Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
“Muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlarini qoʻllanish maqsadida tekshirish oʻtkazish boʻyicha vakolatli organ etib belgilansin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 8-sentabrdagi 206-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 34—36-son, 264-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
2. Muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlarini qoʻllanish maqsadida tekshirish oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi tuzilmasida boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni doirasida 6 shtat birligidan iborat muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlari boshqarmasi tashkil etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi ikki hafta muddatda muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlari boshqarmasi tuzilmasini va boshqarma toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2005-yil 19-may,
129-son
Muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlarini qoʻllanish maqsadida tekshirish oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom “Muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlarini qoʻllashdan oldin tekshirish oʻtkazish tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizomda “Muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan asosiy tushunchalardan foydalaniladi.
2. Muhofaza chorasi, agar tekshirish natijasida biror-bir tovarning Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga import qilinishi ortib ketgan hajmda (Oʻzbekiston Respublikasida oʻxshash tovarni ishlab chiqarishning umumiy hajmiga nisbatan mutlaq yoki nisbiy ifodada) va iqtisodiyot tarmogʻiga zarar yetkazayotgan yoki jiddiy zarar yetkazish xavfini tugʻdiradigan sharoitlarda amalga oshirilayotganligi tekshirish natijasida aniqlangan taqdirda ushbu tovarga nisbatan qoʻllanilishi mumkin.
Agar Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga demping narxlari boʻyicha tovarni import qilish iqtisodiyot tarmogʻiga jiddiy zarar yetkazayotganligi yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini tugʻdirayotganligi tekshirish natijalari boʻyicha aniqlangan boʻlsa, ana shunday import predmeti boʻlgan tovarga nisbatan antidemping boji qoʻllanishi mumkin.
Agar ishlab chiqarish, eksport qilish yoki tashish jarayonida xorijiy davlat (xorijiy davlatlar ittifoqi) maxsus subsidiyasidan foydalanilgan biror-bir tovarning Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga import qilinishi iqtisodiyot tarmogʻiga jiddiy zarar yetkazayotgani yoki jiddiy zarar yetkazishi xavfini tugʻdirayotganligi tekshirish natijalari boʻyicha aniqlangan boʻlsa, ana shunday biror-bir tovarga nisbatan kompensatsiya boji qoʻllanishi mumkin.
3. Muhofaza choralari, antidemping yoki kompensatsiya bojlari joriy etilishidan oldin mazkur Nizom qoidalariga muvofiq tekshirish oʻtkazilishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi (keyingi oʻrinlarda vakolatli organ deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga tovar importining ortib ketganligini, import tovarining demping narxlardaligini yoki subsidiya bilan taʼminlangan tovar import qilinayotganligini hamda buning oqibatida iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zararning yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfining borligini aniqlash maqsadida tekshirish oʻtkazadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Vakolatli organ tekshirish natijalari boʻyicha muhofaza choralarini, antidemping yoki kompensatsiya bojlarini qoʻllashning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi xulosasini Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 8-sentabrdagi 206-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 34—36-son, 264-modda)
5. Quyidagilar tekshirish oʻtkazilishida manfaatdor shaxslar hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasining oʻxshash tovarni ishlab chiqaruvchilari yoxud qatnashchilarining koʻpchiligi ana shunday tovar ishlab chiqaradigan Oʻzbekiston Respublikasi ishlab chiqaruvchilari birlashmasi;
tekshirish obyekti hisoblangan tovarni ishlab chiqaruvchi xorijiy ishlab chiqaruvchi, Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy eksportchisi yoki importchisi, yoxud qatnashchilarining koʻpchiligi bunday tovarni ishlab chiqaruvchilar va (yoki) eksport qiluvchilar hisoblangan xorijiy shaxslar birlashmasi, shuningdek qatnashchilarining koʻpchiligi bunday tovarning importchilari hisoblangan Oʻzbekiston Respublikasining xoʻjalik yurituvchi subyektlari birlashmasi;
tekshirish obyekti hisoblangan tovar kelib chiqqan yoki eksport qilinadigan xorijiy davlat hukumati va (yoki) mamlakatning vakolatli organi, yoxud mazkur tovar kelib chiqqan yoki eksport qilinadigan mamlakatlar kiradigan xorijiy davlatlar ittifoqining vakolatli organi.
Agar tekshirish shaxslarning huquq va manfaatlariga daxl qilsa va bunday shaxslar tekshirish oʻtkazilishiga yordam berishga qodir boʻlsa, vakolatli organ ularning tekshirishda manfaatdor shaxs sifatida qatnashish huquqini cheklamaydi.
6. Tekshirish davomida manfaatdor shaxslar mustaqil ravishda yoki Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq rasmiylashtirilgan vakolatlarga ega boʻlgan oʻz vakillari orqali ish yuritadilar.
Agar tekshirish davomida manfaatdor shaxs oʻzining vakolatli vakili orqali ish yuritgan taqdirda, vakolatli organ manfaatdor shaxsga tekshirish mavzusi toʻgʻrisidagi axborotni faqat ushbu manfaatdor shaxsning vakolatli vakili orqali maʼlum qiladi, vakolatli vakilni topish mumkin boʻlmagan hollar bundan mustasno.
II. Tekshirish oʻtkazish toʻgʻrisida ariza berish va tekshirishni boshlash tartibi
7. Muhofaza choralarini, antidemping yoki kompensatsiya bojlarini qoʻllanishdan oldin oʻtkaziladigan tekshirish iqtisodiyotning tegishli tarmogʻi manfaatlarini ifodalovchi yuridik yoki jismoniy shaxslarning yozma arizasi boʻyicha (keyingi oʻrinlarda ariza deb yuritiladi), yoxud mazkur bandning ikkinchi xatboshi qoidalariga muvofiq, vakolatli organning tashabbusi bilan oʻtkaziladi.
Tovar importi koʻpayganligi, demping narxlaridagi tovar importi yoki subsidiya bilan taʼminlangan tovar importi mavjudligi va bunday import oqibatida iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zararning yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfining borligi dalillari boʻlgan taqdirda, tekshirish vakolatli organning oʻz tashabbusiga koʻra oʻtkazilishi mumkin.
8. Ariza umumiy ishlab chiqarishi Oʻzbekiston Respublikasi ishlab chiqaruvchilarining mazkur ariza yuzasidan oʻz fikrini yozma ravishda bildirgan qismi tomonidan ishlab chiqarilgan jami oʻxshash tovarning ellik foizdan ortiqrogʻini tashkil etadigan Oʻzbekiston Respublikasi ishlab chiqaruvchilari tomonidan qoʻllab-quvvatlansa, u berilgan deb hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasi ishlab chiqaruvchilarining arizani qoʻllab-quvvatlovchilari ulushiga Oʻzbekiston Respublikasida oʻxshash tovarni jami ishlab chiqarishning kamida yigirma besh foizi toʻgʻri kelishi kerak.
Ariza beruvchining axborotlarni olish imkoniyati hisobga olingan holda arizada quyidagi maʼlumotlar boʻlishi zarur:
ariza beruvchi haqidagi, oldingi davrda iqtisodiyot tarmogʻida oʻxshash tovarni ishlab chiqarish hajmi va qiymati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari tomonidan ishlab chiqarilgan oʻxshash tovarning hajmi va qiymati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek bunday tovarni ishlab chiqarish umumiy hajmida har bir ishlab chiqaruvchining ulushi koʻrsatilgan holda nomidan ariza berilayotgan mamlakatning barcha oʻxshash tovarni ishlab chiqaruvchilari roʻyxati;
agar zarur maʼlumotlar mavjud boʻlsa, har bir ana shunday ishlab chiqaruvchi tomonidan oʻxshash tovarni ishlab chiqarishning hajmi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan holda ana shunday tovarni mamlakatimizda ishlab chiqaradigan boshqa ishlab chiqaruvchilarni arizasi bilan birgalikda qoʻllab-quvvatlashi darajasining dalillari. Agar ariza beruvchi Oʻzbekiston Respublikasining oʻxshash tovarning boshqa ishlab chiqaruvchilari arizasi bilan birgalikda qoʻllab-quvvatlash darajasi isbotini taqdim etmasa, vakolatli organ tekshirishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilish maqsadida oʻz ixtiyoridagi mavjud maʼlumotlar asosida arizaning qoʻllab-quvvatlanish darajasini belgilashi mumkin;
Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi kodi, mazkur tovarning kelib chiqishi yoki joʻnatilish mamlakati (mamlakatlari) nomi, mazkur tovarning taniqli xorijiy ishlab chiqaruvchilari va (yoki) eksport qiluvchilari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek mazkur tovarning Oʻzbekiston Respublikasidagi taniqli import qiluvchilari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan holda Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga import qilinadigan tovarning tavsifi;
tovar narxi hamda oldingi davr uchun mutlaq va nisbiy miqdorlarda Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga uni import qilish hajmining oʻzgarishi, bunday importning ichki bozordagi oʻxshash tovar narxiga va iqtisodiyot tarmogʻiga taʼsiri hamda import qilinadigan tovarning Oʻzbekiston Respublikasi ichki bozoridagi ulushi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
antidemping boji joriy etish taklif qilinayotgan tovarning demping narxlarda import qilinayotganligining dalillari;
maxsus subsidiyaning mavjudligi dalillari, imkoniyati boʻlganda shunday subsidiyaning miqdori koʻrsatilgan holda;
tovar importining oʻsishi, demping narxlar boʻyicha tovar importi yoki subsidiyalangan tovar importi oqibatida iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zararning yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfi mavjudligining dalillari;
bunday chora yoki bojning miqdori va amal qilish muddati koʻrsatilgan holda muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojiga nisbatan taklif;
iqtisodiyot tarmogʻining ariza beruvchi tomonidan taklif etilayotgan muhofaza choralarining amal qilish muddati mobaynida xorijiy raqobat sharoitlarida ishlashga moslashtirishga doir chora-tadbirlar rejasi (muhofaza choralari qoʻllangan taqdirda).
9. Arizadagi qiymat koʻrsatkichlari qiyoslash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi tashqi savdosining bojxona statistikasini yuritishda foydalaniladigan pul birligida keltirilishi kerak.
10. Arizadagi mavjud axborot mazkur ishlab chiqaruvchiga bevosita tegishli boʻlgan maʼlumotlar boʻyicha bunday axborotni taqdim etgan Oʻzbekiston Respublikasi ishlab chiqaruvchilarining rahbarlari, shuningdek ularning buxgalteriya hisobi va hisoboti yuritilishi uchun masʼul boʻlgan xodimlari tomonidan tasdiqlanishi kerak.
11. Arizaning maxfiy boʻlmagan nusxasi (agar arizada maxfiy axborot mavjud boʻlsa) ilova qilingan holda vakolatli organga taqdim etiladi va bunday ariza vakolatli organga tushgan kunda roʻyxatdan oʻtkazilishi kerak.
12. Vakolatli organ tekshirish boshlanishi toʻgʻrisida qaror qabul qilish maqsadida ariza olingan kundan boshlab oʻttiz kalendar kun mobaynida arizada taqdim etilgan maʼlumotlarning yetarliligi va ishonchliligini mazkur Nizomning 8-bandi qoidalariga muvofiq oʻrganadi.
13. Agar vakolatli organ maʼlumotlarni yetarli emas deb hisoblasa, u ariza olingan kundan boshlab 10 kun muddatda bu haqda ariza beruvchiga yozma shaklda maʼlum qiladi va unga oʻz arizasiga oʻzgartirish yoki qoʻshimcha kiritish imkoniyatini beradi.
Agar ariza beruvchi oʻz arizasini oʻzgartirsa yoki unga qoʻshimcha kiritsa, arizani koʻrib chiqish muddati ushbu oʻzgarishlar yoki qoʻshimchalar olingan kundan boshlanadi.
Agar ariza beruvchi vakolatli organ tomonidan soʻralayotgan qoʻshimcha maʼlumotlarni xabar olingan sanadan boshlab 15 kalendar kun mobaynida taqdim etmasa va bunday maʼlumotlarni taqdim etish muddatini kechiktirish toʻgʻrisida iltimos qilmasa, vakolatli organ arizani koʻrib chiqishni rad etishga haqlidir, bu haqda ariza beruvchiga yozma shaklda xabar beradi.
14. Ariza tekshirishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingunga qadar yoki tekshirish davomida ariza beruvchi tomonidan qaytarib olinishi mumkin. Agar ariza tekshirishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingunga qadar qaytarib olinsa, bunday ariza berilmagan deb hisoblanadi.
Agar ariza tekshirish oʻtkazish davomida qaytarib olinsa, muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlari joriy etilmasdan vakolatli organning qarori bilan tekshirish toʻxtatilishi yoki davom ettirilishi mumkin.
15. Tekshirishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingunga qadar arizadagi mavjud maʼlumotlar, ariza olinganligi va uni koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ommaviy oshkor qilinishi mumkin emas.
16. Vakolatli organ mazkur Nizomning 12-bandida koʻrsatilgan muddat tamom boʻlgunga qadar tekshirishni boshlash yoki uni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Tekshirishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kun tekshirish boshlangan sana hisoblanadi.
Vakolatli organ tekshirish oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilganda, bunday qaror qabul qilingan kundan boshlab 10 kalendar kundan ortiq boʻlmagan muddatda ariza beruvchini tekshirish oʻtkazishning rad etilishi sabablari toʻgʻrisida yozma shaklda xabardor qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Vakolatli organ tekshirishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilganda tekshirish boshlangan sanadan boshlab 10 kalendar kun mobaynida tekshirish obyekti hisoblangan tovar eksport qilingan xorijiy davlatning (xorijiy davlatlar ittifoqining) vakolatli organini, Yevro-Osiyo iqtisodiy hamjamiyati aʼzosi boʻlgan davlatlarni, shuningdek unga maʼlum boʻlgan boshqa manfaatdor shaxslarni qabul qilingan qaror toʻgʻrisida yozma shaklda xabardor qiladi va oʻzining rasmiy nashrida tekshirish boshlanganligi toʻgʻrisida bildirishnoma eʼlon qilinishini taʼminlaydi, bildirishnomada quyidagilar boʻlishi kerak:
(16-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 4-apreldagi 73-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 14-son, 146-modda)
tekshirish obyekti hisoblangan tovarning tavsifi;
tekshirish obyekti hisoblangan tovar eksport qilinadigan yoki tovar kelib chiqadigan xorijiy davlat (xorijiy davlatlar ittifoqi)ning nomi;
tekshirish boshlanadigan sana;
demping narxlar yoki maxsus subsidiyalar boʻyicha tovar importi mavjudligini aniqlash uchun asos (antidemping yoki kompensatsiya boji qoʻllanganda);
arizaning qonuniyligini va tekshirishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilishning maqsadga muvofiqligini tasdiqlaydigan holatlarning qisqacha bayoni;
tekshirishni oʻtkazishning taxminiy jadvali;
manfaatdor shaxslar tekshirish mavzusi boʻyicha oʻz fikrlarini va axborotini yoʻllashlari mumkin boʻlgan manzil;
manfaatdor shaxslar tekshirish mavzusi boʻyicha oʻz fikrlari va axborotini yozma shaklda taqdim etishi mumkin boʻlgan muddat;
manfaatdor shaxslar ogʻzaki eshitishlar oʻtkazilishini soʻrashi mumkin boʻlgan muddat (muhofaza choralari qoʻllangan taqdirda).
