Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Kontraktlarni mustaqil ekspertiza qilish va import qilinadigan tovarlarni joʻnatishdan oldin nazoratdan oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 6-iyundagi 427-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tashqi savdoni yanada erkinlashtirish va savdo operatsiyalarining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 28-martdagi PQ-3624-son qarori)” qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida konsalting xizmatlari bozorini kengaytirish, sifatli xalq isteʼmol tovarlari, oziq-ovqat mahsulotlari, mashinalar, asbob-uskunalar va texnologiyalar import qilinishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Import kontraktlarini mustaqil ekspertiza qilish va Oʻzbekiston Respublikasiga import qilinadigan tovarlarni joʻnatishdan oldin nazoratdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin va u 1997-yil 15-dekabrdan boshlab amalga kiritilsin.
2. Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi va “Oʻzinvestloyiha” injiniring kompaniyasining kontraktlarning import qilinadigan tovarlar sifati, miqdori, narxlar darajasiga va kontraktlarning boshqa shartlariga muvofiqligini mustaqil ekspertiza qiluvchi qoʻshma konsalting firmalari tashkil etish, shuningdek, GATT/VTOning joʻnatishdan oldin nazoratdan oʻtkazish boʻyicha Bitimi prinsiplariga va boshqa xalqaro talablarga muvofiq joʻnatishdan oldin nazoratdan oʻtkazish haqidagi takliflariga rozilik berilsin.
Konsalting firmalari, agar ular Inspeksiya agentliklari xalqaro federatsiyasi talablariga javob bersa va “Oʻzdavstandart” markazida akkreditatsiya qilingan boʻlsa, kontraktlarni mustaqil ekspertiza qilishga va joʻnatishdan oldin nazoratdan oʻtkazishga haqlidirlar.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasining import tovarlar yetkazib beruvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlari kontraktlarni ekspertiza qilish va import qilinadigan tovarlarni joʻnatishdan oldin nazoratdan oʻtkazish uchun oʻzlari tanlagan holda kontraktlarni keyinchalik Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligida roʻyxatdan oʻtkazish sharti bilan konsalting firmalariga yoki tovarlarni joʻnatishdan oldin nazoratdan oʻtkazmasdan kontraktlarni belgilangan tartibda ekspertiza qilish va roʻyxatdan oʻtkazish uchun Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligiga murojaat qilish huquqiga egadirlar.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Belgilansinki, tovarlarni joʻnatishdan oldin nazoratdan oʻtkazish:
umumiy qiymati 50 ming AQSh dollaridan oshmaydigan kontraktlar boʻyicha tovarlar yetkazib berishga;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi tomonidan beriladigan litsenziyalar boʻyicha import qilinadigan maxsus tovarlar yetkazib berishga tatbiq etilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Belgilab qoʻyilsinki;
kontraktlar ekspertizasi va import qilinadigan tovarlarni joʻnatishdan oldin nazoratdan oʻtkazish natijalarining ishonchliligi va xolisligi uchun javobgarlik konsalting firmalariga yuklanadi;
konsalting firmalari tomonidan berilgan va belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan kontraktlar ekspertizasi va import qilinadigan tovarlarni joʻnatishdan oldin nazoratdan oʻtkazish natijalari Oʻzbekiston Respublikasida tovarlar sifati, miqdori va narxlar darajasi boʻyicha ekspertiza dalolatnomalari sifatida tan olinadi;
konsalting firmalari tomonidan berilgan tovarlar sifati, miqdori va narxlar darajasi boʻyicha ekspertiza dalolatnomalari import kontraktlarini Davlat bojxona qoʻmitasida va Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli banklarida hisobga qoʻyish uchun asos boʻlib hisoblanadi;
Keyingi tahrirga qarang.
Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi konsalting firmalari tomonidan berilgan tovarlar sifati, miqdori va narxlar darajasi boʻyicha ekspertiza dalolatnomalari asosida import kontraktlarini vakil hozir boʻlganda hujjatlar tushgan paytdan boshlab 2 ish kuni mobaynida roʻyxatdan oʻtkazadi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Kontraktlarni mustaqil ekspertizadan oʻtkazish va import qilinadigan tovarlarni joʻnatishdan oldin nazoratdan oʻtkazish jarayonida konsalting firmalari va davlat boshqaruv organlarining oʻzaro hamkorlik qilishlari uchun manfaatdor vazirliklar, idoralar va konsalting firmalari vakillari ishtirokida 2-ilovaga* muvofiq tarkibda Muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etilsin.
* 2-ilova berilmaydi.
Muvofiqlashtiruvchi kengashga kontraktlarning mustaqil ekspertizasini amalga oshirishda va import qilinadigan tovarlarni joʻnatishdan oldin nazoratdan oʻtkazishda paydo boʻluvchi masalalarni tezkorlik bilan hal etish vazifasi yuklansin.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Toshkent shahar hokimligi mazkur qarorga muvofiq tashkil etilayotgan konsalting firmalariga joylashish va ularni keyinchalik sotib olish uchun zarur kommunikatsiyalari va aloqa liniyalari boʻlgan binolar berilishini taʼminlasin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 3-dekabr,
534-son
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 3-dekabrdagi 534-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Import kontraktlarini mustaqil ekspertiza qilish va Oʻzbekiston Respublikasiga import qilinadigan tovarlarni joʻnatishdan oldin nazoratdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Tovarlarni joʻnatishdan oldin nazoratdan oʻtkazish deganda quyidagilar tushuniladi:
joʻnatiladigan tovarlarning miqdorini, sifatini va kelib chiqishini tasdiqlash uchun jismoniy nazoratdan oʻtkazish;
tovarlar narxining, tashish haqining, sugʻurta va boshqa yigʻimlarning tovar kelib chiqqan mamlakatdagi hamda xalqaro bozordagi narxlarning qaror topgan darajasiga muvofiqligini aniqlash uchun qiyosiy tahlil qilish;
mazkur yuk guruhining kontrakt talablariga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining bojxona yoʻriqnomalariga muvofiqligini tekshirish;
Tashqi iqtisodiy faoliyatning tovar nomenklaturasi asosida poshlina/soliq uchun maʼlumotlarni tekshirish.
2. Import kontraktlarini mustaqil ekspertiza qilish va import qilinadigan tovarlarni joʻnatishdan oldin nazoratdan oʻtkazish GATT/VTOning joʻnatishdan oldin nazoratdan oʻtkazish boʻyicha bitimi prinsiplariga muvofiq, Inspeksiya agentliklari xalqaro federatsiyasi talablariga javob beruvchi hamda “Oʻzdavstandart” markazida akkreditatsiya qilingan konsalting firmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasining import tovarlar yetkazib beruvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlari kontraktlarni ekspertiza qilish va tovarni joʻnatishdan oldin nazoratdan oʻtkazish uchun, oʻzlari tanlagan holda kontraktlarni keyinchalik Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligida roʻyxatdan oʻtkazish sharti bilan konsalting firmalariga yoki tovarlarni joʻnatishdan oldin nazoratdan oʻtkazmasdan, kontraktlarni belgilangan tartibda ekspertiza qilish va roʻyxatdan oʻtkazish uchun Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligiga murojaat qilish huquqiga egadirlar.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Import qilinadigan tovarlarni joʻnatishdan oldin nazoratdan oʻtkazish:
umumiy qiymati 50 ming AQSh dollaridan oshmaydigan kontraktlar boʻyicha tovarlar yetkazib berishga;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi tomonidan beriladigan litsenziyalar boʻyicha import qilinadigan maxsus tovarlar yetkazib berishga tatbiq etilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Import qiluvchi va xorijiy eksport qiluvchi oʻrtasida tuziladigan kontraktlarda import qilinadigan tovarlarni joʻnatishdan oldin nazoratdan oʻtkazish yoki oʻtkazmaslik toʻgʻrisidagi modda nazarda tutilgan boʻlishi kerak.
