Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining
buyrugʻi
Budjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaning 285-bandiga oʻzgartirish kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 27-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2169-6]
Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-avgustdagi PF-6300-son “Davlat moliyaviy nazorati tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2010-yil 17-dekabrdagi 105-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2169, 2010-yil 22-dekabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 51-son, 502-modda) bilan tasdiqlangan Budjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaning 285-bandi ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Tabellar tashkilot rahbarining buyrugʻi bilan tayinlangan shaxslar tomonidan har oyda belgilangan shaklda yuritiladi. Tabellar butun tashkilot boʻyicha yoki tuzilmaviy boʻlinmalar (boʻlimlar, boʻlinmalar, fakultetlar, laboratoriyalar va boshqalar)ga boʻlingan holda yuritiladi. Oyning oxirida tabel boʻyicha ishlangan kunlarning umumiy miqdori, shuningdek, ortiqcha ishlangan soatlar aniqlanadi. Toʻldirilgan va tegishli imzolar bilan rasmiylashtirilgan tabellar, ishga qabul qilish va boʻshatish toʻgʻrisidagi buyruqlardan koʻchirma hamda boshqa (JShShIR, jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻi, pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-karta maʼlumotlari va boshqa) maʼlumotlar tashkilotning kadrlar boʻlimi (xodimlar bilan ishlash boʻlinmasi yoki uning vazifasi yuklatilgan xodim) tomonidan “UzASBO” dasturiy majmuasiga kiritiladi hamda ish haqi hisoblash uchun buxgalteriyaga topshiriladi.”.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir T. IShMETOV
Toshkent sh.,
2022-yil 15-aprel,
12-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2022-y., 10/22/2169-6/0361-son)