Tekshirishni boshlash toʻgʻrisidagi bildirishnomada koʻrsatilgan muddatlar vakolatli organ tomonidan belgilanadi va 30 kalendar kundan kam boʻlishi mumkin emas.
17. Tekshirishni boshlash toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqishda vakolatli organ arizaning xolisona koʻrib chiqilishiga rioya qilinishini va u boʻyicha iqtisodiyotning tegishli tarmogʻidagi Oʻzbekiston Respublikasi ishlab chiqaruvchilari fikrlarining mumkin qadar koʻproq hisobga olinishini taʼminlaydi.
III. Muhofaza choralari qoʻllanilishidan oldin tekshirish oʻtkazish tartibi
18. Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga tovar importi koʻpayganligi munosabati bilan iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zararning yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfining mavjudligini aniqlash maqsadida, vakolatli organ tekshirish davomida iqtisodiyot tarmoqlariga taʼsir etuvchi miqdoriy ifodalangan obyektiv xarakterdagi omillarni baholaydi, jumladan:
oʻxshash tovarni Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarishning umumiy hajmiga nisbatan tekshirish obyekti hisoblangan tovarning Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga importi surʼatlari va miqdorining mutlaq yoki nisbiy ifodasi;
Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan oʻxshash tovarning Oʻzbekiston Respublikasi ichki bozorida sotish hajmining oʻzgarishi;
oʻxshash tovarni ishlab chiqarish hajmining, mehnat unumdorligining, ishlab chiqarish quvvatlarini ish bilan taʼminlashning, foyda va zararlar miqdorining, shuningdek iqtisodiyot tarmoqlarida ish bilan bandlik darajasining oʻzgarishi;
tekshirish obyekti hisoblangan import qilinadigan tovarning ushbu tovarning yoki oʻxshash tovarning Oʻzbekiston Respublikasining ichki bozorida sotishning umumiy hajmidagi ulushi.
19. Vakolatli organ tovar importi koʻpayganligi munosabati bilan iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zarar yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfi mavjudligini ixtiyoridagi ishga taalluqli barcha dalillar va mavjud axborotni oʻrganib chiqish natijalari asosida aniqlashi kerak.
Vakolatli organ tovarning oʻsib borayotgan importidan tashqari oʻsha davrda iqtisodiyot tarmogʻiga zarar yetkazayotgan yoki zarar yetkazish xavfini solayotgan boshqa barcha maʼlum omillarni oʻrganib chiqadi. Ushbu omillar natijasida iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zarar yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini vakolatli organ tovar importi koʻpayganligi munosabati bilan iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zararga yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfiga tegishli deb hisoblamasligi zarur.
20. Vakolatli organ iqtisodiyot tarmogʻiga jiddiy zarar yetkazilishi xavfini aniqlashda mazkur Nizomning 18-bandida sanab oʻtilgan omillarga qoʻshimcha ravishda quyidagi omillarni baholashi kerak:
tekshirish obyekti hisoblangan tovar kelib chiqqan xorijiy davlat (xorijiy davlatlar ittifoqi)ning haqiqiy va potensial eksport imkoniyatlari;
tekshirish obyekti hisoblangan tovar importi Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududida oʻsib boruvchi miqdorlarda amalga oshirilishi ehtimoli.
21. Manfaatdor tomonlarning tekshirish boshlanishi toʻgʻrisidagi ommaviy bildirishnomada belgilangan muddatda taqdim etgan yozma shakldagi iltimosi asosida vakolatli organ ogʻzaki eshitishlar oʻtkazilishini taʼminlaydi.
Ogʻzaki eshitishlar davomida tekshirish mavzusi toʻgʻrisida qarama-qarshi nuqtai nazarga ega boʻlgan manfaatdor shaxslar tekshirish oʻtkazilishi munosabati bilan dalillarni taqdim etishi va oʻz fikrini bayon qilishi mumkin.
Tekshirish oʻtkazilishi munosabati bilan dalillar taqdim etish va oʻz fikrini bayon qilish imkoniyati manfaatdor shaxslarga mazkur Nizomning XI boʻlimiga muvofiq, maxfiy axborotni himoya qilish zarurligi hisobga olingan holda beriladi.
22. Tekshirishni oʻtkazish davomida soʻrov tushgan kundan boshlab 30 kalendar kun mobaynida tekshirishni oʻtkazish maqsadlari uchun zarur axborotni, shu jumladan maxfiy axborotni, bunday axborotni olish manbaini koʻrsatgan holda vakolatli organ soʻrashga, manfaatdor shaxslar esa taqdim etishga haqlidir.
23. Tekshirish obyekti hisoblangan tovardan ishlab chiqarishda foydalanadigan isteʼmolchilar va isteʼmolchilarning jamoat tashkilotlari vakillari mazkur tovar chakana savdoda sotilgan hollarda oʻtkazilayotgan tekshirishga taalluqli boʻlgan axborotni taqdim etishga haqlidir.
24. Tekshirish mavzusiga tegishli boʻlgan, xorijiy tilda tuzilgan material va axborotlarga tasdiqlangan tarjima ilova qilinishi kerak.
25. Manfaatdor shaxs vakolatli organga tekshirish oʻtkazish maqsadlari uchun zarur boʻlgan axborotdan foydalanishni rad etgan yoki bunday axborotni mazkur Nizomning 22-bandida belgilangan muddatda unga taqdim etmagan hollarda tekshirish natijalari boʻyicha dastlabki va uzil-kesil xulosalar vakolatli organ tomonidan uning ixtiyoridagi mavjud axborot asosida amalga oshirilishi mumkin.
26. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat statistika qoʻmitasi, boshqa vazirlik va idoralar tekshirishni oʻtkazishda yordam koʻrsatishlari hamda vakolatli organning soʻrovi boʻyicha tekshirishni oʻtkazish maqsadlari uchun zarur boʻlgan axborotni, shu jumladan maxfiy axborotni taqdim etishlari kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
27. Agar tekshirish boshlanishi sanasidan bevosita oldingi ikki kalendar yil mobaynida arizani qoʻllab-quvvatlagan Oʻzbekiston Respublikasining bir nafar ishlab chiqaruvchisiga ana shunday tovarni milliy ishlab chiqarishning oʻttiz besh foizdan ortigʻi toʻgʻri kelsa yoki tekshirish obyekti hisoblangan tovar importining umumiy hajmi oʻxshash tovarni Oʻzbekiston Respublikasining ichki bozorida sotish umumiy hajmining yigirma besh foizidan kamini tashkil etsa, vakolatli organ muhofaza choralari Oʻzbekiston Respublikasi ichki bozoridagi raqobatga taʼsirining oqibatlari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasining xulosasini soʻrashi mumkin. Bunday xulosa Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi tomonidan, mazkur Nizomning 8-bandida sanab oʻtilgan materiallar ilova qilingan holda vakolatli organning soʻrovi tushgan kundan boshlab oʻttiz kalendar kun mobaynida taqdim etilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
28. Tekshirishni oʻtkazish muddati tekshirish boshlangan sanadan boshlab toʻqqiz oydan ortiq boʻlmasligi kerak. Tekshirish vakolatli organ tomonidan oʻtkazilgan tekshirish natijalari boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga xulosa taqdim etilgan kunda tugallangan hisoblanadi.
29. Oʻtkazilgan tekshirish natijalari boʻyicha vakolatli organ tekshirish yakunlangan kundan boshlab oʻn kalendar kundan ortiq boʻlmagan muddatda vakolatli organ oʻz ixtiyoridagi mavjud axborotni oʻrganib chiqish asosida chiqargan asosiy xulosalar toʻgʻrisidagi bildirishnoma eʼlon qilinishini taʼminlaydi.
30. Tekshirish oʻtkazilishi tekshirish obyekti hisoblangan tovarning bojxona rasmiylashtiruviga va Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga kiritilishiga toʻsqinlik qilmasligi kerak.
31. Agar xorijiy davlat yoki eksport qiluvchi iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini bartaraf etish majburiyatlarini qabul qilsa, tekshirish vakolatli organ tomonidan toʻxtatib turilishi yoki toʻxtatilishi mumkin.
IV. Muhofaza choralarini qoʻllanish
32. Muhofaza chorasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra, iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini bartaraf etish uchun zarur boʻlgan miqdorda bunday muddat mobaynida va iqtisodiyot tarmoqlarining oʻzgarayotgan iqtisodiy sharoitlarga iqtisodiy moslashishi jarayonini yengillashtirish uchun qoʻllanadi.
Tovar importi koʻpayishini cheklash boʻyicha tovar importining miqdori va (yoki) qiymatiga (import kvotasi) nisbatan cheklov tariqasida, import bojidan tashqari undiriladigan maxsus boj tariqasida qoʻllanadigan choralar yoki tovar importi koʻpayishini cheklashga qaratilgan boshqa choralar muhofaza choralari hisoblanadi.
33. Tovar importini miqdoriy cheklash tariqasidagi muhofaza chorasining qoʻllanishi tovar importi hajmini oldingi davrdagi tovar importining oʻrtacha hajmi darajasidan (miqdori va (yoki) qiymati darajasida) kamaytirmasligi kerak, iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini bartaraf etish uchun tovar importining boshqa darajasini belgilash zarurligiga asos boʻlgan hollar bundan mustasno.
34. Import kvotasini tekshirish obyekti hisoblangan tovarning yetkazib beruvchilari boʻlgan xorijiy davlatlarga (xorijiy davlatlar ittifoqlariga), mazkur tovarni Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga eksport qilishdan manfaatdor boʻlgan xorijiy davlatlar (xorijiy davlatlar ittifoqi) oʻrtasida import kvotasini taqsimlash masalasi boʻyicha maslahat oʻtkazish taklif etilishi mumkin.
Import kvotasini taqsimlash masalasi boʻyicha maslahat oʻtkazish imkoni boʻlmagan yoki koʻrsatib oʻtilgan maslahatlashuvlar davomida bunday taqsimlash toʻgʻrisida ahdlashuvga erishilmagan hollarda import kvotasi tekshirish obyekti hisoblangan tovarni Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga eksport qilishdan manfaatdor boʻlgan xorijiy davlatlar (xorijiy davlatlar ittifoqlari) oʻrtasida mazkur tovar importining umumiy miqdori yoki umumiy qiymati asosida oldingi davr uchun ushbu tovarni mazkur xorijiy davlatlardan (xorijiy davlatlar ittifoqlaridan) import qilishda shakllangan mutanosiblikda taqsimlanadi. Ayrim xorijiy davlatlardan (xorijiy davlatlar ittifoqlaridan) import oʻsishining foiz nisbatida oldingi davr uchun tekshirish obyekti hisoblangan tovar importi umumiy oʻsishiga nisbatan nomutanosib koʻpaygan taqdirda Vazirlar Mahkamasi ushbu xorijiy davlatlar (xorijiy davlatlar ittifoqlari)dan Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga mazkur tovar importi oʻsishining mutlaq va nisbiy koʻrsatkichlarini hisobga olgan holda import kvotasini ana shunday xorijiy yetkazib beruvchi davlatlar (xorijiy davlatlar ittifoqlari) oʻrtasida taqsimlashi mumkin.
35. Muhofaza chorasining amal qilish muddati toʻrt yildan ortiq boʻlmasligi kerak, mazkur bandga muvofiq bunday choraning amal qilish muddati uzaytirilishi hollari bundan mustasno.
Agar iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini bartaraf etish uchun muhofaza chorasi zaruriyati saqlanib qolayotganligi hamda iqtisodiyotning mazkur sohasi iqtisodiy moslashish jarayonida ekanligi dalillarining mavjudligi qayta tekshiruv natijasida vakolatli organ tomonidan aniqlangan boʻlsa, muhofaza chorasining amal qilish muddati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan uzaytirilishi mumkin. Bunda muhofaza chorasi amal qilishining umumiy muddati sakkiz yildan oshmasligi kerak.
Muhofaza chorasining amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilishda bunday chora uning amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kunda amal qilgan muhofaza chorasiga nisbatan koʻproq cheklaydigan boʻlishi mumkin emas.
36. Agar muhofaza chorasining amal qilish muddati bir yildan ortiq boʻlsa, amaldagi muhofaza chorasini yumshatish imkoniyatini aniqlash maqsadida hamda natijalari boʻyicha muhofaza chorasi uning amal qilishining qolgan muddati mobaynida teng oraliqlarda yumshashi mumkin boʻlganda, vakolatli organ Vazirlar Mahkamasiga amal qilish muddati mobaynida uning qoʻllanishi natijalari toʻgʻrisida axborot taqdim etadi
Agar muhofaza chorasining amal qilish muddati 3 yildan ortiq boʻlsa, u holda bunday chora muddatining yarmi tamom boʻlishidan kechikmay, vakolatli organ takroriy tekshirish oʻtkazishi kerak, uning natijalariga koʻra maxsus muhofaza choralari saqlanib qolishi, yumshatilishi yoki bekor qilinishi mumkin.
37. Alohida hollarda, agar tekshiruv tugallangunga qadar muhofaza choralarini qoʻllanishda sustkashlik qilish iqtisodiyot tarmogʻiga keyinchalik bartaraf etish qiyin boʻlgan darajada jiddiy zarar yetkazishi mumkin ekanligi vakolatli organ tomonidan aniqlangan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakolatli organning tovar importi oʻsishi va iqtisodiyotning tarmogʻiga jiddiy zarar yetkazilayotganligi yoki jiddiy zarar yetkazish xavfi oʻrtasidagi aloqalarning mavjudligi toʻgʻrisidagi dastlabki xulosasi asosida, vakolatli organ tomonidan uzil-kesil xulosa olish maqsadida tekshiruv davom ettirilishi sharti bilan, muvaqqat muhofaza chorasini qoʻllanish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
Muvaqqat muhofaza chorasi muvaqqat maxsus boj tarzida qoʻllanadi.
38. Vakolatli organ Vazirlar Mahkamasiga dastlabki xulosa taqdim etilishi bilan bir vaqtda tekshirish obyekti hisoblangan tovar eksport qilinadigan xorijiy davlatning (xorijiy davlatlar ittifoqining) vakolatli organini, shuningdek unga maʼlum boʻlgan boshqa manfaatdor shaxslarni vaqtinchalik maxsus boj joriy etilishi mumkinligi toʻgʻrisida yozma shaklda xabardor qiladi.
39. Muvaqqat maxsus bojning amal qilish muddati 200 kundan ortiq boʻlmasligi kerak.
40. Agar tovar importi koʻpayganligi oqibatida iqtisodiyot tarmogʻiga jiddiy zarar yetkazilmaganligi yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfi yoʻqligi tekshiruv natijalariga koʻra vakolatli organ tomonidan aniqlangan boʻlsa, toʻlangan muvaqqat maxsus boj summalari toʻlovchiga qonun hujjatlarida bojlarni qaytarish uchun belgilangan tartibda qaytarib berilishi kerak.
