Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2022-yil I choragidagi ijrosi yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining (bundan buyon Dastur deb yuritiladi) 2022-yil I choragidagi ijrosi yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisobotini oʻrganib chiqib, bu borada muayyan ishlar amalga oshirilganligini qayd etadi:
Dasturning 607 ta yaxlit va kichik bandlarida nazarda tutilgan topshiriqlardan 87 tasining ijro muddati 2022-yilning I choragi etib belgilangan. Shundan 64 tasi toʻliq bajarilgan.
Hisobot davrida 59 ta normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar qabul qilingan.
Hukumat tomonidan oʻz vaqtida koʻrilgan choralar natijasida oʻtgan yilning shu davriga nisbatan yalpi ichki mahsulot 105,8 foizga oʻsishi taʼminlandi. Savdo aylanmasi hajmi 59,1 trln soʻmga yetib, oʻtgan yilga nisbatan 110,8 foizni tashkil etdi.
Shuningdek, joriy yilning birinchi choragida 2 mlrd 448 mln dollarlik xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilib, mazkur prognoz koʻrsatkichi 167 foizga bajarildi.
Respublika eksporti (maxsus eksportsiz) 2,7 mlrd dollarni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 15 foizga yoki 346 mln dollarga oʻsishi taʼminlandi.
Fuqarolar yigʻinlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 695 ta mahalla kompleksi qurilgan, 16 ta mahalla binosi rekonstruksiya qilingan, 55 tasi joriy taʼmirlangan, 205 ta mahalla binosida qurilish-taʼmirlash ishlari davom etmoqda.
Shuningdek, mahallalar osoyishtaligi va xavfsizligini taʼminlash maqsadida 6 822 ta “Fidokor yoshlar” jamoatchilik patrul guruhi faoliyati yoʻlga qoʻyilib, ularga 14 957 nafar yoshlar jalb qilingan.
Muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan 1 321 nafar shaxs reabilitatsiya markazlariga, qarovsiz qolgan 4 314 nafar voyaga yetmagan shaxs ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazlariga joylashtirilgan.
Joriy yilda paxta va gʻalladan qisqartiriladigan past hosilli 81 478 gektar yer maydonlari lotlarga ajratilib, yer tuzish loyihalari tayyorlangan.
Bugungi kunda ochiq elektron tanlovlarda 55 ming 973 gektar yer maydonlari 256 ming nafar gʻoliblarga ajratib berilgan. Shundan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da roʻyxatda turgan 81 mingdan ortiq ehtiyojmand oilalarga 13 851 gektar, shuningdek, xorijdan qaytib kelgan 15 mingdan ortiq fuqarolarga 2 565 gektar yer uchastkalari ajratib berilgan.
Ijtimoiy yordamga muhtoj oilalardagi shaxslarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 16,1 ming boquvchisini yoʻqotgan ehtiyojmand oilalar, 31,2 ming nogironligi mavjud ijtimoiy yordamga muhtoj oilalar roʻyxati shakllantirilib, uy-joyini taʼmirlashga muhtoj 2,1 ming nogironligi boʻlgan shaxslar oilalaridan 1,7 mingining uy-joylari taʼmirlab berilgan.
Shuningdek, tibbiy himoyaga muhtoj va ehtiyojmand 11,4 ming oiladan 10,7 mingining oila aʼzolari tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan.
Huquqiy yordamga muhtoj 6,4 ming oiladan 6,2 mingiga turli huquqiy xizmatlar koʻrsatilgan.
Ehtiyojmand aholini moddiy qoʻllab-quvvatlash hamda daromad manbaiga erishishini taʼminlash maqsadida “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasidan 541,3 mlrd soʻm mablagʻ ajratildi.
Tashqi siyosiy faoliyatning muhim va ustuvor yoʻnalishlaridan biri-iqtisodiy diplomatiya sohasida jami 40 dan ortiq oliy va yuqori darajadagi turli tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, mart oyida boʻlib oʻtgan Toshkent xalqaro investitsiya forumida 7,8 mlrd dollarga teng savdo shartnomalari va investitsiya bitimlari imzolangan.
Dastur ijrosini taʼminlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar bilan birga ayrim kamchiliklar ham mavjudligi aniqlandi.
Jumladan, Dasturning 150-bandida bir oy muddatda 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan respublikaning hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha dasturlar loyihalarini tasdiqlash vazifasi yuklatilgan.
Hisobot davrida Vazirlar Mahkamasi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarining kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha dasturlari tegishli qarorlar bilan tasdiqlangan. Qolgan 11 ta hudud boʻyicha dasturlar hozirga qadar qabul qilinmagan.
Shuningdek, Dasturning 10-bandiga muvofiq Mahalliy ijro hokimiyati organlarini demokratik tamoyillar asosida shakllantirishga, soddaroq qilib aytganda, tuman va shahar hokimining lavozimga tayinlanishi tartibini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqilgan, lekin koʻrib chiqish uchun Qonunchilik palatasiga kiritilmagan.
Hisob palatasi tomonidan Dasturning 220-bandi 2-qismi ijrosi oʻrganilganda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Chust innovatsion hududida eryongʻoq xomashyosini innovatsion usulida qayta ishlash asosida yuqori qoʻshilgan qiymatli eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmaganligi aniqlangan.
Bundan tashqari, Dastur ijrosi boʻyicha birinchi chorakda qabul qilinishi lozim boʻlgan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinmagan.
Dasturning 73-bandida 2022-yil 1-martga qadar sanoatning yetakchi tarmoqlari va iqtisodiyotni yanada liberallashtirish hamda transformatsiya jarayonlarini yakunlash boʻyicha Vazirlar Mahkamasining farmoyishi;
76-bandining 3-kichik bandiga muvofiq joriy yilning mart oyida Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan kon-metallurgiya sanoati sohasida ekologik talablar va atrof-muhit muhofazasi meʼyorlarini xalqaro standartlar asosida belgilash dasturi;
109-bandning ijrosi boʻyicha joriy yilning mart oyida “Biznesga koʻmaklashish markazi”ni tashkil etish boʻyicha Hukumat qarori;
320-band boʻyicha biotexnologik yoʻl bilan koronavirus infeksiyasiga qarshi yangi avlod mahalliy vaksinalarni yaratish texnologiyalarini ishlab chiqish va klinik oldi sinovlarini oʻtkazish va ommaviy ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha hukumat qarori.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 81-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi
1. 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2022-yil I choragidagi ijrosi yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
Dasturning I chorakda ijrosi taʼminlanmagan bandlari boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda qabul qilish choralarini koʻrsin;
Dasturda qabul qilinishi belgilangan normativ-huquqiy hujjatlarni masʼul vazirlik va idoralar tomonidan oʻz vaqtida va sifatli tayyorlagan holda kiritilishini nazorat qilsin;
Dastur boʻyicha ommaviy chiqish, brifing hamda boshqa tadbirlarda bajarilishi koʻzda tutilgan bandlarning mohiyati yuzasidan “ochiq muloqot”larni oʻtkazish amaliyotini joriy qilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qoʻmitalari Dasturning bajarilmagan hamda II chorakka belgilangan bandlari ijrosini taʼminlash yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ish olib borsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga Dastur doirasida hududlarda amalga oshirilishi belgilangan ishlar yuzasidan mutasaddi rahbarlarning axborotlarini har chorak yakunida mahalliy Kengashlar sessiyalarida eshitish va tanqidiy-tahliliy muhokama qilish tavsiya etilsin.
5. Mazkur Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev hamda Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi O. Iminov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2022-yil 28-aprel,
SQ-522-IV-son