6. Import kontraktlarini mustaqil ekspertiza qilish va Oʻzbekiston Respublikasiga import qilinadigan tovarlarni joʻnatishdan oldin nazoratdan oʻtkazish ishlari quyidagi tartibni nazarda tutadi:
import qiluvchi kelishilgan roʻyxatga muvofiq konsalting firmasiga:
a) Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasiga tovar import qilishni oqilona tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1996-yil 1-oktabrdagi 342-son qarori qoidalari talablariga muvofiq kontraktni ekspertizadan oʻtkazish uchun;
b) eksport qiluvchi mamlakatida tovarni joʻnatishdan oldin nazoratdan oʻtkazish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni taqdim etadi.
Konsalting firmasi import qiluvchidan koʻrsatib oʻtilgan ishlar yuzasidan buyurtmanomani qabul qilib oladi va ishlarni bajarish shartlarini shartnoma shaklida rasmiylashtiradi, bunda u taqdim etilgan materiallarni ruxsatsiz uchinchi shaxslarga oshkor qilmaslikni kafolatlaydi.
7. Import qilinadigan tovarlarni joʻnatishdan oldin nazoratdan oʻtkazuvchi konsalting firmalari import qiluvchi va konsalting firmasi oʻrtasida Namunaviy shartnoma ishlab chiqishlari, taqdim etiladigan axborotning, shuningdek, kontrakt ekspertizasi va tovarni joʻnatishdan oldin nazoratdan oʻtkazish natijalarining toʻgʻriligi va xolisligi uchun import qiluvchi oldida javob berishlari kerak. Xoʻjalik yurituvchi subyekt va konsaltin firmasi oʻrtasidagi shartnomada ushbu qoidani buzganlik uchun jarima sanksiyalari kelishib olinadi.
8. Tovarni joʻnatishdan oldin nazoratdan oʻtkazish tartibi quyidagi bosqichlardan iborat boʻladi:
I. Buyurtmanoma beruvchi tashkilot konsalting firmasi bilan tovarni joʻnatishdan oldin nazoratdan oʻtkazish boʻyicha shartnomani imzolaydi.
II. Konsalting firmasi buyurtmanomani roʻyxatdan oʻtkazadi va uni tovarlarni yetkazib beruvchi yoki joʻnatuvchi mamlakatdagi konsalting firmasining hammuassisi boʻlgan kompaniya vakolatxonasiga yuboradi.
III. Tovar yetkazib beruvchi mamlakatdagi kompaniya vakolatxonasi eksport qiluvchini tovarni joʻnatishdan oldin nazoratdan oʻtkazish uchun buyurtmanoma olinganligi va talab qilinadigan hujjatlarni taqdim etish zarurligi toʻgʻrisida xabardor qiladi, shuningdek, tovarni joʻnatishdan oldin nazoratdan oʻtkazish sanasi va joyini kelishib oladi.
IV. Eksport qiluvchi nazoratdan oʻtkazish sanasi va joyini tasdiqlaydi va hujjatlarni firma idorasiga joʻnatadi.
V. Jismoniy nazoratdan oʻtkazish va uning natijalari boʻyicha hisobotni rasmiylashtirish nazoratdan oʻtkazish sanasi va joyi kelishilgandan keyin 5 kun mobaynida amalga oshiriladi.
VI. Agar tovarni joʻnatishdan oldin nazoratdan oʻtkazish vaqtida biron-bir nomuvofiqliklar yoki buzilishlar aniqlanmasa, konsalting firmasi tekshirish natijalari boʻyicha dalolatnoma beradi. Kontrakt shartlariga biron-bir nomuvofiqliklar aniqlangan taqdirda, konsalting firmasi kontraktga nomuvofiqlik toʻgʻrisida sertifikat beradi.