Agar maxsus boj tarzidagi muhofaza chorasi muvaqqat maxsus bojdan kam miqdorda qoʻllangan boʻlsa, oradagi farq toʻlovchiga qonun hujjatlarida bojxona bojlarini qaytarish uchun belgilangan tartibda qaytarib berilishi kerak. Agar maxsus boj tarzidagi muhofaza chorasi muvaqqat maxsus bojdan koʻp miqdorda qoʻllangan boʻlsa, oradagi farq toʻlovchidan undirilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
41. Agar tekshirish natijalari boʻyicha muhofaza chorasini qoʻllanish toʻgʻrisida qaror qabul qilinsa, u holda vaqtinchalik muhofaza chorasining amal qilish muddati muhofaza chorasi amal qilishining umumiy muddatiga qoʻshib hisoblanadi.
V. Demping narxlari boʻyicha tovar importi holatini va zarar mavjudligini aniqlash
42. Agar mazkur tovarning eksport narxi uning normal qiymatidan past boʻlsa tovar demping narxlari boʻyicha import qilingan deb hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasiga eksport qilish uchun sotilgan tovar uchun amalda toʻlangan yoki toʻlanishi kerak boʻlgan narx tovarning eksport narxi hisoblanadi.
Eksportchi mamlakatning ichki bozorida isteʼmol uchun moʻljallangan oʻxshash tovarning odatdagi savdo jarayonidagi narxi yoki oʻxshash tovar eksportchi mamlakat bozorida sotilmaganda yoki shunday tovarni sotish hajmining pastligi yoki eksportchi mamlakatning ichki bozoridagi alohida vaziyat tufayli zarur darajada qiyoslash mumkin boʻlmaganda — ana shunday tovarning narxi, eksportchi mamlakatdan uchinchi mamlakatga eksport qilinadigan oʻxshash tovarlarni qiyoslash asosida aniqlanadigan narx, agar u namunaviy boʻlsa, yoxud tovar kelib chiqqan mamlakatdagi ishlab chiqarish oqilona xarajatlari asosida maʼmuriy, savdo va umumiy xarajatlarning hamda foydaning qoʻshilgan narxi tovarning normal qiymati hisoblanadi.
43. Tovarni eksport qiluvchi xorijiy davlatning ichki bozorida savdoning odatdagi borishida oʻxshash tovarni sotishga, agar bunday sotuvlar koʻrsatib oʻtilgan xorijiy davlat tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga mazkur tovarni eksport qilish umumiy hajmining kamida besh foizini tashkil etsa, tovarning normal qiymatini belgilash uchun yetarli deb qaraladi. Savdoning odatdagi borishida oʻxshash tovarni sotishning pastroq darajasi, demping import mavzusi hisoblangan tovarning eksport narxini savdoning oddiy borishida oʻxshash tovar narxi bilan zarur darajada qiyoslashni taʼminlash uchun bunday sotuvlar yetarli ekanligining dalili mavjud boʻlganda tovarning normal qiymatini aniqlash uchun maqbul deb hisoblanadi.
Tovarni eksport qiluvchi xorijiy davlatning ichki bozorida oʻxshash tovarni sotish yoki oʻxshash tovarni koʻrsatib oʻtilgan xorijiy davlatdan uchinchi mamlakatga maʼmuriy, savdo chiqimlari va umumiy chiqimlarni hisobga olgan holda tovar birligiga nisbatan ishlab chiqarish chiqimlaridan (doimiy yoki oʻzgaruvchan) past narxlar boʻyicha sotish, faqatgina agar, vakolatli organ oʻxshash tovarning bunday sotilishi kamida 6 oy mobaynida, ancha miqdorlarda va barcha chiqimlar qoplanishini taʼminlamaydigan narxlarda sotilganligini aniqlagan taqdirda savdoning odatdagi borishiga muvofiq emas deb qaralishi hamda tovarning normal qiymatini aniqlashda hisobga olinmasligi mumkin. Agar sotish paytida tovar birligiga chiqimlardan past boʻlgan oʻxshash tovarning narxi tekshirish qamrab oladigan davrda tovar birligiga oʻrtacha chiqimlardan ortiq boʻlsa, u holda bunday narxlarga kamida 6 oy mobaynida barcha chiqimlar qoplanishini taʼminlaydi deb qaraladi.
Agar vakolatli organ tovarning normal qiymatini aniqlashda hisobga olinadigan bitishuvlar boʻyicha oʻrtacha sotish narxi tovar birligiga oʻrtacha chiqimlardan pastligini va narxlar boʻyicha sotuv hajmi tovar birligiga chiqimlarning tovarning normal qiymatini aniqlashda hisobga olinadigan bitishuvlar boʻyicha sotuv hajmining kamida 20 foizini tashkil etishini aniqlasa ancha miqdorlarda amalga oshiriladigan deb hisoblanadi.
44. Chiqimlar unga nisbatan tekshirish oʻtkazilayotgan xorijiy davlatning eksport qiluvchisi yoki ishlab chiqaruvchisining hisobga olish hujjatlari asosida hisoblab chiqiladi, bunda bunday hujjatlar mazkur xorijiy davlatdagi buxgalteriya hisobi va hisobotining umumiy qabul qilingan prinsiplari va qoidalariga muvofiq boʻlishi hamda oʻxshash tovarni ishlab chiqarish va sotish bilan bogʻliq chiqimlarni aks ettirishi shart. Vakolatli organ chiqimlarni taqsimlash toʻgʻriligi isbotining oʻz ixtiyorida mavjud boʻlgan barcha dalillarini hisobga oladi, bunda mazkur chiqimlarni taqsimlash odatda xorijiy davlatning eksport qiluvchisi yoki ishlab chiqaruvchisi tomonidan amortizatsiya va eskirishning tegishli davrlarini aniqlashga, kapital qoʻyilmalarga ajratmalarga va ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun boshqa xarajatlarni qoplashga nisbatan amaliyotda qoʻllanilishi shart. Mazkur xatboshiga muvofiq chiqimlarni taqsimlashda chiqimlarga boʻlgʻusi va (yoki) joriy ishlab chiqarishni rivojlantirishga moʻljallangan xarajatlarning nodavriy moddalarini yoki tekshirish qamrab olinadigan davrdagi chiqimlar ishlab chiqarishning qaror topishi davri operatsiyasiga taʼsir koʻrsatishi holatlari hisobga olingan holda tuzatish kiritiladi. Ishlab chiqarishning qaror topish davri operatsiyasiga kiritiladigan tuzatishlar ishlab chiqarishning qaror topishi davri oxiridagi chiqimlarni aks ettiradi yoki, agar, ushbu davr tekshirish bilan qamrab olinadigan davr tashqarisiga chiqsa, eng oxirgi chiqimlarni aks ettiradi, ushbu chiqimlarni zarur asoslar mavjud boʻlgan taqdirda vakolatli organ tekshirish davomida hisobga oladi.
Maʼmuriy, savdo chiqimlari va umumiy chiqimlarning, shuningdek foydaning jami miqdoriy koʻrsatkichlari, unga nisbatan tekshirish oʻtkazilayotgan xorijiy davlatning eksport qiluvchisi yoki ishlab chiqaruvchisi tomonidan taqdim etilayotgan savdoning odatdagi borishida oʻxshash tovarni ishlab chiqarish va sotish toʻgʻrisidagi haqiqiy maʼlumotlar asosida aniqlanadi. Agar bunday jami koʻrsatkichlarni koʻrsatib oʻtilgan tarzda aniqlash mumkin boʻlmasa, ular quyidagilar asosida aniqlanishi mumkin:
oʻsha toifadagi tovarni ishlab chiqarish yoki kelib chiqish mamlakatining ichki bozorida sotish munosabati bilan unga nisbatan tekshirish oʻtkazilayotgan xorijiy davlatning eksport qiluvchisi yoki ishlab chiqaruvchisi tomonidan toʻlangan yoki olingan haqiqiy summa;
unga nisbatan tekshirish oʻtkazilayotgan xorijiy davlatning boshqa eksport qiluvchilari yoki ishlab chiqaruvchilari tomonidan oʻxshash tovarni ishlab chiqarish yoki kelib chiqish mamlakatining ichki bozorida sotish munosabati bilan toʻlangan yoki olingan oʻrtacha haqiqiy summa;
boshqa istalgan oqilona usul orqali, bunda ushbu usul bilan aniqlangan foyda oʻsha toifadagi tovarni kelib chiqish mamlakatining ichki bozorida sotishda xorijiy davlatning boshqa eksport qiluvchilari yoki ishlab chiqaruvchilari tomonidan odatda olinadigan foydadan ortiq boʻlmasligi kerak.
45. Ushbu tovarning eksport narxi mavjud boʻlmagan yoxud eksport va import qiluvchi yoki uchinchi shaxs oʻrtasida aloqa yoki kelishuv mavjudligi munosabati bilan vakolatli organ ishonchini qozonmagan hollarda, bunday tovarning eksport narxi import qilingan tovarlar mustaqil xaridorga birinchi marta qayta sotilgan narx asosida yoki agar import qilingan tovarlar mustaqil xaridorga qayta sotilmasa yoki ular Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga import qilingan shaklda qayta sotilmasa vakolatli organ tomonidan aniqlanishi mumkin boʻlgan boshqa usul bilan hisoblab chiqilishi mumkin.
46. Tovarning eksport narxini uning normal qiymati bilan qiyoslash savdo operatsiyasining ayni bir bosqichida va imkoni boricha ayni bir vaqtda amalga oshirilgan sotuvlarga nisbatan amalga oshiriladi. Qiyoslash jarayonida qiyoslanayotgan narxlarga kerakli oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin, bunda jumladan sotishdagi, soliq solishdagi, savdo darajalaridagi, miqdorlardagi, jismoniy xususiyatlardagi sharoitlarning va holatlarning farqlari hamda narxlar qiyoslanishiga ularning taʼsiri dalillari taqdim etiladigan istalgan boshqa farqlar eʼtiborga olinadi. Mazkur Nizomning 45-bandida koʻrsatilgan hollarda, xarajatlarga, jumladan import bilan qayta sotish oʻrtasidagi davrda toʻlangan bojlar va soliqlarga, shuningdek olingan foydaga tuzatishlar kiritish zarur. Vakolatli organ tovarning eksport narxini uning normal qiymati bilan zarur darajada taqqoslashni taʼminlash uchun zarur boʻlgan axborotni manfaatdor shaxslardan soʻrashga haqlidir.
Agar tovarning eksport narxini uning normal qiymati bilan taqqoslash bir valyutadan boshqa valyutaga qayta hisoblab chiqishni talab qilsa, u holda bunday qayta hisoblab chiqish tovar sotilgan kundagi ayirboshlash kursidan foydalangan holda amalga oshiriladi. Agar xorijiy valyutani shoshilinch bozorda sotish eksport yetkazib berish bilan bevosita bogʻliq boʻlsa, u holda muddatda sotishda qoʻllaniladigan ayriboshlash kursidan foydalaniladi. Ayirboshlash kurslaridagi tebranishlar eʼtiborga olinmaydi va tekshirish mobaynida vakolatli organ tekshirish davrida ayirboshlash kurslarining barqaror oʻzgarishlarini hisobga olgan holda eksport narxlariga tuzatish kiritish uchun ularga kamida 60 kalendar kunni taqdim etadi.
Demping marjasi mavjudligi tekshirish davomida tovarning oʻrtacha normal qiymatini qiyoslanadigan barcha eksport yetkazib berishlar boʻyicha oʻrtacha normal qiymatiga taqqoslash asosida yoxud tovarning normal qiymatini taqqoslanadigan har bir eksport yetkazib berishlar boʻyicha eksport narxlar bilan taqqoslash yoʻli bilan aniqlanadi. Oʻrtachalik asosida aniqlangan tovarning normal qiymati, agar vakolatli organ eksport narxlar tuzilmasi har xil xaridorlar, mintaqalar oʻrtasida yoki yetkazib berilgan davrlarga bogʻliq ravishda jiddiy farq qilsa va, agar nima uchun bunday farqlar tovarning oʻrtacha normal qiymatini taqqoslanadigan barcha eksport yetkazib berishlar boʻyicha oʻrtacha narxlar bilan qiyoslangan yoxud tovarning normal qiymati har bir taqqoslanadigan eksport yetkazib berishlarning eksport narxlari bilan taqqoslanishi holatida tegishli tarzda hisobga olinmasligining izohi mavjud boʻlsa alohida eksport yetkazib berishlar narxlari bilan taqqoslanishi mumkin.
47. Tovarlar bevosita kelib chiqish mamlakatidan import qilinmagan, balki Oʻzbekiston Respublikasiga uchinchi mamlakatdan eksport qilingan hollarda uning boʻyicha tovarlar eksport mamlakatidan Oʻzbekiston Respublikasiga sotilayotgan narx eksport mamlakatidagi taqqoslanadigan narx boʻyicha qiyoslanadi. Agar tovarlar faqat tovarni eksport qiluvchi mamlakat orqali uzatilsa yoxud bunday tovarlar tovarni eksport qiluvchi mamlakatda ishlab chiqarilmasa yoxud eksport mamlakatida ularga taqqoslash narxlari mavjud boʻlmagan taqdirda taqqoslash tovarning kelib chiqish mamlakatidagi narx bilan amalga oshiriladi.
48. Iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfi mavjudligi demping narxlari boʻyicha tovar importi hajmi sifatida oʻrganib chiqish natijalari va ushbu importning Oʻzbekiston Respublikasining ichki bozoridagi oʻxshash tovar narxiga taʼsiri hamda bunday importning oʻxshash tovarni mamlakatning oʻzida ishlab chiqaruvchilarga tegishli taʼsiri asosida belgilanadi.
49. Demping narxlari boʻyicha tovar importi hajmini oʻrganib chiqishda vakolatli organ mutlaq ifodada demping narxlar boʻyicha bunday tovar importi koʻpayishi yuz berganligini yoxud oʻxshash tovarni Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarish yoki isteʼmol qilishga nisbatan koʻpaygan yoki kamayganligini aniqlaydi.
Demping narxlari boʻyicha tovar importi taʼsirining Oʻzbekiston Respublikasining ichki bozorida oʻxshash tovar narxiga taʼsirini oʻrganib chiqishda vakolatli organ Oʻzbekiston Respublikasining ichki bozorida oʻxshash tovar narxiga taqqoslaganda demping narxlar boʻyicha import taʼsiri ostida narx ancha kamayganligi yoki yoʻqligini aniqlaydi yoki bunday import biror-bir tarzda ancha darajada narx pasayishiga olib kelishini yoki aks holda yuz berishi mumkin boʻlgan narxlar oshishiga toʻsqinlikning anchagina darajasiga olib kelishini aniqlaydi.
