Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“AERO INTERNEYSHNL (REJIONAL)” SAS — AI(R) KOMPANIYASI TOMONIDAN ISHLAB ChiQARILGAN RG-85 SAMoLYOTLARINI XARID QILISHNI MABLAGʻ BILAN TAʼMINLASH SXEMASI TOʻGʻRISIDA
[Koʻchirma]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi havo kemalari parkini yangilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi tomonidan:
“Aero Interneyshnl (Rejional)” SAS - AI(R) kompaniyasi bilan uchta RJ-85 samolyotini va ehtiyot qismlarni xarid qilishga, narxlarning oʻsishi hisobga olingan holda, umumiy summasi 77,89 mln. AQSh dollari miqdorida kontrakt tuzilganligi;
koʻrsatib oʻtilgan kontrakt doirasida, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki krediti hisobiga, 38,28 mln. AQSh dollari summasida boʻnak toʻlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
“Aero Interneyshnl (Rejional)” SAS — AI(R) kompaniyasi bilan tuzilgan kontraktni ulushli mablagʻ bilan taʼminlash Eksport Kreditlar Kafolati Departamenti (YESGD) sugʻurtasi ostida “Barklayz bank PLS” krediti hisobiga moliyaviy lizing sxemasi boʻyicha amalga oshiriladi;
uchta zaxira dvigatel, ehtiyot qismlar sotib olishga va foydalanish davrida texnik xizmat koʻrsatishga “Ellayd Signal Ink.” (Kanada) va “Kross Eyr Limited” (Shveysariya) kompaniyalari bilan tuzilgan kontraktlarni mablagʻ bilan taʼminlash “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasining oʻz mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
3. Uchta samolyotni xarid qilishga kontrakt boʻyicha ulushli mablagʻ bilan taʼminlash:
birinchi samolyotning 24,92 mln. AQSh dollari miqdoridagi 100 foiz qiymati, ikki samolyotning 11,69 mln. AQSh dollari miqdoridagi 22,5 foiz qiymati, “Aero Interneyshnl (Rejional)” kompaniyasi bilan tuzilgan kontrakt boʻyicha 1,0 mln. AQSh dollari miqdorida ehtiyot qismlarga haq toʻlash va umumiy summasi 0,67 mln. AQSh dollari boʻlgan kreditni rasmiylashtirish xarajatlari “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi tomonidan ilgari toʻlangan boʻnak hisobiga;
40,28 mln. AQSh dollari miqdoridagi ikki samolyot qiymatining 77,5 foizi - Eksport Kreditlar Kafolati Departamenti (YESGD) sugʻurtasi ostida Barklayz bank PLS krediti hisobiga amalga oshirilishiga rozilik berilsin.
4. Moliyaviy lizingning quyidagi tuzilmasiga rozilik berilsin:
samolyotlarni sotib olishga qarz “Barklayz bank PLS” tomonidan YESGD sugʻurtasi ostida Kayman orollarida roʻyxatdan oʻtkazilgan Samarqand Lizing (Kayman orollari) Limited (“Samarqand Lizing”) maxsus lizing kompaniyasiga beriladi.
“Samarqand Lizing” samolyotlarning egasi hisoblanadi va ularni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga ijaraga beradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki samolyotlarni “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasiga subijaraga beradi;
“Samarqand Lizing” ikkita RJ-85 samolyotiga garovni “Barklayz bank PLS” foydasiga roʻyxatdan oʻtkazadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi:
samolyotlarni mablagʻ bilan taʼminlash uchun zarur boʻlgan ijara, subijara, garov bitimlarini va boshqa bitimlarni tuzsinlar va ularning bajarilishini taʼminlasinlar;
samolyotlarni roʻyxatdan oʻtkazsinlar hamda tuzilgan shartnomalar shartlariga va Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq ularga “Barklayz bank PLS” foydasiga garov shartnomalarini rasmiylashtirsinlar;
subijara, vositachilik haqi, foizlarni toʻlash, muddati oʻtkazib yuborilgan toʻlovlarni qoplash, shuningdek, kreditga va moliya lizingiga xizmat koʻrsatishda paydo boʻluvchi boshqa xarajatlarni toʻlash boʻyicha majburiyatlar oʻz vaqtida bajarilishi yuzasidan kafolat bitimi tuzsinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.S.Hamidov Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi tomonidan ijara va subijara shartlari bajarilishi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan majburiyat xatini YESGD, “Barklayz bank PLS” va “Samarqand Lizing” lizing kompaniyasi uchun maqbul shakl va mazmunda hamda ijara va subijara toʻgʻrisidagi bitimlar munosabati bilan barcha hujjatlarni imzolash va topshirish yuzasidan “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi mansabdor shaxslari tayinlanganligini va ularning vakolatlarini tasdiqlovchi Vazirlar Mahkamasining Sertifikatini berishga vakil qilinsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri J.B.Sayfutdinov:
ijara va subijara toʻgʻrisidagi bitimlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi majburiyatlari oʻz vaqtida bajarilishini kafolatlovchi kafolatlarni Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan “Barklayz bank PLS”, YESGD va “Samarqand Lizing” kompaniyasi foydasiga berishga;
subijara toʻgʻrisidagi bitim boʻyicha “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi majburiyatlari yuzasidan Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki foydasiga Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan kafolatni imzolashga vakil qilinsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi notijorat maqsadidagi samolyot boʻyicha subijara toʻlovlarini oʻz vaqtida toʻlash uchun 1998-yildan boshlab “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasiga respublika budjetidan mablagʻ ajratishni nazarda tutsin.
10. Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi va samolyotlarni mablagʻ bilan taʼminlashning boshqa qatnashchilari soliqlar, toʻlovlar, poshlinalar, vositachilik haqining barcha turlaridan, ushbu mablagʻ bilan taʼminlashni amalga oshirish bilan bogʻliq hujjatlar notarial rasmiylashtirilganligi, kontraktlar va bitimlar roʻyxatdan oʻtkazilganligi va qayta roʻyxatdan oʻtkazilganligi uchun yigʻimlardan, shuningdek garov toʻgʻrisidagi shartnomalar roʻyxatdan oʻtkazilishiga tegishli sugʻurta boʻyicha majburiy toʻlovlardan ozod qilinsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
“Barklayz bank PLS” va YESGD uchun maqbul shakl va mazmunda RJ-85 samolyotlarini mablagʻ bilan taʼminlash boʻyicha yuridik xulosa bersin;
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga, Ijara va subijara toʻgʻrisidagi bitimlar shartlariga muvofiq ikkita RJ-85 samolyoti boʻyicha “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi va “Samarqand Lizing” lizing kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan garov toʻgʻrisidagi shartnomalarni belgilangan shaklda roʻyxatdan oʻtkazsin va oʻz vaqtida qayta roʻyxatdan oʻtkazsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi mazkur bitishuvni amalga oshirish munosabati bilan tuzilgan kontraktlar va bitimlarni Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq roʻyxatdan oʻtkazsin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari K.R.Rahimov va B.S.Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 18-noyabr,
513-son