VII. Konsalting firmasi tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar haqini toʻlash masalalari xoʻjalik yurituvchi subyekt va konsalting firmasi oʻrtasidagi shartnomada kelishib olinadi.
9. Tovarlar yuk kelib chiqqan mamlakatda, odatda, tovarni tayyorlagan zavodda, omborlarda yoki yuklash portida nazoratdan oʻtkaziladi. Agar firma nazoratdan oʻtkazishni yuk kelib chiqqan mamlakatda amalga oshirish uchun ruxsatnomaga ega boʻlmasa, nazorat yuk tushiriladigan joyda oʻtkaziladi.
10. Nazoratdan oʻtkazish konsalting firmalari mutaxassislari tomonidan, Xalqaro savdo palatasi (ISS) bilan kelishilgan, xalqaro miqyosda qabul qilingan tartibotlarga, eksport qiluvchining sifat kafolati standartlariga, GATT/VTOning joʻnatishdan oldin nazoratdan oʻtkazish boʻyicha Bitimiga, Inspeksiya agentliklari xalqaro federatsiyasi nizomlari va qoidalariga qatʼiy muvofiq ravishda amalga oshiriladi.
Tovarlarning xususiyatiga qarab, nazorat tahlili oʻz joyida yoxud, zarurat boʻlganda, konsalting firmasining xorijdagi laboratoriyasida oʻtkaziladi.
11. Quyidagilar import kontraktlari ekspertizasiga ijobiy dalolatnoma berish uchun asosiy shartlar hisoblanadi:
import qilinadigan tovarlar sifati, miqdori va narxlar darajasining qoʻyiladigan talablarga muvofiqligi;
kontraktning umumiy qabul qilingan xalqaro savdo huquqi meʼyorlariga muvofiqligi;
kontrakt shartlarining Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga va meʼyoriy hujjatlariga muvofiqligi;
kontrakt shartlarining boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlar oldida Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan qabul qilingan majburiyatlarga muvofiqligi;
maxsus tovarlar, texnologiya asbob-uskunalari, texnologiyalar va ularga berilgan patentlar va litsenziyalar import qilinganda vakolatli vazirliklar va idoralar xulosalarining mavjudligi.
12. Tovarni joʻnatishdan oldin nazoratdan oʻtkazish nazarda tutilgan import kontrakti konsalting firmasi tomonidan ijobiy dalolatnoma berilgandan va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligida roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida belgi qoʻyilgandan soʻng kuchga kiradi.
Import qilinadigan tovarni joʻnatishdan oldin nazoratdan oʻtkazish ijobiy dalolatnomasi va kontraktning Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligida roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi belgi tovar yetkazib beruvchiga uni joʻnatishga ruxsat beradi, import qiluvchiga esa — Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq ushbu tovar uchun haq toʻlashga asos boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Import qilinadigan tovarlarni joʻnatishdan oldin nazorat qiluvchi konsalting firmalari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Moliya vazirligi va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan yaqin oʻzaro aloqada faoliyat koʻrsatadilar.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Konsalting firmalari yagona hisob-kitob uchun har oyda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasiga va tegishli banklarga ekspertiza dalolatnomalari berilgan import kontraktlari toʻgʻrisida axborot taqdim etadilar.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Konsalting firmalari va davlat boshqaruv organlarining import qilinadigan tovarlarni joʻnatishdan oldin nazoratdan oʻtkazish jarayonidagi oʻzaro aloqalarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq tashkil etiladigan Muvofiqlashtiruvchi kengash amalga oshiradi.
16. Tomonlardan biri Muvofiqlashtiruvchi kengashning qaroriga rozi boʻlmagan hollarda u YuNSITRAL (BMTning xalqaro savdo boʻyicha komissiyasi)ning tartibot qoidalariga muvofiq nizoli masalani uzil-kesil hal etish uchun xalqaro arbitrajga murojaat qilishi mumkin.