50. Agar bir vaqtda oʻtkaziladigan tekshirish mavzusi bittadan ortiq xorijiy davlatdan Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga biror-bir tovarni import qilish hisoblansa, vakolatli organ bunday importning taʼsirini, agar u, (1) bir xorijiy davlatdan tovar importiga nisbatan aniqlangan demping marjasi eng kam yoʻl qoʻyiladigan demping marjasidan ortiq ekanligini, har bir xorijiy davlatdan mazkur tovarning importi hajmi esa mazkur Nizomning 73-bandi ikkinchi xatboshi qoidalarini hisobga olgan holda unchalik koʻp boʻlmaganligini, va (2) importning taʼsirini baholash jamlik asosida import tovarlar bilan raqobat shartlarini va import tovar bilan Oʻzbekiston Respublikasining oʻxshash tovari oʻrtasidagi raqobat shartlarini hisobga olgan holda mumkin ekanligini aniqlagan taqdirda baholashi mumkin.
51. Demping narxlari boʻyicha tovar importining iqtisodiyot tarmogʻiga taʼsirini oʻrganish iqtisodiyotning mazkur tarmogʻi holatiga taʼsir koʻrsatadigan barcha iqtisodiy omillar va koʻrsatkichlarga baho berishni, shu jumladan quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
sotuv, foyda, mahsulotni ishlab chiqarish, bozordagi ulush, unumdorlik, investitsiyalardan olinadigan daromadlar yoki quvvatlardan foydalanishning amalda va potensial qisqarishi;
Oʻzbekiston Respublikasining ichki bozori narxlariga taʼsir koʻrsatuvchi omillar;
demping marjasi miqdori;
pul oqimlari harakatiga, tovar zaxiralari, ish bilan taʼminlash, mehnatga haq toʻlash, ishlab chiqarishning oʻsish surʼatlari, investitsiyalarni jalb etish imkoniyatiga amaldagi yoki potensial salbiy taʼsir.
52. Demping narxlari boʻyicha tovar importining taʼsiri, agar mavjud maʼlumotlar ishlab chiqarish jarayoni, ishlab chiqaruvchilar tomonidan sotish va foyda singari mezonlar asosida mazkur ishlab chiqarishni ajratib koʻrsatish imkonini bersa oʻxshash tovarning mamlakatimizning oʻzida ishlab chiqarishga nisbati boʻyicha baholanadi. Agar mavjud maʼlumotlar oʻxshash tovarni ishlab chiqarishni ajratib koʻrsatish imkonini bermasa, u holda demping narxlari boʻyicha tovar importining taʼsiri ular boʻyicha zarur axborot mavjud boʻlgan oʻxshash tovarni oʻz ichiga oladigan tovarlarning eng tor guruhi yoki tovarlar nomenklaturasini mamlakatimizning oʻzida ishlab chiqarishga nisbatan baholanadi.
53. Demping narxlari boʻyicha tovar importi oqibatida iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini aniqlash vakolatli organ ixtiyorida mavjud boʻlgan ishga tegishli barcha isbotlar va axborotni oʻrganib chiqishga asoslanishi kerak.
Vakolatli organ ayni bir davrda iqtisodiyot tarmogʻiga zarar yetkazayotgan yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini tugʻdirayotgan demping narxlari boʻyicha tovar importidan tashqari har qanday boshqa maʼlum boʻlgan omillarni oʻrganadi. Ushbu omillar natijasida iqtisodiyot tarmogʻiga jiddiy zarar yetkazayotgan yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfi vakolatli organ tomonidan demping narxlari boʻyicha tovar importi oqibatida iqtisodiyot tarmogʻiga jiddiy zarar yetkazilishi yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfiga tegishli deb hisoblanmasligi kerak.
54. Iqtisodiyot tarmogʻiga jiddiy zarar yetkazilishini aniqlashda vakolatli organ mazkur Nizomning 51-bandida sanab oʻtilgan omillarga qoʻshimcha ravishda, jumladan, quyidagi omillarni aniqlashi kerak:
bunday importning bundan keyin koʻpayishining real imkoniyatidan dalolat beruvchi demping narxlari boʻyicha tovar importining oʻsish surʼatlari;
tovarni eksport qiluvchida yetarlicha eksport imkoniyatlari mavjudligi yoki boshqa eksport bozorlarining mazkur tovarning istalgan qoʻshimcha eksportini yutib yuborish imkoniyati hisobga olingan holda demping narxlari boʻyicha mazkur tovar importi koʻpayishining real imkoniyatlaridan dalolat beruvchi ular koʻpayishini qaytarib boʻlmasligining ayonligi;
Oʻzbekiston Respublikasining ichki bozorida oʻxshash tovarga narxning pasayishiga yoki toʻxtatib turilishiga hamda demping narxlari boʻyicha import mavzusi hisoblangan tovarga talabning yanada oʻsishiga olib kelishi mumkin boʻlgan tovar narxlari darajasi;
unga nisbatan tekshirish oʻtkazilayotgan tovar zaxiralari.
Iqtisodiyot tarmogʻiga jiddiy zarar yetkazilishi xavfi mavjudligi toʻgʻrisidagi qaror, agar yuqorida koʻrsatib oʻtilgan omillarni jamlagan holda oʻrganib chiqish natijalari boʻyicha tekshirish davomida vakolatli organ demping narxlari boʻyicha tovar importi davom etishini qaytarib boʻlmasligi va antidemping bojlar qoʻllanilmagan taqdirda bunday importning iqtisodiyot tarmogʻiga jiddiy zarar yetkazilishi toʻgʻrisidagi xulosaga kelsa qabul qilinadi.
VI. Antidemping bojlari qoʻllanishidan oldin tekshirish oʻtkazish tartibi
55. Tekshirish boshlanishi toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan keyin vakolatli organ unga maʼlum boʻlgan tekshirish obyekti hisoblangan tovarning xorijiy eksport qiluvchisi va (yoki) ishlab chiqaruvchilariga savollar roʻyxatini yuboradi, shuningdek boshqa manfaatdor shaxslarni bunday shaxslarning fikriga koʻra oʻtkazilayotgan tekshirishga aloqador boʻlgan barcha isbotlarni yozma shaklda taqdim etish imkoniyati haqida xabardor qiladi.
Chet tilda tuzilgan tekshirish mavzusiga tegishli boʻlgan materiallar va axborotga tasdiqlangan tarjima ilova qilinishi kerak.
Tekshirish obyekti hisoblangan, savollarning koʻrsatib oʻtilgan roʻyxatini olgan xorijiy eksport qiluvchilar va (yoki) tovarni ishlab chiqaruvchilar ular bunday roʻyxatni olgan kundan boshlab 30 kalendar kun mobaynida vakolatli organga oʻz javoblarini taqdim etishlari kerak. Tekshirish obyekti hisoblangan xorijiy eksport qiluvchilar va (yoki) tovarni ishlab chiqaruvchilarning sabablari koʻrsatilgan yozma shaklda bayon qilingan iltimosiga koʻra ushbu muddat vakolatli organ tomonidan, agar bunday uzaytirish tekshirishning borishini buzmasa, 5 kalendar kundan ortiq boʻlmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.
Mazkur bandning maqsadlari uchun bildirishnoma va savollar roʻyxati tekshirish obyekti hisoblangan xorijiy eksport qiluvchilar va (yoki) tovarni ishlab chiqaruvchilar tomonidan, shuningdek boshqa manfaatdor shaxslar tomonidan pochta orqali joʻnatilgan kundan boshlab 7 kalendar kundan keyin yoki ularning eksport qiluvchi mamlakat va (yoki) tovarning kelib chiqishi mamlakati diplomatik vakolatxonasiga berilgan kundan boshlab olingan deb hisoblanadi.
Savollar roʻyxatiga javob, agar u mazkur bandning uchinchi xatboshida koʻrsatilgan 30 kunlik muddat tamom boʻlgan kundan yoki uni uzaytirish muddati tamom boʻlgan kundan boshlab 7 kalendar kundan kechikmay vakolatli organga tushsa vakolatli organ tomonidan olingan deb hisoblanadi.
Bir manfaatdor shaxs tomonidan tekshirish mavzusi boʻyicha isbot sifatida yozma shaklda taqdim etilgan axborot vakolatli organ tomonidan mazkur Nizomning XI boʻlimiga muvofiq maxfiy axborotni himoya qilish zarurligi hisobga olingan holda boshqa manfaatdor shaxslarning yozma iltimosiga koʻra ularning tanishishi uchun taqdim etiladi.
56. Tekshirish boshlanishi toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan keyin vakolatli organ ariza nusxasini (agar arizada maxfiy axborot mavjud boʻlmasa) yoki bunday arizaning maxfiy boʻlmagan versiyasi nusxasini unga maʼlum boʻlgan manfaatdor shaxslarga, shuningdek tekshirish oʻtkazilishi munosabati bilan ularning manfaatiga daxl qilingan boshqa manfaatdor shaxslarga ularning yozma iltimosi boʻyicha taqdim etadi.
57. Manfaatdor shaxslarning yozma shaklda bayon qilingan iltimosi asosida vakolatli organ barcha manfaatdor shaxslarga tekshirish mavzusi toʻgʻrisida qarama-qarshi nuqtai nazarga ega boʻlgan manfaatdor shaxslar bilan uchrashish va oʻtkazilayotgan tekshirish munosabati bilan oʻz isbotlari va mulohazalarini taqdim etish imkoniyatini beradi. Manfaatdor shaxslarga mazkur Nizomning XI boʻlimiga muvofiq maxfiy axborotni himoya qilish zarurligi hisobga olingan holda oʻtkazilayotgan tekshirish munosabati bilan oʻz isbotlari va mulohazalarini taqdim etish imkoniyati beriladi. Vakolatli organning vakillari manfaatdor shaxslarning bunday uchrashuvlarida qatnashishga haqlidir.
58. Tekshirish davomida manfaatdor shaxslar axborotni ogʻzaki shaklda taqdim etishga haqlidir.
Vakolatli organ faqat manfaatdor shaxslar tomonidan ogʻzaki shaklda taqdim etilgan axborotni hisobga oladi, ushbu axborot tekshirish davomida ushbu shaxslar tomonidan yozma shaklda taqdim etilishi va mazkur Nizomning XI boʻlimiga muvofiq maxfiy axborotni himoya qilish zarurligi hisobga olingan holda boshqa manfaatdor shaxslarga taqdim etilishi mumkin.
59. Tekshirish oʻtkazish davomida axborotni, shu jumladan maxfiy axborotni tekshirish maqsadlari uchun zarur boʻlgan soʻrov olingan kundan boshlab 30 kalendar kun mobaynida bunday axborot olinishi manbaini koʻrsatgan holda vakolatli organ soʻrashga, manfaatli shaxslar esa taqdim etishga haqlidir.
60. Vakolatli organ manfaatdor shaxslarga ularning yozma iltimosiga koʻra tekshirishga aloqador boʻlgan va mazkur Nizomning XI boʻlimiga muvofiq maxfiy hisoblanmagan tekshirish davomida uning tomonidan foydalaniladigan barcha axborot bilan tanishish imkoniyatini beradi.
61. Tekshirish davomida taqdim etilgan axborotni tekshirish yoki oʻtkazilayotgan tekshirish munosabati bilan qoʻshimcha maʼlumotlar olish maqsadida vakolatli organ, zaruriyat boʻlganda, mazkur xorijiy davlatning vakolatli organi bilan kelishuv boʻyicha xorijiy davlat hududida tekshirish oʻtkazishi mumkin.
62. Tekshirish davomida taqdim etilgan axborotni tekshirish yoki oʻtkazilayotgan tekshirish munosabati bilan qoʻshimcha maʼlumotlar olish maqsadida vakolatli organ tekshirish obyekti hisoblangan tovarning mamlakatimizdagi import qiluvchilari joylashgan joyga yoki oʻxshash tovarning mamlakatimizdagi ishlab chiqaruvchilari joylashgan joyga borishga, manfaatdor shaxslar bilan maslahatlashuvlar va muzokaralar olib borishga, tekshirish obyekti hisoblangan tovarning namunalari bilan tanishishga va tekshirish oʻtkazish maqsadlari uchun zarur boʻlgan va Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa harakatlarni amalga oshirishga haqlidir.
Keyingi tahrirga qarang.
63. Manfaatdor shaxs tekshirish oʻtkazish maqsadlari uchun vakolatli organning zarur boʻlgan axborot bilan tanishishini rad etgan yoki bunday axborotni mazkur Nizomning 59-bandida koʻrsatilgan muddatda taqdim etmagan hollarda tekshirish natijalari boʻyicha dastlabki va uzil-kesil xulosalar vakolatli organ tomonidan uning ixtiyoridagi mavjud axborot asosida amalga oshirilishi mumkin.
64. Mazkur tovardan ishlab chiqarishda foydalaniladigan tekshirish obyekti hisoblangan tovarning isteʼmolchilari va isteʼmolchilar jamoat tashkiloti vakillari mazkur tovar odatda chakana savdoda sotilgan hollarda oʻtkazilayotgan tekshirishga aloqador boʻlgan axborotni taqdim etishga haqlidir.
65. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat statistika qoʻmitasi, boshqa vazirliklar va idoralar tekshirish oʻtkazilishiga yordam berishlari va vakolatli organning soʻrovi boʻyicha tekshirish oʻtkazish maqsadlari uchun zarur boʻlgan axborotni, shu jumladan maxfiy axborotni taqdim etishlari kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
66. Agar tekshirish boshlanishi sanasidan bevosita oldingi 2 kalendar yil mobaynida arizani qoʻllab-quvvatlagan Oʻzbekiston Respublikasining bir ishlab chiqaruvchisiga oʻxshash tovarni milliy ishlab chiqarishning 35 foizidan ortigʻi toʻgʻri kelsa yoki tekshirish obyekti hisoblangan tovar importining umumiy hajmi Oʻzbekiston Respublikasining ichki bozorida oʻxshash tovarni sotish umumiy hajmining 25 foizidan kamni tashkil etsa, vakolatli organ Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasining antidemping boj taʼsirining Oʻzbekiston Respublikasi ichki bozoridagi raqobatga oqibatlari toʻgʻrisida xulosasini soʻrashi mumkin. Bunday xulosa Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi tomonidan vakolatli organning soʻrovi tushgan kundan boshlab mazkur Nizomning 8-bandida sanab oʻtilgan materiallar ilova qilingan holda 30 kalendar kun mobaynida taqdim etilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
67. Vakolatli organ tomonidan oʻtkazilgan tekshirish natijalari boʻyicha xulosa Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilgunga qadar vakolatli organ oʻziga maʼlum boʻlgan manfaatdor shaxslarni mazkur takliflarni tayyorlashga asos boʻlgan asosiy dalillar toʻgʻrisida xabardor qiladi.
68. Vakolatli organ, qoidaga koʻra, tekshirish obyekti hisoblangan maʼlum boʻlgan har bir xorijga eksport qiluvchi yoki tovarning xorijiy ishlab chiqaruvchisiga nisbatan individual demping marjasini aniqlaydi.
