Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati oʻrtasidagi
Bayonnoma
2018-yil 9-martda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida fuqarolarning oʻzaro kelib-ketishlari toʻgʻrisidagi Bitimga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Tojikiston Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
2018-yil 9-martda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Tojikiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida fuqarolarning oʻzaro kelib-ketishlari toʻgʻrisidagi Bitimning (keyingi oʻrinlarda — Bitim) 14-moddasiga binoan,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Bitimning 1-moddasi quyidagi mazmundagi 3 va 4-bandlar bilan toʻldirilsin:
“3. Bir Tomon davlatining boshqa Tomon davlati hududida boʻlib turgan fuqarolari, qabul qiluvchi Tomon davlatining davlat chegarasini kesib oʻtgan paytdan boshlab 10 (oʻn) kun davomida oʻzlari boʻlib turgan Tomon davlatining vakolatli organlarida roʻyxatdan oʻtish hamda vaqtincha roʻyxatga qoʻyish majburiyatlaridan ozod etiladilar.
4. Basharti Tomonlardan biri davlatining qonunchiligi shaxslarning kirishi, boʻlib turishi, roʻyxatdan oʻtishi va vaqtinchalik roʻyxatda turishi yoki chiqib ketishiga nisbatan yanada qulayroq sharoitlarni oʻrnatadigan boʻlsa, mazkur Tomon davlati hududida oʻz davlatining milliy qonunchiligi qoʻllaniladi.”.
2-modda
Mazkur Bayonnoma Tomonlar uning kirishi uchun davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisidagi soʻnggi yozma xabarnoma diplomatik kanallar orqali olingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Bayonnoma Bitim tugatilgan kundan boshlab oʻz kuchini yoʻqotadi.
Dushanbe shahrida 2021-yil 10-iyunda ikki asl nusxada, xar biri oʻzbek. tojik va rus tillarida tuzildi. bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Bayonnomaning qoidalarini talqin qilishda tafovutlar yuzaga kelgan xollarda, rus tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)