylashtirish, shuningdek, oʻrtacha hosildorlikni statistika organlari va Oʻzbekiston fermer, dehqon va tomorqa yer egalari kengashining maʼlumotlari asosida shakllantirish hamda sugʻurta hodisasi yuz berganda qoplanishi lozim boʻlgan sugʻurta pulini oʻrtacha hosildorlikdan kam boʻlmasligini belgilash tartibini ishlab chiqsin;
fermer hamda tayyorlov va xizmat koʻrsatish tashkilotlari oʻrtasida shartnomalar tuzilishini tartibga soluvchi huquqiy asoslarni qayta koʻrib chiqib, takomillashtirsin;
fermer yoqilgʻi, mineral oʻgʻitlar, kimyoviy himoya vositalarini yetkazib beruvchi subyektlar doirasini kengaytirish orqali ushbu tarmoqdagi raqobatni rivojlantirishga eʼtibor qaratsin;
respublikadagi mavjud klasterlarning huquqiy maqomini va faoliyat yoʻnalishlarini aniq belgilash boʻyicha normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqish choralarini koʻrsin;
xomashyo yetishtirish, qayta ishlash va realizatsiya qilishda shartnoma shartlarini bajarishda sustkashlikka yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslarning faoliyatini koʻrib chiqsin va ularning masʼuliyatini yanada oshirsin.
Mazkur Qarorning ijrosi yuzasidan 2022-yil 1-oktabrga qadar Oliy Majlis Senatiga har chorakda axborot taqdim etib borsin.
3. Oʻzbekiston fermer, dehqon va tomorqa yer egalari kengashiga kontraktatsiya shartnomalarini elektron roʻyxatga olish amaliyotini joriy etish, fermer tegishli tashkilotlar oldidagi haqdorligi yuzaga kelishi sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etish boʻyicha taklif ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish tavsiya etilsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
fermer faoliyatini qoʻllab-quvvatlashda, ularning huquqiy manfaatlarini qonun hujjatlarda belgilangan tartibda himoya qilishda klasterlar, tegishli korxonalar va tashkilotlar oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga solishda oʻzaro hamkorlikni kuchaytirsin;
Oʻzbekiston fermer, dehqon va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda yer uchastkalari belgilangan tartibda ajratilgan, biroq ijara shartnomasi tuzilmagan tuman (shahar) hokimliklari hamda fermer oʻrtasida ijara shartnomalari tuzilishini va kadastr organlaridan davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga fermer faoliyatining huquqiy kafolatlarini taʼminlash hamda muntazam nazorat qilish maqsadida tegishli davlat organlarining axborotlarini xalq deputatlari Kengashlarining sessiyalarida eshitib borish va muhokama qilish tavsiya etilsin.
6. Mazkur Qaror ijrosini nazorat qilish Senatning Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi (B. Tajiyev) zimmasiga yuklansin.
7. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatning Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2022-yil 28-aprel,
SQ-524-IV-son