Tekshirish obyekti hisoblangan eksport qiluvchilar, ishlab chiqaruvchilar, tovarni import qiluvchilar yoki tekshirish bilan qamrab olingan tovarlar turlari individual demping marjasini aniqlash imkonini bermaydigan darajada koʻp boʻlganda, vakolatli organ individual demping marjasini aniqlashni cheklashi yoxud oʻrganish paytida oʻzi ega boʻlgan statistik maʼlumotlardan foydalangan holda manfaatdor shaxslar yoxud tovarlar sonini maqbullashtirishi yoxud mazkur davlatdan eksport hajmi ulushini eng koʻp qilishi mumkin. Mazkur bandning maqsadlari uchun tekshirish obyekti hisoblangan eksport qiluvchilar, ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilarni yoki tovarlar turlarini tanlash, tegishli eksport qiluvchilar, ishlab chiqaruvchilar yoki import qiluvchilarning roziligi mavjud boʻlgan taqdirda, ular bilan maslahatlashish asosida amalga oshiriladi.
Vakolatli organ mazkur band qoidalariga muvofiq tekshirishni cheklagan hollarda, u, shunga qaramay, dastlab tanlanmagan, biroq zarur axborotni tekshirish davomida koʻrib chiqish uchun ushbu axborot qabul qilinadigan muddatda taqdim etgan xorijiy davlatning har qanday eksport qiluvchisi yoki ishlab chiqaruvchisi uchun individual demping marjasini aniqlaydi.
69. Vakolatli organ xorijiy davlatning eksport qiluvchilari yoki ishlab chiqaruvchilari soni individual demping marjasini aniqlash imkonini bermaydigan va tekshirishni oʻz vaqtida tugallashga xalaqit beradigan darajada koʻp boʻlgan hollarda tekshirish obyekti hisoblangan maʼlum boʻlgan barcha xorijiy eksport qiluvchilar yoki tovarning xorijiy ishlab chiqaruvchilariga nisbatan yagona demping marjasini belgilaydi.
70. Agar bir necha xorijiy davlatlardan biror-bir tovarning demping narxlari boʻyicha importga nisbatan bir necha tekshirish bir vaqtning oʻzida oʻtkazilayotgan boʻlsa, bunday tekshirishlar vakolatli organ tomonidan bir tekshirishga birlashtirilishi mumkin. Bunda har bir xorijiy davlatdan bunday tovar importiga nisbatan aniqlangan demping marjasi eng kam yoʻl qoʻyiladigan demping marjasidan koʻp boʻlishi, har bir xorijiy davlatdan demping narxlari boʻyicha mazkur tovar importi hajmi esa mazkur Nizomning 73-bandi ikkinchi xatboshi qoidalari hisobga olingan holda kam boʻlmasligi shart.
71. Tekshirish oʻtkazish muddati tekshirish boshlangan sanadan boshlab oʻn ikki oydan oshmasligi kerak. Favqulodda hollarda koʻrsatib oʻtilgan muddat vakolatli organning qaroriga koʻra, biroq 6 oydan ortiq boʻlmagan muddatga uzaytirilishi mumkin. Oʻtkazilgan tekshirish natijalari boʻyicha vakolatli organ tomonidan Vazirlar Mahkamasiga xulosa taqdim etilgan kunda tekshirish tugallangan hisoblanadi.
72. Agar vakolatli organ arizani koʻrib chiqish paytida yoxud demping narxlari boʻyicha tovar importi isboti yoʻqligiga yoxud bundan kelib chiqqan iqtisodiyot tarmogʻiga jiddiy zarar yetkazilishi yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfi yoʻqligiga ishonch hosil qilsa ariza rad etiladi.
73. Agar vakolatli organ demping marjasi eksport narxining 2 foizidan kamni tashkil etganligini yoki demping narxlari boʻyicha tovarning haqiqiy yoki potensial importi hajmi yoxud bunday import bilan bogʻliq boʻlgan iqtisodiyot tarmogʻiga jiddiy zarar yetkazilishi yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfi uncha koʻp emasligini aniqlasa tekshirish darhol toʻxtatiladi.
Agar bunday import hajmi oʻxshash tovarlarning Oʻzbekiston Respublikasiga importi umumiy hajmining 3 foizidan kamni tashkil etsa muayyan xorijiy davlatdan demping narxlari boʻyicha tovar importi hajmi uncha koʻp hisoblanmaydi. Bunda tovarning demping importi individual ulushi oʻxshash tovarni Oʻzbekiston Respublikasiga import qilish umumiy hajmining 3 foizidan kamni tashkil etadigan xorijiy davlatlarga jami oʻxshash tovarni Oʻzbekiston Respublikasiga import qilish umumiy hajmining koʻpi bilan 7 foizi toʻgʻri kelishi shart.
74. Tekshirish oʻtkazish tekshirish obyekti hisoblangan tovarning bojxona rasmiylashtiruviga va Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga chiqarilishiga toʻsqinlik qilmasligi kerak.
VII. Antidemping bojlarini qoʻllanish
75. Eksport qiluvchidan narx qayta koʻrib chiqilishi yoki tovarning Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga uning normal qiymatidan past narx boʻyicha (narxlar boʻyicha majburiyat) eksporti toʻxtatilishi toʻgʻrisida ixtiyoriy majburiyatlar olingan boʻlsa, agar bunday majburiyatlarni oʻrganib chiqish natijasida vakolatli organ bunday majburiyatlar qabul qilinishi iqtisodiyot tarmogʻiga jiddiy zarar yetkazilishi yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfi bartaraf etilishini aniqlasa tekshirish antidemping bojlari yoki muvaqqat antidemping bojlari qoʻllanmasdan vakolatli organning qarori bilan toʻxtatib turilishi yoki toʻxtatilishi mumkin.
Tovarga narxlar darajasi narxlar boʻyicha majburiyatlarga muvofiq bu demping marjasini bartaraf etish uchun zarur boʻlganidan yuqori boʻlishi mumkin emas. Agar bunday oshirish iqtisodiyot tarmogʻiga jiddiy zarar yetkazilishi yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini bartaraf etish uchun yetarli boʻlsa tovarga narxlarning oshirilishi demping marjasidan kam boʻlishi mumkin.
Agar xorijiy davlat yoki eksport qiluvchi tomonidan iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini bartaraf etish boʻyicha majburiyatlar qabul qilinsa tekshirish vakolatli organ tomonidan toʻxtatib turilishi yoki toʻxtatilishi mumkin.
76. Vakolatli organ tomonidan demping narxlari boʻyicha tovar importi mavjudligi va bunday import munosabati bilan iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfi mavjudligi toʻgʻrisida dastlabki xulosa chiqarilmagunga qadar narxlar boʻyicha majburiyatlar eksport qiluvchi tomonidan qabul qilinmaydi.
Agar tekshirish obyekti hisoblangan tovarning real yoki potensial eksport qiluvchilari soni koʻpligi munosabati bilan yoki umumdavlat siyosati manfaatlari bilan bogʻliq sabablarga koʻra vakolatli organ bunday majburiyatlar qabul qilinishini amalga oshirib boʻlmaydi deb hisoblasa narxlar boʻyicha majburiyatlar qabul qilinmaydi. Bunday holatda vakolatli organ eksport qiluvchilarga ushbu eksport qiluvchilarning majburiyatlarini qabul qilib boʻlmasligining sabablarini maʼlum qiladi va eksport qiluvchilarga ularning majburiyatlari qabul qilinmasligi munosabati bilan oʻz mulohazalarini bildirish imkoniyatini beradi.
77. Eksport qiluvchi tomonidan narxlar boʻyicha majburiyatlar qabul qilingan taqdirda tekshirish uning iltimosnomasi yoki vakolatli organning qarori boʻyicha davom ettirilishi mumkin. Agar tekshirish natijalariga koʻra demping narxlari boʻyicha tovar importi yoki bunday import oqibatida jiddiy zararning yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfi yoʻqligi toʻgʻrisida xulosa chiqarilsa, narxlar boʻyicha majburiyatlar oʻz kuchini yoʻqotadi, chiqarilgan xulosa koʻp darajada narxlar boʻyicha majburiyatlar mavjudligi natijasi hisoblangan hollar bundan mustasno. Bunday hollarda koʻrsatib oʻtilgan majburiyatlar iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini bartaraf etish uchun zarur boʻlgan muddat mobaynida oʻz kuchida qoladi. Agar tekshirish natijalari boʻyicha vakolatli organ demping narxlari boʻyicha tovar importi yoki bunday import munosabati bilan iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zarar yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfi mavjudligi toʻgʻrisida xulosa chiqargan taqdirda, eksport qiluvchilar tomonidan qabul qilingan narxlar boʻyicha majburiyatlar bunday majburiyatlar shartlariga muvofiq amal qilishda davom etadi.
78. Vakolatli organ narxlar boʻyicha majburiyatlari qabul qilingan eksport qiluvchidan mazkur eksport qiluvchi tomonidan bunday majburiyatlar bajarilishiga tegishli boʻlgan axborotni, shuningdek ushbu axborotni tekshirishga rozilikni soʻrashga haqlidir. Soʻralayotgan axborotning taqdim etilmasligi qabul qilingan majburiyatlarning eksport qiluvchi tomonidan buzilishi deb hisoblanadi.
79. Narxlar boʻyicha majburiyatlar eksport qiluvchi tomonidan buzilgan yoki chaqirib olingan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi antidemping bojini yoki muvaqqat antidemping bojini qoʻllash toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
80. Antidemping boji demping narxlari boʻyicha import mavzusi hisoblangan va iqtisodiyot tarmogʻiga jiddiy zarar yetkazayotgan yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini solayotgan tovarning barcha eksport qiluvchilar tomonidan yetkazib berilishiga nisbatan antidemping boji advalor yoki maxsus boj tarzida qoʻllanadi, ular tomonidan mazkur Nizomning 75 — 79-bandlari qoidalariga muvofiq majburiyatlar qabul qilingan eksportchilar tovari bundan mustasno.
Antidemping boji stavkasi demping marjasi miqdoridan ortiq boʻlmasligi kerak.
81. Mazkur Nizomning 68-bandi qoidalariga muvofiq vakolatli organ tomonidan individual demping marjasini aniqlashda antidemping boji demping narxlari boʻyicha tovar importi mavzusi hisoblangan tovarning har bir maʼlum boʻlgan xorijiy eksportchisi yoki xorijiy ishlab chiqaruvchisiga nisbatan individual asosda qoʻllanadi.
Mazkur Nizomning 69-bandi qoidalariga muvofiq vakolatli organ tomonidan yagona demping marjasini aniqlashda antidemping boji demping narxlari boʻyicha tovar importi mavzusi hisoblangan tovarning har bir maʼlum boʻlgan xorijiy eksportchisi yoki xorijiy ishlab chiqaruvchisiga nisbatan kamsitmaslik asosida qoʻllanadi.
82. Antidemping boji iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zarar yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini solayotgan dempingga qarshilik qilish uchun zarur boʻlgan miqdorda va muddatda qoʻllanadi.
83. Antidemping bojining amal qilish muddati uni qoʻllanish boshlangan yoki demping narxlaridagi tovar importi nuqtai nazaridan ham, iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zararning yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfining bor-yoʻqligi nuqtai nazaridan ham oxirgi marta qayta koʻrib chiqilgan paytdan eʼtiboran besh yildan oshmasligi lozim, antidemping bojining amal qilish muddati tugagunga qadar boshlangan qayta koʻrib chiqish jarayonida antidemping bojining amal qilishini tugatish demping narxlaridagi tovar importining va iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zararning yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfining davom etishiga yoki tiklanishiga olib kelishi vakolatli organ tomonidan aniqlangan hollar bundan mustasno. Bunday hollarda antidemping boji qayta koʻrib chiqish uchun asos boʻlgan takroriy tekshiruv natijalari olingunga qadar qoʻllanaveradi.
Antidemping bojini qayta koʻrib chiqish maqsadidagi takroriy tekshiruv vakolatli organning tashabbusiga yoki manfaatdor shaxslarning soʻroviga koʻra ular antidemping bojini qayta koʻrib chiqish zarurligini tasdiqlovchi axborotni taqdim etganlaridan keyin amalga oshiriladi. Antidemping bojini qayta koʻrib chiqish maqsadidagi takroriy tekshiruv shu tekshiruvni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻn ikki oy mobaynida tugallanishi kerak.
Antidemping bojini qoʻllanishni davom ettirish yoki bunday bojning stavkasini qayta koʻrib chiqish zarurligi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan, takroriy tekshiruv natijalariga binoan vakolatli organning xulosasi asosida aniqlanadi.
84. Alohida hollarda, lekin tekshiruv boshlanganidan keyin kamida oltmish kalendar kun oʻtgach, agar tekshiruv tugallangunga qadar olingan maʼlumot tovar demping narxlarida import qilinayotganligidan va bunday tovar importidan iqtisodiyot tarmogʻiga jiddiy zarar yetkazilayotganligidan yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfi borligidan dalolat bersa, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakolatli organning dastlabki xulosasi asosida muvaqqat antidemping bojini qoʻllanish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
85. Vaqtinchalik antidemping boji stavkasi dastlab hisoblab chiqilgan demping marjasi miqdoridan ortiq boʻlmasligi kerak.
86. Agar muvaqqat antidemping boji stavkasi dastlab hisoblab chiqilgan demping marjasi miqdoriga teng boʻlsa, u holda vaqtinchalik antidemping bojining amal qilish muddati toʻrt oydan ortiq boʻlmasligi kerak, muvaqqat antidemping boji amal qilishining ushbu muddati mazkur tovarning Oʻzbekiston Respublikasiga eksportining ancha qismini yetkazib beradigan eksport qiluvchilarning iltimosi asosida 6 oygacha uzaytirilishi mumkin boʻlgan hollar bundan mustasno.
Agar muvaqqat antidemping boji stavkasi dastlab hisoblab chiqilgan demping marjasidan kam boʻlsa, u holda muvaqqat antidemping bojining amal qilish muddati 6 oydan ortiq boʻlmasligi kerak, muvaqqat antidemping boji amal qilishining ushbu muddati mazkur tovarning Oʻzbekiston Respublikasiga eksportining ancha qismini yetkazib beradigan eksport qiluvchilarning iltimosi asosida 9 oygacha uzaytirilishi mumkin boʻlgan hollar bundan mustasno.
87. Agar demping narxlaridagi tovar importi oqibatida iqtisodiyot tarmogʻiga jiddiy zarar yetkazilmayotganligi yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfi yoʻqligi tekshiruv natijalariga koʻra vakolatli organ tomonidan aniqlangan boʻlsa, toʻlangan muvaqqat antidemping boji summasi toʻlovchiga qonun hujjatlarida bojlarni qaytarish uchun belgilangan tartibda qaytarib berilishi kerak. Agar antidemping boji muvaqqat antidemping bojidan kam miqdorda joriy etilgan boʻlsa, oradagi farq toʻlovchiga qonun hujjatlarida bojlarni qaytarish uchun belgilangan tartibda qaytarib berilishi kerak. Agar antidemping boji muvaqqat antidemping bojidan koʻp miqdorda joriy etilgan boʻlsa oradagi farq toʻlovchidan undirilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
VIII. Import qilinadigan tovarning subsidiya bilan taʼminlanganligini va zarar mavjudligini aniqlash
88. Kompensatsiya boji agar subsidiya maxsus boʻlsa subsidiya bilan taʼminlangan tovar importiga nisbatan qoʻllanishi mumkin.
Agar subsidiya bilan taʼminlaydigan organ yoki uning asosida subsidiya bilan taʼminlaydigan organ ish koʻradigan qonunchilik subsidiyadan faqat aniq korxonalarning foydalanilishini cheklasa subsidiya maxsus hisoblanadi. Mazkur Nizomning maqsadlari uchun aniq bir ishlab chiqaruvchi va (yoki) eksport qiluvchi yoki xorijiy davlat iqtisodiyotining aniq tarmogʻi yoxud ishlab chiqaruvchilar guruhi (ittifoq, birlashma) va (yoki) xorijiy davlat iqtisodiyotining eksport qiluvchilari yoki tarmoqlari aniq korxonalar hisoblanadi.
89. Agar subsidiya bilan taʼminlaydigan organ yoki subsidiya bilan taʼminlaydigan organ ish koʻrishiga asos boʻladigan qonun hujjatlari subsidiyani oʻz-oʻzidan olish huquqini (shu jumladan ishlab chiqarishda band boʻlganlar soniga, mahsulot ishlab chiqarish hajmiga bogʻliq ravishda) belgilaydigan xolis mezonlar yoki shartlarni hamda bunday mezonlar va shartlarga qatʼiy rioya qilingan holda uning miqdorini aniqlasa subsidiya maxsus hisoblanmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
90. Agar mazkur Nizomning 88-89-bandlariga muvofiq subsidiyaning spetsifik emasligi koʻrinib turganligiga qaramay subsidiya maxsus hisoblanishini taxmin qilishga asos mavjud boʻlsa, boshqa omillar ham eʼtiborga olinadi. Quyidagilar bunday omillarga tegishlidir: aniq korxonalarning cheklangan soni bilan subsidiya bilan taʼminlash dasturidan foydalanish, aniq korxonalar tomonidan subsidiya bilan taʼminlash dasturidan ustun darajada foydalanilishi, ayrim korxonalarga subsidiyalarning nomutanosib katta summalari berilishi, subsidiya bilan taʼminlovchi organ tomonidan aniq korxonalarga subsidiya berilishining imtiyozli (preferensial) usuli tanlanishi.
Foydalanilishi subsidiya bilan taʼminlovchi organning yurisdiksiyasi ostida belgilangan jugʻrofiy mintaqada joylashgan aniq korxonalar bilan cheklangan subsidiya maxsus subsidiyalar hisoblanadi.
Agar:
subsidiya eksport natijalari bilan qonun boʻyicha bogʻliq boʻlsa yoki amalda yagona yoki bir necha shartlaridan biri sifatida bogʻliq boʻlsa har qanday subsidiya maxsus hisoblanadi. Agar yuridik jihatdan eksport natijalari bilan bogʻliq boʻlmagan subsidiya berish amalda yuz bergan yoki kelajakda boʻlishi mumkin boʻlgan eksport bilan yoki amaliyotdagi eksport tushumi bilan bogʻliq boʻlsa subsidiya eksport natijalari bilan amalda bogʻliq boʻlgan deb hisoblanadi; yoki
subsidiya import oʻrniga mamlakat tovarlaridan foydalanish bilan qonun boʻyicha bogʻliq boʻlsa yoki yagona yoki amalda bir necha shartlardan biri sifatida bogʻliq boʻlsa har qanday subsidiya maxsus subsidiya hisoblanadi.
91. Subsidiya miqdori subsidiya bilan taʼminlashga nisbatan oʻtkazilayotgan tekshirish davri mobaynida subsidiya oluvchiga berilgan imtiyozdan kelib chiqqan holda hisoblab chiqiladi. Qoidaga koʻra, mazkur davr uchun subsidiya oluvchining oxirgi hisobot yili qabul qilinadi, biroq bu ishga tegishli boʻlgan ishonchli moliyaviy maʼlumotlar va boshqa maʼlumotlar mavjud boʻlgan tekshirish boshlangungacha istalgan boshqa kamida 6 oylik davr boʻlishi mumkin.
Vakolatli organ tomonidan subsidiya oluvchiga berilgan imtiyoz sifatida subsidiya miqdorini hisoblab chiqishda quyidagi prinsiplar eʼtiborga olinishi kerak:
xorijiy davlatning korxonaning ustav sarmoyasida ishtirok etishiga, agar investitsiyalar toʻgʻrisidagi qaror mazkur xorijiy davlat hududida xususiy investorlarning odatdagi investitsiya amaliyotiga javob bermaydigan sifatida baholanishi mumkin boʻlmasa, imtiyoz berilishi sifatida qaralmaydi;
xorijiy davlat tomonidan berilgan kreditga imtiyoz berilishi sifatida qaralmaydi, kredit oluvchi korxona xorijiy davlat tomonidan berilgan kredit boʻyicha toʻlaydigan summa bilan korxona amalda bozorda olishi mumkin boʻlgan qiyoslanadigan tijorat krediti uchun toʻlashi mumkin boʻlgan summa oʻrtasida tafovut mavjud boʻlgan hollar bundan mustasno. Bunday holda ushbu ikki summa oʻrtasidagi tafovut imtiyoz deb hisoblanadi;
kreditning xorijiy davlat tomonidan kafolatlanishiga imtiyoz berilishi sifatida qaralmaydi, kredit oluvchi korxona xorijiy davlat tomonidan kafolatlangan kredit uchun toʻlaydigan summa bilan u xorijiy davlatning kafolatisiz qiyoslanadigan tijorat krediti uchun toʻlashi mumkin boʻlgan summa oʻrtasida tafovut mavjud boʻlgan hollar bundan mustasno. Bunday holda vositachilik haqidagi tafovutga tuzatish kiritilgan holda ikki summa oʻrtasidagi tafovut imtiyoz deb hisoblanadi;
xorijiy davlat tomonidan tovarlar yetkazib berilishi yoki xizmatlar koʻrsatilishiga yoxud tovarlar xarid qilinishiga imtiyoz sifatida qaralmaydi, yetkazib berish muqobildan kam haq evaziga amalga oshirilgan yoxud xarid qilish muqobildan ortiq boʻlgan haq evaziga amalga oshirilgan hollar bundan mustasno. Haq toʻlashning muqobilligi yetkazib berish yoki xarid qilish mamlakatidagi mazkur tovarlar yoki xizmatlar uchun mavjud bozor shartlari bilan belgilanadi (shu jumladan narx, sifat, foydalanish mumkinligi, tez sotish imkoniyati, transportda tashish va xarid qilish yoki sotishning boshqa shartlari).
92. Subsidiya miqdorini belgilashda subsidiyaning umumiy summasidan quyidagi elementlar chiqarib tashlanadi:
ariza berish bilan bogʻliq boʻlgan har qanday toʻlov yoki subsidiyani aniqlash yoki olish uchun zarur boʻlgan boshqa xarajatlar;
subsidiyani kompensatsiya qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasida tovar eksportiga nisbatan qoʻllanadigan eksport bojlari, soliqlar va boshqa toʻlovlar.
93. Agar subsidiya qayta ishlangan, ishlab chiqarilgan, eksport qilingan yoki transportda tashilgan tovar miqdoriga muvofiq taqdim etilmasa, subsidiya miqdori subsidiya bilan taʼminlashni tekshirish davri mobaynida koʻrib chiqilayotgan tovarni ishlab chiqarish, sotish yoki eksport qilish darajasidan tegishli tarzda subsidiyaning umumiy qiymatini ajratib olish yoʻli bilan belgilanadi.
Agar subsidiya asosiy fondlarni sotib olish yoki keyinchalik sotib olish bilan bogʻliq boʻlishi mumkin boʻlsa, subsidiya miqdori subsidiyani iqtisodiyotning tegishli tarmogʻida ushbu aktivlarning real amortizatsiyasini aks ettiruvchi davrga taqsimlash yoʻli bilan hisoblab chiqiladi. Shu tarzda hisoblab chiqilgan tekshirish davriga tegishli boʻlgan subsidiya miqdori, ushbu davrgacha sotib olingan asosiy fondlar bilan bogʻliq boʻlgan subsidiya miqdori mazkur bandning birinchi xatboshiga muvofiq ajratib koʻrsatiladi.
Agar subsidiya asosiy fondlarni sotib olish bilan bogʻliq boʻlmasa, tekshirish davri mobaynida olingan imtiyoz summasi ushbu davrga tegishli boʻladi va mazkur bandning birinchi xatboshiga muvofiq ajratib koʻrsatiladi, uni boshqa davrga tegishli deb topishni oqlaydigan alohida holatlar bundan mustasno.
94. Iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zarar yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfi mavjudligi ham subsidiya bilan taʼminlangan import hajmi va ushbu importning Oʻzbekiston Respublikasi ichki bozoridagi oʻxshash tovar narxiga taʼsiri sifatida, ham bunday importning oʻxshash tovarni mamlakatning oʻzida ishlab chiqaruvchilarga tegishli taʼsiri sifatida oʻrganib chiqish natijalari asosida belgilanadi.
95. Subsidiya bilan taʼminlangan tovar importi hajmini oʻrganishda vakolatli organ mazkur tovar importi mutlaq ifodada yoxud oʻxshash tovarni Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarish yoki isteʼmol qilishga nisbatan koʻpayganligi yoki yoʻqligini aniqlaydi.
Subsidiya bilan taʼminlangan tovar importining Oʻzbekiston Respublikasi ichki bozoridagi oʻxshash tovar narxiga taʼsirini oʻrganishda vakolatli organ oʻxshash tovarning Oʻzbekiston Respublikasi ichki bozoridagi narxi bilan taqqoslaganda subsidiya bilan taʼminlangan tovar importi taʼsiri ostida anchagina narx pasayishi boʻlgan yoki boʻlmaganligini yoki bunday import biror tarzda aks holda yuz bergan taqdirda narx ancha darajada pasayishiga yoki narxning oshishiga jiddiy darajada toʻsqinlik qilishiga olib kelishi yoki kelmasligini aniqlaydi.
96. Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga biror-bir tovarning bittadan ortiq xorijiy davlatdan import qilinishi agar bir vaqtda oʻtkaziladigan tekshirish mavzusi boʻlsa vakolatli organ, agar u (1) mazkur tovar boʻyicha har bir xorijiy davlatdagi subsidiyaning miqdori uning qiymatining bir foizidan ortiqni tashkil etganligini, har bir xorijiy davlatdan mazkur tovar importi hajmi esa mazkur Nizomning 73-bandi ikkinchi xatboshi qoidalari hisobga olingan holda u qadar katta emas deb hisoblanishini, va (2) jamlash asosida import taʼsirini baholash import tovarlar oʻrtasidagi raqobat sharoitlari va import tovarlar bilan Oʻzbekiston Respublikasining oʻxshash tovari oʻrtasidagi raqobat sharoitlari hisobga olingan holda mumkin ekanligini aniqlagan taqdirda vakolatli organ bunday importning taʼsirini faqat jamlash asosida baholashi mumkin.
97. Subsidiya bilan taʼminlangan tovar importining iqtisodiyot tarmogʻiga taʼsirini oʻrganish iqtisodiyotning mazkur tarmogʻi holatiga taʼsir etuvchi barcha iqtisodiy omillar va koʻrsatkichlarni, shu jumladan quyidagilarni baholashni oʻz ichiga oladi:
ishlab chiqarish, sotuv, foyda, bozordagi ulush, unumdorlik, investitsiyalardan olingan daromad yoki quvvatlardan foydalanish hajmining amalda va potensial qisqarishi;
Oʻzbekiston Respublikasining ichki bozoridagi narxlarga taʼsir etuvchi omillar;
pul oqimlari harakatiga, tovar zaxiralariga, ish bilan bandlikka, ish haqiga, ishlab chiqarish haqining oʻsishiga, investitsiyalarni jalb etish imkoniyatiga amaldagi yoki potensial salbiy taʼsir.
98. Subsidiya bilan taʼminlangan tovar importining taʼsiri, agar mavjud maʼlumotlar mazkur ishlab chiqarishni ishlab chiqarish jarayoni, ishlab chiqaruvchilar tomonidan sotish va foyda singari mezonlar asosida ajratib koʻrsatish imkonini bersa oʻxshash tovarni mamlakatning oʻzida ishlab chiqarishga nisbatan baholanadi. Agar mavjud maʼlumotlar oʻxshash tovarni ishlab chiqarishni ajratib koʻrsatish imkonini bermasa, u holda subsidiya bilan taʼminlangan tovar importining taʼsiri ular boʻyicha zarur axborot mavjud boʻlgan oʻxshash tovarni oʻz ichiga oladigan tovarlarning eng tor guruhi yoki tovarlar nomenklaturasini mamlakatning oʻzida ishlab chiqarishga nisbatan baholanadi.
99. Subsidiya bilan taʼminlangan tovar importi oqibatida iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zarar yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfi mavjudligini aniqlash vakolatli organ ixtiyoridagi ishga tegishli barcha mavjud isbotlar va axborotni oʻrganishga asoslanishi kerak.
Vakolatli organ oʻsha davrda iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini solayotgan subsidiya bilan taʼminlangan tovar importidan tashqari maʼlum boʻlgan istalgan boshqa omillarni oʻrganadi. Ushbu omillar oqibatida jiddiy zarar yoki jiddiy zarar yetkazish xavfi vakolatli organ tomonidan subsidiya bilan taʼminlangan tovar importi oqibatida iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zararga yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfiga tegishli deb topilishi kerak emas.
100. Iqtisodiyot tarmogʻiga jiddiy zarar yetkazilishi xavfini aniqlashda vakolatli organ mazkur Nizomning 51-bandida sanab oʻtilgan omillarga qoʻshimcha ravishda, jumladan, quyidagi omillarni baholashi kerak:
koʻrib chiqilayotgan subsidiya yoki subsidiyalarning xususiyati va ularning savdoga taʼsir koʻrsatishi ehtimoli;
bunday importning keyinchalik aniq koʻpayishi imkoniyatidan dalolat beruvchi subsidiya bilan taʼminlangan tovar importining oʻsish surʼatlari;
tovarni eksport qiluvchida yetarlicha eksport imkoniyatlari mavjudligi yoki mazkur tovarning har qanday qoʻshimcha eksportini boshqa eksport bozorlari yutib yuborishi ehtimoli hisobga olingan holda mazkur subsidiya bilan taʼminlangan tovar importi koʻpayishining aniq imkoniyatlaridan dalolat beruvchi ular koʻpayishining muqarrar qaytarib boʻlmasligi;
Oʻzbekiston Respublikasining ichki bozorida oʻxshash tovarga narxlar pasayishiga yoki toʻxtatib turilishiga hamda demping narxlari boʻyicha import mavzusi hisoblangan tovarga talabning yanada oʻsishiga olib kelishi mumkin boʻlgan tovarga boʻlgan narxlar darajasi;
ularga nisbatan tekshirish oʻtkazilayotgan tovar zaxiralari.
Iqtisodiyot tarmogʻiga jiddiy zarar yetkazilishi xavfi mavjudligi toʻgʻrisidagi qaror, agar tekshirish davomida yuqorida koʻrsatib oʻtilgan omillar jamlangan holda oʻrganilishi natijalari boʻyicha vakolatli organ kompensatsiya bojlari qoʻllanilmagan taqdirda subsidiya bilan taʼminlangan tovar importi davom etishini qaytarib boʻlmasligi va bunday import bilan iqtisodiyot tarmogʻiga jiddiy zarar yetkazilishi toʻgʻrisidagi xulosaga kelsa, qabul qilinadi.
IX. Kompensatsiya bojlarini qoʻllanishdan oldin tekshirish oʻtkazish tartibi
101. Ariza koʻrib chiqish uchun qabul qilingandan keyin va tekshirishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingunga qadar vakolatli organ unga nisbatan kompensatsiya boji joriy etish taklif etilayotgan tovar eksport qilinadigan xorijiy davlatning vakolatli organiga xorijiy davlatning taxmin qilinayotgan maxsus subsidiyasi mavjudligi, miqdori va oqibatlariga nisbatan vaziyatni aniqlashtirish va oʻzaro maqbul qarorga erishish maqsadida maslahatlashuv oʻtkazishni taklif qilishi mumkin. Bunday maslahatlashuvlar tekshirish mobaynida ham davom etishi mumkin.
Xorijiy davlatning vakolatli organiga xorijiy davlatning taxmin qilinayotgan maxsus subsidiyasi mavjudligi, miqdori va oqibatlariga nisbatan vaziyatni aniqlashtirish maqsadida maslahatlashuvlar oʻtkazilishi vakolatli organ tomonidan tekshirishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilinishiga, shuningdek tekshirish natijalari boʻyicha vakolatli organ tomonidan dastlabki yoki uzil-kesil xulosalar chiqarilishiga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan kompensatsiya choralari qoʻllanishi toʻgʻrisida qaror qabul qilinishiga toʻsqinlik qilmaydi.
102. Tekshirishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan keyin vakolatli organ oʻziga maʼlum boʻlgan tekshirish obyekti hisoblangan tovarning xorijga eksport qiluvchilari va (yoki) ishlab chiqaruvchilariga hamda manfaatdor xorijiy davlatga savollar roʻyxatini yuboradi, shuningdek boshqa manfaatdor shaxslarni, bunday shaxslarning fikriga koʻra oʻtkaziladigan tekshirishga daxldor boʻlgan barcha isbotlarni yozma shaklda taqdim etish imkoniyati toʻgʻrisida maʼlum qiladi.
Chet tilda tuzilgan tekshirish mavzusiga tegishli boʻlgan material va axborotga tasdiqlangan tarjima ilova qilinishi kerak.
Tekshirish obyekti hisoblangan tovarning koʻrsatib oʻtilgan savollar roʻyxatini olgan xorijiy eksport qiluvchilari va (yoki) ishlab chiqaruvchilari bunday roʻyxat ular tomonidan olingan kundan boshlab 30 kalendar kun mobaynida oʻz javoblarini vakolatli organga taqdim etishlari kerak. Tekshirish obyekti hisoblangan tovarning xorijiy eksport qiluvchilari va (yoki) ishlab chiqaruvchilarining yozma shaklda bayon qilingan asoslangan iltimosi boʻyicha mazkur muddat vakolatli organ tomonidan uzaytirilishi, biroq agar bunday uzaytirish tekshirishning borishini buzmasa, 5 kalendar kundan ortiq boʻlmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.
Mazkur bandning maqsadlari uchun bildirishnomalar va savollar roʻyxati ular pochta orqali yuborilgan kundan yoki ularning eksport qiluvchi mamlakat va (yoki) tovar kelib chiqqan mamlakatning diplomatik vakolatxonasiga berilishi kunidan boshlab 7 kalendar kundan keyin tekshirish obyekti hisoblangan tovarning xorijiy eksport qiluvchilari va (yoki) ishlab chiqaruvchilari, shuningdek manfaatdor shaxslar tomonidan olingan deb hisoblanadi.
Savollar roʻyxatiga javob vakolatli organ tomonidan, agar u mazkur bandning uchinchi xatboshida koʻrsatilgan 30 kunlik muddat tamom boʻlgan kundan boshlab yoki uni uzaytirish muddati tamom boʻlgan kundan boshlab 7 kalendar kundan kechikmay vakolatli organga tushsa olingan deb hisoblanadi.
Bir manfaatdor shaxs tomonidan tekshirish mavzusi boʻyicha isbotlar sifatida yozma shaklda taqdim etilgan axborot vakolatli organ tomonidan mazkur Nizomning XI boʻlimiga muvofiq maxfiy axborotni himoya qilish zarurligi hisobga olingan holda boshqa manfaatdor shaxslarning yozma iltimosiga koʻra ularning tanishishi uchun taqdim etiladi.
103. Tekshirishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan keyin vakolatli organ ariza nusxasini (agar arizada maxfiy axborot mavjud boʻlmasa) yoki bunday arizaning maxfiy boʻlmagan versiyasi nusxasini unga maʼlum boʻlgan manfaatdor shaxslarning, shuningdek oʻtkazilayotgan tekshirish munosabati bilan manfaatlariga daxldor boshqa manfaatdor shaxslarning yozma iltimosi boʻyicha ularga taqdim etadi.
104. Tekshirish davomida manfaatdor shaxslar axborotni ogʻzaki shaklda taqdim etishga haqlidir.
Vakolatli organ faqat manfaatdor shaxslar tomonidan ogʻzaki shaklda taqdim etilgan axborotni hisobga oladi, ushbu axborot tekshirish davomida ushbu shaxslar tomonidan yozma shaklda taqdim etilishi va mazkur Nizomning XI boʻlimiga muvofiq maxfiy axborotni himoya qilish zarurligi hisobga olingan holda boshqa manfaatdor shaxslarga taqdim etilishi mumkin.
105. Tekshirishni oʻtkazish davomida axborotni, shu jumladan maxfiy axborotni tekshirish maqsadlari uchun zarur boʻlgan soʻrov olingan kundan boshlab 30 kalendar kun mobaynida bunday axborot olinishi manbaini koʻrsatgan holda vakolatli organ soʻrashga, manfaatli shaxslar esa taqdim etishga haqlidir.
106. Vakolatli organ manfaatdor shaxslarga ularning yozma iltimosiga koʻra tekshirishga aloqador boʻlgan tekshirish davomida oʻzi foydalanadigan va maxfiy hisoblanmagan barcha axborotlar bilan tanishish imkoniyatini beradi.
107. Tekshirish davomida taqdim etilgan axborotni tekshirish yoki oʻtkazilayotgan tekshirish munosabati bilan qoʻshimcha maʼlumotlar olish maqsadida vakolatli organ, zaruriyat boʻlganda, mazkur xorijiy davlatning vakolatli organi bilan kelishuv boʻyicha xorijiy davlat hududida tekshirish oʻtkazishi mumkin.
108. Tekshirish davomida taqdim etilgan axborotni tekshirish yoki oʻtkazilayotgan tekshirish munosabati bilan qoʻshimcha maʼlumotlar olish maqsadida vakolatli organ tekshirish obyekti hisoblangan tovarninng mamlakatimizdagi import qiluvchilari joylashgan joyga yoki oʻxshash tovarning mamlakatimizdagi ishlab chiqaruvchilari joylashgan joyga borishga, manfaatdor shaxslar bilan maslahatlashuvlar va muzokaralar olib borishga, tekshirish obyekti hisoblangan tovarning namunalari bilan tanishishga, tekshirish oʻtkazish maqsadlari uchun zarur boʻlgan va Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa harakatlarni amalga oshirishga haqlidir.
Keyingi tahrirga qarang.
109. Manfaatdor shaxs tekshirish oʻtkazish maqsadlari uchun zarur boʻlgan axborot bilan tanishishni vakolatli organga rad etgan yoki bunday axborotni mazkur Nizomning 105-bandida koʻrsatilgan muddatda taqdim etmagan hollarda tekshirish natijalari boʻyicha dastlabki va uzil-kesil xulosalar vakolatli organ tomonidan uning ixtiyoridagi mavjud axborot asosida amalga oshirilishi mumkin.
110. Mazkur tovardan ishlab chiqarishda foydalaniladigan tekshirish obyekti hisoblangan tovarning isteʼmolchilari va isteʼmolchilar jamoat tashkiloti vakillari mazkur tovar odatda chakana savdoda sotilgan hollarda oʻtkazilayotgan tekshirishga aloqador boʻlgan axborotni taqdim etishga haqlidir.
111. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat statistika qoʻmitasi, boshqa vazirliklar va idoralar tekshirish oʻtkazilishiga yordam berishlari va vakolatli organning soʻrovi boʻyicha tekshirish oʻtkazish maqsadlari uchun zarur boʻlgan axborotni, shu jumladan maxfiy axborotni taqdim etishlari kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
112. Agar tekshirish boshlanishi sanasidan bevosita oldingi 2 kalendar yil mobaynida arizani qoʻllab-quvvatlagan Oʻzbekiston Respublikasining bir ishlab chiqaruvchisiga oʻxshash tovarni milliy ishlab chiqarishning 35 foizidan ortigʻi toʻgʻri kelsa yoki tekshirish obyekti hisoblangan tovar importining umumiy hajmi Oʻzbekiston Respublikasining ichki bozorida oʻxshash tovarni sotish umumiy hajmining 25 foizidan kamni tashkil etsa, vakolatli organ Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasining antidemping boj taʼsirining Oʻzbekiston Respublikasi ichki bozoridagi raqobatga oqibatlari toʻgʻrisidagi xulosasini soʻrashi mumkin. Bunday xulosa Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi tomonidan vakolatli organning soʻrovi tushgan kundan boshlab mazkur Nizomning 8-bandida sanab oʻtilgan materiallar ilova qilingan holda 30 kalendar kun mobaynida taqdim etilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
Vakolatli organ tomonidan oʻtkazilgan tekshirish natijalari boʻyicha xulosa Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilgunga qadar vakolatli organ oʻziga maʼlum boʻlgan manfaatdor shaxslarni mazkur takliflarni tayyorlashga asos boʻlgan asosiy dalillar toʻgʻrisida xabardor qiladi.
113. Vakolatli organ, qoidaga koʻra, tekshirish obyekti hisoblangan maʼlum boʻlgan har bir xorijiy eksport qiluvchi yoki tovarning xorijiy ishlab chiqaruvchisiga nisbatan subsidiyaning individual miqdorini aniqlaydi.
Tekshirish obyekti hisoblangan eksport qiluvchilar, ishlab chiqaruvchilar, tovarni import qiluvchilar yoki tekshirish bilan qamrab olingan tovarlar turlari subsidiyaning individual miqdorini aniqlashga imkon bermaydigan darajada koʻp boʻlgan hollarda vakolatli organ subsidiyaning individual miqdorini aniqlashni cheklashi yoxud oʻrganish paytida oʻzi ega boʻlgan statistik maʼlumotlardan foydalangan holda manfaatdor shaxslar yoxud tovarlar sonini maqbullashtirishi yoxud mazkur davlatdan eksport hajmi ulushini eng koʻp qilishi mumkin. Mazkur bandning maqsadlari uchun tekshirish obyekti hisoblangan eksport qiluvchilar, ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilarni yoki tovarlar turlarini tanlash tegishli eksport qiluvchilar, ishlab chiqaruvchilar yoki import qiluvchilarning roziligi mavjud boʻlgan taqdirda ular bilan maslahatlashish asosida amalga oshiriladi.
Vakolatli organ mazkur band qoidalariga muvofiq tekshirishni cheklagan hollarda, u, shunga qaramay, dastlab tanlanmagan, biroq zarur axborotni tekshirish davomida koʻrib chiqish uchun ushbu axborot qabul qilinadigan muddatda taqdim etgan xorijiy davlatning har qanday eksport qiluvchisi yoki ishlab chiqaruvchisi uchun subsidiyaning individual miqdorini aniqlaydi.
114. Vakolatli organ xorijiy davlatning eksport qiluvchilari yoki ishlab chiqaruvchilari soni individual demping marjani aniqlashni amalda mumkin qilmaydigan va tekshirishni oʻz vaqtida tugallashga xalaqit beradigan darajada koʻp boʻlgan hollarda tekshirish obyekti hisoblangan barcha maʼlum boʻlgan xorijiy eksport qiluvchilar yoki tovarning xorijiy ishlab chiqaruvchilariga nisbatan subsidiyaning yagona miqdorini belgilaydi.
115. Agar bir necha xorijiy davlatlardan biror-bir tovarning demping narxlari boʻyicha importga nisbatan bir necha tekshirish bir vaqtning oʻzida oʻtkazilayotgan boʻlsa, bunday tekshirishlar vakolatli organ tomonidan bir tekshirishga birlashtirilishi mumkin. Bunda har bir xorijiy davlatdan bunday tovar importiga nisbatan aniqlangan demping marjasi eng kam yoʻl qoʻyiladigan demping marjasidan koʻp boʻlishi, har bir xorijiy davlatdan demping narxlari boʻyicha mazkur tovar importi hajmi esa mazkur Nizomning 73-bandi ikkinchi xatboshi qoidalari hisobga olingan holda kamroq boʻlmasligi shart.
116. Tekshirish oʻtkazish muddati tekshirish boshlangan sanadan boshlab oʻn ikki oydan oshmasligi kerak. Favqulodda hollarda koʻrsatib oʻtilgan muddat vakolatli organning qaroriga koʻra, biroq 6 oydan ortiq boʻlmagan muddatga uzaytirilishi mumkin. Oʻtkazilgan tekshirish natijalari boʻyicha vakolatli organ tomonidan Vazirlar Mahkamasiga xulosa taqdim etilgan kunda tekshirish tugallangan hisoblanadi.
117. Agar vakolatli organ arizani koʻrib chiqish paytida yoxud subsidiya bilan taʼminlangan tovar importi isboti yoʻqligiga yoxud buning oqibatida iqtisodiyot tarmogʻiga jiddiy zarar yetkazilishi yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfi yoʻqligiga ishonch hosil qilsa ariza rad etiladi.
118. Agar vakolatli organ maxsus subsidiya miqdorining eng kamligini aniqlasa tekshirish toʻxtatiladi. Agar maxsus subsidiya miqdori tovar qiymatining bir foizidan kamni tashkil qilsa, ushbu band maqsadlari uchun maxsus subsidiya miqdori eng kam hisoblanadi.
119. Tekshirish oʻtkazish tekshirish obyekti hisoblangan tovarning bojxona rasmiylashtiruviga va Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga chiqarilishiga toʻsqinlik qilmasligi kerak.
X. Kompensatsiya bojlarini qoʻllanish
120. Quyidagilardan:
tekshirish obyekti hisoblangan tovar eksport qilinadigan xorijiy davlatdan subsidiya bekor qilinishi yoki qisqartirilishi yoxud subsidiya bilan taʼminlangan tovar importi oqibatlarini bartaraf etish maqsadlarida boshqa muqobil chora-tadbirlar koʻrilishi boʻyicha;
tekshirish obyekti hisoblangan tovarning eksport qiluvchidan eksport qiluvchi organ ularni qabul qilish iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zarar yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini bartaraf etadigan tarzda tovarga narxlar koʻrib chiqilishi toʻgʻrisidagi ixtiyoriy majburiyatlari olingandan keyin tekshirish kompensatsiya bojlari yoki muvaqqat kompensatsiya bojlari qoʻllanmasdan vakolatli organning qarori bilan toʻxtatib turilishi yoki toʻxtatilishi mumkin. Tovarga narxlar darajasi narxlar boʻyicha majburiyatlarga muvofiq bu subsidiya taʼsirini bartaraf etish uchun zarur boʻlganidan yuqori boʻlishi mumkin emas. Agar bunday oshirish iqtisodiyot tarmogʻiga jiddiy zarar yetkazilishi yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini bartaraf etish uchun yetarli boʻlsa tovarga narxlarning oshirilishi subsidiya miqdoridan kam boʻlishi mumkin.
Agar xorijiy davlat yoki eksport qiluvchi tomonidan iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini bartaraf etish boʻyicha majburiyatlar qabul qilinsa ham tekshirish vakolatli organ tomonidan toʻxtatib turilishi yoki toʻxtatilishi mumkin.
121. Vakolatli organ tomonidan subsidiya bilan taʼminlangan tovarlar mavjudligi va bunday import munosabati bilan iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zarar yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfi mavjudligi toʻgʻrisida dastlabki xulosa chiqarilmagunga qadar majburiyatlar xorijiy davlat yoki eksport qiluvchi tomonidan qabul qilinmaydi.
Agar tekshirish obyekti hisoblangan tovarning real yoki potensial eksport qiluvchilari soni koʻpligi munosabati bilan yoki umumdavlat siyosati manfaatlari bilan bogʻliq sabablarga koʻra vakolatli organ bunday majburiyatlar qabul qilinishini amalga oshirib boʻlmaydi deb hisoblasa majburiyatlar qabul qilinmaydi. Bunday holatda vakolatli organ eksport qiluvchilarga ushbu eksport qiluvchilarning majburiyatlarini qabul qilib boʻlmasligining sabablarini maʼlum qiladi va eksport qiluvchilarga ularning majburiyatlari qabul qilinmasligi munosabati bilan oʻz mulohazalarini bildirish imkoniyatini beradi.
122. Mazkur Nizomning 123-moddasiga muvofiq xorijiy davlat yoki eksport qiluvchi tomonidan majburiyatlar qabul qilingan taqdirda tekshirish tovar eksport qilinadigan xorijiy davlatning iltimosnomasi boʻyicha davom ettirilishi mumkin. Agar tekshirish natijalari boʻyicha subsidiya bilan taʼminlangan tovar yoʻqligi toʻgʻrisida xulosa chiqarilsa, majburiyatlar oʻz kuchini yoʻqotadi, chiqarilgan xulosa koʻp darajada majburiyatlar mavjudligi natijasi hisoblangan hollar bundan mustasno. Bunday hollarda koʻrsatib oʻtilgan majburiyatlar iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini bartaraf etish uchun zarur boʻlgan muddat mobaynida oʻz kuchida qoladi.
123. Vakolatli organ majburiyatlari qabul qilingan xorijiy davlat yoki eksport qiluvchidan mazkur xorijiy davlat yoki eksport qiluvchi tomonidan bunday majburiyatlar bajarilishiga tegishli boʻlgan axborotni, shuningdek ushbu axborotni tekshirishga rozilikni soʻrashga haqlidir. Soʻralayotgan axborotning taqdim etilmasligi qabul qilingan majburiyatlarning xorijiy davlat yoki eksport qiluvchi tomonidan buzilishi deb hisoblanadi.
124. Majburiyatlar xorijiy davlat yoki eksport qiluvchi tomonidan buzilgan yoki chaqirib olingan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kompensatsiya boji yoki muvaqqat kompensatsiya bojini qoʻllanish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
125. Kompensatsiya boji maxsus subsidiyani taqdim etgan xorijiy davlatga maslahat oʻtkazish taklif etilgandan keyin qoʻllanadi. Kompensatsiya boji koʻrsatib oʻtilgan davlat taklif etilgan maslahatlarni rad etgan yoki bunday maslahatlashuvlar davomida oʻzaro maqbul qarorga erishilmagan taqdirda qoʻllanadi.
126. Kompensatsiya boji subsidiya bilan taʼminlangan tovar importi mavzusi hisoblangan va iqtisodiyot tarmogʻiga jiddiy zarar yetkazayotgan yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini solayotgan tovarning barcha eksport qiluvchilar tomonidan yetkazib berilishiga nisbatan kompensatsiya boji advalor yoki maxsus boj shaklida qoʻllanadi, mazkur Nizomning 120—124-moddalari qoidalariga muvofiq majburiyatlar qabul qilgan eksport qiluvchilarning tovari bundan mustasno.
Kompensatsiya boji stavkasi subsidiya bilan taʼminlangan va eksport qilingan tovar birligiga hisoblab chiqilgan subsidiya miqdoridan ortiq boʻlmasligi kerak. Kompensatsiya boji stavkasi, agar bunday kam stavka iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini bartaraf etish uchun yetarli boʻlsa subsidiya miqdoridan kam boʻlishi mumkin.
127. Kompensatsiya boji iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zararni yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfini solayotgan subsidiya bilan taʼminlashga qarshilik koʻrsatish uchun zarur boʻlgan miqdor va muddatlarda qoʻllanadi.
128. Kompensatsiya bojining amal qilish muddati uni qoʻllanish boshlangan yoki subsidiya bilan taʼminlangan tovar importi nuqtai nazaridan ham, iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zararning yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfining bor-yoʻqligi nuqtai nazaridan ham oxirgi marta qayta koʻrib chiqilgan paytdan eʼtiboran besh yildan oshmasligi lozim, kompensatsiya bojining amal qilish muddati tugagunga qadar boshlangan qayta koʻrib chiqish jarayonida kompensatsiya bojining amal qilishini tugatish subsidiya bilan taʼminlangan tovar importining va iqtisodiyot tarmogʻiga yetkazilayotgan jiddiy zararning yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfining davom etishiga yoki tiklanishiga olib kelishi vakolatli organ tomonidan aniqlangan hollar bundan mustasno. Bunday hollarda kompensatsiya boji qayta koʻrib chiqish uchun asos boʻlgan takroriy tekshiruv natijalari olingunga qadar qoʻllanaveradi.
Kompensatsiya bojini qayta koʻrib chiqish maqsadidagi takroriy tekshiruv vakolatli organning tashabbusiga yoki manfaatdor shaxslarning soʻroviga koʻra ular kompensatsiya bojini qayta koʻrib chiqish zarurligini tasdiqlovchi axborotni taqdim etganlaridan keyin amalga oshiriladi. Kompensatsiya bojini qayta koʻrib chiqish maqsadidagi takroriy tekshiruv shu tekshiruvni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻn ikki oy mobaynida tugallanishi kerak.
Kompensatsiya bojini qoʻllanishni davom ettirish yoki bunday bojning stavkasini qayta koʻrib chiqish zarurligi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan, takroriy tekshiruv natijalariga binoan vakolatli organning xulosasi asosida aniqlanadi.
129. Alohida hollarda, lekin tekshiruv boshlanganidan keyin kamida oltmish kalendar kun oʻtgach, agar tekshiruv tugallangunga qadar olingan maʼlumot tovar subsidiya bilan taʼminlangan tovar importi va bunday tovar importidan iqtisodiyot tarmogʻiga jiddiy zarar yetkazilayotganligidan yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfi borligidan dalolat bersa, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakolatli organning dastlabki xulosasi asosida muvaqqat kompensatsiya bojini qoʻllanish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
130. Muvaqqat kompensatsiya boji stavkasi dastlab hisoblab chiqilgan subsidiya miqdoridan ortiq boʻlmasligi kerak.
Muvaqqat kompensatsiya bojining amal qilish muddati toʻrt oydan ortiq boʻlmasligi kerak.
131. Agar tekshirish natijalari boʻyicha vakolatli organ tomonidan subsidiya bilan taʼminlangan tovar importi oqibatida iqtisodiyot tarmogʻiga jiddiy zarar yetkazilmaganligi yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfi yoʻqligi aniqlansa, muvaqqat kompensatsiya bojining toʻlangan summasi toʻlovchiga bojxona bojlarini qaytarish uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qaytarib berilishi kerak. Agar kompensatsiya boji muvaqqat kompensatsiya bojiga qaraganda kam miqdorda joriy etilgan boʻlsa, tafovut toʻlovchiga bojxona bojlarini qaytarish uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qaytarib berilishi kerak. Agar kompensatsiya boji muvaqqat kompensatsiya bojiga qaraganda katta miqdorda joriy etilgan boʻlsa tafovut toʻlovchidan undirilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
XI. Maxfiy axborot
132. Tekshirish davomida vakolatli organga taqdim etiladigan maxfiy axborot uni taqdim etgan manfaatdor shaxsning yozma ruxsatnomasisiz oshkor qilinmaydi.
Manfaatdor shaxs tomonidan vakolatli organga taqdim etilgan axborot mazkur shaxs tomonidan bunday axborotning oshkor qilinishi uchinchi shaxsga raqobat ustunligi berishidan yoki axborotni taqdim etgan shaxslar uchun, yoki mazkur shaxs undan bunday axborotni olgan shaxslar uchun nomaqbul oqibatlarga olib kelishidan dalolat beruvchi asoslar taqdim etilgan taqdirda maxfiy axborot sifatida qaraladi.
Vakolatli organ maxfiy axborotni taqdim etgan manfaatdor shaxsdan axborotning maxfiy boʻlmagan versiyasi taqdim etilishini talab qilishga haqlidir. Maxfiy boʻlmagan versiyada taqdim etilgan maxfiy axborotning mohiyatini tushunish uchun yetarli boʻlgan maʼlumotlar mavjud boʻlishi kerak. Agar vakolatli organning maxfiy axborotning maxfiy boʻlmagan versiyasi taqdim etilishi toʻgʻrisidagi talabiga javoban manfaatdor shaxs mazkur axborot maxfiy boʻlmagan versiya shaklida bayon qilinmasligini bildirgan taqdirda, bunday shaxs maxfiy axborotni maxfiy boʻlmagan versiyada bayon qilish mumkin emasligining isbotini taqdim etishi kerak.
Agar vakolatli organ manfaatdor shaxs tomonidan taqdim etilgan asos bunday shaxs tomonidan taqdim etilgan axborotni maxfiy axborotga tegishli deb topish imkonini bermasligini aniqlasa yoki maxfiy axborotning maxfiy boʻlmagan versiyasini taqdim etmagan manfaatdor shaxs maxfiy axborotni maxfiy boʻlmagan versiya shaklida bayon etish mumkin emasligining asosini taqdim etmasa yoxud bunday bayon etish mumkin emasligining asosi hisoblanmagan maʼlumotlarni taqdim etsa, vakolatli organ bunday axborotni hisobga olmasligi mumkin.
133. Vakolatli organ maxfiy axborot oshkor etilganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda javob beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
XII. Yakuniy qoidalar
134. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakolatli organ tomonidan muhofaza choralari, antidemping yoki kompensatsiya bojlari joriy etilishi, qoʻllanishi, qayta koʻrib chiqilishi yoki bekor qilinishi toʻgʻrisidagi xulosa taqdim etilgan kundan boshlab 30 kalendar kun mobaynida bunday choralar joriy etilishi, qoʻllanishi, qayta koʻrib chiqilishi yoki bekor qilinishi yoxud ularning qoʻllanmasligi toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
135. Vakolatli organ tekshirishning toʻxtatib turilishi, toʻxtatilishi, shuningdek muhofaza choralari, antidemping yoki kompensatsiya bojlari joriy etilishi, qoʻllanishi, qayta koʻrib chiqilishi yoki bekor qilinishiga tegishli istalgan qaror toʻgʻrisida bildirishnomalar eʼlon qilinishini taʼminlaydi. Bunday bildirishnomalar tekshirish obyekti hisoblangan tovar eksport qilinadigan xorijiy davlatning (xorijiy davlatlar ittifoqining) vakolatli organiga va vakolatli organga maʼlum boʻlgan boshqa manfaatdor shaxslarga yuboriladi.
136. Muvaqqat antidemping yoki muvaqqat kompensatsiya bojlari joriy etilishi toʻgʻrisidagi ommaviy bildirishnomada vakolatli organning tekshirish obyekti hisoblangan tovar importining demping yoki subsidiya bilan taʼminlanganligi mavjudligiga va buning oqibatida iqtisodiyot tarmogʻiga jiddiy zarar yetkazilganiga yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfiga nisbatan dastlabki xulosaning tushuntirilishi, shuningdek faktlarga asoslar va ular asosida muvaqqat antidemping yoki muvaqqat kompensatsiya boji joriy etilishi toʻgʻrisida qaror qabul qilingan huquqiy normalar mavjud boʻlishi kerak.
137. Natijasi boʻyicha antidemping yoki kompensatsiya boji joriy etilishi toʻgʻrisida qaror qabul qilingan tekshirishning tugallanganligi toʻgʻrisidagi ommaviy bildirishnomada tekshirish natijalari boʻyicha vakolatli organning qabul qilingan uzil-kesil xulosasi tushuntirilishi, shuningdek faktlarga asoslar va ular asosida bunday qaror qabul qilingan huquqiy normalar mavjud boʻlishi kerak.
138. Tekshirishni boshlash toʻgʻrisidagi bildirishnoma va mazkur Nizomda nazarda tutilgan boshqa ommaviy bildirishnomalar vakolatli organning rasmiy nashrida rasman eʼlon qilinishi kerak.
Muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlarini qoʻllanish maqsadida tekshirish oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA
Muhofaza choralarini qoʻllanish maqsadida tekshirish oʻtkazish sxemasi
Muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlarini qoʻllanish maqsadida tekshirish oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
2-ILOVA
Antidemping bojlarini qoʻllanish maqsadida tekshirish oʻtkazish sxemasi
Muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlarini qoʻllanish maqsadida tekshirish oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA
3-ILOVA
Kompensatsiya bojlarini qoʻllanish maqsadida tekshirish oʻtkazish sxemasi
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 21-son, 149-modda; 34-36-son, 264-modda; 2007-y., 14-son, 146-modda; 2010-y., 23-son, 182-modda; 2013-y., 37-son, 485-modda; 2017-y., 29-son, 693-modda, 33-son, 863-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.12.2019-y., 09/19/1014/4173-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2021-y., 09/21/393/0596-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)